OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
KANOP-JUT ISHLAB CHIQARISH KORXONALARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 6-mayda 1951-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Kanop-jut ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiritiladi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 3-aprel,
13-1/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 3-apreldagi 13-1/B-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Kanop-jut ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq kanop-jut ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha turdagi kanop-jut ishlab chiqarishi korxonalariga (bundan keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Ushbu Qoidalar qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalari, Davlat standartlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish korxonaning xavfsizlik texnikasi boʻyicha xizmati (muhandisi) zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Kanop-jut ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (1996-yil 14-avgust, roʻyxat raqami 273) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga muvofiq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ishlovchilar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi korxonalarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Ishlovchilar soni 50 dan kam boʻlgan korxonalarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish korxona rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga korxonada mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Korxonalarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra korxonaning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda korxonaning faoliyati tugatilgan taqdirda tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Korxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
11. Korxonalarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlari sinovdan oʻtkazilishi lozim.
12. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq ishchilar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
13. Korxonalarda zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
14. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik elektr, uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
15. Kanop-jut ishlab chiqarish korxonalarining xodimlari “Paxta tozalash va kanop-jut ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoyalanish vositalarini bepul berishning Namunaviy meʼyorlari”ga (roʻyxat raqami 1925, 2009-yil 18-mart – Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 12-son, 138-modda) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
16. Yakka tartibdagi himoya vositalari quyidagi turlarga boʻlinadi:
maxsus kiyim-kechak;
maxsus poyabzal;
maxsus bosh kiyimi;
nafas aʼzolarining himoya vositalari;
qoʻlni himoyalash vositalari;
bosh uchun himoya vositalari;
eshitish aʼzolarini himoya qilish vositalari;
koʻzni himoya qilish vositalari.
17. Korxona maʼmuriyati xodimlarni belgilangan meʼyorlarga muvofiq, kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi, ulardan foydalanish muddatlariga hamda saqlash, yuvish, tozalash va taʼmirlash boʻyicha zaruriy shartlariga rioya qilinishini taʼminlagan holda yakka tartibdagi himoya vositalarini berish hisobini yuritishi shart.
4-§. Kasbiy tanlov
18. Korxonalarda kasbiga koʻra tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
19. Korxona mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga, kanop-jut mahsulotlarini ishlab chiqarishni unga qoʻyilgan talablarga javob beradigan darajada tashkil etish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim.
20. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori boʻlgan boshqa ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
21. Oʻta xavfli ishlarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
22. “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlangan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxati”ga (2001-yil 9-iyun, roʻyxat raqami 1040) muvofiq 18 yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
23. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (2000-yil 5-yanvar, roʻyxat raqami 865) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega boʻlgan ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
24. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Tibbiy koʻriklar korxonaning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik korxonaning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, korxona maʼmuriyati ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
6-§. Sanitariya va gigiyena talablari
29. Korxonalarning ishlab chiqarish xonalari quyidagi sanitariya qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:
ish zonasida havodagi zararli moddalarning miqdori GOST 12.1.005-2000 SSBT “Ish zonasidagi havo. Umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga binoan ruxsat etilgan eng koʻp toʻyinganlik darajasidan oshmasligi;
ishlab chiqarish xonalarida ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish xonalarida shovqin va tebranma darajasi GOST 12.1.003-89 SSBT “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.1.012-90 SSBT “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablarida belgilangan miqdordan oshmasligi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarning, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorugʻligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga javob berishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi;
Keyingi tahrirga qarang.
xonalarda yoritish asboblari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega va singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi;
elektr tokining odamga taʼsir etishini oldini olish boʻyicha xavfsizlik talablari GOST 12.1.019-86 SSBT “Elektr xavfsizlik. Umumiy talablar”ga javob berishi;
statik elektrdan himoya qilish tadbirlari GOST 12.1.18-93 SSBT “Statik elektr. Uchqun xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
7-§. Ishlab chiqarish binolari va xonalariga qoʻyiladigan talablar
30. Korxonalarni ishlab chiqarish binolarini qurish, qayta qurish va taʼmirlash ishlari QMQ 3.01.02-00 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi” qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Korxonaning barcha hududi toza saqlanishi lozim. Yoʻllar, oʻtish yoʻllari va binolar, qurilmalar hamda inshootlar orasidagi hududlarda materiallarni saqlash, ularga uskunalar yoki ishlab chiqarish chiqindilarini taxlab qoʻyish man etiladi.
