Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
DORI-DARMONLARNI SAQLASHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009yil 26-iyunda 1976-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Dori-darmonlarni saqlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-iyun,
25/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 2-iyundagi 25/B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Dori-darmonlarni saqlashda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq dorixona muassasalari va omborxonalarda (bundan keyingi oʻrinlarda muassasalar deb yuritiladi) dori-darmonlarni (bundan keyingi oʻrinlarda dori vositalari deb yuritiladi) saqlashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, dori vositalari saqlanadigan barcha muassasalarning xodimlari (bundan keyingi oʻrinlarda xodimlar deb yuritiladi) tomonidan qoʻllanishi shart.
2. Mazkur Qoidalarga muvofiq dori vositalari deganda, kelib chiqishi tabiiy va sunʼiy boʻlgan bir yoki bir necha dori moddalari (substansiyalari) hamda yordamchi moddalar asosida hosil qilingan, kasallikning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash uchun qoʻllashga ruxsat etilgan vositalar tushuniladi. Ular jumlasiga immunobiologik, radiofarmatsevtik va parafarmatsevtik preparatlar, gomeopatik, tashxis qoʻyish va sterilizatsiya vositalari kiradi.
3. Mazkur Qoidalar qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalari, gigiyena normativlari, davlat standartlarining tegishli qoidalari, shuningdek boshqa tarmoq normativ hujjatlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Dori vositalarini saqlash boʻyicha mehnatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlariga va mazkur Qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa, mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Dori vositalarini saqlash boʻyicha mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi hamda quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ishlovchilar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi muassasalarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi (lavozimlari ochiladi). Ishlovchilar soni 50 dan kam boʻlgan muassasalarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish uning rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra muassasalarning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda muassasa faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Dori vositalarini saqlash bilan bogʻliq holda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
9. Muassasalarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlari sinovdan oʻtkazilishi lozim.
10. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalardan oʻtkazish, oʻqitish va bilimlarini tekshirish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash muassasa rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Kasbiy tanlov
12. Muassasalarda kasbiga koʻra tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
13. Dori vositalarini saqlash ishlariga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
4-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
14. Muassasa maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Muassasalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-son “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Tibbiy koʻriklar muassasaning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Muassasa maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik muassasa maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
20. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, muassasa maʼmuriyati ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Dori vositalarini saqlashda xavfli va zararli omillar
21. Muassasalarda dori vositalarini saqlashning aniq shart-sharoitlari hisobga olingan holda xavfli va zararli omillar hamda ularning taʼsirini kamaytirish yoki ularni toʻliq bartaraf etishning roʻyxati mavjud boʻlishi kerak.
22. Dori vositalarini saqlashda xodimlarning sogʻligʻiga xavfli va zararli omillarning quyidagi guruhlari taʼsir etishi mumkin:
a) jismoniy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
harakatlanuvchi mashinalar va mexanizmlar;
ish zonasining havosidagi miqdori yuqori boʻlgan chang va gaz;
uskunalar va materiallarning harorati yuqori yoki past boʻlgan yuzasi;
ish zonasining harorati yuqori yoki past boʻlgan havosi;
tabiiy yorugʻlik mavjud emasligi.
b) kimyoviy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
nafas olish yoʻllari va teri qoplamasi orqali taʼsir etuvchi zararli suyuq, qattiq, bugʻsimon moddalar va aerozollar;
nafas olish yoʻllari, teri qoplamasi va koʻzga taʼsir etuvchi oʻyuvchi suyuq, qattiq va bugʻsimon moddalar.
v) psixofiziologik zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari guruhi:
sezgi organlarining haddan tashqari zoʻriqishi;
mehnatni hamisha bir xilligi.
23. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalari joriy qilinganda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
6-§. Xodimlarning jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari
24. Muassasa xodimlariga xavfli va zararli omillarning taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
25. Jamoaviy himoya vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
dori vositalarini saqlash xonalari (bundan keyingi oʻrinlarda saqlash xonalari deb yuritiladi) va ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
saqlash xonalari va ish joylarining yorugʻligini meʼyorlashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
elektr toki urishi va statik elektrdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
Muassasa rahbari xodimlarni belgilangan meʼyorlarga muvofiq, kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi, ulardan foydalanish muddatlariga hamda saqlash, yuvish, tozalash va taʼmirlash boʻyicha zaruriy shartlariga rioya qilinishini taʼminlagan holda yakka tartibdagi himoya vositalarini berish hisobini yuritishi shart.
26. Ish vaqtida muassasa xodimlari ularga berilgan maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalaridan foydalanishlari shart.
27. Maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini ishlatish muddati xodimlarga berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
28. Muassasa rahbari xodimlarga bogʻliq boʻlmagan holda, belgilangan ishlatish muddati tugamasdan ilgari yaroqsiz holga kelgan maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini almashtirishi yoki taʼmirlashi shart.
7-§. Dori vositalarini saqlashda sanitariya va gigiyena talablari
29. Dori vositalarini saqlash xonalarida saqlashda ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi, ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi va yil mavsumi hisobga olinishi lozim.
