Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
KREDIT SHARTNOMALARIDAN KELIB CHIQADIGAN MAJBURIYATLAR BAJARILISHINI TAʼMINLASH TOʻGʻRISIDAGI FUQAROLIK QONUN HUJJATLARINI QOʻLLASHNING AYRIM MASALALARI HAQIDA
Sudlar tomonidan kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17 va 47-moddalariga asosan, qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar ijrosini taʼminlash usuli hisoblangan kafillik, garov shartnomalari va kafolatdagi taraflar hamda uchinchi shaxslar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (keyingi oʻrinlarda — FK), “Garov toʻgʻrisida”gi, “Garov reyestri toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinishiga qaratilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
2. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, FKning 9-bobida koʻzda tutilgan bitimlar toʻgʻrisidagi umumiy normalar, shuningdek garov, kafillik shartnomalari va kafolatni tartibga soluvchi FKning 22-bobidagi qoidalar mazkur shartnomalarning maxsus qonunlarga zid boʻlmagan qismigagina qoʻllaniladi.
3. Bank yoki boshqa kredit tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — kredit tashkiloti) va qarz oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasidan kelib chiqadigan huquqiy munosabat kredit tashkilotining keyinchalik, kelishilgan muddatlarda, kredit berish (kredit liniyasini ochish) majburiyatini va qarz oluvchining olingan kreditni qaytarish va u boʻyicha foizlarni toʻlash majburiyatini oʻz ichiga oladi.
Bunda kredit tashkilotining qarz oluvchiga kredit summasini berish (hisobvaraqqa oʻtkazish) boʻyicha real shartnomaviy majburiyatlari shartnoma tuzilgan paytdan boshlab, qarz oluvchining foizlarni toʻlash, kreditni qaytarish boʻyicha shartnomaviy majburiyatlari esa, agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, kredit summasi real olingan paytdan boshlab vujudga keladi.
Shu munosabat bilan sudlar kredit tashkilotlari va qarz oluvchilarning taraflarni kredit shartnomasini bajarishga majburlash toʻgʻrisidagi daʼvolarini koʻrishda taraflarning tuzilgan ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari vujudga kelgan paytni inobatga olishlari lozim.
4. Kredit shartnomasi sud tartibida taraflardan birining talabi bilan boshqa taraf tomonidan shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilganda yoki vaziyat jiddiy oʻzgarganda, shuningdek qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar nazarda tutishlari kerakki, yuqori foiz stavkalarini belgilash, kreditni qaytarish yoki foiz toʻlashni kechiktirganlik uchun jarima qoʻllash, kredit valyutasi kursining oʻzgarishi kredit shartnomasining taraflardan birining talabi bilan sud tartibida oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishiga olib keladigan vaziyatning jiddiy oʻzgarishi deb hisoblanishi mumkin emas.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar kredit summalarini muddatidan oldin undirish toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisidagi talabning yoʻqligi kredit summasi va foizlarni muddatidan oldin undirish haqidagi talablarni qanoatlantirishni rad etish uchun asos hisoblanmasligini eʼtiborga olishlari lozim.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qarz oluvchilar (qarzdorlar)ning kreditlarni qaytarmaganlik uchun kredit tashkilotlari oldidagi javobgarligi doirasini aniqlashda sudlar qarz tarkibiga kreditning yoki uning bir qismining summasi, kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit shartnomasida belgilangan hajmda boshqa toʻlovlar (komissiyalar) kirishidan kelib chiqishlari zarur.
Kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit tashkiloti tomonidan qarz oluvchi (qarzdor) bankning pul mablagʻlaridan amalda foydalangan butun davri uchun, hatto aktiv (kredit/qarz) oʻstirmaslik maqomiga oʻtkazilgan taqdirda ham, pul majburiyatlarini kechiktirish davrini qoʻshgan holda hisoblanishi mumkin.
6. Kredit mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi talablardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, garov, kafillik shartnomalari hamda kafolat, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlardan tashqari, ularni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida tegishli daʼvolar mavjud boʻlgan taqdirdagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Majburiyatning bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi kelishuvning haqiqiy emasligi asosiy majburiyatning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.
Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini taʼminlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.
