OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
DORIXONALAR XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1978]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Dorixonalar xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-iyun,
26/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 2-iyundagi 26/B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Dorixonalar xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar dorixonalar xodimlari mehnatini muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha dorixonalar xodimlari (bundan keyingi oʻrinlarda xodimlar deb yuritiladi) tomonidan qoʻllanilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Dorixonalarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunchilik hujjatlariga va mazkur Qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa, mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
II. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan dorixonada mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur dorixonada faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Dorixonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriqlar berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
7. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
3-§. Kasbiy tanlov
9. Dorixonalarda ishga qabul qilishda kasbiy tanlov talab qilinadigan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
10. Dorixona ish beruvchisi kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha kasbiy tanlovni tashkillashtirishi hamda amalga oshirishi zarur.
11. Dorixonalarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
4-§. Dorixonalardagi xavfli va zararli omillar
12. Dorixonalarda shart-sharoitlar hisobga olingan holda xavfli va zararli omillarning hamda ushbu omillar taʼsirini kamaytirish yoki ularni toʻliq bartaraf etish tadbirlarining roʻyxati tuziladi.
13. Dorixonalarda xodimlarga xavfli va zararli omillarning quyidagi guruhlari taʼsir etishi mumkin:
a) jismoniy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
kuchli bosim bilan ishlaydigan jihoz (avtoklav);
jihozlar va materiallarning harorati yuqori boʻlgan yuzasi;
ish zonasining harorati yuqori boʻlgan havosi;
namlik darajasi yuqori boʻlgan havo;
tabiiy yorugʻlik mavjud emasligi.
b) kimyoviy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
nafas olish yoʻllari va teri qoplamasi orqali taʼsir etuvchi zararli suyuq, qattiq, bugʻsimon moddalar va aerozollar;
nafas olish yoʻllari, teri qoplamasi va koʻzga taʼsir etuvchi suyuq, qattiq va bugʻsimon moddalar.
v) psixofiziologik zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari guruhi:
sezgi organlarining haddan tashqari zoʻriqishi;
mehnatni hamisha bir xilligi.
14. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
5-§. Xodimlar sogʻligʻini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
15. Dorixonalar xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Dorixona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Davriy majburiy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik dorixona rahbari zimmasiga yuklanadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
18. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularni ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
6-§. Dorixonalarda sanitariya va gigiyena talablari
19. Dorixonalar quyidagi sanitariya rejimi qoidalariga muvofiq boʻlishi lozim:
xonalarda ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
xonalarning elektr yorugʻligi SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi;
(19-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
elektr tokining odamga taʼsir etishini oldini olish boʻyicha xavfsizlik talablari GOST 12.1.019-86 SSBT “Elektrxavfsizlik. Umumiy talablar”ga javob berishi.
7-§. Dorixonalarda yongʻin xavfsizligi talablari
Oldingi tahrirga qarang.
20. Muzlab qolgan isitish, vodoprovod va oqova suvlari quvurlarini ochiq olov bilan isitish taqiqlanadi. Buning uchun issiq suv, bugʻ yoki issiq qumdan foydalanish lozim.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
21. Dorixona xonalarini ochiq alangali gaz jihozlari yoki ochiq spiralli elektr isitish jihozlari bilan isitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Uzoq tuman va hududlarning markazlashtirilgan isitish tizimi boʻlmagan joylardagi dorixonalarning binolarida pechka yoqib isitishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda xonalarni darchalar orqali shamollatish lozim.
23. Yongʻin yoki favqulodda hodisalar sodir boʻlganda insonlarni va moddiy boyliklarni qutqarish boʻyicha reja ishlab chiqilib, koʻrinarli joylarga oʻrnatib qoʻyish lozim.
24. Birlamchi yongʻin oʻchirish vositalariga olib boradigan yoʻllar, yoʻlaklar, zinalar va boshqa qutqarish yoʻllarini har xil buyumlar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
25. Dorixonalar qoʻriqlash va yongʻinni zudlikda sezuvchi hamda xabar beruvchi moslamalar bilan taʼminlanishi kerak.
26. Binolar, inshootlar va suv manbalariga olib boruvchi yoʻllar, oʻtish yoʻllari va kirish yoʻllarini hamisha soz holatda tutish va ularning oldini toʻsib qoʻymaslik kerak.
