Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamentining
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamentining
Qarori
AUDITORLIK TAShKILOTLARI UChUN JINOIY FAOLIYATDAN OLINGAN DAROMADLARNI LEGALLAShTIRIShGA VA TERRORIZMNI MOLIYALAShTIRIShGA QARShI KURAShISh BOʻYIChA IChKI NAZORAT QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 3-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2035]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2018-yil 14-noyabrdagi 145 va 45-sonli “Auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3101, 15.12.2018-y.) asosan 2019-yil 18-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 43-son, 451-modda) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti qaror qiladi:
1. Auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-oktabr,
102-son
Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi Z. DOʻSANOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-oktabr,
42-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2009-yil 13-oktabrdagi 102 va 42-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 43-son, 451-modda) muvofiq buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatish jarayonida mijozlar nomidan bitimlarni tayyorlash va amalga oshirishda pul mablagʻlari va boshqa mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatuvchi auditorlik tashkilotlariga tatbiq etiladi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
benefitsiar mulkdor — yakuniy holatda mulk huquqiga egalik qiluvchi yoki mijozni haqiqatda nazorat qiluvchi jismoniy shaxs yoxud manfaati koʻzlangan holda pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiya amalga oshirilayotgan yuridik shaxs;
ichki hujjatlar — auditorlik tashkilotlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilovchi hujjatlar;
ichki nazorat — buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatish jarayonida maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan shubhali operatsiyalarni aniqlash boʻyicha auditorlik tashkilotining faoliyati;
Keyingi tahrirga qarang.
mijozni identifikatsiyalash — mijozni lozim darajada tekshirishni amalga oshirish maqsadida ular tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida mijozlar haqidagi maʼlumotlarning auditorlik tashkilotlari tomonidan aniqlanishi;
mijoz — qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda auditorlik tashkiloti bilan buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
mijozni lozim darajada tekshirish — mijozni va qaysi shaxslar nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslarni tekshirish, taʼsis hujjatlari asosida mulk va boshqaruv tuzilishini oʻrganish orqali benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash, mijoz tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari va operatsiyalarni, ularning bunday mijoz va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida, doimiy asosda oʻrganish;
xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar — ichki nazoratni oʻtkazish davomida auditorlik tashkiloti tomonidan shubhali deb topilgan sodir etilayotgan va tayyorlanayotgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq boʻlgan va maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar;
shubhali operatsiya — tayyorlash, sodir etish jarayonida boʻlgan yoki sodir etib boʻlingan, mazkur Qoidalarni amalga oshirishda auditorlik tashkilotida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va (yoki) terrorizmni moliyalashtirish maqsadida uning amalga oshirilganligi toʻgʻrisida shubha tugʻdirgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar;
ichki nazorat tizimi — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni tashkil etish va mazkur Qoidalarga rioya etish boʻyicha auditorlik tashkiloti tomonidan koʻriladigan chora-tadbirlar majmuasi;
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti nomidan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boshqarmasi (bundan keyingi oʻrinlarda Departament deb yuritiladi).
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ichki nazoratning maqsadlari quyidagilardan iborat:
Keyingi tahrirga qarang.
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni samarali ravishda aniqlash va toʻxtatish;
auditorlik tashkilotining qasddan yoki qasddan boʻlmagan jinoiy faoliyatga jalb etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga yoki terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha auditorlik tashkiloti tomonidan qonun hujjatlari talablariga, shuningdek, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni tayyorlash va amalga oshirishda ichki hujjatlariga ogʻishmay rioya qilinishini taʼminlash.
