Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT-TIJORAT XALQ BANKINI YANADA RIVOJLANTIRISHNI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat-tijorat Xalq bankini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 25-dekabrdagi PF-2162-son Farmonini bajarish yuzasidan va bank tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, omonatchilarning manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki davlat-tijorat Xalq bankining ustav sarmoyasi, uni 3 mlrd soʻmgacha yetkazgan holda, 2000-yil 1-yanvargacha shakllantirilishini taʼminlasinlar.
Xalq bankining 1999-yil 1-yanvardagi mavjud 100 mln soʻm miqdoridagi ustav sarmoyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining taʼsis badali ulushi hisoblansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, davlat nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki omonatlarning saqlanishini kafolatlaydilar va Xalq bankining omonatchilar — jismoniy shaxslar oldidagi majburiyatlari boʻyicha muassislar badallariga mutanosib ravishda javob beradilar.
3. Davlat-tijorat Xalq bankining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin, keyinchalik u Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
4. Davlat-tijorat Xalq banki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki, Oʻzbekiston Banklar uyushmasi bilan birgalikda, qarz mablagʻlarini jalb qilgan, holda va xalqaro moliya muassasalarining texnikaviy koʻmagida, joriy yilning 1-iyuligacha bankni yanada rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin unda quyidagi asosiy vazifalarning hal etilishini nazarda tutsin:
omonatchilarning omonatlari bank tomonidan jalb qilinadigan mablagʻlarni ishonchli va koʻp daromad keltiradigan sarmoyalarga joylashtirish orqali saqlanishini taʼminlash yoʻli bilan ularning manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish;
omonatlarning oʻziga jalb qiluvchi yangi turlarini taklif etish, ularning oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlash, koʻrsatiladigan bank xizmatlarini xalqaro standartlargacha yetkazgan holda ular sifatini oshirish, elektron toʻlov vositalarini joriy etgan holda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish yoʻli bilan aholi va korxonalar mablagʻlarini jalb qilish mexanizmini takomillashtirish;
xorijiy jamgʻarma banklarining ilgʻor tajribasini oʻrganish, bank menejmentining bozor iqtisodiyoti sharoitlariga javob beradigan usullarini joriy etish asosida bank va uning boʻlinmalarini boshqarish tizimini takomillashtirish;
qarz oluvchilarning xoʻjalik va moliyaviy faoliyatini tahlil qilish, biznes-rejalarni oʻrganish, ularning kredit qobiliyatini baholashning samarali usullarini joriy etish asosida kreditlash jarayonidagi kredit tavakkalchiliklarini boshqarish tizimini yaxshilash;
berilgan kreditlar boʻyicha qarzlar tarkibini oʻzgartirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqish, faktoringdan, qarzdorlik summasini xaridorgir qimmatli qogʻozlarga ayirboshlash, garovga qoʻyilgan mulkni kim oshdi savdosi orqali sotishdan foydalangan holda berilgan kreditlarning oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash;
seyf operatsiyalarini, shu jumladan, hujjatlar va mijozlarning boyliklarini saqlashga doir xizmatlarni, seyflarni va ixtisoslashtirilgan xonalarni ijaraga berishni joriy etish;
bank boshqaruv xodimlarini va mutaxassislarini tayyorlash va ularni qayta tayyorlash samaradorligini oshirish;
zamonaviy bank asbob-uskunasini, kompyuter texnikasini va bank hujjatlariga avtomatlashtirilgan holda ishlov berish texnologiyalarini sotib olish va oʻrnatish orqali bankning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
5. Davlat-tijorat Xalq bankining moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy hokimiyat organlari mulki boʻlgan va Xalq banki muassasalari egallab turgan xonalarni ulardan bepul doimiy foydalanish uchun bersinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Xalq bankiga tegishli samarasiz foydalanilayotgan binolar, mol-mulk va qurilishi tugallanmagan obyektlarning kim oshdi savdosi orqali sotilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Banklar uyushmasiga Bank-moliya akademiyasi va Mintaqaviy bank oʻquv markazi negizida jamgʻarma banki ishiga oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etish tavsiya qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S.Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-aprel,
189-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-apreldagi 189-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining
USTAVI
UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki (keyingi oʻrinlarda “Bank” deb ataladi) “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzjamgʻarmabank”ni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankiga aylantirish toʻgʻrisida” 1995-yil 4-oktabrdagi 386-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat-tijorat Xalq bankini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 25-dekabrdagi PF-2162-son Farmoni bilan tashkil etilgan.
