Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“BOBUR” OAJ BAZASIDA YENGIL SANOAT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Bobur” OAJning ishlab chiqarish maydonlarini maqbullashtirish hamda korxonani modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash jarayoniga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish, shuningdek yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Bobur” OAJning kreditorlari yigʻilishining hududining umumiy maydoni 38,1 gektar boʻlgan 1-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha mulkiy kompleksning bir qismini “Mimatas Tekstil Sanayi ve Ticaret A.S.” (Turkiya) kompaniyasiga, uning bazasida paxta tolasini kompleks qayta ishlash boʻyicha xorijiy korxona tashkil etgan holda sotish toʻgʻrisidagi qaroriga rozilik berilsin.
* 1-ilova rus tilida berilgan.
2. “Mimatas Tekstil Sanayi ve Ticaret A.S.” kompaniyasi oʻz zimmasiga:
“Bobur” OAJning umumiy summasi 11,4 mln AQSH dollari boʻlgan koʻrsatib oʻtilgan mulkiy kompleksini toʻlovni 2-ilovaga* muvofiq jadvalga muvofiq 10 yil mobaynida toʻlagan holda sotib olinishini taʼminlash;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
koʻrsatib oʻtilgan mulkiy kompleks bazasida, yiliga 7,0 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash hamda 6,2 ming tonna yuqori raqamli (51 — 68) paxta kalavasi ishlab chiqarish boʻyicha yigiruv asbob-uskunalari oʻrnatish yoʻli bilan yiliga 10,0 mln pogon metr tayyor gazlama ishlab chiqarish boʻyicha toʻqish va pardozlash, 3,84 mln dona tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha tikish ishlab chiqarishlarini barpo etishga mablagʻlarni 3-ilovaga* muvofiq jadvalga muvofiq 4 yil mobaynida toʻlagan holda, xorijiy korxona tashkil etish uchun 75 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish;
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
ishlab chiqariladigan mahsulotlarning kamida 80 foizini eksportga yetkazib berish majburiyatlarini olganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda “Bobur” OAJ mulkiy kompleksining bir qismini sotish yuzasidan xorijiy investorning majburiyatlarini va ularni bajarish muddatlarini aniq aks ettiruvchi shartnomalar tuzishda “Bobur” OAJning tugatuvchi boshqaruvchisiga koʻmaklashsinlar;
xorijiy investor tomonidan oʻz zimmasiga olingan investitsiya majburiyatlari bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
4. “Mimatas Tekstil Sanayi ve Ticaret A.S.” kompaniyasi tomonidan “Bobur” OAJ mulkiy kompleksining bir qismi bazasida tashkil etilayotgan xorijiy korxonaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-son Farmoni 1-bandining birinchi xatboshida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilsin.
5. “Bobur” OAJ mulkiy kompleksining bir qismi bazasida yangidan tashkil etilayotgan xorijiy korxona tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarish davrida oʻz ehtiyojlari uchun xorijdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ayrim qurilish materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxat boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, “Bobur” OAJ mulkiy kompleksining bir qismini “Mimatas Tekstil Sanayi ve Ticaret A.S.” (Turkiya) kompaniyasiga sotishdan tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining alohida maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi, keyinchalik ulardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Bobur” OAJning kreditorlari bilan oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalaniladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda muhandislik taʼminoti obyektlarining tugatilayotgan “Bobur” OAJ balansidan belgilangan tartibda Andijon viloyatining ixtisoslashtirilgan hududiy xizmatlari balansiga berilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-fevral,
43-son