7. FKning 114-moddasi ikkinchi qismiga koʻra qarz (kredit) shartnomasining haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllashda sudlar qarz mablagʻlaridan foydalangan taraf kreditordan olgan mablagʻlarini qaytarishi, shuningdek ulardan foydalangan hamma davri uchun FKning 327-moddasiga muvofiq foizlar toʻlashi lozim ekanligini hisobga olishlari kerak.
8. Kredit summalari va foizlarni qaytarish toʻgʻrisidagi daʼvo qanoatlantirilganda bir vaqtning oʻzida kredit shartnomasida nazarda tutilgan va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan neustoyka ham undirilishi mumkin, agar uni undirish talab qilingan boʻlsa.
Kredit shartnomasida taraflar tomonidan kreditni qaytarishni kechiktirganlik (kredit majburiyatini buzganlik) uchun yuqori foiz turi sifatida belgilangan javobgarlik uzluksiz joriy sanksiya hisoblanadi.
9. Sudlar inobatga olishlari lozimki, kredit majburiyatlarining ijrosi kechiktirilgan davr uchun neustoyka (penya va jarima shaklida) yoki majburiyatlarning bajarilishini oʻz vaqtida taʼminlamaganlik uchun oshirilgan foizlar belgilanishidan farqli oʻlaroq, kredit shartnomasida mazkur shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi muddati kredit tashkiloti tomonidan uzaytirilgan taqdirda kreditdan foydalanganlik uchun foiz ustamasining oshirilishi (koʻpaytirilishi) nazarda tutilishi mumkin.
Kredit shartnomasi boʻyicha asosiy qarzni (yoki asosiy qarzning bir qismini) qaytarish muddati uzaytirilgan davrdagi bank foizlari ustamasining oshirilishi qarzdor tomonidan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun toʻlanadigan neustoyka yoki oshirilgan foizlar shaklidagi javobgarlik boʻlmay, sudlar tomonidan unga kredit mablagʻlaridan foydalanganlik uchun shartnomaviy toʻlov shakli sifatida qaralishi lozim.
Muqaddam kechiktirilgan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun (majburiyatlarning bajarilishi uzaytirilgan qismi ijrosi kechiktirilganligi uchun) javobgarlik choralari sudlar tomonidan kredit shartnomasida belgilangan shartlar boʻyicha qoʻllaniladi. Agar kredit shartnomasida majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari koʻrsatilmagan boʻlsa, kredit tashkilotlari FKning 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq javobgarlik choralarini qoʻllashni talab qilishga haqlidir.
10. FKning 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar qonun hujjatlarida yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda FKning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar toʻlangan boʻlishidan qatʼi nazar, qarz qaytarib berilishi kerak boʻlgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan FKning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar toʻlanishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab qaytarish kuniga qadar pul mablagʻlaridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Agar shartnomada qarz toʻlovining kechiktirilganligi munosabati bilan foizlar miqdori oshirilishi belgilangan boʻlsa, qarz mablagʻlaridan foydalanganlik uchun toʻlov oshirilgan stavka miqdori FKning 327-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq shartnomada belgilangan boshqa foizlar miqdori deb hisoblanishi lozim.
FKning 736-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar fuqarolik-huquqiy javobgarlik chorasi hisoblanadi. Koʻrsatilgan, qarz summasini qaytarishni kechiktirish munosabati bilan undiriladigan foizlar, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun qaytarish kuniga hisoblangan foizlarsiz ushbu summaga hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar daʼvogar tomonidan FKning 327-moddasiga asosan foizlarni undirish va aynan shu qonunbuzilishi uchun neustoyka undirish haqida talablar bildirilgan boʻlsa, sud oʻz xohishiga koʻra fuqarolik-huquqiy javobgarlik choralaridan birini qoʻllashi va talabni yoki foizlar undirish qismi boʻyicha, yoxud neustoyka undirish qismi boʻyicha qanoatlantirishi mumkin.
(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
11. FKning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlar kredit mablagʻlarining tegishli summasiga va shu mablagʻlardan foydalanganlik uchun foizlarga toʻlanadi.
