Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
buyrugʻi
MATBAACHILIK ISHLAB CHIQARISHI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 24-noyabrda 2048-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Matbaachilik ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A.Xaitov
Toshkent sh.,
2009-yil 28-oktabr,
64-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 28-oktabrdagi 64-B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Matbaachilik ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq matbaachilik ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar matbaachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida amaldagi qonunchilik asosida oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Ishlovchilar soni 50 dan kam boʻlgan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi. Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga tashkilotda mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
11. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari hamda bilimlari sinovdan oʻtkazilishi kerak.
12. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq xodimlar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
14. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻirligi ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
16. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlariga ega boʻlgan kasblar, ish oʻrinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi koʻrsatilgan roʻyxatiga hamda ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik koʻrsatkichlari, mehnat jarayonining ogʻirlik koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega boʻlishi lozim.
17. Tashkilotlar xodimlariga xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining quyidagi guruhlari taʼsir etishi mumkin:
a) jismoniy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
harakatlanuvchi mashinalar va mexanizmlar;
ish zonasining havosidagi miqdori yuqori boʻlgan chang va gaz;
uskunalar va materiallarning harorati yuqori boʻlgan yuzasi;
ish zonasining harorati yuqori boʻlgan havosi;
ish joyidagi darajasi yuqori boʻlgan shovqin;
yuqori darajali tebranma;
namlik darajasi yuqori boʻlgan havo;
odam badani orqali ulanishi sodir boʻlishi mumkin boʻlgan elektr zanjiridagi darajasi xavfli boʻlgan kuchlanish;
yuqori darajali statik elektr;
tabiiy yorugʻlik mavjud emasligi;
b) kimyoviy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
nafas olish yoʻllari va teri qoplamasi orqali taʼsir etuvchi zararli suyuq, qattiq, bugʻsimon moddalar va aerozollar;
v) psixofiziologik zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari guruhi:
sezgi organlarining haddan tashqari kuchlanishi;
mehnat monotonligi.
18. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Kasbiy tanlov
19. Tashkilotlarda kasbiga koʻra tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
20. Tashkilot mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi lozim.
21. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori boʻlgan boshqa ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
22. Xavfli ishlarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
23. “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlangan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq 18 yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
24. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega boʻlgan ishlarga qabul qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
25. Tashkilotlarda zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
26. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, elektr toki urishi, statik elektr, uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
27. Tashkilotlar xodimlari belgilangan meʼyorlarda yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
28. Yakka tartibdagi himoya vositalari quyidagi turlarga boʻlinadi:
maxsus kiyim-kechak;
maxsus poyabzal;
maxsus bosh kiyim;
nafas aʼzolarining himoya vositalari;
qoʻlni himoyalash vositalari;
bosh uchun himoya vositalari;
yuzni himoyalash vositalari;
eshitish aʼzolarini himoya qilish vositalari;
koʻzni himoya qilish vositalari.
29. Tashkilot maʼmuriyati, ishchi va xizmatchilarni maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan Nashriyot, matbaa va kitob savdosi xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1926, 2009-yil 18-mart) muvofiq taʼminlashi shart.
6-§. Xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishiga ruxsat berish
30. Tashkilot xodimlari ishni bajarishning xavfsiz usullariga oʻqitilib, olingan bilimlari Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq sinovdan oʻtkazilgandan soʻng ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishga ruxsat etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
32. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) buyrugʻi asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni maʼmuriyat ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart.
36. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
39.Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Tashkilotlarning ishlab chiqarish binolari va xonalariga qoʻyiladigan talablar
40. Ishlab chiqarish binolari QMQ 2.09.02 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41.Oʻtish, chiqish yoʻllari, koridor, tambur, narvonlar turli jismlar va asbob-uskunalar bilan toʻsib qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi. Evakuatsiya chiqish yoʻllarining barcha eshiklari binodan chiqish yoʻnalishi boʻyicha ochilishi lozim.
42. Pollar tekis, yoriqlarsiz, teshiklarsiz va shishib chiqqan joylari boʻlmasligi, QMQ 2.03.13 “Pollar” talablariga muvofiq bajarilgan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Boshqarish pultlari zararli va portlash xavfi boʻlgan bugʻ, gaz va changlar ajralib, shuningdek yuqori tebranishga ega boʻlgan texnologik asbob-uskunalar oʻrnatilgan ishlab chiqarish xonalarida joylashtirilishi mumkin emas.
9-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
44. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Bino va inshootlarning ishlab chiqarish xonalarida havodagi zararli moddalar miqdori SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Oʻtish joylarida (galereyalarda, zinalar maydonchalarida va shunga oʻxshash) joylashgan isitish jihozlari (quvurlar, registrlar va shunga oʻxshashlar), ruxsat etilgan oʻtish yoʻlkalarini enini kamaytirmasligi kerak.
47. Ishchi joylarida havo harorati yilning sovuq davrida yengil jismoniy ishlarda 21°C, oʻrta ogʻir ishlarda 17°C va ogʻir ishlarda 16°C dan past boʻlmasligi kerak.