2. Bank yopiq aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bankning muassislari hisoblanadilar.
3. Bankning firma (toʻliq rasmiy) nomi davlat tilida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki”, qisqartirilgan holda “Xalq banki”.
Rus tilida — “Gosudarstvenno-kommercheskiy Narodniy bank Respubliki Oʻzbekiston”, qisqartirilgan holda — “Narodniy bank”.
Ingliz tilida — “The State Commercial People's Bank of the Republic of Uzbekistan”, qisqartirilgan holda — “People's Bank”.
Bank oʻz firma nomidan mutlaq foydalanish huquqiga ega.
4. Bank aholi omonatlarining saqlanishi va ular oʻz vaqtida qaytarilishini kafolatlovchi mulkiy, moliyaviy va boshqa majburiyatlar va talablar boʻyicha “Oʻzjamgʻarmabank”ning huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. Bank oʻz faoliyatida “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Markaziy bankning meʼyoriy hujjatlariga, tijorat banklari uchun majburiy tusga ega boʻlgan boshqa meʼyoriy hujjatlarga, shuningdek, mazkur Ustavga amal qiladi.
Bank (shu jumladan, uning boʻlinmalari) bank operatsiyalarini olib borish bilan bogʻliq qarorlar qabul qilishda davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir.
6. Bank mulki yetishmaganda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash maqsadida davlat nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki aholi omonatlarining saqlanishini kafolatlaydilar hamda bankning hamda omonatchilar —jismoniy shaxslar oldidagi majburiyatlari boʻyicha muassislarning ustav jamgʻarmasidagi badallariga mutanosib ravishda javob beradilar.
7. Bank oʻz majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan, fuqarolarning omonatlari boʻyicha oʻz mol-mulki bilan javob beradi.
Bank, qonun hujjatlariga muvofiq, mulkiy va nomulkiy huquqlarni amalga oshiradi, majburiyatlar oladi, xoʻjalik va xolislik sudlarida daʼvogar hamda javobgar boʻladi.
Bankning jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan va tomonlarning majburiyatlari hamda javobgarligini belgilovchi shartnomalar ular bilan oʻzaro munosabatlarning huquqiy asosi hisoblanadi.
8. Bank yuridik shaxs hisoblanadi va oʻzining hududiy boshqarmalari hamda boʻlinmalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining yagona tizimini tashkil etadi, mustaqil balansda hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega boʻladi.
9. Bank oʻz faoliyatini qonun hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziyaga amal qilgan holda tijorat asosida amalga oshiradi.
10. Bank oʻz nomi toʻliq yozilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan dumaloq muhrga, shtamplarga, oʻz nomi oʻzbek, ingliz va rus tillarida yozilgan blanklarga ega boʻladi. Bank oʻzining emblemasi va vizual identifikatsiyalashning boshqa vositalariga ega boʻladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, 700096, Toshkent shahri, Qatortol koʻchasi, 46.
BANKNING MAQSAD VA VAZIFALARI
12. Jismoniy va yuridik shaxslardan pul mablagʻlarini jalb qilish, shuningdek, kredit-hisob-kitob va boshqa xil bank operatsiyalarini va jismoniy va yuridik shaxslar bilan bitishuvlarni amalga oshirish bank faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi, boshqa davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, mulkchilikning har qanday shakllaridagi yuridik shaxslar bankning mijozlari va omonatchilari boʻlishlari mumkin.