32. Korxona hududida chekishga faqat maxsus ajratilgan, “Sanoat korxonalarida yongʻin xavfsizligi boʻyicha namunaviy qoidalar” SHMQ 2.01.02-04 ga muvofiq jihozlangan joylarda ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Ishlab chiqarish xonalari va omborxonalar avtomatik ravishda yongʻinni oʻchirish vositalari va avtomatik yongʻindan xabar beruvchi signalizatsiya bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
34. Korxona maʼmuriyati binolar va inshootlarni saqlash, ularni ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishi shart.
35. Ishlab chiqarish xonalarida havo oqimini boshqaruvchi uskunalar va harorat, namlik, tozalanish samaradorligi va filtrlarda bosim oʻzgarishini oʻlchash moslamalari bilan jihozlangan ventilyatsiya tizimi mavjud boʻlishi lozim.
8-§. Maishiy xonalarga qoʻyiladigan talablar
36. Korxonalarda “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy xonalari” QMQ 2.09.12-98 talablari va mazkur Qoidalarga muvofiq sanitariya-maishiy va qoʻshimcha xonalar qurilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Maishiy va qoʻshimcha binolarni loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
37. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni, smenadagi eng koʻp xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
38. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
39. Yuvinish xonalarida elektr quritgichlar, koʻzgu, kiyim ilgichlar, sovun uchun idishlar, shuningdek eng koʻp xodimlar ishlovchi smenada 40 kishiga bitta qurilma hisobidan kelib chiqqan holda qoʻlni xlorli eritmada yuvish moslamasi koʻzda tutilishi lozim.
40. Maxsus kiyimni yuvish uchun korxonalarda kir yuvish xonalari nazarda tutilgan boʻlishi lozim. Kir yuvish xonalarining tarkibi va maydoni aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalarini loyihalashtirish boʻyicha qurilish meʼyorlari va qoidalariga binoan belgilanishi lozim.
41. Garderoblar koʻcha va ish kiyimlarini saqlash uchun moʻljallangan boʻlishi lozim.
9-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiyaga boʻlgan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
42. Tashqi suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarining joylashishi “Sanoat korxonalarining bosh loyihasi” QMQ va sanoat korxonalarini loyihalash sanitariya meʼyorlariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Ishchilarni ichimlik suv bilan taʼminlashni “Sanoat korxonalarining yordamchi binolari va xonalari” QMQ talablarini hisobga olgan holda loyihalash kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Agar ichimlik suvining sifati xavfsizlikni taʼminlay olmasa, maxsus xona ajratilib, unda qaynatib sovutilgan suv yoki issiq choy sifatida tarqatiladi.
45. Ichimlik suv saqlanadigan idishlar zanglamaydigan va yengil tozalanadigan va dezinfeksiyalanuvchi materiallardan hamda zichlab berkitiladigan boʻlishi lozim.
46. Ichishga tarqatiladigan suvning harorati 20°S dan koʻp va 8°S dan kam boʻlmasligi va qaynatilgan suv har smenada kamida bir marta yangilanib turilishi kerak.
10-§. Ish joylari va xonalarni yoritishga boʻlgan talablar
47. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarning tabiiy yoritilishi “Tabiiy yoritish. Loyihalash meʼyorlari” QMQ talablariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Yoritish uskunalarini oʻrnatishda qandillarning turlari, lampalarning quvvati va ularning joylashishi tasdiqlangan loyihaga mos boʻlishi kerak.