27. Yonuvchan materiallarni binolar orasidagi yongʻinga qarshi oraliqlarda saqlash, yondosh binolar qurish, shuningdek dorixonalar hududida yongʻin xavfsizligiga tegishli oraliqlar qoldirmasdan imoratlar qurish taqiqlanadi.
28. Dorixonalarning binolari yongʻin oʻchirish uchun suv bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
29. Qutqarish yoʻllarining hamma eshiklari binodan chiqish yoʻnalishida bemalol ochilishi lozim.
30. Eshiklarni tez ochishni taʼminlash maqsadida dorixonalarda albatta chiqish yoʻllarining soniga muvofiq raqamli birkalar osilgan ikkita maxsus kalitlar toʻplami (faqat evakuatsiya chiqish eshiklarining) boʻlishi kerak. Kalitlarning bir toʻplami navbatchida, ikkinchisi esa dorixonalarning barcha xizmatchi xodimlariga maʼlum boʻlgan joyda saqlanishi kerak.
31. Qutqarish yoʻllarining eshiklarini mixlab tashlash qatʼiyan man etiladi.
32. Dorixonalarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha javobgarlik uning rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
33. Dorixona maʼmuriyatining majburiyatlari:
yongʻin xavfsizligi qoidalarining bajarilishini taʼminlash;
yongʻin yuz berganda bajariladigan, shu jumladan odamlarni qutqarish boʻyicha xodimlarning majburiyatlarini ishlab chiqish.
34. Yangi ishga kirayotgan shaxslar yongʻin xavfsizligi tadbirlariga amal qilishning yoʻl-yoʻrigʻidan oʻtishlari va yongʻinni bartaraf etish uchun obyektda mavjud boʻlgan birlamchi yongʻin oʻchirish vositalaridan foydalanishni bilishlari lozim.
35. Dorixona hududida birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari va saqlash xonalarida yongʻinni oʻchirish vositalari va uskunalari boʻlishi kerak.
36. Birlamchi yongʻin oʻchirish asboblaridan yongʻin oʻchirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish qatʼiyan man etiladi.
37. Dorixonalarda yongʻin sodir boʻlganda, rahbar yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlarini kuchli taʼsir koʻrsatadigan, yongʻin chiqaradigan va portlaydigan dori vositalarining mavjudligi va saqlash joylari toʻgʻrisida xabardor qilib qoʻyishi lozim.
38. Dorixonaning har bir xodimi yongʻin xavfsizligi qoidalarini bilishi va ularga qatʼiyan amal qilishi, yongʻin sodir boʻlganda esa yongʻin oʻchirish va odamlarni qutqarish uchun unga bogʻliq boʻlgan barcha chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
39. Dorixonalarning ishlab chiqarish xonalarida chekish man etiladi.
40. Qaynatgich, suv isitgich va titanlarni faqat oshxona yoki buning uchun maxsus moslashtirilgan xonalarga qoʻyish va oʻrnatish kerak.
8-§. Maishiy va qoʻshimcha xonalarga qoʻyiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
41. Dorixonalarda SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari va SanQvaM 0152-04 “Dorixona va dori vositalari saqlanadigan omborxonalarni tuzilishi, jihozlanishi va ishlatilishi” talablariga muvofiq quyidagi maishiy va qoʻshimcha xonalar boʻlishi kerak:
(41-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
xodimlarning ish va shaxsiy kiyimlari uchun alohida shkaflar bilan jihozlangan kiyinish xonasi;
hojatxona (qoʻl yuvish jihozi bilan);
yuvinish xonasi (dushxona);
xodimlarni ovqatlanish va dam olish xonasi.