Sudning boshqa shaxslarning pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlarni qarzdordan undirish toʻgʻrisidagi qarori foizlar hisoblangan pul summasi, shuningdek tegishincha daʼvo qoʻzgʻatilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab hisoblangan foizlar summasi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
12. Kredit shartnomasi shartlarining kredit tashkiloti tomonidan buzilganligi munosabati bilan yuzaga kelgan zararni undirish yuzasidan qarz oluvchilarning daʼvolari boʻyicha nizolarni koʻrishda sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, majburiyatlar buzilishi oqibatlariga: daʼvogar tomonidan olinmay qolgan mulk va pul mablagʻlari; koʻrilgan zararlar (shu jumladan boy berilgan foyda); daʼvogar amaldagi qonun hujjatlari va shartnomaga muvofiq umid qilishga haqli boʻlgan boshqa mulkiy huquqlar kiritilishi mumkin. Daʼvogar zararni undirish uchun majburiyatlarning buzilishi holatini, yoʻl qoʻyilgan buzilish va yuzaga kelgan zarar oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjudligini, shuningdek talab qilinayotgan zararlar (olinmay qolgan foyda) miqdorini isbotlashi kerak.
Sudlar zararni qoplashda majburiyatlarni bajarish imkonsizligi yoki bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararlar miqdorining oshishida kreditor yoki qarz oluvchining aybi bor-yoʻqligini, ular tomonidan majburiyatlar bajarilmasligidan kelib chiqqan zararni kamaytirish choralari koʻrilgan-koʻrilmaganligini tekshirishlari lozim.
13. Qonun hujjatlarining mazmuniga koʻra, qonun boʻyicha har qanday haqiqiy majburiyat garov bilan taʼminlanishi mumkin. Fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishiga yoʻl qoʻyiladigan har qanday mol-mulk (korxona, bino, inshoot, jihoz, boshqa ishlab chiqarish jamlamalari, qimmatbaho qogʻozlar, pul mablagʻlari, mulkiy huquqlar va hokazo) garov narsasi boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, garov huquqi shartnoma bilan garovga qoʻyuvchining mulki (toʻla xoʻjalik yuritishi)ga kelgusida qoʻshiladigan mol-mulkiga ham tatbiq etilishi mumkin.
Qarzdorning oʻzi ham, uchinchi shaxs ham garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.
14. Sudlar garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan kreditni qaytarish va foizlarni toʻlash toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda kredit tashkiloti va garovga qoʻyuvchi oʻrtasida mustaqil garov shartnomasi shakliga ega yoki kredit shartnomasiga tarkibiy qism boʻlib kirishi mumkin boʻlgan yozma garov shartnomasi mavjudligini aniqlashlari kerak. Oxirgi holatda kredit shartnomasining tarkibidagi garov majburiyati FKning 271-moddasi va “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida belgilangan garovning zarur huquqiy shartlarini oʻz ichiga olishi lozim.
Kredit shartnomasining tarkibiga kiritilgan garov majburiyati, agar qonun hujjatlarida bunday shartnomalarni roʻyxatga olish nazarda tutilgan boʻlsa, tegishli mol-mulk garovi shartnomasini roʻyxatga olish tartibi kabi roʻyxatga olinishi kerak.
15. Sudlar nazarda tutishlari kerakki, garovga qoʻyuvchining operativ boshqarish huquqida boʻlgan mol-mulk (koʻchar va koʻchmas) faqat mulkdorning roziligi bilan kreditorga (garovga oluvchiga) garovga berilishi mumkin. Xoʻjalik yuritish huquqi asosida shaxsga biriktirilgan mol-mulkka undiruvni qaratishda, sudlar garovga qoʻyuvchi tomonidan amaldagi qonun hujjatlarining mulkdor yoki u tomonidan vakolat berilgan organ bilan mol-mulkning alohida turlari garovini kelishish haqidagi talablariga rioya etilganligini tekshirishlari zarur.
Mazkur bandda nazarda tutilgan talablar, shuningdek qonun hujjatlarining garov shartnomasiga nisbatan qoʻyiladigan boshqa talablariga taraflar tomonidan rioya etilmasligi manfaatdor tarafning daʼvosi boʻyicha uning haqiqiy emas deb topilishiga olib keladi va kredit shartnomasidagi majburiyatlar boʻyicha garov narsasiga undiruvni qaratishga yoʻl qoʻymaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Garov toʻgʻrisidagi shartnomada garov narsasi va uning bahosi, mohiyati, miqdori va garov bilan taʼminlanadigan majburiyatning bajarilish muddati koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Unda garovga qoʻyilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi ham koʻrsatilishi shart (FKning 271-moddasi birinchi qismi).
