O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrug‘i
DORIXONALAR XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 1-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1978]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta ko‘rib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Dorixonalar xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-iyun,
26/B-son
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 2-iyundagi 26/B-sonli buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Dorixonalar xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar dorixonalar xodimlari mehnatini muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha dorixonalar xodimlari (bundan keyingi o‘rinlarda xodimlar deb yuritiladi) tomonidan qo‘llanilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Dorixonalarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunchilik hujjatlariga va mazkur Qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa, mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
II. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan dorixonada mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur dorixonada faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Dorixonalarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni o‘rganish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
2-§. Xodimlarga yo‘l-yo‘riqlar berish, o‘qitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
7. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, yo‘l-yo‘riqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan o‘tkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
3-§. Kasbiy tanlov
9. Dorixonalarda ishga qabul qilishda kasbiy tanlov talab qilinadigan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
10. Dorixona ish beruvchisi kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha kasbiy tanlovni tashkillashtirishi hamda amalga oshirishi zarur.
11. Dorixonalarga tegishli kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
4-§. Dorixonalardagi xavfli va zararli omillar
12. Dorixonalarda shart-sharoitlar hisobga olingan holda xavfli va zararli omillarning hamda ushbu omillar ta’sirini kamaytirish yoki ularni to‘liq bartaraf etish tadbirlarining ro‘yxati tuziladi.
13. Dorixonalarda xodimlarga xavfli va zararli omillarning quyidagi guruhlari ta’sir etishi mumkin:
a) jismoniy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
kuchli bosim bilan ishlaydigan jihoz (avtoklav);
jihozlar va materiallarning harorati yuqori bo‘lgan yuzasi;
ish zonasining harorati yuqori bo‘lgan havosi;
namlik darajasi yuqori bo‘lgan havo;
tabiiy yorug‘lik mavjud emasligi.
b) kimyoviy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
nafas olish yo‘llari va teri qoplamasi orqali ta’sir etuvchi zararli suyuq, qattiq, bug‘simon moddalar va aerozollar;
nafas olish yo‘llari, teri qoplamasi va ko‘zga ta’sir etuvchi suyuq, qattiq va bug‘simon moddalar.
v) psixofiziologik zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari guruhi:
sezgi organlarining haddan tashqari zo‘riqishi;
mehnatni hamisha bir xilligi.
14. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli omillar yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda ro‘yxatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
5-§. Xodimlar sog‘lig‘ini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
15. Dorixonalar xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Dorixona ma’muriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning ko‘rikka kelishini ta’minlashi lozim.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik dorixona rahbari zimmasiga yuklanadi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
18. Xodimlarni sog‘lig‘i tufayli ularni ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
6-§. Dorixonalarda sanitariya va gigiyena talablari
19. Dorixonalar quyidagi sanitariya rejimi qoidalariga muvofiq bo‘lishi lozim:
xonalarda ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
xonalarning elektr yorug‘ligi SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi;
(19-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
elektr tokining odamga ta’sir etishini oldini olish bo‘yicha xavfsizlik talablari GOST 12.1.019-86 SSBT “Elektrxavfsizlik. Umumiy talablar”ga javob berishi.
7-§. Dorixonalarda yong‘in xavfsizligi talablari
Oldingi tahrirga qarang.
20. Muzlab qolgan isitish, vodoprovod va oqova suvlari quvurlarini ochiq olov bilan isitish taqiqlanadi. Buning uchun issiq suv, bug‘ yoki issiq qumdan foydalanish lozim.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
21. Dorixona xonalarini ochiq alangali gaz jihozlari yoki ochiq spiralli elektr isitish jihozlari bilan isitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
22. Uzoq tuman va hududlarning markazlashtirilgan isitish tizimi bo‘lmagan joylardagi dorixonalarning binolarida pechka yoqib isitishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda xonalarni darchalar orqali shamollatish lozim.
23. Yong‘in yoki favqulodda hodisalar sodir bo‘lganda insonlarni va moddiy boyliklarni qutqarish bo‘yicha reja ishlab chiqilib, ko‘rinarli joylarga o‘rnatib qo‘yish lozim.