49. Bir tekis taqsimlangan umumiy yorugʻlik qandillari mashinalar guruhi orasidagi yoʻlaklarda, poldan 4,5-6 m. balandlikda, lokallashgan umumiy yorugʻlik qandillari esa ish kameralari tarafidan dastgohlarni boshqarish balandligida va operator tarafidagi maydonchadan 2-2,5 m. balandlikda joylashtiriladi.
50. Ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo omborlari va yuk tushirish-ortish maydonlari qoʻshimcha ravishda koʻchma yoritish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
51. Ishlab chiqarish laboratoriyasida yoritishning kombinatsiyalashgan (umumiy va mahalliy) yoki lokallashgan sistemasini qoʻllash kerak.
52. Korxonalarning asosiy ishlab chiqarish sexlariga, laboratoriyalariga, tarozixonalariga lyuminessent lampalar qoʻyilishi kerak. Bunda asosiy texnologik sexlarda oq rang beruvchi (LB) lampalar, laboratoriya va tarozixonalarda LDS-1 va LD turdagi lampalar ishlatiladi.
53. Yengil alangalanuvchi va yonuvchan suyuqliklar omborida, hamda akkumulyatorlarni zaryadlash xonalarida faqat portlashdan himoyalangan qandillar ishlatiladi.
54. Barcha ishlab chiqarish sexlarida tabiiy yorugʻlik maksimal qoʻllanishi kerak.
55. Qandillarni, oynalarni, fonar va shunga oʻxshashlarni muntazam ravishda har oyda bir marta yuvuvchi moddalar bilan tozalab turiladi. Kuygan lampalarni almashtirish, bu ishlarni bajarishda xavfsizlikni taʼminlovchi uskuna va moslamalar yordamida bajariladi.
56. Qandillarni oʻrnatish va tozalash, lampalarni almashtirish hamda elektr tarmoqlarini sozlash ishlari elektr toki oʻchirib qoʻyilgan holda va bu ishlarni bajarishga ruxsati bor shaxs tomonidan bajarilishi kerak.
57. Kuygan lampalarni yoritish uskunalarining loyihasida koʻrsatilgan mos quvvatli lampa bilan almashtirish kerak.
58. Yoritish uskunalarini toʻgʻri ishlatish va texnik holatini nazorat qilish zavod boʻyicha buyruq bilan tayinlangan va texnik tayyorgarligi yetarli boʻlgan shaxsga topshiriladi.
III. Ishlab chiqarish (texnologiya) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Xom ashyo tayyorlashda xavfsizlik talablari
59. Lenta harakatlanadigan roliklarni faqat transportyor toʻxtaganda moylash mumkin.
60. Toʻsiqlari yechilgan holatda transportyorni yurgizishga yoʻl qoʻyilmaydi.
61. Transportyorni yurgizishdan oldin ogohlantirish signali chalinishi kerak.
62. Xom ashyoni tayyorlash va hoʻllash sexlarida ichki oʻtish joylarining kengligi aravacha va odamlarning xavfsiz harakatlanishi uchun yetarli kenglikda boʻlishi kerak.
63. Ishning xavfsizligini taʼminlash uchun aravachalarning tormoz va tovushli signallari holatini doimo kuzatib borish va nosozliklarni oʻz vaqtida tuzatib turish lozim.
2-§. Kanopni quritishda xavfsizlik talablari
64. Bugʻli quritgichlardan foydalanilganda ishchi zonasidagi barcha bugʻ quvurlarini shlaktola bilan oʻrash va yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori bosimga moʻljallangan manometr, berkituvchi ventil va saqlovchi klapanlar hamda kondensat chiqarib turuvchi kran bilan taʼminlash zarur.
65. Quritgich ishlatilganda kameradagi havo harorati meʼyordan oshib ketmasligi kerak. Oʻrnatilgan darajadan harorat oshib ketganda (issiqlik signali paydo boʻlganda) oʻtxonadagi issiq gaz joʻnatishni darhol toʻxtatish kerak.
66. Yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun quritgich oʻt oʻchirish jihozlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
3-§. Xom ashyoga mexanik ishlov berishda xavfsizlik talablari
67. Oʻrash barabanlarining kichik yon tomonidagi kirish tirqishlarini tozalash va yigʻilib qolgan tola hamda oʻzaklarni olib tashlash faqat mashina toʻliq toʻxtagandan soʻng ruxsat etiladi.
68. Smena masteri har smenada kamida 2-3-marta, hamda bosh muhandis va bosh mexanik har sutkada kamida 1-marta mashinani va ayniqsa uning silkitish qismini koʻzdan kechirib turishlari kerak.
69. Kamera yoki qutilardagi eshikchalar tolaning ichki bosimidan ochilib ketmasligi uchun ishonchli ilgaklar boʻlishi kerak. Ularning ishonchliligi ish boshlanishidan oldin tekshirilishi zarur.
70. Nafas olish organlari va koʻzlarni himoya qilish uchun press yonida F-146 respirator va changga qarshi koʻzoynakda ishlash kerak.
71. Uzun va qisqa tolani navlarga ajratish sexida changni yoʻqotish uchun chang yutgichlar qisqa tola navlarga ajratiladigan, uzun tola ajratilgan stol va presslash qutisini yuklash joyida oʻrnatiladi.
72. Sex ichiga yetarlicha toza havo yetkazish uchun, chiqarib tashlash zonasini havo olinadigan joydan kamida 5-8 m. balandda joylashtirish zarur.
4-§. Shovqin va titrashga qoʻyiladigan talablar
73. Ish joylarida shovqin belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlganda uni kamaytirish uchun quyidagi tadbirlar qoʻllaniladi:
a) detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga oʻzgartirish;
b) shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga izolyatsiyalovchi qobiqlar oʻrnatish;
v) agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush soʻndirgichlar qoʻllash;
g) shovqinli uskunalarni (ventilyator, kompressor) izolyatsiyalangan xonalarda yoki sexdan tashqarida joylashtirish;
d) ishchilar dam olishi uchun shovqindan izolyatsiyalangan xonalar tashkil qilish;
74. Ishlab chiqarish xonalarida shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji boʻlmasa, unda shovqindan shaxsiy himoyalanish vositalari yordamida saqlanish kerak.
5-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
75. Ishlab chiqarishda qoʻllanilmagan yongʻin va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash taqiqlanadi.
76. Texnologik obyektlarda portlash xavfliligi holati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatilishi lozim.
77. Texnologik jarayonlar joylashtirilgan binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq meʼyorlari”ga muvofiq har bir aniq holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
78. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yongʻinlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi hamda atrof muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va shu kabi) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan shart-sharoitlar taʼminlanishi lozim.
79. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, maʼmuriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
80. Ventilyatsiya tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi lozim.
6-§. Omborlarga va yuk ortish-tushirish maydonchalariga qoʻyiladigan talablar
81. Korxona hududiga keladigan materiallar va uskunalar uchun shu maqsadga ajratilgan va tayyorlangan maxsus omborlar va yuk ortish-tushirish maydonchalari boʻlishi va ularning tuzilishi va joylashishi “Umumiy maqsadlar uchun ombor binolari va inshootlari” QMQ talablariga mos boʻlishi kerak.
82. Omborlarda materiallarni taxlash usullari yoritilgan mehnatni muhofaza qilish va yongʻin profilaktikasi boʻyicha yoʻriqnomalar koʻrinarli joyga osib qoʻyiladi. Bu yoʻriqnomada ushbu omborda qanday materiallar, qancha miqdorda, qanday idishda saqlanishi mumkinligi koʻrsatiladi. Koʻrinarli joylarga yuklarni joylash va ortish sxemasi osib qoʻyiladi.
83. Kanop tolasi toyini, tola chiqindilarini, qurilish materiallari, toylarning tasmalari, oʻrash materiallari va boshqa materiallarni alohida omborlarda saqlashni tashkil etish kerak.