Garovga qoʻyuvchi asosiy majburiyat boʻyicha qarz oluvchi boʻlgan hollarda, agar garov shartnomasida asosiy majburiyatni tartibga soladigan va tegishli shartlarni oʻz ichiga olgan shartnomaga havola qilish koʻrsatilgan boʻlsa, garov bilan taʼminlangan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarish muddatlari toʻgʻrisidagi shartlar kelishilgan deb tan olinadi.
Garov toʻgʻrisidagi shartnomada garovga qoʻyilgan mol-mulkning xususiy alomatlari haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, bunday shartnoma tuzilgan deb hisoblanishi mumkin emas.
17. Koʻchar mol-mulk yoki mol-mulkka boʻlgan huquqlar garovi bilan bogʻliq nizolarni hal etishda, bunday garov shartnomasi garov bilan taʼminlanadigan shartnoma FKning 271-moddasi uchinchi qismiga muvofiq notarial shaklda tuzilishi shart boʻlgan hollardagina notarial tasdiqlanishini inobatga olish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. FKning 272-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq, bino yoki inshoot ipotekasiga ayni bir vaqtning oʻzida oʻsha shartnoma boʻyicha shu bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasini yoxud uchastkaning garovga qoʻyilayotgan obyekt ishlashini taʼminlaydigan qismini yoki garovga qoʻyuvchiga qarashli boʻlgan ushbu uchastkani yoxud uning tegishli qismini ijaraga olish huquqini bir vaqtda ipotekaga qoʻygan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Nizolarni hal etishda inobatga olish lozimki, mazkur qoida bino yoki inshootni garovga qoʻyuvchi sifatida qatnashayotgan shaxs tegishli yer uchastkasining mulkdori yoki ijaraga oluvchisi boʻlgan hollarda qoʻllaniladi.
Agar garov narsasi hisoblangan bino yoki inshoot garovga qoʻyuvchining umrbod egaligida va foydalanuvida boʻlgan yer uchastkasida joylashgan boʻlsa, ipoteka shartnomasi FKning 272-moddasi toʻrtinchi qismiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq hisoblanadi.
Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma tegishli mol-mulk haqida tuziladigan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak (FKning 271-moddasi toʻrtinchi qismi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
19. Garov majburiyatlari bilan bogʻliq nizolarni hal etishda sudlar garov boʻyicha munosabatlar garov toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgan paytdan, shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilishi shart boʻlgan hollarda esa — u roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga kelishini hisobga olishlari kerak.
Ayni vaqtda shartnomaga yoki qonunga asosan garov narsasi garovga oluvchida boʻlishi lozim boʻlsa, garov huquqi garov narsasi berilgan paytdan va agar bunday topshirish shartnoma tuzilgunga qadar amalga oshirilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan paytdan vujudga keladi.
20. Agar garov majburiyati bilan bogʻliq nizoni koʻrishda javobgar tomonidan umumiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan garov narsasining barcha mulkdorlari roziligi olinmaganligi bois garovni haqiqiy emasligi haqida eʼtiroz bildirilsa, sud tegishli talabni taqdim etish huquqini tushuntirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Garov majburiyatlaridan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda shuni ham hisobga olish zarurki, qarzdor tomonidan garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) qonun hujjatlariga muvofiq garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirish olish huquqiga boshqa kreditorlarga qaraganda imtiyozga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Garov narsasi boʻlgan mulkni garovga oluvchining egaligiga topshirish imkoniyatini koʻzda tutuvchi har qanday kelishuvlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek garov bilan taʼminlangan majburiyatning voz kechish haqi yoki yangilanishi sifatida malakalanishi mumkin boʻlgan kelishuvlar bundan mustasno (FKning 342, 347-moddalari).
Oldingi tahrirga qarang.