42. Tayyor dori vositalarini sotish bilan faoliyat koʻrsatuvchi dorixonalarda SanQvaM 0243-07 “Tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan savdo qiladigan dorixonalar”ga muvofiq quyidagi maishiy va qoʻshimcha xonalari boʻlishi kerak:
hojatxona (qoʻl yuvish jihozi bilan);
xodimlarni ovqatlanish va kiyinish xonasi.
43. Maishiy va qoʻshimcha binolarni loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
44. Kiyinish xonalari va dushxonalarning oʻlchamlari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabilar qurilmalarning soni ishlovchilarning soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
45. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va zararsizlantiruvchi moddalar (xloramin, xlorli ohak va boshqalar) bilan tozalanib turilishi kerak.
9-§. Dorixona xonalarida xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
46. Dorixonalarning binolari, ishlab chiqarish, saqlash va savdo xonalarining soni, maydon oʻlchamlari, joylashishi hamda jihozlanishi SanQvaM 0152-04 “Dorixona va dori vositalari saqlanadigan omborxonalarni tuzilishi, jihozlanishi va ishlatilishi”, SHNQ 2.08.02-23 “Jamoat binolari va inshootlari”, SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” va SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
47. Dorixonalar xonalarining derazalari oftob taʼsiriga qarshi qurilmalar (jalyuzi va boshqalar) bilan taʼminlanishi lozim.
48. Jihozlar axlat va changlardan tozalash uchun qulay hamda xodimlar bemalol oʻtadigan qilib joylashtirilishi kerak.
49. Xodimlarni savdo boʻlimidagi ish joylari infeksiyalardan saqlaydigan oynali moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
50. Xodimlar oʻtkir yuqumli kasalliklar koʻpaygan vaqtlarda dokadan niqob taqib yurishlari shart.
51. Dorixonalar xonalari har kuni zararsizlantiruvchi moddalar bilan tozalanishi lozim.
52. Qoʻl yuvish jihozi va hojatxonalarda har kuni tozalash va zararsizlantirish ishlari olib borilishi kerak.
53. Har bir smenaning ishi tugagach, ish stollari sovunli issiq suv bilan yuvilishi, ertalabki smena ish boshlashdan oldin esa toza nam latta bilan artilishi kerak.
54. Pollar zarurat boʻyicha, lekin har kuni kamida bir marta yuvilib tozalanishi kerak.
55. Havo haroratini tekshirib turish uchun dorixonaning dori vositalarini tayyorlash, saqlash va sotish xonalarida termometrlar boʻlishi lozim.
56. Bir xonaning oʻzida ham lyuminessent, ham choʻgʻlanma chiroqlarni birgalikda ishlatish tavsiya etilmaydi.
10-§. Dori vositalarini tayyorlash xonalarida xavfsizlik talablari
57. Dori vositalarini tayyorlash xonalarida ovqatlanish taqiqlanadi.
58. Dorixonalarning ishlab chiqarish xonalari dorixonaning boshqa xonalaridan ajratilgan boʻlishi kerak.
59. Devor va shiplarning yuzasi namli tozalash ishlarini oʻtkazish va xonalarni zararsizlantirishga imkon beradigan darajada silliq boʻlishi lozim.
60. Dori vositalarini tayyorlash xonalarining devorlari va asbob-uskunalari ochiq rangga boʻyalgan boʻlishi kerak.
61. Dori vositalarini tayyorlash xonalariga kirish joylarini polida zararsizlantiruvchi moddalar eritmasiga solib olingan rezina gilamcha boʻlishi kerak.
62. Assistent xonalarida sovuq va issiq suv ulangan qoʻl yuvish jihozi boʻlishi lozim.
63. Aseptika blokida havoning tozalanishi uchun xonadagi 1 m3 havoga 3 vt hisobidan kelib chiqib, bakteritsid chiroqlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Ekranlashtirilmagan bakteritsid chiroqlar ish boshlanmasdan 1-2 soat oldin, odamlar boʻlmagan vaqtda yoqib qoʻyiladi. Odamlar ishlayotgan vaqtda xonalardagi 1 m3 havoga 1 vt hisobidan kelib chiqib, 1,8 — 2,0 metr balandlikda oʻrnatilgan ekranlashtirilgan bakteritsid chiroqlardan foydalanish mumkin.