48. Xodimlarni isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°C dan kam boʻlmasligi kerak.
49. Binolarda joylashgan ishchi maydonlaridan, xodimlarni isinish xonalarigacha boʻlgan masofa 75 m, tashkilot maydonidagi ishchi joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
10-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
50. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talablariga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
51. Tashkilotni ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
52. Tozalangan suvda zararli moddalar tarkibi sanitar normalariga asosan chegaralangan konsentratsiyasidan oshib ketishi kerak emas.
53. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun beriladigan suvning sifati texnologik talablarga mos boʻlishi kerak.
54. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
55. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
56. Ichimlik suvining harorati 8oS dan 20°C gacha boʻlishi kerak.
57. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va kanalizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
58. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda Davlat sanitar nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmaslikka va ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralariga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
59. Tashkilot maydonida, ishlab chiqarish va yordamchi binolar va xonalarda tabiiy va sunʼiy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
60. Yoritish uskunalarini oʻrnatishda qandillarning turlari, lampalarning quvvati va ularning joylashishi tasdiqlangan loyihaga mos boʻlishi kerak.
61. Ishlab chiqarish sexlaridagi, xom ashyo omborlari va yuk tushirish-ortish maydonlaridagi texnologik uskunalar umumiyga qoʻshimcha ravishda koʻchma yoritish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
62. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarini sozligi kamida chorakda bir marta tekshirilishi lozim.
63. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda ikki martadan kam boʻlmagan holda tozalash lozim.
64. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan toʻsib qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi.
65. Yuqori xavfli xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak.
66. Oʻta xavfli xonalarda, xonalardan tashqari, hamda uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarni kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak. Barcha koʻchma yoritqichlarni metall himoyalanish toʻri hamda shisha qalpogʻi boʻlishi kerak.
12-§. Maishiy va qoʻshimcha xonalarga, ularning soni, holati va joylashuviga qoʻyiladigan talablar
67. Har bir tashkilotda QMQ 2.09.12-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy xonalari” qoidalari talablari va mazkur Qoidalarga muvofiq sanitariya-maishiy va qoʻshimcha xonalar boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
68. Maishiy va qoʻshimcha xonalarni (binolarni) loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
69. Maishiy xonalar imkon qadar ish joylariga yaqin joylashtirilishi zarur.
70. Maxsus kiyim-kechak va badanning katta darajada ifloslanishini yuzaga keltiradigan muhitdagi ish uchastkalarida ishlovchi xodimlar uchun maxsus maishiy xonalar jihozlanishi lozim.
71. Uy va ish kiyimlari saqlanadigan garderoblar, hojatxonalar, yuvinish va choʻmilish xonalari erkaklar va ayollar uchun alohida boʻlishi lozim.
72. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa shu kabi qurilmalarning soni, koʻpchilikni tashkil etadigan smenada ishlovchilarning soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
73. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim. Hojatxonalarning pollari quruq holda saqlanishi lozim.
74. Har bir yuvinish jihozi issiq va sovuq suv keladigan quvurlarga ulangan boʻlishi lozim.
75. Yuvinish xonalarida elektr quritgichlar, koʻzgu, kiyim ilgichlar, suyuq sovun uchun idishlar va qattiq sovun solgichlar koʻzda tutilishi lozim.
76. Maxsus kiyimni yuvish uchun tashkilotlarda kir yuvish xonalari boʻlishi lozim.
77. Ovqatlanish punktlari umumiy ovqatlanish tashkilotlari uchun belgilangan sanitariya qoidalari talablariga javob berishi lozim.
13- §. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
78. Tashkilot maydonlari va binolarni joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat korxonalarini bosh plani” talablariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
79. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi lozim. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish, hamda ish uchastkalari va sexlarning koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
80. Tashkilotda avtoyoʻllar yoki piyoda yoʻlkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yoʻllari uchrashgan joylarda avtoyoʻllar va piyodalar uchun oʻtish yoʻllari boʻlishi lozim.
81. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Qurilish maydonida ishchilar uchun dam olish joylari boʻlishi lozim.
Sutkaning qorongʻu vaqtlarida hududlarning yoritilishi “Tabiiy va sunʼiy yoritish” QMQ 2.01.05-98 talablariga javob berishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
82. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangani boʻlishi kerak.
83. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi kerak.
14-§. Xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlar omborxonalariga qoʻyiladigan talablar
84. Barcha omborlar uchun tashkilot maʼmuriyati tomonidan materiallarni xavfsiz saqlash qoʻllanmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kerak.
85. Ochiq ombordagi maydon yuzasidan suvlarni va jala suvlarini chetga chiqarilishi taʼminlangan boʻlishi kerak.
86. Qish paytida omborxona joylashgan maydonda qor, muzlardan tozalangan va qum, kul yoki shlak sepilgan boʻlishi kerak.
87. Taxlamlar va stellajlar orasidagi yoʻlkalarning eni 1 m dan kam boʻlmasligi kerak. Omborda transport vositasidan foydalanilganda yoʻlkalarga qoʻshimcha oʻtish yoʻllarining eni 3 m dan kam boʻlmasligi koʻrsatilishi kerak. Taxlamlar qatori va transport vositasi oʻlchamlari oraliq eni 1,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
88. Omborlarni umumiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga javob berishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
89. Taxlash uchun omborlar va maydonlardagi yuklarni yuklash, yuk tushirish va boshqa joyga koʻchirish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
90. Xom ashyo, yoqilgʻi, materiallar va tayyor mahsulotlarni elektr tarmoqlari ostiga va kran yoʻllariga taxlash taqiqlanadi.
III. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1- §. Ishlab chiqarish jarayoniga qoʻyiladigan umumiy talablar
91. Tashkilotlar oʻz tuzilmasiga koʻra harf terish, fotomexanik va tezkor matbaa sexlarini oʻz ichiga oladi.
92. Tashkilotning harf terish sexida:
kompyuterda harf terish, fotousulda terish va suratlarni koʻrinadigan qilish mashinalari;
harf terishni dasturlashtirish apparatlari;
fotoqoliplarni montaj qilish;
taʼmirlash ustaxonasi;
musahhihlar uchastkalari joylashtiriladi.
93. Fotousulda va kompyuterda harf teriladigan EHM, harf terishni dasturlash mashinalari, fotoqoliplarni montaj qilish uchastkalari va laboratoriyalarining har biri alohida xonalarda joylashtirilishi lozim.
94. Harf terishni dasturlash va boshqa mashinalarda mehnatni tashkil qilishda tartibga solingan mehnat va dam olish rejimi hisobga olinishi kerak.
95. Harf terishni dasturlash mashinalar xonalari, EHM mashina zallarini tovushyutgich materiallar bilan qoplash, mazkur uchastkalar xodimlarini shovqindan himoyalovchi vositalar bilan taʼminlash kerak.
96. Deraza oʻrinlarida tabiiy yorugʻlikning toʻgʻri tushishidan saqlanish uchun quyosh nuridan himoyalaydigan darpardalar osib qoʻyilishi kerak.
97. Fotoqolipni montaj qilish uchastkalari umumiy sunʼiy yoritilganda bir tekis yorugʻlik shiftdan yoyilib qaytishi kerak.
98. Shaxsiy kompyuter ekrani harf teruvchining koʻzi normal tushadigan chiziqqa perpendikulyar tekislikda moslashtiriladi. Shaxsiy kompyuterning klaviaturali pulti va ekrani bir-biridan ajralgan va har bir harf teruvchining individual xususiyatidan kelib chiqqan holda qulay joyda oʻrnatilishi kerak.
99. Alohida fotomexanik ishlab chiqarish xonalarida:
retush;
fotoqolip montaji asoslarini tozalash;
nusxa koʻchirish;
kimyoviy moddalar omborchasi;
kumushni qayta tiklash uchastkalari joylashtirilishi kerak.
100. Suratni koʻrinadigan qiluvchi mashinalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
eritma va kondensatlarning elektr-shkaf, mashina sirti va sex xonalariga toʻkilib ketishiga yoʻl qoʻymasligi;
quritish boʻlinmasidagi elektrisitish qurilmalari toʻsilgan boʻlishi;
mashina konstruksiyasi tortib oluvchi ventilyatsiya tizimiga ulash uchun mahalliy soʻrib oluvchi qurilmalarni nazarda tutishi;
mashina materialda hosil boʻladigan statik elektr tokini qaytarish yoki zararsizlantirish qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi;
mashinalarda eritmalar aylanishi yoki ventilyatsiyaning oʻchirilgan holatida elektr isitgichga kuchlanish uzatilishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqlar oʻrnatilishi nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
101. Retush uchastkalaridagi derazalar oʻrni quyosh nurini toʻsuvchi darpardalar bilan jihozlanishi koʻzda tutilishi zarur.
102. Retush pulti ishchining koʻzini qoʻshimcha yorugʻlik qamashtirishidan saqlovchi yon toʻsiqlarga ega boʻlishi kerak.
103. Quritish uchun qoʻllaniladigan stol usti shamollatgich parraklari toʻsiqqa ega boʻlishi kerak.
104. Ishlab chiqarish xonalarida kimyoviy moddalar, spirtlar, efir moyi, foto-tasma bir smena ehtiyojidan oshmaydigan miqdorda va idishda, tarkibi toʻgʻrisidagi yozuvlari boʻlgan holda saqlashga ruxsat etiladi. Kimyoviy moddalar qulflanadigan metall qutilar yoki qopqoqli qutilarda saqlanishi lozim.
105. Joriy ishlarga moʻljallangan fototasmalarni, shuningdek tayyor fotoqoliplarni (negativlar, diapozitivlar, va ularning montajini) saqlash uchun metall qutilar, seyflar yoki shkaf-javonlar koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
Xar kuni smena tugagandan soʻng fototasma chiqindilarini ish xonalaridan chiqarib tashlash zarur.
106. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar yoysimon fonarlar, simob-kvarsli va inert gazli lampalar bilan ishlashda yoritgich filtrli himoya koʻzoynagini taqishlari shart.
107. Montaj qiladigan stollar ularning ish zonasiga har qaysi tomondan yondashishi uchun kamida 1 m, ishlanmaydigan zonasiga kamida 0,6 m masofa qoldirib oʻrnatilishi kerak.
108. Foto va nusxa koʻchirish uskunalari, bosma qoliplarga ishlov berish vannalari (stollar, fotoqogʻoz yuviladigan vannachalar) yoritish moslamalari va mahalliy havo soʻruvchi qurilma bilan jihozlanishi lozim.
