Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARIDA KASSA IShINI TAShKIL ETISh, INKASSATSIYA VA QIMMATLIKLARNI TAShIShGA DOIR YOʻRIQNOMAGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 10-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1831-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/20-sonli “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1831-7, 29.06.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) 7 va 17-moddalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 6-apreldagi PQ-1090-sonli “Tijorat banklari depozitlariga aholi va xoʻjalik subyektlari boʻsh pul mablagʻlarini jalb etishni yanada ragʻbatlantirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 181-modda) muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 17-maydagi 12/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1831, 2008-yil 27-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 26-27-son, 258-modda) bilan tasdiqlangan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnoma”ga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-iyun,
19/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 27-iyundagi 19/3-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 204-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“204. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar huzuridagi bankning maxsus kassalari yirik naqd pul tushumiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar hududida, shu jumladan, yirik savdo va xizmat koʻrsatish korxonalari, dehqon, buyum va qurilish materiallari bozorlari hududida ularning maʼmuriyati bilan tuzilgan shartnoma asosida tashkil etiladi. Shartnoma tuzishda 2-ilovada keltirilgan namunaviy shartnoma shaklidan foydalaniladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar huzuridagi bankning maxsus kassalari faqat bank joylashgan tuman yoki tumanlarga boʻlinmagan shahar hududidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar hududida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli hududiy Bosh boshqarmasining roziligi olingandan soʻng tashkil etilishi mumkin.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt huzuridagi bankning maxsus kassa shtati uning ish hajmidan kelib chiqqan holda yetarli miqdordagi kassirlar bilan taʼminlanadi. Bunda yetarli ish tajribasiga ega boʻlgan kassirlardan biri bank rahbarining buyrugʻiga asosan katta kassir lavozimiga tayinlanadi hamda u maxsus kassa ishiga boshchilik qiladi. Katta kassir bir vaqtning oʻzida mazkur maxsus kassa xodimlarining ishini nazorat qilib boradi.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt huzuridagi bankning maxsus kassasiga tushgan naqd pullar faqat inkassatsiya xizmati orqali bankka yetkazib berilishi shart. Bunda maxsus kassaga naqd pul tushumini inkassatsiya xizmati orqali bankka yetkazib berishi uchun yetarli miqdorda brezentdan tikilgan standart qop (xalta)lar biriktirib qoʻyiladi.
Banklar tomonidan dehqon, buyum va qurilish materiallari bozorlari hududida bozorlar maʼmuriyati bilan tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan maxsus kassalar faqatgina mazkur bozor hududida joylashgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chakana savdo va aholiga pulli xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlardan naqd puldagi savdo tushumlarini bevosita (samonos) qabul qilib olishlariga ruxsat beriladi. Shuningdek, bozor maʼmuriyatidan savdo qilish joyi uchun haq (patta) toʻlovlarini va bozor tomonidan koʻrsatilgan boshqa pulli xizmatlar uchun naqd pul tushumlarini maxsus kassaga bevosita olib kelib (samonos) topshirilishiga ruxsat beriladi.
Bankning xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan, bozorlar maʼmuriyati huzuridagi maxsus kassalari tomonidan naqd pullarni berish bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshirishlari qatʼiyan taqiqlanadi.
Maxsus kassalar tomonidan qabul qilib olingan naqd pul tushumlari majburiy tartibda inkassatsiya xizmati orqali toʻla hajmda ushbu maxsus kassalar joylashgan tuman yoki tumanlarga boʻlinmagan shahar hududidagi bank filiallariga topshirilishi shart.
Maxsus kassalar tomonidan bozor hududidan tashqarida faoliyat koʻrsatayotgan xoʻjalik subyektlaridan naqd pul tushumlarini qabul qilib olinishi taqiqlanadi va bunday holat bevosita olib kelish (samonos) sifatida baholanib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarima undirilishiga sabab boʻladi.”.
2. 325-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“325. Tijorat banklari tomonidan mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bank (filiali) binosidan tashqarida operatsion kassalar tashkil etilishi mumkin.
Tijorat banki tomonidan tashkil etilgan hamda qanday nomlanishidan qatʼi nazar, barcha jamgʻarma (omonat) kassalari, ularning shoxobchalari va minibank kassalari, turli kommunal va boshqa toʻlovlarni qabul qiluvchi kassalar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari (keyingi oʻrinlarda — bankdan tashqarida joylashgan operatsion kassalar) uchun ushbu bobdagi talablar bir xil tartibda qoʻllaniladi (xoʻjalik yurituvchi subyektlar huzuridagi bankning maxsus kassalari bundan mustasno). Ayirboshlash shoxobchalari (kassalari) binolariga talablar va ish tartibi “Ayirboshlash shoxobchasi toʻgʻrisida”gi nizomga (roʻyxat raqami 1114, 2002-yil 14-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-yil, 5-son) muvofiq belgilanadi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida bankdan tashqarida joylashgan operatsion kassalar uchun bank filiali rahbarining buyrugʻiga asosan, mehnat qonunchiligiga rioya etilgan holda, ish vaqti tugagandan keyin soat 18:00dan — 21:00gacha uzaytirilgan ish kuni hamda dam olish kunlarida ishlash tartibi joriy etilishi mumkin.”.