24. Birlamchi yong‘in o‘chirish vositalariga olib boradigan yo‘llar, yo‘laklar, zinalar va boshqa qutqarish yo‘llarini har xil buyumlar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
25. Dorixonalar qo‘riqlash va yong‘inni zudlikda sezuvchi hamda xabar beruvchi moslamalar bilan ta’minlanishi kerak.
26. Binolar, inshootlar va suv manbalariga olib boruvchi yo‘llar, o‘tish yo‘llari va kirish yo‘llarini hamisha soz holatda tutish va ularning oldini to‘sib qo‘ymaslik kerak.
27. Yonuvchan materiallarni binolar orasidagi yong‘inga qarshi oraliqlarda saqlash, yondosh binolar qurish, shuningdek dorixonalar hududida yong‘in xavfsizligiga tegishli oraliqlar qoldirmasdan imoratlar qurish taqiqlanadi.
28. Dorixonalarning binolari yong‘in o‘chirish uchun suv bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
29. Qutqarish yo‘llarining hamma eshiklari binodan chiqish yo‘nalishida bemalol ochilishi lozim.
30. Eshiklarni tez ochishni ta’minlash maqsadida dorixonalarda albatta chiqish yo‘llarining soniga muvofiq raqamli birkalar osilgan ikkita maxsus kalitlar to‘plami (faqat evakuatsiya chiqish eshiklarining) bo‘lishi kerak. Kalitlarning bir to‘plami navbatchida, ikkinchisi esa dorixonalarning barcha xizmatchi xodimlariga ma’lum bo‘lgan joyda saqlanishi kerak.
31. Qutqarish yo‘llarining eshiklarini mixlab tashlash qat’iyan man etiladi.
32. Dorixonalarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha javobgarlik uning rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
33. Dorixona ma’muriyatining majburiyatlari:
yong‘in xavfsizligi qoidalarining bajarilishini ta’minlash;
yong‘in yuz berganda bajariladigan, shu jumladan odamlarni qutqarish bo‘yicha xodimlarning majburiyatlarini ishlab chiqish.
34. Yangi ishga kirayotgan shaxslar yong‘in xavfsizligi tadbirlariga amal qilishning yo‘l-yo‘rig‘idan o‘tishlari va yong‘inni bartaraf etish uchun obyektda mavjud bo‘lgan birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanishni bilishlari lozim.
35. Dorixona hududida birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari va saqlash xonalarida yong‘inni o‘chirish vositalari va uskunalari bo‘lishi kerak.
36. Birlamchi yong‘in o‘chirish asboblaridan yong‘in o‘chirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish qat’iyan man etiladi.
37. Dorixonalarda yong‘in sodir bo‘lganda, rahbar yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarini kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, yong‘in chiqaradigan va portlaydigan dori vositalarining mavjudligi va saqlash joylari to‘g‘risida xabardor qilib qo‘yishi lozim.
38. Dorixonaning har bir xodimi yong‘in xavfsizligi qoidalarini bilishi va ularga qat’iyan amal qilishi, yong‘in sodir bo‘lganda esa yong‘in o‘chirish va odamlarni qutqarish uchun unga bog‘liq bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.
39. Dorixonalarning ishlab chiqarish xonalarida chekish man etiladi.
40. Qaynatgich, suv isitgich va titanlarni faqat oshxona yoki buning uchun maxsus moslashtirilgan xonalarga qo‘yish va o‘rnatish kerak.
8-§. Maishiy va qo‘shimcha xonalarga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
41. Dorixonalarda SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari va SanQvaM 0152-04 “Dorixona va dori vositalari saqlanadigan omborxonalarni tuzilishi, jihozlanishi va ishlatilishi” talablariga muvofiq quyidagi maishiy va qo‘shimcha xonalar bo‘lishi kerak:
(41-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
xodimlarning ish va shaxsiy kiyimlari uchun alohida shkaflar bilan jihozlangan kiyinish xonasi;
hojatxona (qo‘l yuvish jihozi bilan);
yuvinish xonasi (dushxona);
xodimlarni ovqatlanish va dam olish xonasi.