30. Sanitariya-maishiy xonalar va saqlash xonalari quyidagi sanitariya rejimi qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:
xonalarning elektr yorugʻi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik. Loyihalashtirish meʼyorlari” talablariga javob berishi;
Keyingi tahrirga qarang.
elektr tokining odamga taʼsir etishini oldini olish boʻyicha xavfsizlik talablari GOST 12.1.019-86 SSBT “Elektrxavfsizlik. Umumiy talablar”ga javob berishi;
statik elektrdan himoya qilish tadbirlarini GOST 12.1.18-93 SSBT “Statik elektr. Uchqun xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq amalga oshirilishi.
8-§. Maishiy va qoʻshimcha xonalarga qoʻyiladigan talablar
31. Muassasalarda QMQ 2.09.12-98 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy xonalari” va SanQvaM 0152-04 “Dorixona va dori vositalari saqlanadigan omborxonalarni tuzilishi, jihozlanishi va ishlatilishi” talablariga muvofiq quyidagi maishiy va qoʻshimcha xonalar boʻlishi kerak:
Keyingi tahrirga qarang.
xodimlarning ish va shaxsiy kiyimlari uchun alohida shkaflar bilan jihozlangan kiyinish xonasi;
hojatxona (qoʻl yuvish jihozi bilan);
yuvinish xonasi (dushxona);
xodimlarni ovqatlanish va dam olish xonasi.
Maishiy va qoʻshimcha binolarni loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
Kiyinish xonalari, hojatxonalar va yuvinish xonalari erkaklar va ayollar uchun alohida boʻlishi lozim.
32. Kiyinish xonalari va dushxonalarning oʻlchamlari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni xodimlarning soni hisobga olingan holda belgilanadi.
33. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va zararsizlantiruvchi moddalar (xloramin, xlorli ohak va boshqalar) bilan tozalanib turilishi kerak.
34. Hojatxonalarning pollari quruq holda saqlanishi lozim. Yuvinish xonalarining pollari namga chidamli boʻlib, sirpanchiq boʻlmasligi kerak, devor sirtlari esa 2,5 metr balandlikda namga chidamli, yengil artib turish mumkin boʻlgan materiallar bilan qoplangan boʻlishi kerak.
35. Har bir yuvinish jihozi issiq va sovuq suv keladigan quvurlarga ulangan boʻlishi lozim. Yuvinish xonalarida elektr sochiqlar, koʻzgu, kiyim ilgichlar, suyuq sovun uchun idishlar va qattiq sovun solgichlar koʻzda tutilishi lozim.
36. Maishiy va qoʻshimcha xonalar oqib keluvchi va soʻruvchi ventilyatsiya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
9-§. Saqlash xonalariga qoʻyiladigan talablar
37. Muassasalarning binolari, saqlash xonalarini soni, maydon oʻlchamlari, joylashishi va jihozlanishi SanQvaM 0152-04 “Dorixona va dori vositalari saqlanadigan omborxonalarni tuzilishi, jihozlanishi va ishlatilishi”, QMQ 2.08.02-96 “Umumiy binolar va inshootlar” va QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Saqlash xonalarida havo harorati va namligi bir kunda kamida 1-marta tekshirib turilishi lozim. Bu oʻlchovlarni tekshirish uchun termometr va gigrometrlar saqlash xonalarining devorlariga isitish uskunalaridan uzoqda, poldan 1,5 — 1.7 metr balandlikda va eshikdan 3 metrdan kam boʻlmagan oraliqda oʻrnatilishi kerak.
39. Har bir boʻlimda xonadagi harorat va namlik darajasini qayd etish jadvali yuritilishi kerak.
40. Xona havosining tozaligini taʼminlash uchun havo berish va tortish ventilyatsiya uskunasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Agar havo berish va tortish ventilyatsiya uskunasini oʻrnatish iloji boʻlmasa, derazalarga darchalar va ikkinchi panjarali eshiklar oʻrnatilishi kerak.
41. Saqlash xonalari yetarli miqdorda javon(stellaj)lar, shkaflar, tagliklar bilan taʼminlanishi kerak.
42. Javonlar devordan 0,15 — 0,20 metr oraliqda, shiftdan kamida 0,5 metr past, poldan kamida 0,25 metr baland va ularni orasi kamida 0,75 metr boʻlgan masofalarda oʻrnatilishi lozim.
43. Saqlash xonalari toza tutilishi kerak, xona pollari vaqti-vaqti bilan (kuniga kamida bir marotaba) ruxsat etilgan yuvish vositasi bilan namlab tozalanishi kerak.
44. Saqlash xonalarida va uning hududlarida kemiruvchilar, hashoratlar va boshqa zararkunandalarga qarshi kurash boʻyicha tadbirlar oʻtkazib turilishi kerak.
45. Saqlash xonalarida shaxsiy buyumlar, materiallar va kiyimlar saqlash man etiladi.
46. Dori vositalari saqlanadigan binoning maydonchalari, pol va zinapoyalari toza tutilishi, shuningdek moylar, eritiladigan suyuqliklar va boshqa moddalardan sirpanchiq yuzalar hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
47. Devorda, shiftda, pollarning yuzalarida notekisliklar boʻlmasligi va ularni tozalash ishlarini olib borish uchun qulay boʻlishi kerak.