109. Tezkor matbaaning alohida xonalarida:
harf terish-yozish mashinalari va avtomatlar;
fotojamlagich;
maketlashtirish, yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirish;
mikro filmlash;
elektrografiya;
bosma qoliplarni tayyorlash;
bosma mashinalar;
sifatni nazorat qilish;
musahhihlik uchastkalari va omborxona joylashishi zarur.
110. Harf terish-yozish mashinalari, nusxa koʻchirish stollari deraza oldida ularga yorugʻlik yon tomondan tushib turadigan tarzda joylashtirilishi kerak. Stollar orasidan oʻtish joylari 1m. dan kam boʻlmasligi lozim.
111. Elektrografiya va yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirish apparatlari, shuningdek tezkor matbaa boʻlimining boshqa uskunalari, ularga har taraflama qulay yondashish mumkin boʻladigan tarzda oʻrnatilishi zarur.
112. Uskunalarni joylashtirilishidagi eng kam masofa:
mashinalar orasidagi 1,5 m;
devor, ustunlar yaqinidagi ish zonasida 1,2 m;
ishlashda foydalanilmaydigan zona 1,0 m boʻlishi kerak.
113. Matbaa tashkilotlarida tahririyatlar xonalarini tovushyutgich materiallar bilan qoplash zarur.
Ish stollari bir-biridan kamida 0,8 m masofada joylashtirilish; stol qatorlari orasidagi masofa 1,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
2- §. Elektr xavfsizligiga talablar
114. Isteʼmolchilarning yangidan quriladigan va taʼmirlanadigan barcha elektr qurilmalari “Elektr qurilmalar tuzilishi qoidalari (EQTQ)”ga muvofiq bajarilishi kerak.
115. Mazkur talablar isteʼmolchilarning ishlab turgan elektr qurilmalari va ular joylashadigan bino va inshootlarga ham taalluqli.
116. Tashkilotlarda elektr qurilmalaridan foydalanish Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga (roʻyxat raqami 1614, 2006-yil 18-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
117. Ishlab turgan elektr qurilmalarga xizmat koʻrsatish va ulardan foydalanish, ularda elektr tokini tezkor uzish, taʼmir, montaj yoki sozlash ishlari hamda sinovlarni tashkil etish va bajarish maxsus tayyorlangan, tibbiy koʻrikdan oʻtgan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
118. Mazkur Qoidalar talablarining elektrotexnik xodimlari tomonidan bajarilishi uchun masʼuliyatni nashriyot rahbariyati tomonidan oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan lavozim yoʻriqnomalari va nizomlari belgilaydi.
119. Har bir matbaa tashkilotida rahbariyat buyrugʻi bilan energoxizmat muhandis-texnik xodimlari tarkibidan elektr xoʻjaligining umumiy holati va mazkur Qoidalar talablarining bajarilishiga javob beradigan masʼul shaxs tayinlanishi kerak.
120. Tashkilotda bosh energetik lavozimi mavjud boʻlsa, mazkur tashkilotda elektr xoʻjaligiga javob berish uchun masʼuliyat shu shaxsga yuklatiladi. Elektr xoʻjalik uchun javobgar shaxs (mehnat taʼtili, kasallik, xizmat safari tufayli) uzoq vaqt boʻlmaganida, uning vazifasini ijro etish rahbar buyrugʻi bilan rahbarning oʻrinbosariga yoki energoxizmat boʻyicha bilimi tekshiruvdan oʻtgan boshqa shaxsga yuklatilishi lozim.
121. Elektr xoʻjalik uchun masʼul shaxs:
a) elektr qurilmalardan ishonchli foydalanish va ularning xavfsiz ishlashini;
b) elektr uskunalar, apparaturalar va tarmoqlarning rejali-ogohlantirish taʼmiri va profilaktik sinovlarini tashkil etish va oʻz vaqtida oʻtkazishni:
v) energoxizmat xodimlari oʻquvini, ularga yoʻl-yoʻriq berilishini va bilimi muntazam tekshirilishini;
g) himoya vositalari va yongʻinga qarshi asbob-anjomlar mavjudligini va oʻz vaqtida tekshirilishini;
d) elektr qurilmalar ishidagi avariyalar va yaroqsiz holatlarning, shuningdek elektr tokidan shikastlanish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida tekshirilishini;
e) texnik hujjatlar yuritilishini, zarur yoʻriqnoma va nizomlar ishlab chiqilishini taʼminlashi lozim.
122. Mustaqil ishga tayinlangunga qadar yoki elektr qurilmalaridan qayta foydalanish vaqtida, shuningdek elektro texnik xodim sifatida ishda 1 yildan ortiq tanaffus boʻlganda, xodim yangi ish joyida ishlab chiqarish taʼlimini oʻtib, keyin bilimi malaka komissiyasi tekshiruvidan oʻtkazilishi va unga belgilangan tartibda elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli malaka berilishi kerak.
123. Tashkilotlarda foydalaniladigan elektr uskunalar, elektr tarmoqlar, elektr asboblar va qoʻl elektr mashinalari belgilangan muddatlarda sinovdan oʻtkazilishi kerak.
124. Taʼmirdan soʻng qayta ishga tushiriladigan uskuna belgilangan tartibda sinovdan oʻtkazilishi kerak.
125. Taqsimlash qurilmalarining kabel kanallarini zarurat tugʻilganda olinadigan, yonmaydigan plitalar bilan yopish va toza saqlash kerak.