42. Tayyor dori vositalarini sotish bilan faoliyat ko‘rsatuvchi dorixonalarda SanQvaM 0243-07 “Tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan savdo qiladigan dorixonalar”ga muvofiq quyidagi maishiy va qo‘shimcha xonalari bo‘lishi kerak:
hojatxona (qo‘l yuvish jihozi bilan);
xodimlarni ovqatlanish va kiyinish xonasi.
43. Maishiy va qo‘shimcha binolarni loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
44. Kiyinish xonalari va dushxonalarning o‘lchamlari, bet-qo‘l yuvgichlari, iste’mol suv ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabilar qurilmalarning soni ishlovchilarning soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
45. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va zararsizlantiruvchi moddalar (xloramin, xlorli ohak va boshqalar) bilan tozalanib turilishi kerak.
9-§. Dorixona xonalarida xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
46. Dorixonalarning binolari, ishlab chiqarish, saqlash va savdo xonalarining soni, maydon o‘lchamlari, joylashishi hamda jihozlanishi SanQvaM 0152-04 “Dorixona va dori vositalari saqlanadigan omborxonalarni tuzilishi, jihozlanishi va ishlatilishi”, SHNQ 2.08.02-23 “Jamoat binolari va inshootlari”, SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” va SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
47. Dorixonalar xonalarining derazalari oftob ta’siriga qarshi qurilmalar (jalyuzi va boshqalar) bilan ta’minlanishi lozim.
48. Jihozlar axlat va changlardan tozalash uchun qulay hamda xodimlar bemalol o‘tadigan qilib joylashtirilishi kerak.
49. Xodimlarni savdo bo‘limidagi ish joylari infeksiyalardan saqlaydigan oynali moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
50. Xodimlar o‘tkir yuqumli kasalliklar ko‘paygan vaqtlarda dokadan niqob taqib yurishlari shart.
51. Dorixonalar xonalari har kuni zararsizlantiruvchi moddalar bilan tozalanishi lozim.
52. Qo‘l yuvish jihozi va hojatxonalarda har kuni tozalash va zararsizlantirish ishlari olib borilishi kerak.
53. Har bir smenaning ishi tugagach, ish stollari sovunli issiq suv bilan yuvilishi, ertalabki smena ish boshlashdan oldin esa toza nam latta bilan artilishi kerak.
54. Pollar zarurat bo‘yicha, lekin har kuni kamida bir marta yuvilib tozalanishi kerak.
55. Havo haroratini tekshirib turish uchun dorixonaning dori vositalarini tayyorlash, saqlash va sotish xonalarida termometrlar bo‘lishi lozim.
56. Bir xonaning o‘zida ham lyuminessent, ham cho‘g‘lanma chiroqlarni birgalikda ishlatish tavsiya etilmaydi.
10-§. Dori vositalarini tayyorlash xonalarida xavfsizlik talablari
57. Dori vositalarini tayyorlash xonalarida ovqatlanish taqiqlanadi.
58. Dorixonalarning ishlab chiqarish xonalari dorixonaning boshqa xonalaridan ajratilgan bo‘lishi kerak.
59. Devor va shiplarning yuzasi namli tozalash ishlarini o‘tkazish va xonalarni zararsizlantirishga imkon beradigan darajada silliq bo‘lishi lozim.
60. Dori vositalarini tayyorlash xonalarining devorlari va asbob-uskunalari ochiq rangga bo‘yalgan bo‘lishi kerak.
61. Dori vositalarini tayyorlash xonalariga kirish joylarini polida zararsizlantiruvchi moddalar eritmasiga solib olingan rezina gilamcha bo‘lishi kerak.
62. Assistent xonalarida sovuq va issiq suv ulangan qo‘l yuvish jihozi bo‘lishi lozim.
63. Aseptika blokida havoning tozalanishi uchun xonadagi 1 m3 havoga 3 vt hisobidan kelib chiqib, bakteritsid chiroqlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Ekranlashtirilmagan bakteritsid chiroqlar ish boshlanmasdan 1-2 soat oldin, odamlar bo‘lmagan vaqtda yoqib qo‘yiladi. Odamlar ishlayotgan vaqtda xonalardagi 1 m3 havoga 1 vt hisobidan kelib chiqib, 1,8 — 2,0 metr balandlikda o‘rnatilgan ekranlashtirilgan bakteritsid chiroqlardan foydalanish mumkin.