48. Saqlash xonalari joylashgan binoning tomi oʻz vaqtida taʼmirlangan boʻlishi kerak.
49. Deraza panjaralarini oʻrnatishda ularni artish va tashqi yuzini xonadan turib taʼmirlash hisobga olinishi kerak.
50. Xonalarning poli suv oʻtkazmaydigan, kuchli moddalar taʼsiriga chidamli qilib ishlanishi kerak. Pollarning yuzi tekis va sirpanmaydigan, tozalashga qulay boʻlishi kerak. Pollarda oʻyilgan joylar, teshiklar, notekisliklar, quvurlar tarmogʻi va boshqalar boʻlmasligi kerak.
51. Poldagi kommunikatsiya ariqchalari metall plitkalar bilan polning yuzasi tekisligida yopib qoʻyilishi kerak.
52. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash xonalariga qoʻyiladigan texnik talablar Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash boʻyicha texnik talablar haqidagi nizom (roʻyxat raqami 1048, 2001-yil 11-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-yil, 13-son) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Dori vositalarini saqlashda xavfsizlik talablari
I-bob. Dori vositalarini saqlashning umumiy xavfsizlik talablari
53. Dori vositalarini saqlash xonalariga joylashtirishda farmakologik tartib hisobga olinishi lozim.
54. Saqlash jarayonida bir oyda kamida bir marta idishlarning ahvoli, dori vositalari tashqi koʻrinishidagi oʻzgarishlar koʻzdan kechirilishi lozim. Idishlar zararlangan boʻlsa, darhol ularning nuqsonlarini bartaraf etish yoki uning ichidagi dorini boshqa idishga solish kerak. Dori vositalarining tashqi koʻrinishi oʻzgargan boʻlsa belgilangan tartibda ularning sifati tekshiriladi va ishlatishga yaroqliligi aniqlanadi.
55. Saqlash xonalaridagi tovar-moddiy boyliklar turlariga koʻra saqlanishi kerak, bunda tez alangalanadigan suyuqliklarning boshqa materiallar bilan birgalikda saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
56. Barcha tayyor dori vositalari ustiga yorliq yopishtirilishi, oʻziga xos alohida oʻramga joylanishi va berkitib mahkamlanishi kerak. Javonlarda, tokchalarda va shkaflarda dorilarning nomlari, seriyasi, saqlash muddati hamda miqdori koʻrsatilgan varaqchalar boʻlishi lozim. Varaqcha sotish uchun har bir kelib tushgan yangi seriyadagi dori vositalari uchun yangilanib turadi. Bundan tashqari, boʻlimda saqlash muddatlari boʻyicha kartoteka boʻlishi lozim. Saqlash muddati oʻtib ketgan va qayta nazoratdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan preparatlar, tahlil natijalari olingunga qadar boshqalaridan ajratilib, alohida saqlanishi lozim.
57. Saqlash xonalarida dori vositalari quyidagi tartibda alohida-alohida qilib joylashtiriladi:
farmakologik gruppasiga koʻra;
qoʻllanish usuliga (ichki, sirtqi) koʻra;
agregat holatiga (suyuqlik, sochiluvchi va gaz holatida) koʻra;
dori vositalarining fizik va kimyoviy xususiyatlari va tashqi muhitning har xil omillari taʼsiriga koʻra.
58. Nomlari bir-biriga oʻxshash dori vositalarini va ichiladigan dozasi katta farq qiladigan dori vositalarini yonma-yon qoʻyib joylashtirish man etiladi.
59. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash, berish, sotish, taqsimlash va hisobga olish shartlari toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 1090, 2001-yil 29-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-yil, 23-24-son) talablariga muvofiq saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
II-bob. Dori vositalarini saqlashda yongʻin xavfsizligi talablari
60. Muassasa hududida birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari va saqlash xonalarida yongʻinni oʻchirish vositalari va uskunalari boʻlishi kerak.
61. Yongʻin oʻchirish vositalari va uskunalari (oʻt oʻchiradigan asboblar, suvli bochka, qumli qutilar va kuraklar, shuningdek ichki yongʻin oʻchirish kranlari) tayyor holatda boʻlishi lozim. Ichki yongʻin oʻchirish kranlarining shkaflari yopiq va tamgʻalangan boʻlishi lozim. Ushbu shkaflarning eshiklarini qulflab qoʻyish taqiqlanadi.
62. Birlamchi yongʻin oʻchirish asboblaridan yongʻin oʻchirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish qatʼiyan man etiladi.
63. Saqlash xonalarida “Yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼul shaxs: F.I.O.” deb yozilgan lavha boʻlishi kerak. Bu masʼul xodim muassasa maʼmuriyatining buyrugʻi bilan tayinlangan boʻlishi kerak.
64. Ish vaqti tugagandan keyin yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼul xodim xonalarni sinchkovlik bilan koʻrib chiqishi, yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan barcha kamchiliklarni bartaraf etib, yoritish va boshqa elektr jihozlarini (muzlatgichdan tashqari) oʻchirib qoʻyish kerak.
65. Saqlash xonalari isitish tarmogʻi bilan jihozlanishi kerak. Xonalarni ochiq alangali gaz jihozlari va ochiq spiralli elektr isitish jihozlari bilan isitish taqiqlanadi.
66. Saqlash xonalari qoʻriqlash va yongʻinni zudlikda sezuvchi hamda xabar beruvchi moslamalar bilan jihozlanishi kerak.
67. Muassasa binolarida insonlarni va moddiy boyliklarni qutqarish maqsadida qoʻshimcha chiqish yoʻllari mavjud boʻlishi kerak.