4. Ichki nazoratning vazifalari quyidagilardan iborat:
qonun hujjatlari, mazkur Qoidalar va ichki hujjatlarga muvofiq mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
benefitsiar mulkdorlarni, shuningdek, operatsiyani amalga oshirishda foydalaniladigan pul mablagʻlarini va boshqa mol-mulkning kelib chiqish manbalarini aniqlash va oʻrganish;
mazkur Qoidalarning 23-bandida belgilangan mezonlar asosida shubhali operatsiyalarni aniqlash;
ichki nazoratni amalga oshirishda aniqlangan va xabar qilinishi lozim boʻlgan shubhali operatsiyalar haqidagi axborotlarni (hujjatlarni) Departamentga oʻz vaqtida taqdim etish;
alohida hollarda xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalarni ushbu operatsiya amalga oshirilishi lozim boʻlgan sanadan boshlab uch ish kuniga toʻxtatib turish va bunday operatsiya haqida u toʻxtatilgan kunda Departamentni xabardor qilish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar haqidagi axborotni, shuningdek, mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash maʼlumotlarini va materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda saqlanishini taʼminlash;
auditorlik tashkiloti rahbariyatini tegishli qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan ishonchli axborot va materiallar bilan tezkor va muntazam ravishda taʼminlab borish;
shubhali operatsiyalarning amalga oshirilishi yoki amalga oshirishga urinishlar, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan mijozlar bilan bogʻliq boʻlgan shaxslar (rahbarlar, taʼsischilar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq bunday axborotni davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro ayirboshlash;
banklardan soʻrov boʻyicha terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq shaxslar toʻgʻrisida axborotni aniqlash.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Ichki nazorat tizimini tashkil etish
5. Ichki nazoratni tashkil etish maqsadida auditorlik tashkilotlarida auditorlik tashkiloti rahbari buyrugʻi bilan mazkur Qoidalarga rioya etilishiga masʼul boʻlgan shaxs (bundan keyingi oʻrinlarda masʼul shaxs deb yuritiladi) tayinlanadi. Buyruq nusxasi buyruq qabul qilingan kundan boshlab besh kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Auditorlik tashkilotlarining ichki nazorat tizimi ularning faoliyat koʻrsatish xususiyatlari, faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, mijozlar va ularning operatsiyalari bilan bogʻliq mijozlar bazasi va tavakkalchilik darajasini hisobga olgan holda tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida masʼul shaxs quyidagi funksiyalarni bajaradi:
mazkur Qoidalarga muvofiq ichki nazorat jarayonini va mijozlarni lozim darajada tekshirishni joriy etish va amalga oshirilishini tashkil etadi;
auditor tashkiloti faoliyatining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ichki nazoratni amalga oshirish boʻyicha ichki hujjatlar va dasturlarni ishlab chiqadi hamda rahbariyatga tasdiqlash uchun kiritadi;
ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan mijozlarning shubhali operatsiyalari toʻgʻrisidagi xabarlarni auditorlik tashkiloti rahbariyati bilan kelishgan holda Departamentga oʻz vaqtida yuborilishini, shuningdek, Departamentning qoʻshimcha axborot taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻrovlarining bajarilishini taʼminlaydi;
mazkur Qoidalar va ichki nazorat dasturlarini amalga oshirish jarayonining maxfiyligini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Masʼul shaxs quyidagilarga ega:
oʻz tashkilotining rahbarlari va xodimlaridan ichki nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tashkiliy-boshqaruv, buxgalterlik va boshqa hujjatlarni talab qilib olish;
olingan hujjatlardan nusxa koʻchirish, ichki nazoratni amalga oshirish maqsadida auditor tashkilotining elektron maʼlumotlar bazalarida, mahalliy hisoblash va avtomatlashtirilgan kompyuter tizimlarida saqlanayotgan fayl va boshqa yozuvlardan nusxalar olish;
xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar boʻyicha kelgusidagi xatti-harakatlarga oid (shu jumladan, mijoz yoki operatsiya toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot olish yoki mavjud axborotni tekshirish maqsadida oʻtkazilayotgan operatsiyani toʻxtatib turish boʻyicha) takliflarni rahbariyatga kiritish.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish.