Ekranlashtirilmagan bakteritsid chiroqlardan foydalanilganda, ularning elektr ulagichlari xonaga kirish joyida o‘rnatilgan “kirilmasin” yozuvi bo‘lgan yorug‘lik signali bilan birga yoqiladigan qilib ulanadi. Tayyor dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanadigan dorixonalarda kvars chiroqlaridan foydalanish mumkin.
III. Dorixonalarda ishlatiladigan jihozlar va asbob-uskunalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
64. Jihozlar va asbob-uskunalarni ishlatishda, uning texnik pasportida keltirilgan talablarga amal qilish zarur.
65. Barcha elektr jihozlari va elektr uskunalarning metall qutilari yerda o‘rnatilgan bo‘lishi shart.
66. Elektr jihozlari va elektr uskunalarining ishlashi muntazam ravishda tekshirib turilishi kerak. Nosoz elektr jihozlari va elektr uskunalarda ishlash taqiqlanadi.
67. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun elektr plitkalar va boshqa isitish jihozlari asbest yoki boshqa issiqlikni tutib turadigan materialga o‘rnatilishi kerak.
68. Jihozlar va asbob-uskunalarni tozalash, sozlash va ta’mirlash ishlari ularning elektr tarmog‘idan o‘chirib qo‘yish orqali amalga oshirilishi kerak.
69. Elektr tarmoqlari va elektr jihozlaridan foydalanilgan paytda elektr uzatgichlarni mixlarga ilib qo‘yish, ularning ustidan gulqog‘oz yopishtirish, himoya qobig‘i buzilgan elektr o‘tkazgichlarni ishlatish, qo‘lda yasalgan himoya vositalarini ishlatish, shuningdek elektr chiroqlarni qog‘oz yoki mato bilan o‘rash taqiqlanadi.
70. Refraktometrdan foydalanayotganda ko‘z toliqishi va ko‘rish qobiliyati buzilishining oldini olish maqsadida ushbu jihoz uchun nazarda tutilgan ko‘rish maydonining to‘g‘ri yoritilishini ta’minlash zarur. Bunda, ishlamayotgan ko‘zni yummaslik, navbatma-navbat bir u, bir bu ko‘z bilan ishlash va ko‘z toliqqanda tanaffus qilish zarur.
71. Analitik tarozilar oldida hamisha mahalliy yoritgich bo‘lishi lozim.
72. Shisha idish bilan ishlash vaqtida ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi. Issiqqa bardosh bermaydigan sovuq shisha yoki chinni idishga issiq suyuqlikni quyish mumkin emasligini yodda tutish lozim.
73. Singan o‘lchov va boshqa shisha idishlaridan foydalanish mumkin emas. Singan shishani darhol yig‘ishtirib olish va boshqa axlatlardan alohida saqlash kerak.
2-§. Quritish shkafini ishlatishda xavfsizlik talablari
74. Quritish shkafi bilan ishlaganda quyidagilar taqiqlanadi:
termometrsiz ishlash;
shkafni ishlatayotganda muntazam ravishda nazoratsiz qoldirish;
shkafga tez alangalanadigan moddalarni qo‘yish.
3-§. Distillyatorni ishlatishda xavfsizlik talablari
75. Dorixonalarda suv haydash maxsus ajratilgan, devorlari moy bo‘yoq bilan bo‘yalgan yoki sirlangan plita (kafel) lar bilan qoplangan xonalarda o‘tkazilish kerak.
76. Distillyatorni ishlatishga mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqdan o‘tgan xodimlar qo‘yiladi.
77. Distillyator alohida xonaga o‘rnatilishi kerak.
78. Distillyator elektr tarmog‘iga avtomat o‘chirgich orqali ulanadi, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shtepsel rozetkasiga ulash man qilinadi.