68. Yongʻin yoki favqulodda hodisalar sodir boʻlganda insonlarni va moddiy boyliklarni qutqarish boʻyicha reja ishlab chiqilgan boʻlishi hamda koʻrinarli joylarga osib qoʻyilgan boʻlishi lozim.
69. Mashinalar oʻtadigan yoʻllar, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalariga olib boradigan yoʻllar, yoʻlaklar, zinalar va boshqa qutqarish yoʻllarini har xil buyumlar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
70. Qutqarish yoʻllarining tuzilishi odamlarni tashqariga tez chiqishini taʼminlaydigan boʻlishi kerak. Asosiy mehnat va qutqarish yoʻllari har doim ochiq boʻlishi lozim. Asosiy oʻtish joylarining kengligi 1,5 metrdan kichik boʻlmasligi kerak.
71. Chekish uchun “Chekish joyi” deb yozilgan maxsus joylar ajratilgan boʻlishi va sigaret qoldiqlari uchun kuldonlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
72. Muassasalar binolari yongʻin oʻchirish uchun suv bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Yongʻinga qarshi vodoprovod boʻlmagan hollarda suv taʼminoti tabiiy koʻldan yoki sigʻimi kamida 50 m3 boʻlgan sunʼiy hovuzlar orqali amalga oshiriladigan boʻlishi kerak.
73. Binolarda elektr-gaz payvandlash va boshqa yongʻin chiqarish xavfi boʻlgan ishlarni faqat muassasa rahbari yoki uning oʻrinbosarining yozma ruxsati bilan amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
74. Yongʻin sodir boʻlganda zudlik bilan “01” telefon raqami orqali yongʻin xavfsizligi xizmatiga xabar berib, ular kelgunga qadar elektr tarmoqlarini oʻchirib, imkoniyat boricha insonlarni va moddiy boyliklarni yongʻindan saqlab qolishga va yongʻin oʻchirish vositalari bilan yongʻinni oʻchirishga harakat qilish lozim.
III-bob. Yongʻin chiqaradigan va portlaydigan dori vositalarini saqlashda xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
75. Yongʻin chiqaradigan va portlaydigan dori vositalarini (bundan keyingi oʻrinlarda YOCHPDV deb yuritiladi) fizik, kimyoviy va yongʻin chiqarish xususiyatlarini oʻxshashligi hamda ular yonganda qoʻllanadigan oʻchirish vositalarini bir xilligini hisobga olgan holda saqlash kerak.
76. Portlovchi aralashmaga aylanishga qodir, havo, suv va yonuvchi moddalar bilan qoʻshilganda yoki quyosh nuri taʼsirida yonib ketuvchi dori vositalarini havo, suv, yuqori issiqlik va mexanik taʼsirlardan ehtiyot qilgan holda saqlash kerak.
77. YOCHPDVni saqlash xonalari va yuk tushiradigan joylarning pollarida chuqurchalar va boshqa notekisliklar boʻlmagan qattiq va tekis qoplama boʻlishi kerak. Pollarni tekislash uchun taxta va tunukalar qoʻllash mumkin emas. YOCHPDVni saqlash xonalaridagi pol eshikdan ichkari tarafga qiya qilib sement qilingan boʻlishi va eshikni katta boʻlmagan balandlikdagi ostonasi boʻlishi kerak.
78. YOCHPDVni saqlash xonalari kerakli ogʻirliklarni koʻtara oladigan, yonmaydigan va mustahkam javon bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
79. YOCHPDVni isitish jihozlarini oldida saqlash mumkin emas. Javon bilan isitish jihozi orasidagi masofa 1 metrdan kichik boʻlmasligi kerak.
80. YOCHPDVni qabul qilish, berish va qadoqlash xonalari doim nazorat ostida boʻlishi kerak.
81. YOCHPDV kelganda tezlikda taqsimlab, asosiy saqlash xonalariga joylashtirish kerak. Baxtsiz hodisaning oldini olish uchun, qabul qilish va berish xonalarida YOCHPDVni qisqa muddatda ham saqlash qatʼiyan man qilinadi. YOCHPDVni qabul qilib olayotganda, avvalo oʻziga xos saqlash idishlarining berkitilganiga eʼtibor berish kerak.
82. Bir xonada bir necha turdagi YOCHPDVni bir vaqtda qadoqlash qatʼiyan man qilinadi.
83. Muassasalarda tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklarni saqlash uchun eshiklarining eni 0,7 metr, boʻyi 1,2 metrdan kam boʻlmagan, yonmaydigan shkaflardan foydalanishga ruxsat etiladi.
84. Saqlash xonalarining qadoqlash boʻlimlarida yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda, faqat kundalik ishlatiladigan, kerakli miqdordagi YOCHPDVni saqlash mumkin. Ish tugagandan keyin YOCHPDV asosiy saqlash joyiga qaytarib qoʻyiladi. Har bir dori vositasi turi qadoqlangandan keyin qadoqlash xonasi shamollatiladi.