9. Masʼul shaxs quyidagilarga majbur:
ichki nazoratni amalga oshirish jarayonida olingan hujjatlarning saqlanishi va qaytarilishini taʼminlash;
mijozlarni lozim darajada tekshirishni amalga oshirish;
benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash boʻyicha choralarni amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
shubhali operatsiyalar aniqlanganda, belgilangan tartibda Departamentga xabar berish;
olingan maʼlumotning maxfiyligiga rioya qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni bajarish.
10. Auditorlik tashkilotlari masʼul shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobot davridan keyingi oyning 10-sanasiga qadar bir yilda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
11. Agar hisobot yilida masʼul shaxs oʻzgargan taqdirda, auditorlik tashkilotlari oʻzgarish qabul qilingan sanadan keyin 5 kun muddat ichida tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etishlari lozim.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi auditorlik tashkilotlaridagi masʼul shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har yili hisobot yilidan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmagan holda Departamentga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Agar hisobot yili davomida auditorlik tashkilotlarida masʼul shaxslar oʻzgarsa, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi auditorlik tashkilotidan tegishli oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni olgan kundan boshlab 5 kun ichida Departamentga qoʻshimcha ravishda xabar beradi.
III. Mijozlarni lozim darajada tekshirish
14. Auditorlik tashkilotlari quyidagi holatlarda mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi:
buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatish uchun mijozlar bilan shartnomalar tuzishda;
amalga oshirilayotgan operatsiyalarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish yoki terrorizmni moliyalashtirish maqsadida ekanligiga har qanday shubha mavjud boʻlsa;
mijoz haqida avval olingan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga shubha mavjud boʻlsa.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Mijozlarni lozim darajada tekshirish buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatishning barcha bosqichida amalga oshirilishi lozim.
16. Mijozni yoki benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash bilan bir qatorda, qonun hujjatlariga muvofiq ular tomonidan taqdim etiladigan hujjatlardan foydalangan holda ularning operatsiyani amalga oshirish uchun vakolatini tekshirish lozim.
17. Mijoz buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatish uchun shartnoma tuzish haqida bir yoki bir necha marta murojaat qilganida, auditorlik tashkiloti quyidagilarga majbur:
qonun hujjatlari va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq operatsiya boʻyicha mijozni yoki foyda oluvchini identifikatsiyalash;
ushbu mijozning avvalgi hisobot davri (oy, chorak, yarim yil, yil) mobaynida amalga oshirgan operatsiyalarini, agar bunday operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlsa, oʻrganib chiqish;
operatsiya turini hamda uning mijoz — yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida belgilangan faoliyat turiga va maqsadiga muvofiqligini aniqlash;
oʻzining ish hujjatlarida aniqlangan shubhali operatsiyalarni qayd etish.
18. Mijozni identifikatsiyalash paytida auditorlik tashkilotlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani, tashkiliy-huquqiy shakl toʻgʻrisidagi, joylashgan joyi, rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlarni oʻrganishi lozim.
19. Mijozni yanada batafsilroq oʻrganish maqsadida:
mijozning taʼsis hujjatlari (roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar bilan) va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning rasmiylashtirilishiga;
mijozning boshqaruv organlarining tuzilishi va ularning vakolatlariga;
mijozning roʻyxatdan oʻtkazilgan ustav fondining (kapitalining) miqdoriga;
buxgalteriya hisobining registrlari va birlamchi hisob hujjatlarining rasmiylashtirilishiga alohida eʼtibor berishi lozim.
20. Auditorlik tashkiloti mijoz tomonidan taqdim etilayotgan axborotni:
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan mijoz toʻgʻrisida olingan maʼlumotlardan foydalanish;
mijozning avvalgi auditorlik tashkilotlari bilan oʻzaro munosabatlarini oʻrganish;
mijozning ishchanlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish orqali tekshirish huquqiga ega.