3. Quyidagi tahrirdagi 3251-band kiritilsin:
“3251. Bank binosidan tashqarida tashkil etilgan operatsion kassalarga uzaytirilgan ish kuni belgilangan taqdirda ular tomonidan kassa qoldigʻi bankning kechki kassasiga ushbu Yoʻriqnomaning 136-bandida belgilangan tartibda inkassatsiya xizmati orqali topshiriladi.
Bank binosidan tashqarida tashkil etilgan operatsion kassalar uchun, qonunchilikda belgilangan tartibda, dam olish kunlarida ishlash tartibi belgilangan boʻlsa, ushbu operatsion kassalarga kun boshida madad pullari berish va ish kuni tugagandan keyin ulardan kassa qoldigʻini inkassatsiya xizmati orqali qabul qilish uchun bank binosida dam olish kunlari ishlaydigan navbatchi kassa tashkil etiladi.
Navbatchi kassa uchun bank binosida alohida xavfsizlik choralari koʻrilgan xona ajratiladi va ushbu xona yonmaydigan, ikkita kalit bilan qulflanadigan seyf bilan jihozlanadi.
Navbatchi kassa ishini tashkil etish uchun ikkita shtat birligi: navbatchi kassa kassiri va nazoratchi buxgalter shtatlari joriy etiladi. Navbatchi kassa kassiri va nazoratchi buxgalter lavozimlariga mos ravishda bank kassasi va buxgalteriyasida yetarli ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlar tayinlanadilar va ular bilan yakka tartibda toʻliq shaxsiy moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuziladi. Navbatchi kassa kassiri va nazoratchi buxgalteriga alohida seyf kalitlari va surgʻuchli muhr biriktirib qoʻyiladi.
Navbatchi kassirning ish vaqti bankdan tashqarida joylashgan operatsion kassalarning dam olish kunlaridagi ish vaqtining boshlanishi va tugashini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
Navbatchi kassa tomonidan madad pulini berish uchun navbatchi kassa kassiri dam olish kunidan oldingi ish kuni oxirida kassa mudiridan belgilangan tartibda hisobdorlik asosida yetarli miqdordagi milliy va chet el valyutasini bankdan tashqarida joylashgan operatsion kassalarga berish uchun oladi. Navbatchi kassa dam olish kunlari bank binosidan tashqarida joylashgan operatsion kassalardagi milliy va xorijiy valyutadagi naqd pul qoldiqlarini mazkur Yoʻriqnomaning VII bobida nazarda tutilgan kechki kassa uchun belgilangan tartib asosida inkassatorlar tomonidan olib kelib topshirilgan xaltalarni (qoplarni) qabul qilib oladi.”.
4. 327-bandda:
“joylashgan hudud (viloyat, tuman, shahar)da” soʻzlari “joylashgan tuman yoki tumanlarga boʻlinmagan shaharda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi tahrirdagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Bank binosidan tashqarida joylashgan operatsion kassalar tomonidan faqat aholidan kommunal toʻlovlar, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar, turli xil davlat bojlari, jarimalar, majburiy va ixtiyoriy sugʻurta uchun toʻlovlar, shuningdek, omonatlarga kirim qilish uchun hamda boshqa toʻlovlarni amalga oshirish uchun naqd pulda yoki bank plastik kartochkalaridan terminal vositasida qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, bank binosidan tashqarida joylashgan operatsion kassalar tomonidan bevosita aholiga ularning talablariga muvofiq omonatlaridagi pul mablagʻlari naqd pulda berilishi mumkin.
Bank binosidan tashqarida joylashgan operatsion kassalar tushgan naqd pul tushumlarini inkassatsiya xizmati orqali har kuni bank kassalariga topshirishga majburdirlar.”.
5. 352-band quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tuman yoki tumanlarga boʻlinmagan shahardagi inkassatsiya boʻlimlari faqat shu tuman yoki shahar hududida faoliyat koʻrsatayotgan doimiy naqd pul tushumiga ega xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan inkassatsiya xizmatini koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzishlari mumkin.”.
6. 356-band quyidagi tahrirdagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda inkassatsiya yoʻnalishi oʻzlari joylashgan tuman yoki tumanlarga boʻlinmagan shahar hududidan tashqariga chiqishi mumkin emas.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 29-son, 338-modda)