84. Korxonalardagi yuk ortish-tushirish estakadalari, maydonchalari, platforma pollari vagon poli yoki avtomobil kuzovi tekisligi bilan barobar boʻlishi kerak.
85. Yuk ortish maydonchasi perimetri boʻyicha (bundan yuk tashish transporti yoʻli mustasno) balandligi 30 sm. li mustahkam himoyalovchi toʻsiq bilan toʻsiladi.
86. Kalsiy karbidi zaxirasi quruq, yaxshi shamollatiladigan, yonmaydigan va tashqaridan yoritiladigan xonalarda saqlanishi kerak.
87. Kalsiy karbidini yertoʻlalarda saqlash taqiqlanadi.
88. Bitta omborda kalsiy karbidi barabanlari bilan birga, siqilgan gaz toʻldirilgan ballonlar hamda kislorodli ballonlar va yonuvchi gazlar saqlanishi taqiqlanadi.
89. Kislota alohida xonada saqlanishi kerak. U xonada faqat distillangan suv boʻlishi mumkin.
7-§. Yuklarni koʻtarish va tushirishda xavfsizlik talablari
90. Qoʻlda koʻtarish va tashishda belgilangan meʼyorlaridan ortiq yuklarni koʻtarish va tashish ishlari mexanizatsiyalashtirilishi kerak.
91. Barcha mexanizm va yuk koʻtarish uskunalari “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Yuk koʻtarish kranlarini xavfsiz ishlatish Qoidalari”ga mos boʻlishi kerak.
92. Yukni iluvchilar ishi, shu ishlarni xavfsiz bajarish yoʻriqnomasiga binoan bajarilishi kerak.
93. Kanop toylari, bogʻlam va shu kabi narsalarni elektrotelfer bilan koʻtarishda ilgakni koʻtarish chegaralagichi boʻlishi kerak.
94. Elektrotelfer ilgagiga toylarni tushib ketishining oldini oluvchi himoya qurilmalarini oʻrnatish lozim.
95. Yuklarni koʻtarish va tashish vaqtida tugun va sirtmoqlarni toʻgʻrilash va sirpanib ketgan arqonni toʻgʻrilash taqiqlanadi.
96. Yuk koʻtarish uskunasiga koʻtarishi mumkin boʻlgan yukning ogʻirligi, oʻtkazilgan sinovning vaqti va kelgusi sinov vaqti yozib qoʻyiladi.
97. Transport vositalari oʻlchamlari va konstruksiyasi, tashiladigan yukning oʻlchamiga mos boʻlishi kerak.
8-§. Chilangarlik ishlariga qoʻyiladigan talablar
98. Chilangarlik ishlarining barcha asboblari faqat soz holda ishlatilishi kerak. Sexda chilangarlik asboblarini saqlash, topshirish va qabul qilib olishning qattiq nazorati va tartibi oʻrnatilishi kerak.
99. Sex maʼmuriyati chilangarlarga berilayotgan asboblarning sifatini har kuni, ish joylaridagi va omborlardagi barcha asboblarning sifatini esa kamida bir oyda bir marta tekshirib turishi kerak. Tekshirish vaqtida aniqlangan nosoz asboblar yigʻib olinib, alohida saqlanadi.
100. Egovlarning va metall arralovchi qoʻl arralarning dastaklari asbobning oʻlchamlariga mos boʻlishi va mahkam ushlab turuvchi halqalari boʻlishi kerak.
9-§. Elektr payvandlash ishlariga qoʻyiladigan talablar
101. Elektr payvandlash uskunalarining tok ostida boʻlmagan metall qismlari (transformatorlar, generatorlar qobiqlari) hamda payvandlanayotgan konstruksiyalar va buyumlar yerga ulanishi kerak.
102. Elektr payvandlash ishlarini boshlashdan oldin simlarning va elektr dvigatellarining izolyatsiyalarini hamda barcha kontaktlarning qattiq biriktirilganligini tekshirish zarur.