85. YOCHPDVni kislota va ishqorlar bilan birga saqlash qatʼiyan man etiladi.
86. YOCHPDVni ochiq idishda saqlash mumkin emas. YOCHPDVni devori qalin idishlarda saqlash lozim.
87. YOCHPDV bilan ishlaydigan xodimlar maxsus kiyim va maxsus-poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
88. YOCHPDV saqlash xonalarining tashqi va ichki taraflarida yuvsa ketmaydigan va yaqqol koʻrinadigan “Yongʻin xavfi bor”, “Chekish mumkin emas” va “Yongʻin chiqqanda 01 ga telefon qil” ogohlantiruvchi va taqiqlovchi belgilari boʻlishi kerak.
89. Har qanday avariya holatida darhol rahbarga xabar berish, shikastlantirish omillarining odamlarga taʼsiri va avariya holati kuchaymasligi uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish kerak.
90. Agar ishqor toʻkilib ketsa, unga qum yoki qipiq sepiladi, keyin qumni olib tashlab xlorid yoki sirka kislotasi aralashmalari quyilishi kerak.
91. Agar kislota toʻkilib ketsa, unga qum sepiladi, keyin qumni olib tashlab, soda sepiladi, shundan soʻng soda olib tashlanib, suv bilan yuviladi.
92. YOCHPDV saqlash xonalarida yoritish tarmogʻi buzilganda sham yoki kerosin lampalar bilan kirish mumkin emas. Bu hollarda elektr fonardan foydalanish kerak.
93. Agar suyuq yongʻin chiqaradigan dori vositalari (bundan keyingi oʻrinlarda YOCHDV deb yuritiladi) toʻkilib ketsa:
darhol elektr jihozlari oʻchirilishi;
eshik va oynalar ochilib, xona shamollatilishi;
toʻkilgan suyuqlikni rezina qoʻlqop kiyib latta bilan artib olinishi va latta, qoʻlqop yuvib tashlanishi lozim.
94. Agar suyuq YOCHDV yonib ketsa:
elektr jihozlari oʻchirilishi;
olov asbest polotno bilan yopilishi;
lozim boʻlganda yongʻin oʻchirgichdan foydalanilishi;
spirt, pergidrol va suvda eriydigan boshqa suyuqliklar suv quyib oʻchirilishi kerak.
2-§. YOCHDVni saqlashda xavfsizlik talablari
95. Yongʻin chiqaradigan va tez yonadigan dori vositalari mineral kislotalar, oltingugurt, efir, spirt va spirt qoʻshilmalari, spirt nastoykasi, efir ekstraktlari, sirka kislotasi, kaliy, natriy, pergidrol, skipidar, kollodiy, oʻsimlik yogʻlari, dorivor oʻsimliklar, paxta va bogʻlash materiallaridan iborat.
96. YOCHDV saqlash xonalaridagi elektr sim, yoritish va boshqa elektr jihozlari yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga javob berishi kerak.
97. Muassasalarda 10 kg dan koʻp boʻlmagan YOCHDVni yonmaydigan, eshigining eni 0,7 metr, boʻyi 1,2 metrdan kichik boʻlmagan temir shkaflarda saqlash mumkin. Temir shkaflar issiqlik taʼsir qilmaydigan va oldiga bemalol borish mumkin boʻlgan joylarga oʻrnatilishi kerak.
98. Boshqa sohaga tegishli imoratda joylashgan xonalarda yopiq idishdagi tez yonadigan suyuqliklarning miqdori 100 kg dan oshmasligi kerak.
99. Tez yonadigan suyuqliklar miqdori 100 kg dan koʻp boʻlsa, ularni alohida joylashgan binoda shisha yoki metall idishlarda boshqa gruppadagi YOCHDVni saqlash xonalaridan ajratilgan holda saqlash kerak.
100. Muassasalarda konsentrlangan mineral kislotalarni devori qalin shisha idishda, jips yopishib turadigan shisha qopqogʻi yopilgan holda, havoni tortuvchi shkafda, nurash(korroziya)ga chidamli tagliklarning ustida saqlash lozim.
101. YOCHDVni isitish kerak boʻlganda, YOCHDV solingan issiqqa chidamli idishni suv solingan katta idishga yoki spiralli yopiq elektr plitkaga qoʻyib isitish mumkin.
102. Tez yonadigan suyuqliklar (kollodiy, etil spirti, skipidar, efir va boshqalar) bugʻlanib ketmasligi uchun zich taxlanib, mahkam yopilgan shisha yoki metall idishlarda saqlash kerak.
103. Tez yonadigan suyuqliklar solingan katta hajmdagi shisha idish, bochka va kanistrlar bir qator va bir xil balandlikda saqlanadi, ularni ustma-ust qilib taxlash man etiladi.
104. Muassasalarning ishlab chiqarish xonalarida YOCHDVni bir kunga yetarli miqdorda, idishlarning qopqogʻi yopiq holda saqlash kerak.
105. YOCHDVni idishlarga toʻldirilgan holda saqlash mumkin emas. Idishlarning toʻldirilishi 90 foizli meʼyordan oshmasligi kerak.
106. YOCHDV bilan ishlayotganda (qadoqlash, tashish, ortish va hokazo) yuqori darajadagi ehtiyotkorlikka amal qilish kerak. Idishlarni zich yopilganiga va butunligiga doimo eʼtibor berib borish kerak. Idishdan biror bir nuqson topilsa tezda uni yoʻqotishga kirishish yoki uning ichidagini boshqa butun idishga oʻtkazish kerak. Polga suyuqlik toʻkilsa, tezlikda uni bartaraf etish choralarini koʻrish kerak.