Faoliyati maqsadiga erishish uchun bank quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
depozitlarning oʻziga jalb qiluvchi turlarini taklif etish yoʻli bilan aholi va korxonalarning mablagʻlarini jalb qiladi hamda jamlaydi;
ularning oʻz vaqtida qaytarilishini, koʻrsatilayotgan xizmatlarni xalqaro standartlargacha yetkazgan holda ular sifati oshirilishini, yangi turlar va modifikatsiyalarni joriy qilish bilan naqd pulsiz hisob-kitoblar rivojlantirilishini taʼminlaydi;
davlat va boshqa emitentlarning qimmatli qogʻozlarini chiqarish, xarid qilish, saqlash va hisobga olish hamda ikkilamchi bozorda sotish yoʻli bilan fond bozorida ular bilan operatsiyalar olib boradi;
xorijiy mamlakatlar va MDH aʼzolari boʻlgan davlatlar banklari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri korrespondentlik munosabatlarini oʻrnatadi;
bank aktivlaridan samarali foydalanish, kredit tavakkalchiliklarini pasaytirish, yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning kreditga boʻlgan ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirish maqsadida boshqa tijorat banklarini, ixtisoslashtirish fondlarni jalb qilgan holda kreditlashning qoʻshma sxemalarini amalga oshirishda qatnashadi;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning kreditga boʻlgan ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirish uchun kreditlar va mikrokreditlar beradi;
koʻchmas mulk qurish, ularni tuzatish, aholining uzoq muddat foydalaniladigan — transport vositalari, garajlar, mebellar, maishiy texnikalar va boshqa buyumlarni sotib olishi isteʼmol krediti tizimini rivojlantiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aholining qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlari bilan operatsiyalarni amalga oshiradi;
lotereyalar chiqarishni va ularni sotishni amalga oshiradi, boshqa yutuqli tadbirlarni oʻtkazadi;
omonatchilarning omonatlari bank tomonidan jalb qilinadigan mablagʻlarni ishonchli va koʻp daromad keltiradigan sarmoyalarga joylashtirish orqali saqlanishini taʼminlash yoʻli bilan ularning manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarz oluvchi, garant va kreditorlik funksiyalarini amalga oshirish vazifalarini topshirgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi, garant va kreditor boʻlib ish koʻradi;
jismoniy va yuridik shaxslarga hisob-kitob — kassa xizmati koʻrsatadi, uchinchi shaxslar foydasiga toʻlovlarni amalga oshiradi;
amaldagi qonun hujjatlari doirasida boshqa xil bank faoliyatini olib boradi.
MABLAGʻLARI, MOL-MULKI VA KREDIT RESURSLARI
13. Bankning oʻz mablagʻlari:
ustav sarmoyasidan;
rezerv jamgʻarmadan;
taqsimlanmagan daromaddan;
Bank Kengashi qaroriga koʻra shakllantiriladigan boshqa jamgʻarmalardan hosil boʻladi.
14. Bankning ustav sarmoyasi 3 milliard soʻm miqdorida belgilangan.
Muassislarning bankning ustav sarmoyasidagi badallari miqdori quyidagicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi — 1,53 mlrd soʻm (ustav sarmoyasining 51 foizi);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki — 1,47 mlrd soʻm (ustav sarmoyasining 49 foizi).
15. Bank har yili daromaddan 5 foizgacha miqdordagi ajratmalardan, u ustav sarmoyasining 15 foiziga yetguncha, zaxira jamgʻarmasini tashkil etadi.
Bank jamgʻarmalarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar Bank Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Bankning mol-mulki oʻziga tegishli boʻlgan binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va boshqa boyliklardan tashkil topadi.
17. Bankning kredit resurslari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
ustav sarmoyasi, zaxira va boshqa jamgʻarmalar;
mijozlarning bank schyotlaridagi, shu jumladan, muddatli omonatlar va depozitlardagi mablagʻlari;
boshqa banklar kreditlari;
imzolangan bitimlar va shartnomalarga muvofiq jalb qilinadigan boshqa davlatlarning korxonalari va banklari mablagʻlari;
obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar chiqarish natijasida olingan mablagʻlar;
jalb qilingan boshqa mablagʻlar.
