Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
YURIDIK SHAXS TASHKIL ETMASDAN OILAVIY TADBIRKORLIKNI HAMDA HUNARMANDCHILIK FAOLIYATINI RIVOJLANTIRISH VA KENGAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 225-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 339-modda)
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh toʻgʻrisidagi Konvensiyani hamda Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisidagi Konvensiyani amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2008-yil 12-sentabrdagi 207-son qarorini bajarish yuzasidan hamda oila budjetlari daromadlarini koʻpaytirishning, ish bilan band boʻlmagan aholini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etishning va xalq hunarmandchiligining koʻp asrlik anʼanalarini saqlab qolishning eng samarali vositalaridan biri sifatida oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatasining fuqarolarning hunarmandchilik faoliyatini kasanachilik mehnati shakllariga kiritish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 225-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 339-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishni tizimli asosda muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlashni taʼminlasin;
Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikda qatnashayotgan, shuningdek hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni, shu jumladan shogird hunarmandlarni kasanachilik bilan shugʻullanayotgan shaxs sifatida hisobga olishni tashkil etsin;
oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish parametrlarining yangi ish oʻrinlarini tashkil etish hududiy dasturlari prognoz parametrlariga kiritilishini taʼminlasin;
2009-yil uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirish, shu jumladan “Usto-shogird” usuli bilan oʻqitish dasturi boʻyicha ularni tayyorlash uchun 1 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishini taʼminlasin.
4. Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga, “Mikrokreditbank”ga va boshqa tijorat banklariga oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirishga, uy mehnatini tashkil etishga belgilangan tartibda imtiyozli mikrokreditlar ajratilishini kengaytirish tavsiya etilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar:
xonalarni ijaraga berish, maxsus joylarni ajratish va obod qilish, hunarmandlar ishlab chiqargan buyumlar va tovarlarni sotish uchun ixtisoslashtirilgan doʻkonlar va shoxobchalarni tashkil etish yoʻli bilan hunarmandchilikni rivojlantirishga koʻmaklashsinlar;
hunarmandchilik subyektlarini mahalliy xom ashyo, materiallar, asboblar va kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashda, hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalarini oʻtkazishda, yoshlarni hunarmandchilik koʻnikmalariga oʻqitish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda amaliy yordam koʻrsatsinlar;
Oldingi tahrirga qarang.
mehnat organlari bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 29-iyul,
216-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyuldagi 216-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
(nizom nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 225-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 339-modda)
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 225-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 339-modda)
2. Ushbu Nizomning maqsadi uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
oilaviy tadbirkorlik — er-xotin tomonidan ularga birgalikdagi umumiy mulk huquqi bilan tegishli boʻlgan ularning umumiy mulki negizida amalga oshiriladigan hamda er-xotinning va ularga yordam beruvchi oila aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslangan, yuridik shaxs boʻlmagan jismoniy shaxslarning birgalikdagi tadbirkorlik faoliyati;
oila aʼzolari — er-xotin, ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar hamda 15 yoshdan oshgan, shu jumladan farzandlikka olingan bolalar;
hunarmandchilik faoliyati (hunarmandchilik) — yuridik shaxs boʻlmagan jismoniy shaxslarning hunarmandchilik buyumlari yoki tovarlari (ishlari, xizmatlari)ni ishlab chiqarish boʻyicha faoliyati;
hunarmand (usto-hunarmand, usto) — mustaqil ravishda yoki shogirdlari yordamida maxsus koʻnikmalar, asboblar va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalanishga asoslangan anʼanaviy texnologiyalar asosida buyumlarning funksional xususiyatlarining tarixan qaror topgan talablariga hamda milliy estetik normalarga javob beradigan hunarmandchilik faoliyati buyumlari yoki tovarlari (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlovchi jismoniy shaxs;
hunarmandning shogirdi — 15 yoshdan oshgan, hunarmanddan hunarmandchilik faoliyati buyumlari yoki tovarlari (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni oʻrganayotgan jismoniy shaxs.
II. Oilaviy tadbirkorlik hamda hunarmandchilik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, hisobga qoʻyish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish
3. Oilaviy tadbirkorlik hamda hunarmandchilik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, hisobga qoʻyish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, hisobga qoʻyish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oilaviy tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yakka tartibdagi tadbirkorni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi, unda yakka tartibdagi faoliyatning oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshirilishi, shuningdek birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi oila aʼzolari koʻrsatiladi.
5. Oilaviy tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, hisobga qoʻyish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan er-xotindan biri ulardan bittasining notarial tasdiqlangan roziligiga koʻra ish koʻradi.