107. Baʼzi bir YOCHDV (spirt, efir va boshqalar) saqlash mobaynida statik elektr toki hosil qiladi, uning uchquni suyuqlikni yondirib yuborishi mumkin. Shuning uchun bunday suyuqliklarni quyishni alohida, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan jihozlangan xonalarda bajarish kerak. Suyuqliklarni quyish va qadoqlashda temir idishlar yerga ulangan himoya simi bilan taʼminlanishi kerak.
108. YOCHDV dan boʻshagan idishlarni maʼlum bir vaqt ochiq qoldirish kerak.
109. YOCHDVni mineral kislotalar (ayniqsa sulfat va azot kislotalar), siqilgan gazlar va tez yonuvchi moddalar (oʻsimlik yogʻlari, oltingugurt, dorivor oʻsimliklar, bogʻlash materiallari) bilan birga saqlash mumkin emas.
110. YOCHDV solingan katta shisha idishlarni maxsus yasalgan savat yoki moslamalarda ikki kishi boʻlib koʻtarish kerak. Ogʻirligi 20 kg dan koʻp boʻlgan shisha idish solingan savatlar va YOCHDV solingan boshqa idishlarni yumshoq yuradigan maxsus aravalarda tashish kerak.
111. Ammiakli suvni (nashatir spirt) YOCHDVni saqlash xonalarida saqlash kerak. Suyuq ammiakning bugʻi nafas olish markazini ishdan chiqaradi, idishni ochayotganda xodim respirator yoki protivogaz bilan ishlashi va sherigi uni himoya qilib turishi kerak.
112. Sirka kislotasini YOCHDVni saqlash xonalarida, oksidlovchi moddalardan alohida saqlash kerak. Toʻyingan sirka kislotasi terini kuydiradi, u bilan ishlaganda ehtiyot boʻlish kerak.
113. Oʻyuvchi natriy (gidrooksid natriy, kaustik) va oʻyuvchi kaliyni (gidrooksid kaliy) havo va namlik oʻtmaydigan, zich qilib yopilgan idishda saqlash kerak. Kaliy va natriy havoda yonib ketishi sababli, uni kerosin ostida saqlash va yonganda qum bilan oʻchirish kerak.
114. Etil spirtini tashish va saqlashda temir bochkalardan foydalanish hamda ularning toʻldirilishi 75 foizli meʼyordan oshmasligi kerak. Bochkalar faqat mustahkam rezbali temir qopqoq bilan rezina prokladka qoʻyib yopiladi. Bochkaning qopqogʻini ochish va yopishda uchqun chiqarmaydigan, yumshoq metalldan (mis) yasalgan asboblar yoki yogʻoch bolgʻalardan foydalanish kerak.
115. Spirtni saqlash xonasi havoni kuchli oqim bilan beradigan va tortadigan ventilyatsiya bilan taʼminlanishi kerak.
116. Spirtni saqlash xonasiga boshqa narsalarni qoʻyish va begona kishilarning kirishi man etiladi.
3-§. Portlaydigan dori vositalarini saqlashda xavfsizlik talablari
117. Portlaydigan dori vositalari (bundan keyingi oʻrinlarda PDV deb yuritiladi) guruhiga portlaydigan va portlash xavfi boʻlgan, yaʼni portlovchi aralashmaga aylanishi mumkin boʻlgan dori vositalari kiradi.
Nitroglitserin, kaliy permanganat va kumush nitrat — PDV, xlorid kislotasi, efir, kalsiy gidroxlorid va azot kislotasi — portlovchi aralashmaga aylanishi mumkin boʻlgan dori vositalari guruhiga kiradi. PDVni saqlashda portlashga olib keladigan chang bilan ifloslanmaslik choralarini koʻrish kerak.
118. PDV solingan idishlar (shtanglaslar, tunuka barabanlar, shisha idishlar va hokazo) qopqogʻini havo va bugʻ kirmasligi uchun zich qilib yopish kerak.
119. Nitroglitserin eritmasini yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda salqin, qorongʻi joylarda saqlash kerak.
120. Toʻkilgan nitroglitserinning bugʻlanishi portlash xavfini tugʻdirishi sababli, ular bilan ishlashda juda ehtiyotkorlik talab etiladi.
121. Kaliy permanganat chang, oltingugurt, organik yogʻlar, efir, spirt, glitserin, organik kislota va boshqa organik moddalar bilan qoʻshilganda portlash xavfini tugʻdiradi. Kaliy permanganatni omborxonaning maxsus joylarida tunuka barabanlarda, dorixonalarda esa yuqorida koʻrsatilgan moddalardan alohida jips yopishib turadigan qopqoqli shtanglaslarda saqlash kerak. Kaliy permanganat solingan tunuka baraban va shtanglaslarni oʻz vaqtida ishqalamasdan va ehtiyotkorlik bilan changdan tozalab turish lozim.
122. Xlorid kislotasini oksidlovchilardan, ayniqsa azot kislotasidan alohida saqlash kerak. Har qanday toʻyingan xlorid kislotasini ftoroplastdan, 35 foizli xlorid kislotasini polietilendan qilingan idishda saqlash lozim.