126. Apparatlarning tok oʻtkazadigan qismlari bexosdan tegib ketishdan himoyalangan boʻlishi kerak.
127. Taqsimlash qurilmalarining tashqi eshiklarida ularning nomi koʻrsatilishi lozim.
128. Taqsimlovchi qurilma devorlari och tusga boʻyalishi, ularning oldi va orqa tomonlariga alohida ogohlantirish vazifasini koʻrsatuvchi aniq yozuvlar tushirilishi kerak.
129. Taqsimlovchi qurilma 3 oyda kamida bir marta koʻrikdan oʻtkazilishi va chang, axlatlardan tozalanib turilishi kerak.
130. Isteʼmolchilar elektr uskunalarining yerga ulanadigan qurilmalari boʻlishi kerak.
131. Ochiq holatda yotqizilgan yerga ulanuvchi simlar bir-biridan farqlanib turuvchi rangda boʻlishi kerak.
132. Yerga ulanuvchi qurilmaning qarshilik qiymati EQTQ talablarida belgilangan darajada saqlab turilishi va amaldagi meʼyorlar asosida kuchlanishini taʼminlash maqsadida muntazam sinovdan oʻtkazilishi kerak.
133. Xavflilik darajasi yuqori va oʻta xavfli xonalarda ishlash vaqtida kuchlanishi 42 V dan baland boʻlmagan qoʻl elektr yoritgichlaridan foydalanish va oʻta noqulay sharoitlarda ishlashda kuchlanish 12 V dan baland boʻlmagan qoʻl elektr yoritgichlari qoʻllanilishi kerak.
3-§. Yongʻin xavfsizligi talablari
134. Bino, ishlab chiqarish, maishiy-xoʻjalik xonalari, omborlar, shuningdek muhandislik inshootlari, elektr xoʻjaligida yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgarlik tashkilot rahbari buyrugʻiga binoan tegishli xizmatlar rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslar zimmasiga yuklatiladi.
135. Tashkilot binolari, maishiy-xoʻjalik xonalari, muhandislik inshootlari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari talablari asosida yongʻinning oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqilishi zarur.
136. Yoʻl-yoʻriqlarda quyidagi masalalar:
hudud, inshoot va binolarni tark etish yoʻllarini saqlash tartibi;
yongʻin xavfi mavjud boʻlgan ishlar (payvandlash, elektr jihozlaridan foydalanish, taʼmirlash va h.k.)ni bajarishda yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar;
portlash, tez alangalanish, yonish xavfi boʻlgan materiallarni saqlash hamda tashish tartibi;
chekish joylari, ochiq olovdan foydalanish va olov bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tartibi;
yonuvchi mahsulotlar va materiallarni saqlash, yigʻish va tashkilot binosidan olib chiqish tartibi;
nazorat-oʻlchov asboblari (manometr, termometr va boshqalar)ning chegaraviy qiymatlari;
yongʻin vaqtida ishchi va xizmatchilarning vazifalari va harakati yoritilishi kerak.
137. Maʼmuriy binoning barcha xonalari, ishlab chiqarish, omborxona va yordamchi binolarning koʻrinarli joylarida yongʻindan saqlanishning asosiy qoidalari va oʻt oʻchirish xizmatining telefon raqamlari yozilgan eslatma yozuvlari boʻlishi kerak.
138. Tashkilot hududlari hamisha saranjom-sarishta, ozoda tutilishi, muntazam ravishda qurigan oʻt-oʻlan, shox-shabba, barglardan hamda ishlab chiqarish chiqindilari va boshqa yonuvchi materiallardan tozalanib turilishi kerak. Yengil yonuvchi chiqindilar alohida ajratilgan maydonchadagi qutilarga yigʻilishi va muassasa hududidan oʻz vaqtida olib chiqib ketilishi shart.
139. Binolar, ishlab chiqarish, maishiy-xoʻjalik xonalari, yoʻlaklar va omborxonalar birlamchi oʻt oʻchirish vositalari hamda yongʻindan xabar berish texnik vositalari bilan toʻliq jihozlangan boʻlishi lozim.
140. Arxiv, omborxona, havo almashtirish uskunalari oʻrnatilgan xonalar, xoʻjalik va yongʻin nasoslari xonalarini eshiklari yongʻinga chidamli qilib ishlangan boʻlishi kerak.
141. Yongʻin nasoslari dvigatellari hamda yongʻindan xabar berish avtomatika tizimi moslamalariga elektr toki transformator podstansiyalaridan alohida tortilgan sim orqali keltirilishi lozim.
142. Tashkilotlarning yongʻin nasoslari dvigatellari hamda yongʻinni oʻchirish tizimi moslamalarining yoqilishi avtomatlashgan tarzda havo almashtirish va sovutish tizimlarining oʻchirilishi bilan bogʻliq ravishda amalga oshirilishi zarur.
143. Tashkilot binolarining har bir qavatida yongʻin sodir boʻlganida, xodimlarni koʻchirish chizmasi oʻrnatilishi shart. Chizmada xonalar, yoʻlaklar, birlamchi yongʻinni oʻchirish vositalari, telefon joylashuvi, xodimlarni favqulodda holatda zaxira chiqish yoʻllaridan harakat qilish yoʻnalishlari koʻrsatilishi kerak.