Ekranlashtirilmagan bakteritsid chiroqlardan foydalanilganda, ularning elektr ulagichlari xonaga kirish joyida oʻrnatilgan “kirilmasin” yozuvi boʻlgan yorugʻlik signali bilan birga yoqiladigan qilib ulanadi. Tayyor dori vositalarini sotish bilan shugʻullanadigan dorixonalarda kvars chiroqlaridan foydalanish mumkin.
III. Dorixonalarda ishlatiladigan jihozlar va asbob-uskunalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
64. Jihozlar va asbob-uskunalarni ishlatishda, uning texnik pasportida keltirilgan talablarga amal qilish zarur.
65. Barcha elektr jihozlari va elektr uskunalarning metall qutilari yerda oʻrnatilgan boʻlishi shart.
66. Elektr jihozlari va elektr uskunalarining ishlashi muntazam ravishda tekshirib turilishi kerak. Nosoz elektr jihozlari va elektr uskunalarda ishlash taqiqlanadi.
67. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun elektr plitkalar va boshqa isitish jihozlari asbest yoki boshqa issiqlikni tutib turadigan materialga oʻrnatilishi kerak.
68. Jihozlar va asbob-uskunalarni tozalash, sozlash va taʼmirlash ishlari ularning elektr tarmogʻidan oʻchirib qoʻyish orqali amalga oshirilishi kerak.
69. Elektr tarmoqlari va elektr jihozlaridan foydalanilgan paytda elektr uzatgichlarni mixlarga ilib qoʻyish, ularning ustidan gulqogʻoz yopishtirish, himoya qobigʻi buzilgan elektr oʻtkazgichlarni ishlatish, qoʻlda yasalgan himoya vositalarini ishlatish, shuningdek elektr chiroqlarni qogʻoz yoki mato bilan oʻrash taqiqlanadi.
70. Refraktometrdan foydalanayotganda koʻz toliqishi va koʻrish qobiliyati buzilishining oldini olish maqsadida ushbu jihoz uchun nazarda tutilgan koʻrish maydonining toʻgʻri yoritilishini taʼminlash zarur. Bunda, ishlamayotgan koʻzni yummaslik, navbatma-navbat bir u, bir bu koʻz bilan ishlash va koʻz toliqqanda tanaffus qilish zarur.
71. Analitik tarozilar oldida hamisha mahalliy yoritgich boʻlishi lozim.
72. Shisha idish bilan ishlash vaqtida ehtiyotkor boʻlish talab etiladi. Issiqqa bardosh bermaydigan sovuq shisha yoki chinni idishga issiq suyuqlikni quyish mumkin emasligini yodda tutish lozim.
73. Singan oʻlchov va boshqa shisha idishlaridan foydalanish mumkin emas. Singan shishani darhol yigʻishtirib olish va boshqa axlatlardan alohida saqlash kerak.
2-§. Quritish shkafini ishlatishda xavfsizlik talablari
74. Quritish shkafi bilan ishlaganda quyidagilar taqiqlanadi:
termometrsiz ishlash;
shkafni ishlatayotganda muntazam ravishda nazoratsiz qoldirish;
shkafga tez alangalanadigan moddalarni qoʻyish.
3-§. Distillyatorni ishlatishda xavfsizlik talablari
75. Dorixonalarda suv haydash maxsus ajratilgan, devorlari moy boʻyoq bilan boʻyalgan yoki sirlangan plita (kafel) lar bilan qoplangan xonalarda oʻtkazilish kerak.
76. Distillyatorni ishlatishga mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqdan oʻtgan xodimlar qoʻyiladi.
77. Distillyator alohida xonaga oʻrnatilishi kerak.
78. Distillyator elektr tarmogʻiga avtomat oʻchirgich orqali ulanadi, uni toʻgʻridan-toʻgʻri shtepsel rozetkasiga ulash man qilinadi.
79. Distillyator elektr tarmogʻiga egiluvchan rezina kabel orqali ulanishi kerak.
80. Distillyatorning metall korpusi yerga ulangan boʻlishi shart. Yerga ulash maxsus oʻrnatilgan “yerga ulash konturi” ga mustahkam simlar bilan mexanik ulab bajariladi.