Bankning yil mobaynida taqsimlanmagan daromadi kredit resursi sifatida foydalanilishi mumkin.
BANKNING OPERATSIYALARI
18. Bank amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi operatsiyalarni amalga oshiradi:
yuridik va jismoniy shaxslarning schyotlarini ochadi va yuritadi, oʻzining yoʻriqnomalari va qoidalariga muvofiq, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, mijozlarning, shu jumladan, korrespondent banklarning topshirigʻiga koʻra hisob-kitoblarni amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslardan, shu jumladan, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro, boshqa xil tashkilotlardan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, xorijiy davlatlar fuqarolaridan schyotlarga va omonatlarga (talab qilib olinadigan va muddatli) soʻmlar va xorijiy valyutaga pul mablagʻlarini qabul qiladi;
oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobiga qaytarish, toʻlash va muddatli shartlarda qisqa muddatli va uzoq muddatli kreditlar beradi;
belgilangan qonun hujjatlariga muvofiq oʻz nomidan oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlarni boshqa banklarning, shu jumladan, xorijiy va xalqaro banklarning schyotlariga hamda omonatlariga, boshqa kredit muassasalariga joylashtiradi;
yuridik va jismoniy shaxslardan naqd va naqdinasiz shakllarda xorijiy valyutani sotib oladi va ularga sotadi;
pul mablagʻlarini, toʻlov va hisob-kitob hujjatlarini inkassatsiya qiladi, jismoniy va yuridik shaxslarga toʻliq hisob-kitob-kassa xizmati koʻrsatadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar chiqaradi, sotib oladi, sotadi, hisobga oladi va saqlaydi, mijoz bilan shartnoma boʻyicha qimmatli qogʻozlarni boshqaradi va qimmatli qogʻozlar bilan boshqa operatsiyalarni amalga oshiradi;
uchinchi shaxslar uchun majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar beradi;
uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqlarini sotib oladi;
mijozlarning hujjatlari va boyliklarini saqlash, shu jumladan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda seyflar, yashiklar, shkaflar va xonalarni ijaraga berish xizmatlari singari seyf xizmatlarini koʻrsatadi;
trast va lizing operatsiyalarini amalga oshiradi;
bank maslahati va axboroti xizmati koʻrsatadi;
litsenziyada maxsus kelishib olingan xalqaro bank amaliyotiga muvofiq boshqa operatsiyalarni amalga oshiradi.
BANKNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
19. Bank quyidagi huquqlarga ega:
korxonalar, tashkilotlar va boshqa tijorat tuzilmalarini tashkil etishda va ularning xoʻjalik faoliyatida, shu jumladan, xolding asosida ham oʻz mablagʻlari bilan, shu jumladan, ulush qoʻshish asosida qatnashish;
moliya va xoʻjalik organlarida korxonalar va tashkilotlar manfaatlarini ularning ishonchnomalari boʻyicha ifodalash;
kredit beriladigan yuridik shaxs boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek, kichik va oʻrta biznes korxonalaridan hisobotlar, balanslar va ularning toʻlov qobiliyatini, shuningdek, berilgan kreditlar taʼminlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni olish;
oʻz mablagʻlari va bank kreditlari ishtirokida obyektlarni qurish, texnika bilan qayta jihozlash va boshqa xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish boʻyicha moʻljallanayotgan loyiha yechimlari ekspertizadan oʻtkazilishini talab qilish;
kredit shartnomalarida nazarda tutilgan majburiyatlar buzilganda, hisobotlarda notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda yoki buxgalteriya hisobida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganda kredit berishni toʻxtatib qoʻyish, berilgan kredit summalarini muddatidan oldin undirib olish;