144. Zaxira chiqish yoʻllarida, qavatlarda, zinapoya va oʻtish joylarida navbatchi yoritish chiroqlari oʻrnatilishi lozim.
145. Zaxira chiqish eshiklari tashqari tomonga ochilishi kerak.
146. Binoning har bir qavatidan evakuatsiya chiqish joylari soni ikkitadan kam boʻlmasligi shart.
147. Bino, inshootlarda quyidagilar taqiqlanadi:
yertoʻlada yonuvchi suyuqliklar, gaz sigʻimlari, portlash xavfi boʻlgan mollarni saqlash;
chordoqlarda, texnik qavatlarda, ventkameralar va boshqa texnik xonalarda uskunalarni va boshqa asboblarni saqlash;
zinapoya maydonchalari, zinapoyalar, lift xollari, zaxira chiqish yoʻlaklarini har xil mebellar, shkaf, uskuna va boshqa narsalar bilan toʻsib qoʻyish hamda chiqish eshiklarini muhrlab qoʻyish;
zaxira chiqish yoʻllari devorlariga, shift va pollariga yengil yonuvchi materiallar bilan ishlov berish, boʻyash, shuningdek zinapoyalar va ular oldidagi xollarga yonuvchi qurilish materiallaridan ishlov berish, yogʻoch panellar bilan bezash, turli qoʻshimcha xizmat xonalarini qurish;
zaxira chiqish yoʻllariga yengil yonuvchi sunʼiy poyondozlarni toʻshash;
yonuvchi, yengil yonuvchi suyuqliklarni xonalarga olib kirish hamda boshqa maqsadlarda ochiq olovdan foydalanish;
xonalardagi elektr isitkich asboblar, kompyuter va yordamchi asbob-uskunalarni elektr tarmogʻiga ulangan holda qoldirish;
elektr uskuna va jihozlardan foydalanishdan avval ularni ishlab chiqargan tashkilot tomonidan berilgan tavsiya va yoʻriqnomada keltirilgan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqmasdan ishlatish;
elektr tarmogʻida qisqa tutashuvni keltirib chiqaruvchi, sanoat tashkilotlarida ishlab chiqarilmagan yasama saqlagichlardan, nosoz rozetka, elektr uzgich (rubilnik) va boshqa elektr uskunalaridan, shuningdek qobiqlarining himoyalash darajasi yoʻqolgan yoki zararlangan elektr kabellar va simlardan foydalanish.
148. Tashkilot hududida payvandlash yoki yongʻin chiqadigan bir martalik boshqa ishlar boʻyicha yongʻin xavfsizligi choralarini taʼminlash, ushbu ishlar olib boriladigan ish joyi rahbarining zimmasiga yuklatilishi lozim.
149. Payvandlash va olov bilan olib boriladigan ishlarni bajarish uchun bir martalik ruxsatnoma joriy ish kuniga beriladi. Ishlar bir necha kun davom ettiriladigan boʻlsa, ish joyi maʼmuriyat tomonidan qayta tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng, ushbu ruxsatnoma muddati uzaytiriladi.
150. Payvandlash va olov bilan olib boriladigan ishlarga yongʻin xavfsizligi boʻyicha bilimlari tegishli tartibda sinalgan va bir martalik ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslar qoʻyiladi.
151. Tashkilotlarda ichki gidrant tarmogʻi joylardagi suv tarmogʻiga ulangan boʻlib, suv quvurlariga oʻrnatilgan yongʻin joʻmraklari, yeng va dastaklar maxsus yongʻin qutilari ichida joylashtiriladi. Yeng va dastak yongʻin joʻmragiga ulab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
152. Yongʻin joʻmraklarining ishga yaroqliligi har 6 oyda joʻmraklaridan suv chiqarib, u necha metr masofaga otilib chiqishi tekshirib koʻrilishi va dalolatnoma asosida rasmiylashtirilishi lozim.
153. Gidrant qutilariga joʻmraklarining belgisi, qutining tartib raqami va yaqinda joylashgan oʻt oʻchirish qismi telefon raqamlari yozib qoʻyilishi zarur.
154. Gidrant tarmogʻi oʻtkazilmagan yoki oʻtkazilgan taqdirda ham suv bosimi yetarli boʻlmagan joylarda, yaʼni har qavatga toʻgʻri keladigan suv bosimi 1,5 atm dan kam boʻlgan holatlarda, bino yaqinida suv havzasi boʻlishi va u suvni bosim ostida binoning yuqori qavatlariga yetkazib berish moslamasi — motopompa yoki elektr nasos bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
155. Yongʻin jihozlaridan xoʻjalik maqsadlarida foydalanish qatʼiyan man etiladi.
156. Yongʻinga qarshi suv havzalari doimo soz holatda boʻlishi, ichidagi suv hajmi yongʻinni oʻchirish uchun yetarli boʻlishi kerak. Suv havzalarining ishga yaroqliligi yiliga kamida ikki marotaba, bahor va kuz mavsumlarida tekshirilishi lozim.
157. Tashkilot binolari, xonalari amaldagi meʼyor talablari asosida birlamchi oʻt oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
158. Bino qavatlarida oʻrnatilgan oʻt oʻchirgichlar bir turda boʻlishi, ularda asosiy koʻrsatkichlar hamda foydalanish qoidalari bitilgan yorliq boʻlishi kerak.