81. Distillyatorni hamma tarafdan boshqaradigan qilib oʻrnatish kerak.
82. Distillyatorni yoqishdan oldin quyidagi ishlar bajariladi:
qurilmaning germetikligini tekshirish;
distillangan suvni yigʻadigan shisha idishlarning butunligini tekshirish;
shisha idishni nippeldan past qilib oʻrnatish;
nippelga rezina trubka kiydirib, trubkani egmasdan shisha idishga tushirish;
Oldingi tahrirga qarang.
oqova suvlarga chiqarib yuboriladigan suv oqadigan trubkaga rezina shlang ulash;
(82-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
qurilmaga suv ochayotganda ortiqcha suv toshib ketmaydigan qilib joʻmrakni toʻgʻrilab qoʻyish;
qurilmaga suv toʻsiqlarsiz kelayotganiga, qurilma suvga kerakligicha toʻlganiga va kanalizatsiyaga ketadigan suv joʻmragi ochiqligiga ishonch hosil qilish.
83. Distillyator ishlab turganida qurilmaga doimo sovuq suv kelib turishini kuzatib turish kerak.
84. Distillyatorga sovuq suv kelishi toʻxtasa, darhol ishni toʻxtatish kerak.
85. Distillyator joʻmraklari buzilmaganligini kuzatib turish kerak.
86. Distillyator ishlayotganda nazorat ostida boʻlishi kerak.
87. Qattiq tovush yoki bugʻ paydo boʻlganda distillyator oʻchirilishi lozim.
88. Distillyatorni ishlatadigan xodimlarga quyidagilar man qilinadi:
distillyator va uning elementlarini distillyator ishlayotganida tuzatish;
manometr oʻrnatilgan xonada yoʻl toʻsadigan va xonani iflos qiladigan keraksiz buyumlarni saqlash;
ifloslangan suvni quyish;
chiqarib yuborish joʻmraklari bilan ishlash;
ish vaqtida boshqa ishlarga chalgʻish va ishlayotgan distillyatorni qarovsiz qoldirish;
shisha idishlarni maxsus korzinalarga solmasdan tashish;
distillyatorni ishlatishga aloqasi yoʻq kishilarni xonaga qoʻyish.
4-§. Avtoklavlarni ishlatishda xavfsizlik talablari
89. Dorixonalarda avtoklavlarni oʻrnatish, texnik koʻrikdan oʻtkazish, foydalanish va tuzatish ishlari Avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga (roʻyxat raqami 1913, 2009-yil 28-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 10-11-son, 116-modda) muvofiq amalga oshiriladi.
90. Dorixonalarda avtoklavlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarni kuchli bosim ostidagi toʻyingan suv bugʻi bilan sterillash maqsadida foydalaniladi.
Dorixonalarda avtoklavni ishlatishda quyidagi omillar xavfli hisoblanadi:
yuqori bosim;
elektr toki;
yuqori harorat;
shovqin;
muhitning namligi.
91. Dorixonalarda avtoklavni ishlatish qoidalari va xavfsizlik talablariga rioya qilmaslik quyidagilarga olib keladi:
elektr toki urishi;
sterillanadigan materiallar va avtoklavning qizib turgan qismlariga tegib ketish natijasida kuyish;
sterillash kamerasidan bugʻning chiqib ketishi natijasida kuyish;
eritma solingan shisha idishlar yorilganda kuyish va mexanik shikastlanish.
92. Dorixonalarda avtoklavdan foydalanuvchi xodim (avtoklaver)lar quyidagi shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim:
suv oʻtkazmaydigan etak (fartuk);
eritma solingan shisha idishlar yorilganda avtoklaver yuzining kuyishi va mexanik shikastlanishdan himoya qiladigan pleksiglasdan yasalgan qalqoncha (shitok);
brezent qoʻlqop;
paxtadan toʻqilgan, qoʻsh astarli qoʻlqop;
tibbiy yordam qutichasi.