6. Hunarmandchilik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi, unda ushbu Nizomga ilovaga muvofiq hunarmandchilik faoliyati yoʻnalishlari koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish xususiyatlari
7. Oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirish jarayonida oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro mehnat munosabatlari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash va daromadni taqsimlash masalalari ular tomonidan mustaqil ravishda tartibga solib boriladi.
8. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan doimiy xodimlar yollashga yoʻl qoʻyilmaydi. Istisno hollarda oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirishda vaqtincha bir martalik ishlarni amalga oshirish uchun oila aʼzolari hisoblanmaydigan fuqarolarning jalb etilishiga yoʻl qoʻyiladi. Bu holda ular bilan ishlarni bajarish vaqti uchun fuqaro-huquqiy shartnoma tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
81. Oilaviy tadbirkorlik subyekti yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan roʻyxat boʻyicha faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oilaviy tadbirkorlik subyekti tomonidan bir nechta alohida obyektlarda tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilganda qatʼiy belgilangan soliq har bir alohida obyekt uchun toʻlanadi.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 690-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Hunarmandchilik faoliyati hunarmand tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi. Hunarmand hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirishda buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash uchun koʻpi bilan 5 nafar shogirdni jalb etishga haqlidir. Shogird ushbu Nizomning 14-bandi talablariga rioya etgan taqdirda bir necha hunarmandlarda buyumlar yoki tovarlarni tayyorlash (ishlar, xizmatlarni bajarish) boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. 18 yoshgacha boʻlgan shaxslarning oilaviy tadbirkorlikda hamda hunarmandchilik faoliyatida qatnashishi xususiyatlari
10. Oila aʼzosi 15 yoshga toʻlgan taqdirda oilaviy tadbirkorlikda qatnashishi mumkin.
11. Shaxs 16 yoshga toʻlganda buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash uchun hunarmandning shogirdi sifatida jalb etilishi mumkin. 15 yoshga toʻlgan shaxs ota-onasidan bittasining yoki uning oʻrnini bosadigan shaxsning yozma roziligi bilan hunarmandning shogirdi sifatida jalb etilishi mumkin.
12. 18 yoshgacha boʻlgan shaxs oilaviy tadbirkorlikda, shuningdek hunarmandning shogirdi sifatida ishlashga u umumtaʼlim maktabi, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda albatta oʻqishi sharti bilan qoʻyiladi.
13. 18 yoshdan kichik shaxslarning mehnatidan oilaviy tadbirkorlikda yoki hunarmandchilik faoliyatida ularning salomatligi, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda foydalanish taqiqlanadi. Koʻrsatib oʻtilgan ishlarda 18 yoshdan kichik shaxslarning belgilangan normalardan ortiqcha ogʻirlikdagi yuklarni koʻtarishiga va tashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Oilaviy tadbirkorlikda yoki hunarmandchilik faoliyatida qatnashayotgan 16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan shaxslar uchun bir haftada 36 soatlik, 15 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan shaxslar uchun esa – bir haftada 24 soatlik ish vaqtidan oshmasligi lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 225-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 339-modda)
V. Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash
Oldingi tahrirga qarang.
15. Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlash mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi hamda tijorat banklari bilan birgalikda quyidagi yoʻnalishlarda tizimli chora-tadbirlarni bajarish yoʻli bilan amalga oshiriladi:
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
ustaxonalar uchun xonalarni ijaraga berish, maxsus joylarni ajratish va obod qilish, hunarmandlar ishlab chiqargan buyumlar va tovarlarni sotish uchun ixtisoslashtirilgan doʻkonlar va shoxobchalarni tashkil etish;
hunarmandchilik subyektlarini mahalliy xom ashyo, materiallar, asboblar va kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashda, hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalarini oʻtkazishda, yoshlarni hunarmandchilik koʻnikmalariga oʻqitish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda amaliy yordam koʻrsatish;
ustachilikni oʻrganayotgan shogirdlarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan qonun hujjatlarida belgilangan shakl va tartib boʻyicha “Usto-shogird” stipendiyasi toʻlash;
Keyingi tahrirga qarang.
oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik subyektlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozli mikrokreditlar ajratish.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Oilaviy tadbirkorlik hamda hunarmandchilik subyektlarining huquq va majburiyatlari
16. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek hunarmandlar quyidagi huquqlarga ega:
ijtimoiy sugʻurta qilinish va ish davrlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat stajiga hisoblash;
amalga oshirilayotgan faoliyat turiga muvofiq boʻlgan buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish, shuningdek ularni mustaqil ravishda yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqacha tarzda sotish;
amalga oshirilayotgan faoliyatdan olingan daromadni barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish;
Keyingi tahrirga qarang.
