Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
KIMYo SANOATI KORXONALARI QURILIShINI JADALLAShTIRISh VA YaNGI TURDAGI KIMYo MAHSULOTLARI IShLAB ChIQARIShNI OʻZLAShTIRISh BOʻYIChA ChORA-TADBIRLAR DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tashqi va ichki bozorlarda raqobatbardosh yangi turdagi yuqori sifatli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirishni jadallashtirish, shu asosda respublikaning kimyo sanoati korxonalarini yanada barqaror rivojlantirish va tarmoqning eksport salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzkimyosanoat” DAK korxonalari tomonidan 2009 — 2011-yillarda tashqi va ichki bozorlarda xaridorgir boʻlgan yangi turdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishini oʻzlashtirish boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq investitsiya loyihalari tayyorlangan va aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Kimyo sanoatida loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish uchun quyidagilar ijroga qabul qilinsin:
kimyo sanoati korxonalari qurilishini jadallashtirish va yangi turdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturi 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
yangi turdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish hajmlarining maqsadli prognoz parametrlari 3-ilovaga* muvofiq.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Oʻzkimyosanoat” DAK, 2-ilovada* koʻrsatilgan korxona va idoralar rahbarlari zimmasiga tasdiqlangan dasturiy tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash hamda yangi turdagi kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish belgilangan muddatlarda oʻzlashtirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. “Oʻzkimyosanoat” DAK:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilangan tartibda 1-ilovaga* kiritilgan loyihalarning loyihadan oldingi va loyiha hujjatlari jadal ishlab chiqilishini, kelishib olinishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
xorijiy investor — “MAXAM Sorr. S.A.U.” (Ispaniya) kompaniyasi investitsiya majburiyatlarini bajarishi hisobiga ish loyihasi asosida 2010-yilning birinchi yarmida zichligi past ammoniy nitratini ishlab chiqarish korxonasi qurilishi yakunlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga “tayyor holda topshirish” sharti bilan sintetik kir yuvish vositalari ishlab chiqarish korxonasini qurish boʻyicha xorijiy hamkorni belgilasin.
4. Loyihalar amalga oshirilishini tezlashtirish uchun 2009-yilning 31-dekabrigacha 1-ilovaga* kiritilgan kimyo mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarish boʻyicha obyektlar qurilishini ayni vaqtda loyihalashtirish bilan birgalikda olib borilishiga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
5. 1-ilovaga* kiritilgan kimyo mahsulotlarining yangi turlarini oʻzlashtirayotgan “Oʻzkimyosanoat” DAK korxonalari loyihalarni amalga oshirish davrida, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlarga muvofiq olib kelinadigan uskunalar, xomashyo va materiallar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi 1 va 2-ilovalarga* kiritilgan loyihalar va dasturiy tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda har oy Vazirlar Mahkamasiga axborot berib borsin.
7. Vazirlar Mahkamasi mazkur Qaror bilan tasdiqlangan Kimyo sanoati korxonalari qurilishini jadallashtirish va yangi turdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturi amalga oshirilishining borishini muntazam ravishda oʻz yigʻilishlarida koʻrib borsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 11-mart,
PQ-1071-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 103-modda)