5-§. Avtoklavlarda eritmalarni sterillashda xavfsizlik talablari
93. Sterillash kamerasida shisha idishlar bir xilda qizishi uchun maxsus idishlarga yotiq yuzalarini orasi 1 mm, tik yuzalarini orasi 5 mm qilib joylashtirish kerak.
94. Kameradagi bosimni koʻrsatuvchi manometrni mili nolga tushganda, qopqoq yoki eshik mahkamlagichlari sekin boʻshatiladi va ortiqcha bosim yoʻqligiga ishonch hosil qilinadi, shundan soʻng qolgan bugʻlarni chiqib ketishi uchun qopqoq 10 — 15 daqiqaga ochib qoʻyiladi.
Agar avtoklav sterillash materiallari vakuum quritish tarmogʻi bilan taʼminlangan boʻlsa, unda kameraga havo berish joʻmragi ochiladi. Ushbu talablar bajarilmasa kamerada “soʻrib olish” vaziyati yuz berishi mumkin, bu qolgan bugʻni suvga aylanishi va kameradagi bosimni atmosferanikidan pasayib ketishi bilan bogʻliqdir. Shu sabablar boʻlib kameraga joʻmraklar orqali suv soʻrilib kirishi mumkin. Suv qizib turgan shisha idishlar bilan qoʻshilganda, shisha idishlar kichik portlashlar hosil qilib yoriladi.
95. Tashqaridagi havo harorati 180S dan past boʻlganda kamerani qopqogʻi yoki eshigini ochishdan oldin deraza darchasini yopib qoʻyish kerak. Sovuq havoning 1200S darajada qizdirilgan, ichidagi eritma katta bosim ostida boʻlgan shisha idishlar bilan qoʻshilishi shisha idishlarni yorilishiga olib keladi.
96. Eritma solingan shisha idishlar taxlangan idish kamerani qopqogʻi yoki eshigi ochilgan vaqtdan 20 — 30 daqiqa oʻtgandan keyin kameradan olinadi. Bu vaqt ichida shisha idishdagi eritmani harorati va ortiqcha bosimi kamayadi. Natriy gidrokarbonat eritmasi solingan shisha idish ichidagi ortiqcha bosimni kamayishiga 40 — 50 daqiqadan kam boʻlmagan muddat kerak.
97. Har bir sterillash sikli tugagandan keyin avtoklaver sterillash kamerasida kerakli harorat boʻlganligiga ishonch hosil qilishi kerak. Buni nazorat qilish sterillash kamerasini turli joylariga oʻrnatilgan 3 dona indikatorni rangi va holatiga qarab bajariladi.
98. Qizib turgan shisha idishlarni kameradan yoki idishlardan olib ish joyiga oʻrnatishda sochiq yoki qoʻlqopdan foydalanish kerak. Bu ishni juda ehtiyotkorlik bilan, chayqalish, keskin siltash va shisha idishni urilib ketishiga yoʻl qoʻymasdan bajarish kerak. Shisha idishlar taxlangan usti ochiq idishlarni kameradan olinganda shisha idishlar yorilib xodimlarga shikast yetkazmasligi uchun idishni ustiga sochiq yopib qoʻyish kerak.
99. Kameradan shisha idishlarni olgandan keyin, uning ichini shisha idishni singan boʻlakchalaridan tozalash kerak. Bundan tashqari bugʻ chiqib ketadigan truba teshiklariga shisha boʻlakchalari, yorliq va boshqa narsalar kirib qolmaganligiga ishonch hosil qilish kerak.
100. Eritma solingan shisha idishlarni sterillashda vakuum quritish tarmogʻini ishlatish qatʼiyan man qilinadi.
101. Shisha idishlarga solingan eritma 100 ml dan koʻp boʻlsa, sterillash jarayoni tugagandan keyin ularni harorati 800S darajaga tushishiga ketadigan muddatda kamerada ushlab turilishi kerak.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
102. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
103. Ishlarni bajarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(102 va 103-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
V. Yakuniy qoida
104. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi va “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi U. SALIXBAYEVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 27-son, 320-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)