79. Distillyator elektr tarmog‘iga egiluvchan rezina kabel orqali ulanishi kerak.
80. Distillyatorning metall korpusi yerga ulangan bo‘lishi shart. Yerga ulash maxsus o‘rnatilgan “yerga ulash konturi” ga mustahkam simlar bilan mexanik ulab bajariladi.
81. Distillyatorni hamma tarafdan boshqaradigan qilib o‘rnatish kerak.
82. Distillyatorni yoqishdan oldin quyidagi ishlar bajariladi:
qurilmaning germetikligini tekshirish;
distillangan suvni yig‘adigan shisha idishlarning butunligini tekshirish;
shisha idishni nippeldan past qilib o‘rnatish;
nippelga rezina trubka kiydirib, trubkani egmasdan shisha idishga tushirish;
Oldingi tahrirga qarang.
oqova suvlarga chiqarib yuboriladigan suv oqadigan trubkaga rezina shlang ulash;
(82-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 9-iyuldagi 14-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3661, 11.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)
qurilmaga suv ochayotganda ortiqcha suv toshib ketmaydigan qilib jo‘mrakni to‘g‘rilab qo‘yish;
qurilmaga suv to‘siqlarsiz kelayotganiga, qurilma suvga kerakligicha to‘lganiga va kanalizatsiyaga ketadigan suv jo‘mragi ochiqligiga ishonch hosil qilish.
83. Distillyator ishlab turganida qurilmaga doimo sovuq suv kelib turishini kuzatib turish kerak.
84. Distillyatorga sovuq suv kelishi to‘xtasa, darhol ishni to‘xtatish kerak.
85. Distillyator jo‘mraklari buzilmaganligini kuzatib turish kerak.
86. Distillyator ishlayotganda nazorat ostida bo‘lishi kerak.
87. Qattiq tovush yoki bug‘ paydo bo‘lganda distillyator o‘chirilishi lozim.
88. Distillyatorni ishlatadigan xodimlarga quyidagilar man qilinadi:
distillyator va uning elementlarini distillyator ishlayotganida tuzatish;
manometr o‘rnatilgan xonada yo‘l to‘sadigan va xonani iflos qiladigan keraksiz buyumlarni saqlash;
ifloslangan suvni quyish;
chiqarib yuborish jo‘mraklari bilan ishlash;
ish vaqtida boshqa ishlarga chalg‘ish va ishlayotgan distillyatorni qarovsiz qoldirish;
shisha idishlarni maxsus korzinalarga solmasdan tashish;
distillyatorni ishlatishga aloqasi yo‘q kishilarni xonaga qo‘yish.
4-§. Avtoklavlarni ishlatishda xavfsizlik talablari
89. Dorixonalarda avtoklavlarni o‘rnatish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, foydalanish va tuzatish ishlari Avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga (ro‘yxat raqami 1913, 2009-yil 28-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 10-11-son, 116-modda) muvofiq amalga oshiriladi.
90. Dorixonalarda avtoklavlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarni kuchli bosim ostidagi to‘yingan suv bug‘i bilan sterillash maqsadida foydalaniladi.
Dorixonalarda avtoklavni ishlatishda quyidagi omillar xavfli hisoblanadi:
yuqori bosim;
elektr toki;
yuqori harorat;
shovqin;
muhitning namligi.
91. Dorixonalarda avtoklavni ishlatish qoidalari va xavfsizlik talablariga rioya qilmaslik quyidagilarga olib keladi:
elektr toki urishi;
sterillanadigan materiallar va avtoklavning qizib turgan qismlariga tegib ketish natijasida kuyish;
sterillash kamerasidan bug‘ning chiqib ketishi natijasida kuyish;
eritma solingan shisha idishlar yorilganda kuyish va mexanik shikastlanish.
92. Dorixonalarda avtoklavdan foydalanuvchi xodim (avtoklaver)lar quyidagi shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim:
suv o‘tkazmaydigan etak (fartuk);
eritma solingan shisha idishlar yorilganda avtoklaver yuzining kuyishi va mexanik shikastlanishdan himoya qiladigan pleksiglasdan yasalgan qalqoncha (shitok);
brezent qo‘lqop;
paxtadan to‘qilgan, qo‘sh astarli qo‘lqop;
tibbiy yordam qutichasi.
