Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
RESPUBLIKA IQTISODIYOTI TARMOQLARINI 2009/2010 YILLAR KUZ-QISh DAVRIDA BARQAROR IShLAShGA TAYYORLAShNI TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari, korxonalari va muassasalarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq;
asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarni, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini hududlar boʻyicha 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda kapital va joriy taʼmirlash topshiriqlari 2—4-ilovalarga* muvofiq;
asosiy yoqilgʻi-energetika resurslari va texnik tuzni hududlar boʻyicha 2009/2010-yillar kuz-qish davri uchun tayyorlash topshiriqlari 5-ilovaga* muvofiq;
* 1-6a-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun 7-ilovaga* muvofiq tarkibda Respublika komissiyasi tuzilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining kommunal xizmat koʻrsatish masalalariga mutasaddi oʻrinbosarlari rahbarligida aynan shunday hududiy komissiyalar tuzsin.
* 7-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari, qozonxonalar, koʻp kvartirali turar-joy binolari, maktabgacha tarbiya muassasalari, umumtaʼlim maktablari, oʻquv yurtlari, sogʻliqni saqlash muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha joylardagi ishlarning ahvolini tanqidiy oʻrganib chiqsin va shu yilning 15-iyulidan kechikmay ushbu masala boʻyicha komissiyaning maxsus majlisini oʻtkazsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek masʼul vazirliklar va idoralarning rahbarlari zimmasiga iqtisodiyot tarmoqlarining 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini taʼminlaydigan tadbirlar hamda ishlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2009/2010-yillar kuz-qish davriga tayyorlash va ularning barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar va topshiriqlarni bajarish yuzasidan tashkiliy tadbirlar kompleksi belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Ushbu Qarorning bajarilishi har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlislarida koʻrib chiqilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 23-iyun,
PQ-1136-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 6-son, 232-modda)