Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT VILOYATI AGROSANOAT KOMPLEKSINI RIVOJLANTIRISh BORASIDA ITALIYANING “FATA GRUPP” KOMPANIYASI BILAN HAMKORLIK QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yangi texnologiyalar joriy etish yoʻli bilan puxta qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati agrosanoat kompleksini rivojlantirish borasida Italiyaning “Fata grupp” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Agrosanoattexnika” uyushmasi bilan Italiyaning “Fata grupp” kompaniyasi oʻrtasida qurilmalar, asbob-uskunalar yetkazib berish, xizmatlar koʻrsatish yuzasidan qiymati 48,154 mln AQSh dollari boʻlgan Bosh kontrakt imzolanganligi;
Bosh kontrakt doirasida “Agrosanoattexnika” uyushmasi, Toshkent viloyatining aniq xoʻjalik yurituvchi subyekti va “Fata grupp” kompaniyasi tomonidan imzolanadigan Bosh kontraktga qoʻshimchalar ishlab chiqilishi;
Bosh kontraktga qoʻshimchalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha quvvati mutanosiblashtirilgan yangi texnologiyalarni yetkazib berish, shuningdek, idishlar va boshqa yordamchi materiallar ishlab chiqarish nazarda tutilishi;
Toshkent viloyati agrosanoat kompleksini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikning dastlabki bosqichida ilovaga muvofiq umumiy qiymati 8,54 mln AQSh dollari boʻlgan yakka tartibdagi loyihalar amalga oshirilishi;
“Fata grupp” kompaniyasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan Bosh kontraktni amalga oshirish doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 35 foizini eksport qilishga koʻmaklashish majburiyatini olganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Bosh kontraktga qoʻshimchalarni yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha mablagʻ bilan taʼminlash tasdiqlangan — iqtisodiy asoslashlar asosida quyidagi sxema boʻyicha amalga oshiriladi:
qiymatining 85 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining xorijiy banklar kreditlari hisobiga qayta moliyalanadigan mablagʻlari hisobiga;
qiymatining 15 foizi — Bosh kontrakt amalga oshirilishida qatnashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektning oʻz mablagʻlari yoxud jalb qilingan mablagʻlari hisobiga;
kreditlar va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz mablagʻlari hisobiga qaytariladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi texnik-iqtisodiy asoslashlar tasdiqlanishiga, mablagʻ bilan taʼminlash manbalari aniqlanishi va kreditlar qaytarilishi kafolatlanishiga qarab yakka tartibdagi loyihalarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kafolati ostida amalga oshiriladigan Respublika investitsiya loyihalarining aniq dasturiga kiritsin.
5. Toshkent viloyati hokimligi:
Italiyaning “Fata grupp” kompaniyasi bilan birgalikda imzolangan Bosh kontrakt doirasida viloyat agrosanoat kompleksini qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi zamonaviy texnologiya bilan jihozlashga doir yangi investitsiya loyihalari yuzasidan takliflarni 2000-yil II choragi mobaynida ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda Bosh kontraktga qoʻshimchalar boʻyicha avans toʻlovlarining 15 foizini toʻlash uchun lizing kompaniyalari va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarining moliyaziy resurslarini jalb qilish masalasini ishlab chiqsin.
6. Bosh kontraktga qoʻshimchalarni kreditlashda qatnashuvchi xorijiy banklar va sugʻurta agentliklari Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlardan undiriladigan daromad soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki belgilangan tartibda:
Italiyaning “SAChE” kompaniyasi sugʻurta qoplamasi ostida xorijiy banklar bilan kredit bitimlari tuzsin va jalb qilingan kredit mablagʻlarini Bosh kontraktni amalga oshirishda qatnashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qayta moliyalasin;
Bosh kontraktga alohida qoʻshimchalar yuzasidan bevosita xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan kredit bitimlari tuzsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Bosh kontraktga qoʻshimchalar asosida amalga oshiriladigan yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha qurilmalar, asbob-uskunalar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatishga doir kontraktlarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Agrosanoattexnika” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan Bosh kontrakt doirasida respublika korxonalarida ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishini taʼminlasin, ularni konsullik yigʻimlari toʻlashdan ozod qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Agrosanoattexnika” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan Bosh kontrakt doirasida respublika korxonalarida ishlash uchun keladigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berishni va ularning muddatlarini uzaytirishni, shuningdek, ularni davlat poshlinalari toʻlashdan ozod qilgan holda, yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishni va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini uzaytirishni belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Bosh kontrakt doirasida respublika korxonalarida ishlashga jalb qilinayotgan xorijiy mutaxassislarga respublika hududida yashashi va transportning barcha turlarida yurishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B. S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 24-aprel,
159-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-apreldagi 159-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toshkent viloyati xoʻjaliklarining Italiyaning “Fata grupp” kompaniyasi bilan hamkorligining dastlabki bosqichida amalga oshiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash boʻyicha yakka tartibdagi loyihalar
ROʻYXATI
|
Loyihaning nomi |
Loyihaning qiymati (mln AQSh dollari) |
Xoʻjalik yurituvchi subyekt |
| Meva pyuresi, meva va pomidor sharbatlari ishlab chiqarish hamda ularni idishlarga joylashtirish |
3,135 |
“Qibray” shirkat xoʻjaligi, Qibray tumani |
| Vino ishlab chiqarish va ularni idishlarga quyish |
2,27 |
“Zarkent” shirkat xoʻjaligi, Parkent tumani |
| Meva pyuresi, meva va pomidor sharbatlari ishlab chiqarish hamda ularni idishlarga joylashtirish |
3,135 |
Otajonov nomidagi agrofirma, Quyi Chirchiq tumani |
|
Jami: |
8,54 |
|