21. Mijozni identifikatsiyalash jarayonida auditorlik tashkiloti benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash boʻyicha, shu jumladan, mijoz mol-mulkining tuzilishini oʻrganish yoʻli bilan asoslangan va zarur chora-tadbirlar qoʻllanishi lozim.
22. Mijoz tomonidan identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, auditorlik tashkilotlari ularga buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha professional xizmatlarni koʻrsatishni rad etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalarni aniqlash mezonlari va tartibi
23. Pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiya quyidagi holatlarda shubhali deb topilishi mumkin:
mijoz tomonidan zarurat tufayli soʻralayotgan, shu jumladan, ishonch bildiruvchi (agar mijoz ishonchli vakil sifatida ish yuritayotgan boʻlsa) haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishni sababsiz rad etilishi;
odatdagi amaliyotdan farq qiladigan hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi boʻyicha rasmiy boʻlmagan, soxta hujjatlar va nostandart yoʻriqnomalar mavjud boʻlganda;
hisobga olinmagan moliya-xoʻjalik operatsiyalar mavjud boʻlganda va hisob-kitob hujjatlari belgilangan muddatlardan oldin yoʻq qilinganda;
mijozning xizmat koʻrsatishning foydaliroq shartlariga nisbatan eʼtiborsiz boʻlishi, shuningdek, mijoz tomonidan ayni turdagi xizmatlar koʻrsatishdagi oddiy toʻlovdan farq qiladigan yuqori mukofotning taklif etilishi;
mijozning operatsiyalari yaqqol iqtisodiy mohiyatga ega boʻlmasa, uning taʼsis hujjatlarida yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasida keltirilgan faoliyatining maqsadlariga toʻgʻri kelmasa;
bitimga mijoz faoliyatiga toʻgʻri kelmaydigan qoʻshimchalar va oʻzgarishlar kiritilganda;
mijoz tomonidan avval kelishilgan operatsiyaga (bitimga) bevosita uni amalga oshirilishidan oldin koʻproq, ayniqsa, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk harakati yoʻnalishiga taalluqli oʻzgartirishlarning kiritilishi;
mijoz haqidagi maʼlumotning mavjud emasligi, shuningdek, mijoz tomonidan koʻrsatilgan manzil va telefonlar orqali u bilan aloqa oʻrnatish imkonining yoʻqligi;
mijoz tomonidan axborot va hujjatlarning taqdim etilishining asossiz ravishda kechiktirilishi yoxud mijoz tomonidan tekshirib boʻlmaydigan axborot taqdim etilishi;
mijoz tomonidan bitim ishtirokchilari haqida bila turib yolgʻon axborot va notoʻgʻri maʼlumotlarning taqdim etilishi;
agar mijoz yoki operatsiya ishtirokchilaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlarda doimiy yashaydigan, turadigan yoki roʻyxatga olingan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlari bilan belgilangan nazorat jarayonidan qochishga qaratilgan degan xulosani chiqarishga asos boʻladigan operatsiyalar yoki bitimlarning bir necha bor amalga oshirilganligi aniqlanganda;
operatsiyani amalga oshirishda foydalanilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulklar jinoiy yoʻl bilan topilgan degan har qanday shubhaning mavjud boʻlishi.
24. Operatsiyani shubhali deb tan olish har bir aniq holatda ushbu Qoidalar va ichki hujjatlar bilan oʻrnatilgan shubhalilik mezonlaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan kompleks tahlil asosida, shuningdek, mijoz shaxsi, uning obroʻsi, amaliy ish munosabatlarining xususiyati, bitimning asoslari, maqsadlari, hajmi va turi, uni amalga oshirish usuli bilan hamda shubhali operatsiyani toʻgʻri aniqlash uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlar asosida aniqlanadigan tavakkalchilik xavfiga bogʻliq ravishda amalga oshiriladi.
25. Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq har qanday operatsiya, shu operatsiyalarning taraflaridan biri:
terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
terrorchilik faoliyatini amalga oshirayotgan yoxud amalga oshirishda gumon qilinayotgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori boʻlgan yoxud uni nazorat qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
terrorchilik faoliyatini amalga oshirayotgan yoki amalga oshirishda gumon qilinayotgan jismoniy shaxsning yoxud tashkilotning mulkidagi yoki nazorati ostidagi yuridik shaxs ekanligi haqida belgilangan tartibda olingan axborot mavjud boʻlsa, Departamentga xabar qilinishi va toʻxtatib turilishi kerak.
Bunday hollarda auditorlik tashkilotlari pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyani bu operatsiya bajarilishi lozim boʻlgan sanadan eʼtiboran uch ish kuniga toʻxtatib turishga va ushbu operatsiya haqida uni toʻxtatib qoʻyilgan kunning oʻzida Departamentni xabardor qilishga majbur. Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyani toʻxtatish haqida Departamentning koʻrsatmasi boʻlmaganda, koʻrsatilgan muddat tugashi bilan auditorlik tashkiloti toʻxtatilgan operatsiyani tiklashga kirishadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Mijozning operatsiyasi shubhali deb topilgandan soʻng, masʼul shaxs shubhali operatsiyani amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrilayotganligini yoki amalga oshirilganligini tasdiqlovchi asoslangan hujjatlarni tayyorlaydi va auditorlik tashkiloti rahbariga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi, rahbar mijozga nisbatan kelgusidagi xatti-harakatlar haqida qaror qabul qiladi, jumladan:
shubhali operatsiya toʻgʻrisida Departamentga xabar berish haqida;
operatsiya shubhali deb tan olinganligi toʻgʻrisida mijoz bilan bevosita ish olib borayotgan auditorlarga xabar berish haqida;
mijoz toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot olish haqida;
mijoz bilan operatsiya oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi haqida;
qonun hujjatlari yoki u bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mijoz bilan munosabatlarni tugatish haqida;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlar.
27. Shubhali operatsiya toʻgʻrisidagi xabar operatsiya shubhali deb topilgan vaqtdan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq auditorlik tashkiloti tomonidan Departamentga taqdim etiladi.
28. Auditorlik tashkiloti tegishli operatsiyani tasdiqlovchi yoki undan shubhani olib tashlovchi har qanday axborot haqida zudlik bilan Departamentga xabar berishi lozim.
V. Ichki nazoratni amalga oshirish natijasida olingan axborot va hujjatlarni rasmiylashtirish, saqlash, maxfiyligini taʼminlash
29. Auditorlik tashkilotlari pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek, mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash maʼlumotlarini va materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan, lekin operatsiyalar amalga oshirilganidan yoki mijoz bilan munosabatlar toʻxtatilganidan keyin besh yildan kam boʻlmagan muddatlar mobaynida saqlashlari shart.
30. Auditorlik tashkilotlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborotdan erkin foydalanishni cheklaydilar, uni tarqalib ketmasligini taʼminlaydilar hamda yuridik va jismoniy shaxslarga, ularning operatsiyalari haqida Departamentga maʼlumot berilganligi toʻgʻrisida axborot berishga haqli emaslar.
31. Auditorlik tashkilotlari oʻz xodimlari tomonidan ichki nazorat boʻyicha funksiyalarini bajarish jarayonida olingan axborotlarni boshqalarga oshkor qilmasliklarini (yoxud shaxsiy maqsadlar yoki uchinchi shaxslar manfaatlari uchun foydalanishga ruxsat berilmasligini) taʼminlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Yakuniy qoidalar
32. Auditorlik tashkilotlari tomonidan mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazorat Moliya vazirligi hamda Departament tomonidan amalga oshiriladi.
33. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlari buzilganligi hollarini yashirishda, shuningdek, mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 45-son, 493-modda; 2010-y., 22-son, 177-modda; 2015-y., 15-son, 191-modda)