123. Efirni ishlab chiqaruvchining oʻramida, salqin va qorongʻi (olov va isitish jihozlaridan uzoq) joylarda saqlash kerak. Efir havo bilan qoʻshilganda portlaydigan aralashma hosil qiladi, bu aralashma silkitilganda, urilganda, ishqalanganda yoki issiqlik koʻtarilganda portlashi mumkin. Yongʻin chiqqanda uni qum va uglekislotali yongʻin oʻchiruvchi moslama bilan oʻchirish kerak.
124. Kalsiy gidroxlorid yonmaydi, lekin suyuq, yogʻsimon organik mahsulotlar bilan qoʻshilganda ularni yonib ketishiga sabab boʻlishi mumkin, ammoniy tuzlari va ammiak bilan qoʻshilganda portlaydi, uni shu xususiyatlari sababli alohida saqlash kerak.
125. Azot kislotasini saqlashda yogʻoch materiallari, poxol va boshqa organik moddalar bilan qoʻshilmaslik choralarini koʻrish kerak.
126. Azot kislotasi spirt va skipidar bilan qoʻshilganda portlaydi, yongʻin chiqqanda esa qum, kul va turpoq bilan oʻchirilishi kerak
127. Toʻyingan azot kislotalarini polietilen idishlarda saqlash mumkin emas.
128. Azot (60-70%) kislotasini ftoroplastdan qilingan idishda saqlash lozim.
4-§. Vodorod pereoksidini saqlashda xavfsizlik talablari
129. Vodorod pereoksidi (bundan keyingi oʻrinlarda pergidrol deb yuritiladi) yonmaydigan, lekin kuchli oksidlovchi suyuqlik hisoblanib, boshqa materiallar bilan qoʻshilganda yongʻinga olib keladi.
130. Pergidrol oʻz-oʻzidan suvga va kislorodga ajralishi mumkin boʻlib, yonadigan materiallarni alanga oldirish xususiyatiga ega.
131. Pergidrol yongʻin chiqarganda juda koʻp suv oqimi bilan oʻchiriladi.
132. Pergidrolni va uni bugʻini (kondensat) temir, xrom, qoʻrgʻoshin, kumush, marganets va uning tuzlari hamda qogʻoz, karton, paxta va yogʻoch materiallari bilan qoʻshilishiga yoʻl qoʻyish mumkin emas.
133. Pergidrol havo issiqligi 300 S dan oshmaydigan, quyosh nurlaridan himoya qilinadigan omborxonalarda saqlanishi kerak.
134. Pergidrolni issiqligini 300 S dan oshirmaydigan, haroratni bir xil qilib tutib turadigan (izotermik) moslamasi bor idishlarda, quyosh nuridan himoya qiladigan soyaboni bor ochiq maydonchalarda saqlash lozim.
135. Pergidrolni qoramtir shisha yoki polietilen idishlarda saqlash kerak. Idishni toʻldirish koeffitsiyenti — 0,92 dan oshmasligi kerak. Idishlar bugʻ chiqadigan teshigi bor qopqoqlar bilan yopilishi kerak. Shisha idishdagi pergidrol shkaflarda temir yashik yoki yon devori baland tunuka tovaga solib saqlanadi.
136. Pergidrol bilan ish olib boriladigan xonalar havoni kuchli oqim bilan tortadigan alohida ventilyatsiya bilan taʼminlanishi kerak.
137. Pergidrol bugʻini ish joyidagi havoda toʻyinganligini mumkin boʻlgan oxirgi darajasi — 0,3 mg/m3 boʻlishi kerak.
138. Pergidrolning eritmalari teri va koʻzni kuydiradi, bugʻi shilliq pardani yalligʻlantiradi.
IV-bob. Dori vositasi boʻlgan gazlarni saqlashda xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
139. Muassasalarga yoki uning saqlash xonalariga qabul qilinayotgan gazli ballonlar diqqat bilan tekshirilib, quyidagilarga eʼtibor beriladi:
kislorodli ballonning rangi havo rang va “kislorod med.” yozuvi hamda zakis azotli ballonning rangi kul rang va “zakis azot” yozuvi boʻlishiga;
har bir gazli ballonda zarb qilib qoʻyilgan raqami va tekshirilganini tasdiqlovchi davlat belgisi borligiga;
himoya qalpoqlari, yorligʻi, ishlab chiqaruvchi korxonaning plombasi borligiga va ularning butunligiga (ballonda ikkita yorliq, ulardan biri plomba bilan qalpoqning ustki qismida, ikkinchisi esa qalpoq ichida boʻlishi lozim);
gazli ballondagi, yorliqdagi va qoʻshib berilgan hujjatdagi (analitik pasport) raqamlar bir-biriga toʻgʻri kelishiga (analitik pasportda raqami chiqmagan ballonlar qabul qilib olinmaydi).
har bir gazli ballonda ikki donadan qalinligi 25 mm dan kam boʻlmagan rezina halqalari borligiga.
140. Gazli ballonga uni ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan qoʻshib berilgan analitik pasportda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
taʼminlovchi korxonaning nomi;
mahsulotning nomi;
partiyaning raqami;
ishlab chiqarilgan vaqti;
shu partiyadagi har bir ballonning raqami;
mahsulotning qoʻyilgan talablarga toʻgʻri kelishi haqida xulosa.