160. Har 10 kunda binolarda oʻrnatilgan oʻt oʻchirgichlar qoʻyilgan tamgʻalar, manometr koʻrsatkichlari ruxsat etilgan chegaraviy qiymatdan tushib ketmaganligi koʻzdan kechirilishi zarur.
161. Karbonat angidrid gazi asosidagi OU rusumli oʻt oʻchirgichlarni haddan tashqari qizib ketishdan va quyosh nurlari tushishdan saqlash kerak.
162. Oʻt oʻchirgich ballonlarining yuqori bosimga chidamliligi har besh yilda tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim. Agar oʻt oʻchirgichlarni qayta tekshiruvdan oʻtkazish muddati ballon sirtiga oʻyib yozilgan muddatdan oʻtib ketsa yoki unga qoʻyilgan tamgʻa (plomba) buzilgan boʻlsa, oʻt oʻchirgichlar almashtirilishi zarur.
163. Koʻpikli oʻt oʻchirgichlarning kimyoviy tarkibi har yili kamida bir marotaba tekshirilishi lozim.
164. Koʻpikli oʻt oʻchirgichlar qishki mavsumda (havo harorati 10° S darajadan past boʻlganda) isitilgan xonalarga olib kirilishi va oʻt oʻchirgich olingan joyga oʻt oʻchirgich qoʻyilgan xonaning tartib raqami osib qoʻyilishi lozim.
IV.Ishlab chiqarish uskunasiga qoʻyilgan talablar
165. Barcha qoʻzgʻalmas uskunalar, agregat va dastgohlar ishlab chiqargan zavod koʻrsatmasiga binoan mustahkam asoslarga va poydevorlarga oʻrnatilishi lozim.
166. Barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlar (vallarning chiqib turgan uchlari, harakat uzatuvchi tasmalar va boshqalar) toʻsilgan boʻlishi kerak.
167. Toʻsiqlar mustahkam, yengil, ishonchli ravishda mahkamlangan boʻlishi va qisib qoluvchi tirqishlari, kesib oluvchi va oʻtkir burchaklari boʻlmasligi kerak.
168. Ogʻirligi 5 kg dan ortiq boʻlgan toʻsiqlar ushlash uchun qulay dastaklarga ega boʻlishi kerak.
169. Oʻzidan changli havo chiqaruvchi ishlab chiqarish uskunalari zichlab berkitilishi va chang havoni soʻrish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
170. Yangi oʻrnatilgan yoki kapital sozlashdan chiqqan uskunalarni xavfsizlik texnikasi muhandisi ishtirokida dalolatnoma tuzilgandan keyin ishlatishga ruxsat berilishi lozim.
171. Mashinani sozlash, tozalash, moylash va kamchiliklarini bartaraf qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha ishlarni bajarish elektr taʼminotidan uzib qoʻyilgan, butunlay harakatdan toʻxtagan va ogohlantiruvchi belgi osib qoʻyilgan holatda bajarilishi lozim. Mashinani yurgazish belgini osib qoʻygan shaxs tomonidan amalga oshirilishi kerak.
172. Toʻsiqlarning va himoyalovchi moslamalarning hamda asboblarning sozligi sex (boʻlinma) rahbariyati tomonidan muntazam tekshirib turilishi kerak.
173. Montaj va demontaj vaqtida qoʻllanadigan tagliklar va koʻtarish mexanizmlari ish boshlashdan avval sinab koʻrilishi kerak.
174. Ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanishda:
a) mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish va masofadan boshqarishni qoʻllash;
b) ergonomik talablarni qoʻllash;
v) foydalanish, taʼmirlash, yigʻish, transportda tashish va saqlash boʻyicha xavfsizlik talablariga amal qilish lozim.
175. Ishlab chiqarish uskunasini tozalash ishlari maxsus asboblar yordamida (shyotka, qirgʻich, ilmoq va boshqalar) amalga oshirilishi lozim. Ishlab turgan uskunada tozalash va yigʻishtirish ishlarini bajarish taqiqlanadi.
176. Uskuna ishlab turgan vaqtda uning harakatlanuvchi qismlarini qoʻlda moylash taqiqlanadi.
V. Taʼmirlash ishlarini bajarishda mehnat xavfsizligi talablari
1-§.Taʼmirlash ishlarini tashkil etishda xavfsizlik talablari
177. Tashkilot hududida ishlab chiqarishni (sex) yoki sexda qurilma, agregat, ayrim asbob-uskunalarni taʼmirlashga toʻxtatish uchun tashkilot (sex) boʻyicha buyruq (farmoyish) chiqarilishi lozim. Buyruqda pudratchilardan bevosita ish rahbari, shuningdek koʻrsatilgan ishlarga uskunalar va obyektni toʻliq tayyorlash, ishlarni xavfsiz amalga oshirish va pudratchilar yoki buyurtmachining taʼmirlash xizmati bilan tezkor aloqalar uchun javobgar shaxslar hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
178. Barcha uskunalarda tashkilot bosh muhandisi tasdiqlagan jadval boʻyicha belgilangan muddatlarda rejali taʼmirlash ishlari oʻtkaziladi.