22. Sudlarga tushuntirilsinki, qonun hujjatlariga muvofiq garovga oluvchining talabini garovga qoʻyilgan koʻchmas mol-mulk hisobidan sudga murojaat qilmasdan qondirishga, agar bu garov toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoxud undiruvni garov narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin garovga oluvchining garovga qoʻyuvchi bilan tuzilgan, notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida yoʻl qoʻyiladi. Mazkur kelishuv tufayli huquqlari buzilgan shaxsning daʼvosiga koʻra bunday kelishuv sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 37-moddasining birinchi qismiga muvofiq, ipotekaga oluvchi undiruvni ipoteka narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin oʻz talablarini sud tartibida, shuningdek suddan tashqari tartibda, agar bu ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, yoxud ipotekaga qoʻyuvchining ipotekaga oluvchi bilan tuzilgan va notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida qanoatlantirishga haqli, koʻrsatilgan moddaning uchinchi qismida sanab oʻtilgan, talablarni qanoatlantirishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda sudning qarorida garovdagi mol-mulkning nomi, joylashgan joyi, garov shartnomasida koʻrsatilgan miqdordagi boshlangʻich sotuv bahosi koʻrsatilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelgan hollarda, u taraflarning iltimosnomasi boʻyicha tayinlangan mutaxassis (ekspert)ning xulosasiga koʻra belgilanadi. Bunda mutaxassis (ekspert) sifatida baholash faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan ham jismoniy, ham yuridik shaxs qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, garovga oluvchiga berilgan garov narsasiga undiruvni qaratish tartibi garov toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq belgilanadi. Shu bilan birga, bunday shartnomaning predmeti faqat koʻchar mol-mulk boʻlishi mumkinligi hisobga olinib, shartnomada garov narsasiga nisbatan undiruvni qaratish shartlari belgilanmagan boʻlsa, bunday holda garovga qoʻyilgan mol-mulkka undiruvni qaratishning umumiy qoidasi qoʻllanilishidan kelib chiqish lozim.
25. FKning 48-moddasi birinchi qismiga muvofiq yuridik shaxs oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
FKning 281-moddasi sakkizinchi qismiga koʻra, agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplashga yetarli boʻlmasa, u qonunda yoki shartnomada boshqacha koʻrsatma boʻlmaganida, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, kreditorning asosiy shartnoma boʻyicha qarzdor boʻlmagan garovga beruvchiga talabi garov narsasining sotilishidan tushgan summa bilan chegaralanadi,
26. Sudlar undiruvni garov narsasiga qaratish toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrishda shundan kelib chiqishlari kerakki, garovga qoʻyilgan mol-mulkka mulk huquqi yoki uni xoʻjalik asosida yuritish huquqi bu mol-mulkni haq olib yoki haq olmasdan boshqa shaxsga berish natijasida yoxud universal huquqiy vorislik tartibida garovga qoʻyuvchidan boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda garov huquqi oʻz kuchida qoladi (FKning 284-moddasi birinchi qismi). Bunda, agar garovga oluvchi bilan kelishuvda oʻzgacha tartib belgilangan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchining huquqiy vorisi garovga qoʻyuvchining majburiyatlarini oladi. Garovga qoʻyuvchining mulklari bir necha shaxsga oʻtganda huquqiy vorislarning har biri garovga qoʻyilgan mol-mulkning unga oʻtgan miqdoriga mutanosib ravishda garov majburiyati boʻyicha javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Garov narsasining bu mol-mulk ishonib topshirilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda, shu jumladan kreditor (garovga oluvchi)ning roziligisiz tasarruf etilishi natijasida unga zarar yetkazilganligi holati aniqlanganda sudlar qonunda belgilangan tartibda choralarni koʻrishlari lozim.
(26-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
27. Sudlar inobatga olishlari lozimki, garovning bekor boʻlish asoslari quyidagilar hisoblanadi:
garov bilan taʼminlangan majburiyatning bekor boʻlishi;
FKning 274-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganida garovga qoʻyuvchining garovni bekor qilish haqidagi talabi;
garovga qoʻyilgan ashyoning nobud boʻlishi yoki garovga qoʻyilgan huquqning bekor boʻlishi, agar garovga qoʻyuvchi FKning 276-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalangan boʻlmasa;
garovga qoʻyilgan mol-mulkning kim oshdi savdosida sotilishi, shuningdek uni sotish mumkin boʻlmagan taqdirda (FKning 283-moddasi birinchi qismi 4-bandi).