103. Simlarni bir joydan ikkinchi joyga oʻtkazishda ularning izolyatsiya qobiqlari shikastlanishiga, poʻlat simlarga, atsetilen apparatlari ichaklariga, gaz apparatlariga va issiq quvurlarga tegib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
104. Elektr payvandlash agregat va apparatlarini tokka ulash yopiq rubilniklar orqali amalga oshiriladi. Koʻchma payvandlash agregatlarida rubilnik qopqoqlari blokirovka qilingan boʻladi.
105. Payvandlash agregatlarini tokka ulash, uzib qoʻyish hamda ularni sozlash ishlarini faqat elektr montyorlari bajarishlari kerak. Bu ishlarni payvandlovchilarning bajarishi taqiqlanadi.
106. Elektr payvandlash apparat va agregatlarining sozligini ish boshlashdan avval tekshirish kerak.
107. Yerga ulovchi sifatida binolarning metall konstruksiyalari, kommunikatsiyalarning quvurlari va texnologik uskunalardan foydalanish mumkin emas.
108. Tasodifan tegib ketishi mumkin boʻlgan tok yuruvchi qismlar (elektr simlari, rubilniklar, kontaktlar) payvandlovchini tokdan himoyalash maqsadida toʻsib qoʻyiladi.
109. Ochiq elektr yoyi bilan ishlaganda elektr payvandlovchining yuzi va koʻzini himoyalash uchun shlem-maska yoki himoyalovchi oynasi boʻlgan toʻsiq bilan ishlash kerak.
110. Yomgʻir yogʻib turganda va momaqaldiroq boʻlayotganda elektr payvandlash ishlarini bajarish taqiqlanadi.
111. Payvandlash ishlari maxsus ajratilgan xonalarda, boshqa hollarda esa elektr payvandlash ish joyi boshqa ish joylaridan yonmaydigan materialdan qilingan koʻchma toʻsiq bilan toʻsilishi kerak.
112. Bosim ostida turgan apparat va idishlarni payvandlash taqiqlanadi.
10-§. Gaz bilan payvandlash va qirqish ishlariga qoʻyiladigan talablar
113. Gaz bilan payvandlash ishlarini bajarishda metallarni kislorod, atsetilen va gaz bilan ishlov berish sanoat sanitariyasi va xavfsizlik texnikasi Qoidalariga rioya qilish kerak.
114. Koʻchma atsetilen generatorlari (keyingi oʻrinlarda generatorlar deb yuritiladi) ochiq havoda yoki bostirmalar tagida ishlatilishi kerak. Generatorlarni, zarur paytlarda, har bir generator uchun hajmi 300 m3 toʻgʻri kelgan xonalarda yoki generator bir xonada, payvandlash boshqa xonada boʻlsa 100 m3 hajmli xonalar ichida ham payvandlashga ruxsat etiladi lekin ikkala holda ham xona yaxshi shamollatib turilishi kerak.
115. Generatorlarni kompressorlarning va ventilyatorlarning havo soʻruvchi joylari yaqiniga yengil alangalanuvchan moddalar yoki atsetilen bilan birikib oʻz-oʻzidan portlovchi modda ajralib chiqadigan xonalarga kiritish mumkin emas.
116. Generatorni qiya holatda oʻrnatish mumkin emas.
117. Metallarga gaz alangasi bilan ishlov beriladigan xonalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
har bir ish joyi uchun, uskunalardan va yoʻlaklardan tashqari kamida 4x2 metr maydon ajratilishi, yoʻlaklarning eni esa 1 metrdan kam boʻlmasligi kerak;
metallarga gaz alangasi bilan ishlov berish ishlarini yertoʻlalarda, ikkinchi va undan yuqori qavatlarda bajarish taqiqlanadi;
gaz bilan payvandlash sexlarining pollari yonmaydigan, issiqlik oʻtkazmaydigan va yengil tozalanadigan boʻlishi kerak.