ishlab chiqarilayotgan buyumlar yoki tovarlar (xizmatlar, ishlar)ga mustaqil ravishda narx belgilash;
ishlab chiqarilgan buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda identifikatsiyalash;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek hunarmandlar quyidagilarga majbur:
ishlab chiqarilayotgan buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning lozim darajada sifatli boʻlishini taʼminlash;
buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarishda bevosita qatnashish;
qonun hujjatlarida belgilangan xavfsizlik texnikasini hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalarini, shuningdek 18 yoshgacha boʻlgan shaxslar ishini tartibga soluvchi mehnat qonunchiligi normalarini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
oʻquvchilarga tegishli mukofotlar toʻlash;
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 225-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 339-modda)
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda Pensiya jamgʻarmasi deb ataladi) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni, shu jumladan sugʻurta badallarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Shogird quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻqitish “Usto-shogird” usuli boʻyicha amalga oshirilgan taqdirda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan stipendiya olish;
Keyingi tahrirga qarang.
Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlangan taqdirda pensiya bilan taʼminlanish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanish.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Shogird quyidagilarga majbur:
agar u qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat taʼlimining toʻliq kursini tugallamagan boʻlsa, umumtaʼlim maktabi, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda oʻqish;
Keyingi tahrirga qarang.
amalga oshirilayotgan hunarmandchilik faoliyatiga oʻqish doirasida hunarmandning koʻrsatmalarini bajarish;
xavfsizlik texnikasi hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalariga rioya etish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari va yordam beruvchi oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar
20. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari va yordam beruvchi oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar oilaviy munosabatlarda fuqarolarning teng huquqlik prinsiplari, oʻzaro ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam va oila oldida uning barcha aʼzolarining masʼuliyat hissi, bolaning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, bola mehnatining eng yomon va majburiy shakllariga yoʻl qoʻymaslik, oila aʼzolari tomonidan oʻz huquqlarini toʻsqinliksiz amalga oshirilishini hamda bu huquqlarning himoyasini taʼminlash asosida quriladi.
VIII. Hunarmand va shogirdlar oʻrtasidagi munosabatlar
21. Hunarmand va shogirdlar oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ahdlashuv, ixtiyoriylik, mehnatga majbur qilishga yoʻl qoʻymaslik va ijtimoiy adolat, ish muomalasi odatlariga, shuningdek mahalliy odatlarga va anʼanalarga rioya qilish asosida quriladi.
22. Hunarmandning shogirdlariga ish haqi toʻlash miqdori hunarmand tomonidan oʻzaro kelishuv boʻyicha, ularning buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarishdagi mehnat ulushidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
23. Hunarmandning shogirdi tomonidan ishlab chiqarilgan buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifatini nazorat qilish hunarmand tomonidan amalga oshiriladi.
24. Hunarmand oʻz majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IX. Yakuniy qoida
25. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Hunarmandchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlari
ROʻYXATI
| |
(alfavit tartibida) |
| Hunarmandchilik faoliyatining yoʻnalishi | Buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning asosiy turlari |