141. Saqlash xonalaridan davolash-profilaktika muassasalariga siqilgan gaz berilganda yuk xati yoki boshqa hujjatlarda albatta berilgan partiyaning va gazli ballonning raqami yozilishi kerak.
142. Ishlatilgan gazli ballonlar ishlab chiqaruvchi korxonaga yorliq-eslatmasi oʻrnatilgan, rezina halqalari kiydirilgan, qalpogʻi yopilgan va plombalangan holda qaytariladi. Gazli ballonlarga javobgar shaxs tasdiqlagan, joʻnatuvchini shtampi urilgan, ballonlarning soni va har birining raqami yozilgan hujjat (sertifikat) qoʻshib beriladi.
2-§. Siqilgan gazli ballonlarni ishlatishda xavfsizlik talablari
143. Davolash-profilaktika muassasalarida gazli ballonlarni faqat yorligʻi bor, ishlab chiqaruvchining plombasi buzilmagan va ballonlarni raqami yorliqdagi raqamlarga toʻgʻri kelgan hollarda ishlatish lozim. Yorliq va plomba gaz ishlatilayotgan vaqtda boʻlishi kerak.
144. Portlash roʻy bermasligi uchun gazli ballon va uning joʻmragini yogʻ va moylar tegib ketishidan saqlash kerak.
145. Gazli ballon joʻmragi faqat qoʻl bilan ochiladi va qoʻl bilan yopiladi. Gazli ballon joʻmragi muzlab qolganda faqat issiq suv yoki bugʻ bilan isitib ochish kerak. Isitish uchun olov ishlatish qatʼiyan man etiladi.
146. Gazdan foydalanib boʻlgandan keyin gazli ballonning joʻmragi yopib qoʻyiladi.
147. Gazli ballonga mahkamlangan yorliqning dublikati hisoblangan yorliq-xotiranoma himoya qalpoqning tagiga oʻrnatiladi.
148. Yorliq-xotiranomani orqa tarafiga gazdan foydalangan davolash-profilaktika muassasasi tomonidan quyidagilar yoziladi:
gazli ballon raqami;
gazli ballonda qolgan gazning bosimi;
gazdan foydalangan muassasaning nomi;
gazdan toʻgʻri foydalanilganligi haqida javobgar shaxsning imzosi va sana.
149. Gazli ballondagi gazning bosimi 0,5 kgs/sm2 dan kam boʻlmasligi kerak.
150. Yorliq-eslatma qoʻyilgan himoya qalpogʻi bilan ballon yopiladi va plombalanadi.
3-§. Gazli ballonlarni saqlashda xavfsizlik talablari
151. Gazli ballonlarini notoʻgʻri saqlash yoki ularni ishlatishni bilmaslik yongʻin chiqishining manbalaridan biri hisoblanadi.
152. Gazli ballonlar maxsus saqlash xonalarida yoki yogʻingarchilik va quyosh nuridan saqlaydigan soyabonli, panjarali joylarda saqlanadi.
153. Gaz bilan toʻla ballonlar partiyasi (seriyasi) boʻyicha qopqoqlari yopilgan, plombalangan va yorligʻiga toʻgʻri kelgan holda, yotqizilgan holda orasiga qistirma (prokladka) qoʻyib yoki tikka holda maxsus toʻsiq ichida saqlanadi.
154. Har xil gazli ballonlarni birga saqlash man qilinadi.
155. Ishlatilgan gazli ballonlar toʻla gazli ballonlardan alohida, toʻldirilgan yorliq-xotiranoma qoʻyilgan qopqoqlari yopilgan va plombalangan holda saqlanadi.
156. Siqilgan gazli ballonlarni hamma turdagi transportlarda, belgilangan qoidalarga rioya qilib tashish lozim.
157. Gaz bilan toʻla ballonlarni transportga ortishda, tushirishda va tashishda, ularning tushib ketish, bir-biriga urilish, buzilish va iflos boʻlishdan saqlovchi ehtiyot choralarini koʻrish kerak.
158. Gazli ballonlarni bortli avtomobillarda tashishda:
yotqizilgan holda — ballonning aylanasi oʻlchamida kesib tayyorlangan maxsus taxtalarning ustiga, joʻmragini kuzovni ich tarafiga qilib qoʻyish kerak;
tikka holda — har bir ballonga ikki donadan qalinligi 25mm dan kam boʻlmagan rezina halqalar kiydirish va ballonlarni agʻdarilib ketmaslik choralarini koʻrish kerak;
kunning quyosh chiqib turgan vaqtida gazli ballonlarning ustiga brezent tashlash kerak.
159. Gazli ballonlar ortilgan avtomobil bortini yopish va ochishni ikki yukchi avtomobilni yon tarafida turib bajarishi kerak.
160. Gazli ballonlarni bortli avtomobildan tushirish yengil boʻlishi uchun ballonlarni tag tarafi qaragan bortni ochish kerak.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
161. Mazkur Qoidalarga rioya qilmagan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
162. Ishlarni bajarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Yakuniy qoida
163. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi va “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Ichki ishlar vaziri A. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-may
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
“Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi raisi U. SALIXBAYEVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 26-son, 310-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.06.2023-y., 10/23/1976-1/0393-son; 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)