5-§. Avtoklavlarda eritmalarni sterillashda xavfsizlik talablari
93. Sterillash kamerasida shisha idishlar bir xilda qizishi uchun maxsus idishlarga yotiq yuzalarini orasi 1 mm, tik yuzalarini orasi 5 mm qilib joylashtirish kerak.
94. Kameradagi bosimni ko‘rsatuvchi manometrni mili nolga tushganda, qopqoq yoki eshik mahkamlagichlari sekin bo‘shatiladi va ortiqcha bosim yo‘qligiga ishonch hosil qilinadi, shundan so‘ng qolgan bug‘larni chiqib ketishi uchun qopqoq 10 — 15 daqiqaga ochib qo‘yiladi.
Agar avtoklav sterillash materiallari vakuum quritish tarmog‘i bilan ta’minlangan bo‘lsa, unda kameraga havo berish jo‘mragi ochiladi. Ushbu talablar bajarilmasa kamerada “so‘rib olish” vaziyati yuz berishi mumkin, bu qolgan bug‘ni suvga aylanishi va kameradagi bosimni atmosferanikidan pasayib ketishi bilan bog‘liqdir. Shu sabablar bo‘lib kameraga jo‘mraklar orqali suv so‘rilib kirishi mumkin. Suv qizib turgan shisha idishlar bilan qo‘shilganda, shisha idishlar kichik portlashlar hosil qilib yoriladi.
95. Tashqaridagi havo harorati 180S dan past bo‘lganda kamerani qopqog‘i yoki eshigini ochishdan oldin deraza darchasini yopib qo‘yish kerak. Sovuq havoning 1200S darajada qizdirilgan, ichidagi eritma katta bosim ostida bo‘lgan shisha idishlar bilan qo‘shilishi shisha idishlarni yorilishiga olib keladi.
96. Eritma solingan shisha idishlar taxlangan idish kamerani qopqog‘i yoki eshigi ochilgan vaqtdan 20 — 30 daqiqa o‘tgandan keyin kameradan olinadi. Bu vaqt ichida shisha idishdagi eritmani harorati va ortiqcha bosimi kamayadi. Natriy gidrokarbonat eritmasi solingan shisha idish ichidagi ortiqcha bosimni kamayishiga 40 — 50 daqiqadan kam bo‘lmagan muddat kerak.
97. Har bir sterillash sikli tugagandan keyin avtoklaver sterillash kamerasida kerakli harorat bo‘lganligiga ishonch hosil qilishi kerak. Buni nazorat qilish sterillash kamerasini turli joylariga o‘rnatilgan 3 dona indikatorni rangi va holatiga qarab bajariladi.
98. Qizib turgan shisha idishlarni kameradan yoki idishlardan olib ish joyiga o‘rnatishda sochiq yoki qo‘lqopdan foydalanish kerak. Bu ishni juda ehtiyotkorlik bilan, chayqalish, keskin siltash va shisha idishni urilib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan bajarish kerak. Shisha idishlar taxlangan usti ochiq idishlarni kameradan olinganda shisha idishlar yorilib xodimlarga shikast yetkazmasligi uchun idishni ustiga sochiq yopib qo‘yish kerak.
99. Kameradan shisha idishlarni olgandan keyin, uning ichini shisha idishni singan bo‘lakchalaridan tozalash kerak. Bundan tashqari bug‘ chiqib ketadigan truba teshiklariga shisha bo‘lakchalari, yorliq va boshqa narsalar kirib qolmaganligiga ishonch hosil qilish kerak.
100. Eritma solingan shisha idishlarni sterillashda vakuum quritish tarmog‘ini ishlatish qat’iyan man qilinadi.
101. Shisha idishlarga solingan eritma 100 ml dan ko‘p bo‘lsa, sterillash jarayoni tugagandan keyin ularni harorati 800S darajaga tushishiga ketadigan muddatda kamerada ushlab turilishi kerak.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
102. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
103. Ishlarni bajarish bilan bog‘liq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(102 va 103-bandlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
V. Yakuniy qoida
104. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi va “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi U. SALIXBAYEVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 27-son, 320-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)