Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
2010 — 2012-YILLARDA QOʻQON SHAHRIDA KICHIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qoʻqon shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada keng rivojlantirish hamda shu asosda ichki bozorni tovar va xizmatlar bilan toʻldirishni taʼminlash, yangi ish oʻrinlari, shu jumladan sanoat korxonalari bilan kooperatsiyalash yoʻli bilan kasanachilikni rivojlantirish hisobiga tashkil etish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoʻqon shahrini sanoat jihatidan rivojlantirish hamda uni obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 19-oktabrdagi F-3283-son farmoyishiga muvofiq tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Fargʻona viloyati va Qoʻqon shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2010 — 2012-yillarda Qoʻqon shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlansin, Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Qoʻqon shahrida sanoat ishlab chiqarishi, xizmatlar va servis sohasida yangi kichik biznes korxonalari tashkil etish parametrlarini 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Qoʻqon shahrida xizmatlar va servis sohasida kichik biznesni, shuningdek bandlik yoʻnalishlari boʻyicha kasanachilikni rivojlantirish hisobiga ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash parametrlarini 2-ilovaga* muvofiq.
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-oktabrdagi F-3283-son farmoyishiga muvofiq tuzilgan Ishchi komissiya (R.S. Azimov)ga vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar, mahalliy hokimiyat organlarining ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni belgilangan muddatlarga muvofiq amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyalari;
Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi (X.X. Neʼmatov)ga, Qoʻqon shahar hokimi (Sh.U. Sobirov)ga ushbu qarorda belgilangan 2010 — 2012-yillarda Qoʻqon shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi parametrlarini sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda taʼminlash yuzasidan shaxsan javobgarlik yuklansin.
3. Qoʻqon shahar hokimligi shahar korxonalari va tashkilotlari, tijorat banklari bilan birgalikda:
loyihalarning tashabbuskorlari boʻlgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga zarur taʼsis hujjatlarini tayyorlashda, yer uchastkalari, turar joy boʻlmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini ajratishda, shuningdek biznesni tashkil etish va yuritish uchun zarur boʻlgan roʻyxatdan oʻtkazish tartibotlarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin;
ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha belgilangan parametrlarning bajarilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan kasanachilikning turli shakllarini, birinchi navbatda, sanoat korxonalari bilan kooperatsiyalash asosida kengaytirish boʻyicha aniq tadbirlar kompleksini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Chora-tadbirlar dasturining belgilangan parametrlari bajarilishi yuzasidan monitoring tashkil etsin, uning natijalarini har oyda koʻrib chiqsin hamda muammoli masalalarni hal etish boʻyicha zarur tezkor va amaliy chora-tadbirlar koʻrsin;
2010 — 2012-yillarda Qoʻqon shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining bajarilishi toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin.
4. Tijorat banklariga Qoʻqon shahridagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, eng avvalo, boshlangʻich (dastlabki) kapitalni shakllantirish, ularning faoliyatini rivojlantirish va kengaytirish, zamonaviy asbob-uskunalar va mini-texnologiyalar sotib olish, aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kreditlar ajratilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 11-dekabr,
311-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 539-modda)