Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI FAN VA TEXNOLOGIYALARNI RIVOJLANTIRIShNI MUVOFIQLAShTIRISh QOʻMITASINING
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI FAN VA TEXNOLOGIYALARNI RIVOJLANTIRIShNI MUVOFIQLAShTIRISh QOʻMITASINING
Qarori
XOʻJALIK BOShQARUV ORGANLARI VA KORXONALARNING MODERNIZATSIYA VA YaNGI TEXNOLOGIYALAR JAMGʻARMASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 12-mayda 1955-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 16-sentabrdagi 403-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1955-1, 16.09.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–916-sonli qarorining 6-bandiga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 29-30-son, 280-modda) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik boshqaruv organlari va korxonalarning modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-aprel,
48-son
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-aprel,
71-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi raisi Sh. SALIXOV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-aprel,
5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasining 2009-yil 24-apreldagi 48, 71, 5-sonli qarorlari bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Xoʻjalik boshqaruv organlari va korxonalarning modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–916-sonli qaroriga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 29-30-son, 280-modda) xoʻjalik boshqaruv organlari va korxonalar (keyingi oʻrinlarda — xoʻjalik yurituvchi subyekt) tomonidan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni, innovatsion loyihalarni ishlab chiqish, tajriba-konstruktorlik ishlari va ularni ishlab chiqarish jarayoniga joriy qilish ishlarini moliyalashtirish uchun tashkil qilingan modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibini belgilaydi.
I. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
1. Jamgʻarma faqat ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion texnologiyalar yutuqlaridan foydalangan holda, tovar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardagina tashkil qilinadi.
2. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sof foydasi va amortizatsiya ajratmalarining bir qismidan;
buyurtmachilarning maqsadli tushumlaridan.
Bunda, jamgʻarmani shakllantiruvchi ajratmalarning miqdori xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan mustaqil belgilanadi.
3. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan Jamgʻarmaning mablagʻlarini toʻplash xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan unga xizmat koʻrsatadigan tijorat banklaridan birida ochiladigan maxsus hisob raqamida amalga oshiriladi.
II. Jamgʻarmani boshqarish va Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilish
4. Jamgʻarma boshqaruvining oliy organi xoʻjalik yurituvchi subyektning Ilmiy-texnik kengashi (keyingi oʻrinlarda – Ilmiy-texnik kengash) hisoblanadi.
Ilmiy-texnik kengash tarkibi xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Ilmiy-texnik kengashni ushbu kengash raisi hisoblanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining birinchi (yoki birinchi maqomidagi) oʻrinbosari boshqaradi.
5. Ilmiy-texnik kengash quyidagilar haqidagi qarorlarni qabul qiladi:
Jamgʻarma mablagʻlaridan loyihani moliyalashtirishni qabul qilish yoki loyihani moliyalashtirishdan voz kechish;
loyihani qayta ishlashga yoki qoʻshimcha ekspertizaga joʻnatish.
Ilmiy-texnik kengash qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi, raisning imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
6. Ilmiy-texnik kengash koʻrib chiqishi uchun loyihalar xoʻjalik yurituvchi subyektning ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshiruvchi tarkibiy tuzilmalari tomonidan kiritiladi.
7. Ilmiy-texnik kengash Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan loyihalarni quyidagilarga alohida eʼtibor qaratgan holda ilmiy-texnik ekspertizadan oʻtkazadi:
loyihaning dolzarbligi va qoʻyilgan masalalarni hal qilishga yondashuvining aniqligi;
tavsiya qilingan innovatsion va ilmiy-amaliy ishlar natijalarining amalda qoʻllash imkoniyatlari;
loyiha xarajatlar smetasining asoslanganligi, uni amalga oshirishning davomiyligi va mazkur loyihaning oʻz-oʻzini qoplash muddatlari.
8. Jamgʻarmadan mablagʻlarni ajratish xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarini qaroriga asosan tasdiqlangan smeta doirasida amalga oshiriladi.
III. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan:
ilmiy-amaliy tadqiqotlarni;
innovatsion loyihalarni;
tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini hamda ularni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etishni moliyalashtirishda foydalaniladi.
10. Jamgʻarmaning joriy yilda ishlatilmagan mablagʻlar qoldigʻi keyingi yilga oʻtkaziladi.
11. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflanishi maxsus hisob raqamidan xoʻjalik yurituvchi subyektning yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan Jamgʻarma mablagʻlarining tushum va xarajatlar smetasiga asosan amalga oshiriladi, qonunda belgilangan boshqa holatlar bundan mustasno.
IV. Jamgʻarma mablagʻlari tushumi va xarajatlari smetasini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
12. Jamgʻarmaga kelgusi yilda kelib tushishi kutilayotgan pul tushumini umumiy hajmini aniqlashda xoʻjalik yurituvchi subyektlari, Jamgʻarmada rejalashtirilayotgan yil boshiga qoladigan qoldiqni va qonunchilikdagi oʻzgarishlarni eʼtiborga olgan holda oxirgi ikki yildagi tushumlarning dinamikasidan kelib chiqqan holda yil davomida tushishi kutilayotgan tushum hajmini hisobga olishlari lozim.
13. Smetaning xarajatlar qismi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi” 54-sonli qaroriga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 1999-yil, 2-son, 9-modda), unda nazarda tutilgan xarajatlar guruhlari boʻyicha xarajatlar yoyilmasini va ular asosidagi hisob-kitoblarni toʻla ilova qilgan holda tuziladi.
14. Jamgʻarma mablagʻlari tushumlari va xarajatlarining yigʻma smetasi (yil davomida kiritiladigan oʻzgarishlarni inobatga olib) xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbari tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
15. Tanlab olingan loyihalar roʻyxatidan kelib chiqqan holda Ilmiy-texnik kengash Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlari dastlabki yigʻma smetasini tuzadi va xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
V. Yakuniy qoidalar
16. Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanishni nazorat qilish Ilmiy-texnik kengashni boshqaruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbari birinchi (yoki birinchi maqomidagi) oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
17. Jamgʻarma mablagʻlarini toʻgʻri shakllantirish va maqsadli foydalanish uchun javobgarlik xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariga yuklatiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 19-20-son, 244-modda)