toʻlov hujjati funksiyasini bajaruvchi qimmatli qogʻozlarni, pul mablagʻlarining omonatlarga va bank schyotlariga jalb qilinganligini tasdiqlovchi qimmatli qogʻozlarni chiqaradi, xarid qiladi, sotadi, hisobga oladi, saqlaydi va ular bilan boshqa operatsiyalarni amalga oshiradi, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnoma boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan qimmatli qogʻozlarni ishonchli boshqarish hamda aholini oʻziga jalb qiladigan bir zumlik aniq maqsadli, koʻp tirajli lotereyalarni chiqarish, yutuqli boshqa tadbirlarni oʻtkazish huquqiga ega boʻladi;
bank filiallari tomonidan operatsiyalarni amalga oshirish shartlari va texnologiyalarini tasdiqlash, depozitlar va beriladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini, jismoniy va yuridik shaxslarga bank muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun vositachilik haqi miqdorini belgilash;
Oʻzbekiston qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish;
Mijozlar — jismoniy va yuridik shaxslarning operatsiyalari ustidan valyuta nazoratini amalga oshirish;
xalqaro bank amaliyotida qabul qilingan turli xil moliyaviy vositalarni qoʻllagan holda mijozlarning eksport-import operatsiyalariga xizmat koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida Oʻzbekiston Respublikasi va tegishli xorijiy davlat amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro tijorat va notijorat munosabatlarida mustaqil ravishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boʻlimlar va filiallar tashkil etish, uning tashqarisida esa, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsati bilan shoʻba banklari, filiallar va vakolatxonalar ochish. Bank oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, oʻz manfaatlarini himoya qilish va qoʻshma dasturlarni amalga oshirish uchun birlashmalarda, uyushmalarda va boshqa birlashmalarda qatnashishi mumkin.
20. Bank oʻz mijozlarining manfaatlarni himoya qilish uchun quyidagi majburiyatlarni oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining meʼyoriy hujjatlariga muvofiq majburiy zaxiralarni depozitga qoʻyadi;
Markaziy bank tomonidan belgilangan iqtisodiy normativlarga muvofiq oʻz balansi tarkibini tartibga solish yoʻli bilan qabul qilingan majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarishga doimiy tayyorligini saqlab turadi;
kredit va lizing operatsiyalaridan ehtimol tutilgan zararlarni qoplash uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda va miqdorlarda zaxiralar tashkil etadi;
oʻz mijozlari va korrespondentlarining operatsiyalari, schyotlari va jamgʻarmalari sir tutilishini taʼminlaydi;
Markaziy. bank topshirigʻiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti boʻyicha kassa operatsiyalarini amalga oshiradi;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni bajaradi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bankning boʻsh mablagʻlari fuqarolarning jamgʻarmalari toʻliq saqlanishini kafolatlovchi likvidli va ishonchli sarmoyalarga joylashtirilishini taʼminlaydi.
22. Mijozlarning bankdagi pul mablagʻlari va boshqa mol-mulki faqat amaldagi qonun hujjatlari asosida va ularda nazarda tutilgan tartibda xatlab qoʻyilishi hamda toʻlov ulardan undirilishi mumkin.
23. Bank mijozlari operatsiyalari va schyotlari boʻyicha maʼlumotnomalar qatʼiy ravishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilishi kerak.
BANK DAROMADLARINI TAQSIMLASH
24. Bank daromadi, operatsiya xarajatlari, moddiy va ularga tenglashtirilgan xarajatlar chegirib tashlangan holda, uning faoliyatining barcha turlaridan tushgan tushumdan hosil boʻladi.
25. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq budjetga soliqlar toʻlangandan keyin daromad Bank Kengashi tomonidan belgilangan tartibda foydalaniladi.
BANKNI BOSHQARISH
26. Bank Kengashi va Bank boshqaruvi bankni boshqarish organlari hisoblanadi.
Bank Kengashi tarkibiga yetti aʼzo kiradi, toʻrtta aʼzo Moliya vazirligi, uchta aʼzo Markaziy bank taqdimnomasiga koʻra tayinlanadi.