179. Taʼmirlash ishlarida band boʻlgan pudratchining barcha xodimlari taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin, ushbu sexda ishlarni xavfsiz olib borish uchun xodimlar xavfsizlik texnikasi boʻyicha kirish yoʻriqnomasidan oʻtkazilishi lozim. Yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
180. Rejalashtirilgan ishlarni bajarishdan oldin mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari pudratchi tashkilot tomonidan oʻtkazilishi lozim.
181. Pudratchi ishlayotgan hududda buyurtmachi tomonidan zararli va yonish xavfi boʻlgan moddalarni paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan meʼyoriy sanitariya-gigiyenik sharoitlar yaratilishi kerak.
182. Asbob-uskuna va kommunikatsiyalarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirishdan oldin, quyidagilar bajarilishi lozim:
a) elektr energiya taʼminotidan oʻchirish;
b) asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni texnologik muhit qoldiqlaridan, asbob-uskunani zararli, zaharli va yonuvchi gaz mahsulotlaridan boʻshatish;
v) taʼmirlanadigan asbob-uskuna, kommunikatsiya, quduq va oʻralardagi inert, yonuvchi, zaharli gazlar va kislorod miqdorini tegishli tahlillarini oʻtkazish yoʻli bilan tekshirish.
183. Balandlikdagi ishlarda faqat tayanch yoki rezinali qoplamalar bilan taʼminlangan soz narvonlardan foydalanish lozim.
184. Tashkilot hududida qazish ishlarini bajarishda buyurtmachi pudratchiga naryad-ruxsatnoma bilan birga tegishli sex va xizmatlar bilan kelishilgan ruxsatnomani yozma tarzda topshirishi kerak.
185. Pudratchining ehtiyojlari uchun elektr energiyani ulash, shuningdek ish tugaganidan keyin uzish, sex boshligʻining ruxsati boʻyicha buyurtmachining bosh energetik xizmati tomonidan bajariladi.
186. Taʼmirlash ishlari tugallanganidan soʻng asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni qabul qilish dalolatnomasi ikki tomonlama imzolanib, ushbu asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni ishga tushirish haqida farmoyish chiqqandan soʻng, foydalanishga qabul qilinishi lozim.
2-§.Uskuna va moslamani taʼmirlashga topshirish va uni foydalanishga qabul qilish tartibi
187. Bajariladigan ish xususiyatiga muvofiq soz asbob va moslamalar jamlamasi bilan taʼminlanishi lozim.
188. Asbob va moslamalar holati bir oyda bir martadan kam boʻlmagan davrda tekshirilishi lozim.
189. Texnik xizmat koʻrsatish, davriy va kapital taʼmir boʻyicha ishlarni bajarish tartibida, ishlab chiqaruvchi zavod tasdiqlagan taʼmirlash va foydalanish hujjatida belgilangan zarur ish hajmini koʻrsatish lozim.
190. Texnologik uskuna taʼmirlangandan soʻng sinovdan oʻtkazilishi va ishlatib koʻrilishi zarur.
191. Ishlatib koʻrish uchun mexanizmlarni yoqishdan oldin, ularni tarmoqlari toʻgʻri yigʻilganligiga, begona jismlar yoʻqligiga, havo uzatish pnevmatik tizimi toʻgʻri ulanganligi va mustahkam qotirilganligiga ishonch hosil qilish lozim.
192. Agregatni harakatlantiruvchi elektrodvigatellarni yoqishdan oldin, yirik aralov va fugoval dastgoh ventilyatori patrubkalarini koʻzdan kechirish lozim.
193. Sinov va ishlatib koʻrish davrida taʼmirlangan tarmoq va agregatlarni barcha yigʻish defekti, elektrodvigatel va tarmoq podshipniklarini qizish darajasi, moy oqishi bartaraf qilinishi kerak.
194. Uskuna yigʻilgandan yoki taʼmirlangandan soʻng foydalanish uchun yoqishdan oldin quyidagilarni bajarish zarur:
a) odamlarni xavfsiz joyga oʻtkazish;
b) mashina tashqarisi va ichidan begona buyumlarni olib tashlash;
v) himoya toʻsiqlari mavjudligi va mustahkamligini tekshirish;
g) harakatlanuvchi qismlarni moylash va sozlash;
d) himoya saqlovchi va nazorat oʻlchov asboblarini sozligini tekshirish;
e) uskuna yigʻilishini toʻgʻriligini tekshirishda, oʻzaro bogʻliq harakatlanuvchi mexanizmlarni toʻliq siklida uni harakatlanuvchi qismini aylantirish;
j) uskunani boʻsh harakatda va ish yuklovi ostida sinash.
195. Uskunani taʼmirdan soʻng foydalanishga yaroqliligi, qabul qiluvchi komissiya tomonidan dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
VI.Mehnat muhofazasi boʻyicha qoidalarni buzganligi uchun javobgarlik
196. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
197. Mansabdor shaxslar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(197-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII.Yakuniy qoida
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori B. ALIMOV
2009-yil 7-oktabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 7-oktabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2009-yil 7-oktabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 7-oktabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 7-oktabr
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
2009-yil 7-oktabr
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2009-yil 7-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 48-son, 517-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 19.08.2025-y., 10/25/3668/0748-son)