Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMXALQ BAYRAMI 9 MAY — XOTIRA VA QADRLASh KUNINI OʻTKAZIShNI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 2-martdagi PF-2243-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kunini oʻtkazish boʻyicha respublika Tashkiliy qoʻmitasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita oʻn kun muddatda ushbu sanani umumxalq bayrami sifatida yuksak maʼnaviy-axloqiy saviyada oʻtkazish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqsin va ularning bajarilishini taʼminlasin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
— joylarda umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kunini yuksak saviyada oʻtkazish;
— fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga hissa qoʻshgan hamda Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan barcha vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish;
— bugun ham saflarimizda turib Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan barcha kishilarga munosib izzat-ikrom koʻrsatish;
— faxriylarga, Vatanimiz mustaqilligi va shaʼnini himoya qilganlarning barchasiga moddiy yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqsinlar va uni amalga oshirsinlar.
3. 1941 — 1945-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi davlat manfaatlarini himoya qilishdagi ulkan xizmatlari uchun ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilariga eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilarini mukofotlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlarga respublika budjetidan mablagʻ ajratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati mazkur pul mukofotlarini bayram arafasida toʻlanishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligiga 1999-yildan boshlab har yili umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kuni arafasida Fanlar akademiyasi, Mudofaa vazirligi, Badiiy akademiya, “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, Xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda joylardagi muzeylar, kutubxonalar va madaniyat saroylarida Vatanimiz mustaqilligi va shaʼnini himoya qilgan kishilar hayotini yorqin aks ettiruvchi maxsus koʻrgazmalar, yoshlar bilan uchrashuvlar, maʼrifiy-badiiy kechalar oʻtkazishni tashkil etish topshirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar hamda idoralar oʻquv dasturlariga xotira va qadrlash darslarining kiritilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzteleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga umumxalq bayrami Xotira va Qadrlash kuni tadbirlarini muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 18-mart,
119-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 18-martdagi 119-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kunini oʻtkazish boʻyicha respublika Tashkiliy qoʻmitasining
TARKIBI*
| Karomatov H.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi |
| Joʻrayev N.Q. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (kelishuv asosida) |
| Toʻlaganov K.N. | — | Toshkent shahar hokimi |
| Joʻrayev X.R. | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| Joʻrayev T.J. | — | Fanlar akademiyasi prezidenti |
| Boliyev A. | — | Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori |
| Obidov O. | — | Ijtimoiy taʼminot vaziri |
| Yoʻldoshev J.Gʻ. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| Gʻulomov S.S. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| Aminov N. | — | Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi rahbari |
| Boqiboyev E. | — | “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi |
| Zokirov M.O. | — | Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy kompleksi rahbari kotibiyatining mudiri |
| Abdullayev Sh.Y. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Abdullayev Q. | — | Mudofaa vazirining oʻrinbosari |
| Abduraimov H. | — | “Kamolot” jamgʻarmasi raisi |
| Jalilov Sh.I. | — | “Mahalla” jamgʻarmasi raisi |
| Parpiyev B.R. | — | Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Koʻchimov A. | — | “Oʻzteleradio” kompaniyasi raisi |
| Sobirov F. | — | Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi |
| Shogʻulomov R.Sh. | — | Davlat matbuot qoʻmitasi raisi |
*Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari
Izoh: Respublika tashkiliy qoʻmitasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga shu vazifaga tayinlangan shaxslar kiritiladi.