118. Payvandlash va gaz bilan qirqish ishlari sexlarni ichida maxsus ajratilgan va maxsus jihozlangan joylarda va xonalarda amalga oshirilishi lozim.
119. Gaz alangasi bilan ishlov berish joylaridan 5 metrdan yaqinda joylashgan yogʻoch devorlar, pardevorlar va eshiklar asbest bilan yoki namatni loysuvoq qilib, ustidan tunuka bilan qoplanishi kerak. .
120. Metallarga gaz alangasi bilan ishlov berish sexlari xonalari havo soʻruvchi ventilyatsiya bilan taʼminlanishi kerak. Ventilyatsiya ishlamagan hollarda gaz bilan payvandlash ishlarini bajarish taqiqlanadi.
121. Gaz bilan payvandlovchining doimiy ish joyi, ishlov berilayotgan mahsulotni oʻrnashtirish va joyini almashtirish uchun maxsus stol yoki moslama bilan taʼminlanishi kerak.
122. Doimiy ish joylarida oʻchirilgan gorelkalarni ilib qoʻyish uchun maxsus ilgak boʻlishi kerak.
123. Doimiy ish joyining poli beton yoki asfalt boʻlsa yogʻoch panjaralar bilan toʻsilishi kerak.
124. Gaz alangasi bilan ishlashda ish joyi yaxshilab koʻrib chiqilishi, ortiqcha, ishga xalaqit beruvchi buyumlar yengil alangalanuvchi suyuqliklar olib tashlanishi kerak.
125. Kalsiy karbidini qopqogʻi yaxshi berkitiladigan, quruq idishlarda, oʻtga chidamli, yengil konstruksiyali, yaxshi shamollatiladigan, tashqi elektr yoritgichli xonalarda saqlanadi. Ularni yertoʻlalarda saqlash taqiqlanadi.
126. Ballonlarni, maxsus jihozlangan alohida xonalarda, vertikal holatda maxsus uyalari bor moslamalarda saqlanadi. Boʻsh ballonlar alohida saqlanishi kerak.
127. Karbid kalsiy solingan barabanlarni uchqun chiqarmaydigan maxsus asboblar bilan ochish kerak.
128. Koʻchma atsetilen apparatlarini ishlatish vaqtida quyidagilar taqiqlanadi:
kalsiy karbidini hoʻl yashik va korzinkalarga solish;
bir generatordan birnecha gorelka orqali qirqish ishlarini bajarish;
karbidni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomada koʻrsatilganidan ortiqcha solish;
kislorod va atsetilen ballonlaridan 10 metrgacha boʻlgan masofada chekish, gugurt yoqish va ochiq alanga ishlatish;
gazni belgilangan miqdoridan ortiqcha chiqarish;
ortiqcha gazni chiqarib yuborish maqsadida generator qopqogʻini ochish;
atsetilen generatorlarini yoʻllarda, yoʻlaklarda, zinapoya maydonchalarida, yertoʻlalarda, qorongʻu joylarda va odamlar koʻp toʻplanadigan joylarga oʻrnatish;
manometrsiz, buzuq manometrli yoki ishlatish muddati tugagan manometrli reduktorlarni qoʻllash;
ish tugagach, dam olish paytida yoki ish orasidagi qisqa tanaffus paytlarida kislorodli ballonlarni yoki atsetilen generatorlarini nazoratsiz qoldirish.
129. Muzlagan atsetilen generatorlarini faqat moy aralashmagan bugʻ yoki issiq suv bilan eritishga ruxsat beriladi. Koʻchma generatorlarni xonalarda isitishni ochiq alanga manbaidan va havo soʻruvchi ventilyatsiya mavjud boʻlgan taqdirda kamida 10 metr masofada bajarilishi lozim.
130. Generatorlardan chiqadigan ishlatib boʻlingan kalsiy karbidi balchiqsimon qoldigʻi, yaxshilab metall yashiklarga yigʻib olinishi va maxsus joylarga olib borib tashlanishi kerak.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari.
