O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QISHLOQ TUMANLARI VA SHAHARLARI AHOLISINI SIFATLI ICHIMLIK SUV BILAN TA’MINLASHNI YANADA YAXSHILASH VA TABIIY GAZDAN TEJAMLI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika qishloq tumanlari va shaharlari aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash va tabiiy gazdan tejamli foydalanish, mazkur sohalardagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlarning imtiyozli kreditlarini jalb etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘zbekneftgaz” MXK, “O‘zbekenergo” DAK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2008 — 2012-yillarga mo‘ljallangan xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlarning imtiyozli kreditlarini jalb qilgan holda qishloq tumanlari va shaharlari aholisini sifatli ichimlik suv bilan ta’minlashni yanada yaxshilash va tabiiy gazdan tejamli foydalanish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishning quyidagilarni o‘z ichiga olgan Dasturi:
xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar ishtirokida respublika mintaqalarida ichimlik suv bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq;
xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar ishtirokida respublika mintaqalarida ichimlik suv bilan ta’minlashni yaxshilash borasida ishlab chiqilgan loyihalar ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq;
xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar ishtirokida respublika mintaqalarida ichimlik suv bilan ta’minlashni yaxshilashga yo‘naltirilgan yangi loyihalar ro‘yxati 3-ilovaga* muvofiq;
xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida tabiiy gazdan tejamli foydalanish borasida ishlab chiqilgan loyihalar ro‘yxati 4-ilovaga* muvofiq;
xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida tabiiy gazdan tejamli foydalanishga yo‘naltirilgan yangi loyihalar ro‘yxati 5-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
Xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar ishtirokidagi loyihalarni 1, 2 va 4-ilovalarga muvofiq amalga oshirish uchun belgilangan tartibda javobgarlik yuklatilgan “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zbekenergo” DAK, boshqa vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda jalb etiladigan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini, loyihalarda nazarda tutilgan quvvatlar va obyektlar ishga tushirilishini ta’minlasin.
* 1—5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan tegishli xalqaro moliya institutlarini Boshqaruvchilar bilan birgalikda 3 va 5-ilovalarga kiritilgan loyihalar ishlab chiqilishini hamda ularni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar mablag‘lari jalb etilishini ta’minlasin.
3. Mazkur Qaror bilan tasdiqlangan Dasturga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibda ijro etuvchi agentliklar etib tayinlangan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga quyidagilar yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin:
texnik-iqtisodiy, shuningdek muhandislik-loyiha hujjatlarining o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi hamda tasdiqlanishi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda har bir loyiha bo‘yicha xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar kredit mablag‘larini jamlash va qaytarish tartibini belgilash;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda Dastur loyihalarini moliyalash manbalari aniqlangach, xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlar mablag‘lari jalb etilishini hisobga olgan holda hamda belgilangan tartibda texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlangandan so‘ng ushbu loyihalarni so‘zsiz amalga oshirish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2009 — 2012-yillardagi Investitsiya dasturini shakllantirishda mazkur Dasturga kiritilgan loyihalarni moliyalashda O‘zbekiston Respublikasi ulushini qoplash uchun markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalarning har yilgi umumiy limiti doirasidagi mablag‘larni nazarda tutsin.
5. Loyihalarni amalga oshirish davrida xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlarning kredit mablag‘lari, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan (O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan) uskunalar va materiallar bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 12-iyun,
PQ-890-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 6-son, 336-modda)