Oldingi tahrirga qarang.
garovga oluvchi Fuqarolik kodeksi 282-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa, bundan garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilinmaganligi va talablari garov bilan taʼminlanmagan kreditorlarning oʻz talablarini qanoatlantirish uchun mazkur mol-mulkni qabul qilishni rad etganligi hollari mustasno.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Shu bilan birgalikda garov boshqa asoslar boʻyicha ham bekor boʻlishi mumkinligini inobatga olish lozim. Xususan:
garov shartnomasining bekor qilinishi munosabati bilan;
garovga oluvchidan garov narsasining jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etilganligi uchun jinoyat yoxud huquqbuzarlik predmeti sifatida olib qoʻyilishi munosabati bilan;
majburiyat boʻyicha garov bilan taʼminlangan qarzning garovga qoʻyuvchi kredit tashkilotiga yangi qarzdor uchun javob berishga rozilik bildirmaganida boshqa shaxsga oʻtkazilishi munosabati bilan;
garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish jarayoni undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishning suddan tashqari tartibida tugaganda va boshqalar.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Kafillik — uchinchi shaxsning boshqa shaxs kreditori oldidagi mazkur shaxsning kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlari boʻyicha toʻla yoki qisman javobgar boʻlish majburiyatidir.
Kafillik shartnomasi boshqa shaxsning kreditori va kafil oʻrtasida tuziladi, Kafillik shartnomasi boʻyicha majburiyatning mazmuni qarzdor asosiy majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda kafilning qarzdor bilan birga kreditor oldida javob berish majburiyati hisoblanadi.
29. Kafillik alohida shartnoma bilan rasmiylashtirilishi, shuningdek kafillik toʻgʻrisidagi shartlar ular bilan qaysi shartnoma majburiyatlari taʼminlanayotgan boʻlsa, shu shartnomaga kiritilishi mumkin. Bunday holda shartnoma kreditor, qarzdor va kafil tomonidan imzolanadi.
Ayni paytda sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, kreditorning (bank yoki boshqa kredit tashkilotining) vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolangan, muhr bilan tasdiqlangan, qarzdor va kafil oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasi uch tomonlama bitim hisoblanishi mumkin.
30. Qonunga muvofiq qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yeki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa (FKning 293-moddasi birinchi qismi).
Asosiy majburiyat boʻyicha qarzdorning javobgarligiga nisbatan kafil majburiyatining solidarligi kreditorning asosiy majburiyat boʻyicha ham qarzdorga, ham kafilga, ham birgalikda, ham alohida, ham toʻla, ham qarzning qismiga nisbatan oʻz talablarini taqdim etishga haqli ekanligini anglatadi.
Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi.
Kreditor tomonidan daʼvo bir vaqtning oʻzida kafil va qarzdorga nisbatan qarzdor tomonidan asosiy majburiyat bajarilmaganligi munosabati bilan taqdim etilib, solidar javobgarlik toʻgʻrisidagi qoidalarni qoʻllash lozim boʻlgan hollarda, bunday javobgarlik faqat kafil yoki faqat qarzdorga yuklatilishi mumkin emas. Kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob berishlari kerak.
Kreditorning kafilga nisbatan daʼvosini koʻrishda asosiy qarzdorni ishda ishtirok etish uchun jalb qilish haqida kafilning iltimosnomasi mavjud boʻlgan taqdirda, sud bunday iltimosnomani qanoatlantirishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Sudlar inobatga olishlari lozimki, kafil kreditorning talablariga qarshi oʻz eʼtirozlarini bildirishga haqli. Kafilning eʼtiroz bildirish imkoniyatlari faqat qarzdorning asosiy majburiyatlari boʻyicha bildirishi mumkin boʻlgan eʼtirozlari doirasida cheklanadi (FKning 294-moddasi). Kafilning koʻrsatilgan kreditor talablariga qarshi eʼtirozlarga boʻlgan huquqi qarzdorning asosiy majburiyat boʻyicha qarzni tan olganligi yoki kreditor talablariga qarshi qandaydir eʼtirozlardan voz kechganligi hollari bilan yoʻqolmaydi (FKning 294-moddasi birinchi qismi).
32. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, FKning 295-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar qonunda yoki kafil bilan qarzdor oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, majburiyatni bajargan kafilga kreditorning ushbu majburiyat boʻyicha huquqlari hamda garovga oluvchi sifatida kreditorga tegishli boʻlgan huquqlar kafil kreditorning talabini qancha hajmda qanoatlantirgan boʻlsa, shuncha hajmda oʻtadi. Kafil kreditorga toʻlangan summaga foizlar toʻlashni va qarzdor uchun javobgarlik munosabati bilan koʻrgan boshqa zararlarini toʻlashni qarzdordan talab qilishga haqli.
33. Kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajargan qarzdor tomonidan bu haqda kafilni darhol xabardor qilish majburiyatini yuklash shartligi toʻgʻrisidagi norma kafilning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya etishga xizmat qiladi. Qarzdor tomonidan ushbu majburiyat buzilganda, qarzdordan keyin kafil ham kreditor talablarini qondirsa, kafil oʻz tanloviga koʻra qarzdorga regress talablarini qoʻyish yoki asossiz olinganni kreditordan undirib olish huquqiga ega boʻladi. Agar kafil regress talablarni qoʻysa va qarzdordan kreditorga toʻlangan summani olsa, qarzdor asossiz olingan summa uchungina kreditorga murojaat qilishi mumkin (FKning 296-moddasi).
Asosiy qarzdor kreditorga nisbatan boʻlgan eʼtirozlarini, agar qarzdor majburiyatni bajarganligi toʻgʻrisida kafilni xabardor qilmagan boʻlsa kafilning regress talabiga qarshi qoʻyishga haqli emas.
34. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, kafil uchun javobgarlikning oshishiga yoki boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda asosiy majburiyat kafilning roziligisiz oʻzgartirilgan boʻlsa, asosiy majburiyatga oʻzgartirish kiritilgan paytdan kafillik bekor boʻladi. Asosiy majburiyatning oʻzgarishi uning uchun javobgarlikning oshishiga yoki boshqa noqulay oqibatlarga olib kelganligini isbotlash majburiyati kafilga yuklatiladi.
35. Kafillikning bekor boʻlish asoslari quyidagilar hisoblanadi:
kafillik bilan taʼminlangan asosiy majburiyatning bekor boʻlishi;
kafillik bilan taʼminlangan asosiy majburiyat kafilning roziligisiz javobgarlikning oshishiga yoki uning uchun boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda oʻzgartirilishi;
basharti, kafil yangi qarzdor uchun javobgar boʻlish haqida kreditorga rozilik bermagan boʻlsa, kafillik bilan taʼminlangan asosiy majburiyat boʻyicha qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishi;
kreditorning qarzdor yoki kafil taklif etgan tegishli ijroni qabul qilishdan bosh tortishi;
kafillik berilgan (yoki qonun bilan belgilangan) muddatning oʻtishi, agar kreditor shu muddat ichida kafilga daʼvo qoʻzgʻatmagan boʻlsa (FKning 298-moddasi).
Asosiy majburiyat boʻyicha qarzning oʻtkazilishi munosabati bilan kafil, agar uning oʻzi bunga rozi boʻlmasa, yangi qarzdor uchun javob bermaydi (FKning 322-moddasi).
Agar asosiy majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan va belgilanishi mumkin boʻlmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilangan boʻlsa, kreditor kafillik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kafilga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatmagan taqdirda kafillik bekor boʻladi (FKning 298-moddasi).
36. FKning 298-moddasi uchinchi qismiga asosan kafillikning amal qilish muddati tugashi kafillikni bekor qilishga asos hisoblanganligi uchun kreditorning kafilga kafillik shartnomasining amal qilish muddatidan keyin qoʻygan talabi majburiyat tugaganligi asosida rad qilinishi lozim.
Asosiy majburiyat boʻyicha daʼvo muddatlarining oʻtishi kafilni javobgarlikka tortish imkoniyatini yoʻqotadi.
