Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MOL-MULKNI BAHOLASH STANDARTLARINI ISHLAB CHIQISH, TASDIQLASH, ULARGA OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
“Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mol-mulkni baholash standartlarini ishlab chiqish, tasdiqlash, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-dekabr,
322-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 21-dekabrdagi 322-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mol-mulkni baholash standartlarini ishlab chiqish, tasdiqlash, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mol-mulkni baholashning yangi standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek mol-mulkni baholashning amaldagi standartlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat raqobat qoʻmitasi deb ataladi) mol-mulkni baholash standartlarini oʻz vaqtida ishlab chiqish yoki qayta koʻrib chiqish, ularni kelishish, tasdiqlash va normativ-huquqiy hujjat sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun vakolatli va masʼul davlat organi hisoblanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mol-mulkni baholash standartlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari doirasida ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasining buxgalteriya hisobi milliy standartlari bilan oʻzaro bogʻliq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Mol-mulkni baholash standartlari baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻzgarishi munosabati bilan yoki Davlat raqobat qoʻmitasining tashabbusi bilan amal qilish muddati tamom boʻlgunga qadar qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Davlat raqobat qoʻmitasi belgilangan tartibda tasdiqlangan mol-mulkni baholash standartlarini baholash tashkilotlariga yetkazadi va ularga rioya etilishini nazorat qiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mol-mulkni baholash standartlarini amalda qoʻllash maqsadida unga ilova sifatida ushbu standartlarning ajralmas qismi hisoblangan va ular bilan birgalikda amal qiladigan tegishli metodik koʻrsatmalar ishlab chiqilishi mumkin.
II. Mol-mulkni baholash standartlariga qoʻyiladigan talablar
7. Mol-mulkni baholash standartlari quyidagilarni belgilaydigan oʻzaro bogʻliq normalar va qoidalar kompleksini ifodalaydi:
baholash tushunchalari va prinsiplari;
baholash faoliyatida qoʻllaniladigan atamalar va tariflar;
qiymat turlariga qoʻyiladigan talablar;
boshlangʻich axborotga qoʻyiladigan talablar;
baholashni oʻtkazish tartibi;
baholash usullarini qoʻllash xususiyatlari;
baholash natijalarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar;
boshqa talablar.
8. Baholash tushunchalari va prinsiplari baholash faoliyati va mol-mulkni baholash standartlari asoslanadigan asosiy yuridik va iqtisodiy tushunchalarni izohlaydi.
9. Atamalar va tariflar mol-mulkni baholash standartlarida foydalaniladigan asosiy va maxsus atamalarning mohiyati va maʼnosini ochib beradi.
10. Qiymat turlariga qoʻyiladigan talablar standartlarni qoʻllash uchun mol-mulkni baholash standartlari bilan belgilangan qiymatning bozor va bozor bazalaridan farq qiladigan muhim belgilarini belgilaydi va izohlaydi, shuningdek mol-mulkni baholash standartlarida nazarda tutilgan qiymatlar turlari oʻrtasidagi farqni belgilaydi.
11. Boshlangʻich axborotga qoʻyiladigan talablar baholash obyektini baholash uchun zarur boʻlgan axborotning xususiyati, mazmuni va hajmini belgilaydi.
12. Baholashni oʻtkazish tartibi baholash obyektini baholashda ish-harakatlarning bosqichlari va izchilligini belgilaydi.
13. Baholash usullarini qoʻllash xususiyatlari baholash maqsadidan va baholash obyektining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib baholashning u yoki bu usulini tanlash tartibini ochib beradi.
14. Baholash natijalarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar baholash toʻgʻrisidagi hisobotni bayon qilish shaklini, taqdim etiladigan axborotning son va sifat izchilligini hamda mantiqan oʻzaro bogʻliqligini belgilaydi.
15. Mol-mulkni baholash standartlarida baholash jarayonini tartibga solishga yoʻnaltirilgan boshqa talablar ham boʻlishi mumkin.
III. Mol-mulkni baholash standartlarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar
16. Mol-mulkni baholash standartlari talablarini bayon qilish har xil talqin qilishni istisno etadigan qisqa va aniq boʻlishi kerak.
17. Hajmi va mazmuniga qarab mol-mulkni baholash standartlari oʻz nomiga ega boʻlgan ayrim boʻlimlarga boʻlinadi. Boʻlimlar rim raqamlari bilan raqamlanishi kerak, barcha boʻlimlarning kichik bandlari arab raqamlari bilan raqamlanadi.
18. Mol-mulkni baholash standartining har bir bandida tugallangan bitta normativ koʻrsatma boʻlishi kerak.
19. Jadvallar, grafiklar, xaritalar, sxemalar, hujjatlar va blankalarning namunalarini ilovalarda joylashtirish, matnda esa tegishli havolalarni koʻrsatish zarur.
20. Mol-mulkni baholash standartini rasmiylashtirish normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilishning belgilangan talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
IV. Mol-mulkni baholash standartlarini kelishish va tasdiqlash tartibi
21. Mol-mulkni baholashning ishlab chiqilgan standartlari, agar mol-mulkni baholash standartining loyihasida boshqa vazirliklar va idoralarning manfaatlari yoki vakolatiga daxl qiladigan normalar mavjud boʻlsa, kelishish uchun manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuboriladi.
22. Mol-mulkni baholashning kelishiladigan standarti loyihasida tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining tegishli vazirlik va idoraning muhri bilan tasdiqlangan imzolari qoʻyilgan loyihaning kelishilganligini koʻrsatadigan yakunlovchi qoidalar boʻlishi kerak.
23. Mol-mulkni baholash standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
V. Mol-mulkni baholash standartlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoxud ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etish
Oldingi tahrirga qarang.
24. Mol-mulkni baholash standartlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etish Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
25. Mol-mulkni baholashning yangi standarti tayyorlanishi munosabati bilan ilgari qabul qilingan mol-mulkni baholash standartiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki uni oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi takliflar yangi standart loyihasini ishlab chiqish bilan bir vaqtda tayyorlanishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Agar baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritish mol-mulkni baholash standartlariga tegishli boʻlsa, Davlat raqobat qoʻmitasi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etadi. Mol-mulkni baholash standartlari qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilguniga qadar ushbu standartlar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan qismi boʻyicha amal qiladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Agar baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻzgarishi munosabati bilan yoki Davlat raqobat qoʻmitasining tashabbusi bilan mol-mulkni baholash standartlarini qayta koʻrib chiqishda mol-mulkni baholashning ayrim standartlari amal qilishini toʻxtatish zaruriyati yuzaga kelsa Davlat raqobat qoʻmitasi Adliya vazirligiga mol-mulkni baholash standarti oʻz kuchini yoʻqotganligini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi tegishli qarorni taqdim etadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
28. Boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yoki kelishgan holda qabul qilingan mol-mulkni baholash standartiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki uni oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etish ushbu vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yoki kelishgan holda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 567-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)