Bank Kengashi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar kamida 2/3 qismi ovozi bilan malakali koʻpchilik tomonidan qabul qilinadi. Bank Kengashi yigʻilishida masalalarni hal qilishda Kengashning har bir aʼzosi bir ovozga ega boʻladi.
Bank Kengashi yigʻilishini oʻtkazish uchun kvorum tayinlangan Bank Kengashi aʼzolarining kamida 75 foizini tashkil qilishi kerak.
27. Bank Kengashi:
bank faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
bank depozit va kredit siyosatining prinsiplarini tasdiqlaydi;
Vazirlar Mahkamasiga, Moliya vazirligiga, Markaziy bankka Bank ustaviga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
bankning tashqi auditorini tasdiqlaydi;
bankning tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini tasdiqlaydi;
Boshqaruv va bankning hududiy boshqarmalari va boʻlinmalari rahbarlari bilan birgalikda bankni samarali boshqarishni tashkil etish, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq kredit berish va ularning oʻz vaqtida qaytarilishi uchun javob beradi;
Boshqaruv raisi taqdimnomasi asosida Bank boshqaruvi aʼzolarini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda bank obligatsiyalari va boshqa qarz majburiyatlarini chiqarish, ularni sotib olish tartibi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Kengash va Boshqaruv aʼzolariga toʻlanadigan mukofot puli va kompensatsiyalar miqdorini belgilaydi;
bank taftish komissiyasi aʼzolari (taftishchi)ga toʻlanadigan mukofot puli va kompensatsiyalar miqdori boʻyicha tavsiyalar beradi hamda tashqi auditor xizmatlariga haq toʻlash miqdorlarini belgilaydi;
bankning zaxira va boshqa jamgʻarmalaridan foydalanish boʻyicha qaror qabul qiladi;
bankning ichki auditi toʻgʻrisidagi qoidalarni tasdiqlaydi;
Bank Kengashi va Boshqaruv faoliyati tartibini belgilovchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
bankning filiallarini va vakolatxonalarini, shoʻba korxonalarini tashkil etish, tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qiladi;
bank faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni, daromadlar va zararlar balansini va schyotlarini tasdiqlaydi;
har chorakda Bank boshqaruvi raisining bank faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi maʼruzalarini hamda bank ichki auditi xizmati rahbarining hisobotlarini eshitadi;
mazkur Ustavda Kengash vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni hal qiladi.
28. Bank boshqaruvi:
bank faoliyatini tashkil etadi va unga tezkor rahbarlikni amalga oshiradi, Markaziy bank litsenziyasi asosida bankning ustavdagi maqsadlari va vazifalari bajarilishini taʼminlaydi;
bank mijozlariga koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha foiz stavkalarini va vositachilik haqi miqdorlarini ishlab chiqadi va Bank Kengashi bilan kelishib oladi;
zararlar miqdorini kamaytirish maqsadida bank aktivlari turlarini koʻpaytiradi;
bank tomonidan Markaziy bank tomonidan belgilangan iqtisodiy normativlarga, Markaziy bankda majburiy zaxiralarni shakllantirish yuzasidan talablarga rioya qilinishini taʼminlaydi;
bankning sarmoyasi va likvidli resurslari yetarli darajada ushlab turilishini, shubhali va bekor turgan aktivlarga qarshi ularni klassifikatsiya qilish asosida zaxiralar yaratilishini taʼminlaydi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibga va xalqaro standartlarga muvofiq bank buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;
bankning hududiy boshqaruv organlari va boʻlinmalari rahbarlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tayinlaydi va ishdan boʻshatadi, bankning kadrlar tarkibi tayyorlanishini va qayta tayyorlanishini taʼminlaydi;
Bank kengashining uning vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;
Bank Kengashi va muassislarning birinchi talabi boʻyicha moliyaviy hisobotni va bank faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotlarni taqdim etadi;
Bank Kengashi oldida bank faoliyatining moliyaviy natijalari uchun belgilangan tartibda hisob beradi;
Bank kengashida koʻrib chiqish uchun bankni rivojlantirish strategiyasi, bankning tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari va Bank boshqaruvi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar boʻyicha takliflar kiritadi;
Boshqaruv Bank kengashiga hisob beradi. Bank Kengashi vakolatiga tegishli masalalar qaror qabul qilish uchun Bank boshqaruviga berilishi mumkin emas.