37. Kafolatga binoan bank, boshqa kredit muassasasi yoki sugʻurta tashkiloti (kafil) boshqa shaxs (prinsipal)ning iltimosiga koʻra kafil oʻz zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori (benefitsiar) pul summasini toʻlash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga toʻlash haqida prinsipalga bir tomonlama yozma majburiyat beradi. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, kafolat boʻyicha faqatgina bank, boshqa kredit muassasasi, sugʻurta tashkiloti kafil beruvchi boʻla oladi.
38. Sudlarga tushuntirilsinki, prinsipal va kafil oʻrtasida yozma kelishuvning yoʻqligi kafilning benefitsiar oldidagi kafolatlangan majburiyatini haqiqiy emas deb topishga olib kelmaydi, Kafilda benefitsiar oldidagi kafolatlangan majburiyat uning bir tomonlama yozma majburiyati asosida vujudga keladi.
39. Majburiyatning bajarilishini taʼminlash uchun berilgan kafolatda nazarda tutilgan majburiyat asosiy majburiyatdan mustaqil hisoblanadi. Kafil prinsipalning javobgarligidan qatʼiy nazar, benefitsiar oldida javobgar boʻladi. Agar kafolat matnida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, kafilning benefitsiar oldidagi majburiyati benefitsiar asosiy majburiyatni bajarish talabi bilan prinsipalga dastlab murojaat qilmagan boʻlsa ham, benefitsiarning talabi boʻyicha bajarilishi lozim.
40. FKning 302-moddasida nazarda tutilgan kafolatning chaqirib olinmasligi shuni ifodalaydiki, u barcha manfaatdor taraflarning, xususan benefitsiarning roziligisiz oʻzgartirilishi, toʻldirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas, agar unda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa.
Agar kafolat shartlarida uning chaqirib olinishi nazarda tutilgan boʻlsa, benefitsiar tomonidan talabnoma taqdim etilgan taqdirda kafil uni chaqirib olish huquqidan mahrum boʻladi.
41. Sudlar kafildan kredit summalarini undirish toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrishda shundan kelib chiqishlari lozimki, kafolatda nazarda tutilgan kafilning benefitsiar oldidagi pul majburiyati kafolatda koʻrsatilgan summa bilan cheklanadi. Agar kafolatda kafilning javobgarligini cheklash toʻgʻrisida biror-bir shart mavjud boʻlmasa, unga FKning 24-bobidagi majburiyatni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi umumiy qoida va talablar qoʻllaniladi.
42. Sudlar kafildan qarzni undirish toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda shuni eʼtiborga olishlari lozimki, kafolat hujjatli, yaʼni kafolat hujjatlarida koʻrsatilgan va benefitsiarning pul summasini toʻlash haqidagi talabnomasiga qarshi bajariladigan bitim hisoblanadi. Agar kafolatda benefitsiar tomonidan taqdim etilishi zarur boʻlgan hujjatlar koʻrsatilmagan boʻlsa, kafolat boʻyicha toʻlov benefitsiar tomonidan taqdim etilgan toʻlov toʻgʻrisidagi oddiy talabnomaga qarshi amalga oshirilishi kerak.
43. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, FKning 309-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan kafolat boʻyicha majburiyatning bekor boʻlish asoslari roʻyxati tugal hisoblanmaydi. Kafolat FKning 25-bobida nazarda tutilgan majburiyatlar bekor boʻlishining umumiy asoslari boʻyicha ham bekor boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
431. Sudlar kredit shartnomalari boʻyicha asosiy qarz va boshqa toʻlovlarni sugʻurta tashkilotidan undirish bilan bogʻliq nizolarni hal etishda sugʻurta shartnomasida belgilangan sugʻurta hodisasi haqiqatda sodir boʻlganligi, bu holatni tasdiqlovchi dalillarning mavjudligi va qonuniyligiga eʼtibor qaratishlari lozim.
(431-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
44. Sudlarga kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar ijrosini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining tatbiq etilishi bilan bogʻliq amaliyotni muntazam umumlashtirish, kredit munosabatlari sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishi hollariga xususiy ajrim va taqdimnomalar bilan munosabat bildirib borish lozimligi uqtirilsin.
Toshkent sh.,
2006-yil 22-dekabr,
13/150-son