Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“BESTEKS” QOʻSHMA KORXONASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Paxta tolasini raqobatbardosh mahsulotga qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish asosida respublikaning eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining “Beshariqtoʻqimachi” aksiyadorlik jamiyati, Germaniyaning “Tekstima Eksport Import GmbX” kompaniyasi va Turkiyaning “Sokay” va “Tekmen Tekstil” kompaniyalari tomonidan “Beshariqtoʻqimachi” aksiyadorlik jamiyatining kalava ishlab chiqarishi bazasida yiliga 6836 tonna ip-gazlama ishlab chiqaradigan, quvvatlari 2002-yilning IV choragida ishga tushiriladigan “Besteks” qoʻshma korxonasi tashkil etilishi;
“Besteks” qoʻshma korxonasining ustav fondi 13,833 mln Germaniya markasi miqdorida shakllantirilishi, ulushlar: “Beshariqtoʻqimachi” aksiyadorlik jamiyati — binolar va inshootlar sifatida 36,4 foiz (5,033 mln Germaniya markasi); “Tekstima Eksport Import GmbX” kompaniyasi — 20,24 foiz (2,8 mln Germaniya markasi), “Sokay” kompaniyasi — 21,68 foiz (3,0 mln Germaniya markasi) va “Tekmen Tekstil” — 21,68 foiz (3,0 Germaniya markasi) miqdorida taqsimlanishi;
umumiy qiymati 46,329 mln Germaniya markasi boʻlgan loyihani mablagʻ bilan taʼminlash 1-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha amalga oshirilishi;
* 1-ilova berilmaydi.
5734,5 ming Germaniya markasi miqdoridagi asbob-uskunalar yetkazib berishga kontrakt qiymatining 15 foizi xorijiy muassislarning qoʻshma korxona ustav fondiga qoʻshilgan valyuta mablagʻlari hisobiga “Besteks” qoʻshma korxonasining oʻz valyuta mablagʻlari hisobiga toʻlanishi;
32495,4 ming Germaniya markasi miqdoridagi asbob-uskunalar yetkazib berishga kontrakt qiymatining 85 foizi “Germes AG” jamiyati (Germaniya)ning sugʻurta qoplamasi ostida beriladigan xorijiy bank krediti hisobiga toʻlanishi;
xorijiy bankning Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalangan krediti, vositachilik haqi va kreditga xizmat koʻrsatish xarajatlari 2-ilovaga* muvofiq “Besteks” qoʻshma korxonasining oʻz valyuta mablagʻlari hisobiga qaytarilishi;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
xorijiy muassislar — “Sokay” va “Tekmen Tekstil” kompaniyalari kreditdan foydalanishning butun muddati mobaynida marketingni va ishlab chiqariladigan kalava hajmining kamida 80 foizi tegishli davrda shakllangan jahon narxlaridan past boʻlmagan narxlarda erkin almashtiriladigan valyutada eksportga yetkazib berilishini taʼminlashi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki investitsiya davri uchun foizlar kapitallashuvini hisobga olgan holda “Germes AG” jamiyati (Germaniya)ning sugʻurta qoplamasi ostida xorijiy bank bilan belgilangan tartibda qarz bitimi tuzsin va asbob-uskunalar yetkazib berishga kontrakt qiymatining 85 foizini mablagʻ bilan taʼminlash uchun kredit resurslarini “Besteks” qoʻshma korxonasiga qayta moliyalasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining xorijiy bank oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha va “Besteks” qoʻshma korxonasi majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan belgilangan tartibda kafolat berishga vakil qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati boʻyicha yuridik xulosani qarz bitimiga ilovada belgilangan shakl boʻyicha belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-sentabr,
363-son