| Gulli kompozitsiyalar aranjirovkasi | sunʼiy va natural materialdan ikebanlar, guldastalar, boʻyi 70 santimetrgacha boʻlgan yetilgan manzarali daraxtlarni oʻstirish (bonsay sanʼati) |
| Vitraj ishlari | shisha, smalta va boshqa materiallardan tayyorlangan vitrajlar |
| Ganch oʻymakorligi (ganchga oʻyma naqsh solish) | lustralar, devor shamdonlari, koʻzgular, naqshlar, stalaktitlar, frizlar, karnizlar, ustunlar elementlari, panjaralar, haykalchalar, panno, ship va devor naqshlari hamda asoslari, ganchdan tayyorlangan arxitektura-qurilish elementlari, ganch texnikasi vositasida bajarilgan boshqa manzarali — amaliy buyumlar |
| Kulolchilik ishlari | loydan yasalgan oshxona va uy-roʻzgʻor predmetlari, oʻyinchoqlar va suvenirlar |
| Naqqoshlik ishlari | metall, plastmassa, keramika, chinni, tosh, kartondan tayyorlangan buyumlarga qoʻlda naqsh solish (relyefli yozuvlar va tasvirlar) |
| Yogʻoch meʼmorchiligi | bolalar maydonchalari va park zonalari uchun yogʻochdan yasalgan qurilmalar, haykallar |
| Mebellarni bezash | mebellarni gazlama materiallar bilan qoʻlda bezash |
| Tunuka ishlari | tunukadan tayyorlangan naqshli quvurlar va suv oʻtkazgichlar, oshxona va uy-roʻzgʻor buyumlari, suvenirlar |
| Zardoʻzlik ishlari | zar hoshiyali texnika vositasida (metalli iplarni qoʻllagan holda) tayyorlangan buyumlar |
| Avtorlik mebellari tayyorlash | dekorativ-amaliy sanʼat buyumlariga taalluqli boʻlgan mebellar (komplektlar va alohida buyumlar) |
| Avtorlik kiyim-boshlar va poyafzallar tayyorlash | ishlarning butun kompleksini bajargan holda kiyim-boshlar va poyabzallar, maxsilar va kovushlar, brezent, kirza va kigiz etiklar, sandaletlar, shlepanslar hamda tuflilarni qoʻlda yakka tartibda tikish |
| Bosh kiyimlar tayyorlash | doʻppilar, shapkalar, sallalar, shuningdek moʻyna, qorakoʻl, charm va qoʻlda toʻqilgan materiallardan tayyorlangan boshqa bosh kiyimlar |
| Sopol, chinni, farfor buyumlar tayyorlash | sopol, chinni va farfordan tayyorlangan dekorativ-amaliy sanʼatning barcha turlari, sopol, chinni va farfordan tayyorlangan arxitektura-manzara elementlari, sopol, chinni va farfor buyumlarni ornament va trafaret bilan bezaklash |
| Yogʻochdan xalq hunarmandchiligi buyumlarini tayyorlash | yogʻoch va fanerdan tayyorlangan oshxona buyumlari, oʻyma naqshli buyumlar, beshiklar, bolalar yuritgichlari (ularga buyumlar), xontaxta, sandiq, eshiklar, romlar, dekorativ reykalar, kartinalar uchun romlar, yogʻochdan ishlangan figurali tokarlik buyumlari (shaxmat figuralari va boshqalar), qoʻlda ishlangan boshqa yogʻoch buyumlar |
| Boʻyoqli miniaturalar, rasmlar, ornamentli va emalli bezaklar tayyorlash | lok miniaturasi texnikasi vositasida tayyorlangan buyumlar (qutichalar, kartinalar), devor, qogʻoz, xolst, teri, gazlama, papye-mashe, yogʻoch, qovoq, karton, suyak va emaldagi rasmlar va ornamentlar |
| Musiqa asboblari tayyorlash | fabrikadan tashqari sharoitlarda tayyorlanadigan milliy musiqa asboblarining barcha turlari |
| Xalq oʻyinchoqlari tayyorlash | fabrikadan tashqari sharoitlarda yogʻoch, metall, gips, karton, gazlama, sopol va boshqa materiallardan tayyorlangan oʻyinchoqlar |
| Milliy shirinliklar, non-bulka mahsulotlari va donali ovqatlarning ayrim turlarini tayyorlash | Milliy qand-shakar (novvot), donali qandolatchilik buyumlari, milliy nonlar va boshqa non-bulka mahsulotlari pishirish, milliy pishloq mahsulotlari va qurt ishlab chiqarish |
| Charmdan utilitar va badiiy buyumlar tayyorlash | egar-jabduqlar va ularga aksessuarlar, kamar, belbogʻ, sumkalar va ularga aksessuarlar, natural va sunʼiy charmdan tayyorlangan milliy nimchalar, charm suvenirlar |
| Pechka va kaminlar yasash | tandirlar, pechkalar, kaminlar (shu jumladan ular uchun havo soʻrish qurilmalari) |
| Toʻr toʻqish, tikuvchilik va kashta tikish | kashtalar va toʻqima buyumlar hamda qoʻlda tayyorlangan kiyim-boshlarga detallar (kashtalar mashinada bajarilishi mumkin) |
| Temirchilik ishlari | ketmonlar, chopqilar, xaskashlar, panshaxalar, pluglar, milliy qilichlar, xanjarlar va pichoqlarning barcha turlari (hunarmandchilik faoliyati sharoitlarida tayyorlashga ruxsat berilmaganlardan tashqari), kam miqdorda tayyorlanadigan temirchilik buyumlari |
