Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining
buyrugʻi
QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI PROFESSIONAL IShTIROKChISINING IChKI NAZORATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 24-noyabrda 1899-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2008-yil 29-noyabrdagi 2008-41-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ichki nazorati toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1899, 2009-yil 6-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 6-son, 66-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-noyabr,
2009-44-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2009-yil 16-noyabrdagi 2009-44-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ichki nazorati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Ichki nazoratni amalga oshirish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda professional ishtirokchining vakolatli boshqaruv organi tomonidan tayinlanadigan nazoratchi zimmasiga yuklatiladi.
Nazoratchi nomzodini kelishish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan nomzodning mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar olingan kundan eʼtiboran 20 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi”.
2. 14-bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
3. 16-bandning “j” kichik bandidan “qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 48-son, 518-modda)