29. Bank boshqaruvi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki taqdimnomasiga koʻra Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi. Kengash raisining oʻrinbosari Markaziy bank taqdimnomasiga koʻra tayinlanadi.
Bank boshqaruvi aʼzolarining soni va shaxsiy tarkibi (Boshqaruv raisidan tashqari) Bank Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
30. Bank boshqaruvi raisi bilan mehnat shartnomasini bank nomidan Bank Kengashi raisi imzolaydi, Boshqaruv raisining oʻrinbosarlari, Boshqaruv aʼzolari va bank bosh buxgalteri bilan mehnat shartnomalarini Bank boshqaruvi raisi imzolaydi.
31. Bank hududiy boshqarmalari va boʻlinmalarining rahbarlari Bank boshqaruvi tomonidan tayinlanadi.
32. Bank xodimlari mazkur Nizomga va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Bank boshqaruv raisi yoki bank boʻlinmalari rahbarlari bilan mehnat shartnomasi tuzadilar.
33. Bank boshqaruvi vakolatiga barcha masalalar, bank joriy faoliyatiga rahbarlik qilish kiradi, Bank Kengashi mutlaq vakolatiga tegishli masalalar bundan mustasno. Bank boshqaruvi Bank Kengashi qarorlarining bajarilishini tashkil etadi.
34. Boshqaruv raisi tezkor rahbarlikni amalga oshiradi va bank faoliyati uchun shaxsan javob beradi.
35. Bank Kengashi va Boshqaruvi aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda bank manfaatlarini koʻzlab harakat qilishlari lozim. Ular oʻz harakatlarining natijalari uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bank oldida javob beradilar.
36. Bank boshqaruvi birinchi zaruriyat tugʻilganda bank muassislariga:
bankning yillik hisobotlarini;
amalga oshirilgan budjet operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni;
bankning moliya-xoʻjalik faoliyatiga tegishli boshqa maʼlumotlarni taqdim etishi kerak.
BANKNING HISOBI VA HISOBOTI
37. Bank buxgalteriya hisobini yuritadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro standartlarga muvofiq Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda moliyaviy hisobot taqdim etadi.
Bank oʻz moliyaviy hisobotlarini, ularda keltirilgan maʼlumotlar auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangandan soʻng, Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakllar boʻyicha va muddatlarda matbuotda eʼlon qiladi.
Bankning yillik hisobotida, buxgalteriya balansida, daromadlar va zararlar schyotlarida keltirilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi bank taftish komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bankning yillik hisoboti Bank Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Bankning operatsiya yili 1-yanvardan boshlanadi va 31-dekabrda tugallanadi.
BANKDA NAZORAT TIZIMI
38. Bankning moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish va tekshirish bank taftish komissiyasi, ichki audit xizmati, mustaqil auditorlik tashkilotlari va qonun hujjatlariga muvofiq bunday tekshirish vakolati berilgan boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
39. Taftish komissiyasi aʼzolarining soni va uning vakolati muddati Bank Kengashi tomonidan belgilanadi, uning vazifalari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Taftish komissiyasi tarkibiga Boshqaruv aʼzolari kirishi mumkin emas.
40. Bank Kengashi ichki audit xizmatini tashkil etadi, u qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat koʻrsatadi.
BANKNI QAYTA TASHKIL ETISH VA UNING FAOLIYATINI TOʻXTATISH
41. Bankni qayta tashkil etish va uning faoliyatini toʻxtatish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
42. Bankni qayta tashkil etish va uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi eʼlon matbuotda eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.