| Novdalardan buyumlar toʻqish | oʻsimlik materiallaridan (qamish, tol, poxol, turli daraxtlarning shox-shabbalaridan) tayyorlangan toʻqima buyumlar |
| Metallni taʼmirlash ishlari | uy sharoitida metalldan tayyorlangan maishiy buyumlarni taʼmirlash (kalitlarning dublikatlarini tayyorlash, soyabonlarni taʼmirlash, boshqa maishiy metall buyumlarni oddiy taʼmirlash) |
| Mozaika ishlari | devor va ship mozaikalari, tabiiy va sunʼiy materialdan mozaika pannolari tayyorlash |
| Gulli va chokli tikishlar | turli gazlamalardan naboyka texnikasida tayyorlangan buyumlar, “batik”, milliy kiyim-boshlar (xalatlar, yaktaklar, nimchalar), doʻppilar, milliy odeyallar va koʻrpachalar, yostiqlar, belbogʻlar, tasmalar va boshqalar |
| Muqovalash ishlari | kitoblarning muqovalarini tayyorlash va taʼmirlash, qogʻoz varaqlarini muqovalash va tikish |
| Duradgorlik ishlari | aholi buyurtmalari boʻyicha duradgorlik ishlarini amalga oshirish |
| Yoyish ishlari | koʻzgular va koʻzgu sirtlari tayyorlash |
| Yogʻochga oʻyma naqsh solish ishlari | texnika vositasida yogʻochga oʻyma naqshlar solib bajariladigan dekorativ-amaliy sanʼatning barcha turlari |
| Suyakka oʻyma naqsh solish | suvenir buyumlari, kichik plastikalar, netske, qutichalar, qilich, xanjar va pichoqlar uchun soplar, inkrustatsiyani qoʻllagan holda suyakdan tayyorlangan va boshqa dekorativ-amaliy buyumlar |
| Toshga oʻyma naqsh solish | toshdan tayyorlangan suvenir buyumlar, kichik plastikalar, qutichalar, yozuv priborlari, shamdonlar, pannolar, relyeflar va kontrrelyeflar, barelyeflar, geraldika va ramzlar, toshni pardozlash yoʻli bilan tayyorlangan bezaklar va boshqa dekorativ-amaliy buyumlar |
| Interyerning antikvar predmetlarini restavratsiya qilish | antikvar predmetlarni taʼmirlash va boshqa restavratsiya ishlari, katta madaniy-tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan antikvar predmetlardan tashqari |
| Gazlamalarga bezak tikish | gazlamalar va kiyim-bosh predmetlarini qoʻlda boʻyash, gazlamalarga, shu jumladan trafaret bosish va qoʻlda rasm chizish yoʻli bilan rasmlar chizish |
| Qoʻlda gilam toʻqish | gilamlar va gilamchalar, poloslar, xurjunlar, kigiz buyumlari, sholchalar, joynamozlar, oʻtovlar, juldan tayyorlangan buyumlar |
| Qoʻlda toʻqish ishlari | natural ipakdan, ip-gazlama, jun va sintetik iplardan qoʻlda toʻqilgan atlas, beqasam, adras, salla, gazlamalar |
| Shisha puflash ishlari | badiiy puflash usulida vositasida tayyorlangan kichik plastika, devor chiroqchalari, suvenir buyumlar, bezaklar |
| Badiiy usulda quyish | natural va sintetik materiallardan tayyorlangan hajmli va figurali shakldagi quyma buyumlar, shuningdek kosiblik usulida (murakkab mashina va mexanizmlarni qoʻllamasdan) mis, bronza, choʻyan, aluminiy va poʻlatdan quyish yoʻli bilan tayyorlangan buyumlar |
| Soat ishlari (soatlarni taʼmirlash) | soat mexanizmlarini taʼmirlash va tozalash, eksklyuziv devor, polga qoʻyiladigan, kamin va qoʻl soatlarini tayyorlash |
| Oʻyish ishlari | oʻyish usulida tayyorlangan mis, latun, aluminiy buyumlar (choynaklar, qumgʻonlar, laganlar, vazalar va utilitar hamda dekorativ-amaliy maqsaddagi boshqa buyumlar) |
| Emallash ishlari | emal qoplamali buyumlarni tayyorlash, emal qoplamalarini taʼmirlash va tiklash |
| Zargarlik ishlari | probaga ega boʻlgan hamda qonunchilikda belgilangan tartibda tamgʻalanishi kerak boʻlgan, milliy usulda tayyorlangan oltin, kumush, platina va platina guruhiga mansub metallardan tayyorlangan buyumlar |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 347-modda; 2010-y., 23-son, 182-modda; 2012-y., 29-son, 339-modda; 2013-y., 52-son, 690-modda; 2016-y., 52-son, 601-modda; 2017-y., 7-son, 89-modda, 15-son, 249-modda, 37-son, 990-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2018-y., 09/18/186/0865-son; 18.02.2020-y., 09/20/87/0177-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)