1-§. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan umumiy talablar
131. Barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlar (vallarning chiqib turgan uchlari, harakat uzatuvchi tasmalar) ishonchli ravishda toʻsilgan boʻlishlari kerak.
132. Tez-tez ochish kerak boʻladigan joylarga ochiladigan toʻsiq va qopqoqlar oʻrnatilishi, ular mashinaning harakat uzatuvchi qismlari bilan elektr blokirovka qilinishi lozim.
133. Toʻsiqlar mustahkam, yengil, ishonchli ravishda mahkamlangan boʻlishi va qisib qoluvchi tirqishlari va oʻtkir burchaklari boʻlmasligi kerak.
134. Ogʻirligi 5 kg dan ortiq boʻlgan toʻsiqlar ushlash uchun qulay dastaklarga ega boʻlishi kerak.
135. Ishlab chiqarish uskunalarida toʻsiqlar, himoya moslamalari yoki changli havoni soʻruvchi moslamalar boʻlmasa yoki nosoz boʻlsa ishlatishga ruxsat berilmaydi.
136. Ishlab chiqarish uskunalari ish davomida oʻzidan changli havo chiqarsa, zichlab berkitilishi va meʼyordagi ish sharoitlarini yaratuvchi changli havoni soʻruvchi moslamalar oʻrnatilishi kerak.
137. Ikki, uch va undan ortiq kishilar bilan boshqariladigan mashinalar, uni yurgizish va toʻxtatish haqida ikki tomonlama signal bilan taʼminlanishi kerak.
138. Mashina, mexanizm va dastgohlarning yurgizish tugmalari oʻz-oʻzidan yurib ketish hollaridan mustasno boʻlishi kerak.
139. Ishlab chiqarish uskunalarini ishlatish faqat texnik sozlangan holatda va zavodlar texnologik uskunalarining xavfsizlik texnikasi talablariga mos boʻlgandagina ruxsat etiladi.
140. Yangi oʻrnatilgan yoki kapital sozlashdan chiqqan uskunalarni xavfsizlik texnikasi muhandisi ishtirokida dalolatnoma tuzilgandan keyin ishlatishga ruxsat beriladi.
141. Toʻsiqlarning va himoyalovchi moslamalarning hamda asboblarning sozligi sex rahbariyati tomonidan muntazam tekshirib turilishi kerak.
142. Mashinalarga oʻrnatilgan chang soʻruvchi moslamalar soʻrilgan changli havoni va boshqa zararli chiqindilarni uzluksiz ravishda konteynerlarga va bunkerlarga uzatishi kerak.
143. Chang yigʻiladigan bunkerlar zich yopilgan boʻlishi kerak.
144. Ochiladigan va olinadigan toʻsiq, qobiq va eshiklarning ichki tarafi toʻq sariq yoki toʻq qizil rangga boʻyaladi.
145. Montaj va demontaj vaqtida qoʻllanadigan tagliklar va koʻtarish mexanizmlari ish boshlashdan avval sinab koʻriladi va ular qoʻllanganda xavfsizlik talablari taʼminlanishi kerak.
146. Koʻtarilgan yuk ostida ishlash taqiqlanadi.
147. Ishlab turgan sexlarda montaj ishlari olib borilsa, ham montajchilarni, ham sex ishchilarining xavfsizligini taʼminlash koʻzda tutilishi kerak.
148. Ishlab turgan zavodlarda montaj va demontaj ishlarini olib borishda ochiq alanga hamda uchqun chiqaruvchi turli mexanizm va moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.
2-§. Elektr qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizligi talablari
149. Elektr qurilmalarini va tarmoqlarini montaj qilish va ishlatish vaqtida “Elektr qurilmalarining tuzilishi Qoidalari”, “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish Qoidalari” (2004-yil 9-iyul, roʻyxat raqami — 1383), “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi Qoidalari” (2004-yil 20-avgust, roʻyxat raqami — 1400) talablariga rioya qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
150. Har bir zavodda maʼmuriyat buyrugʻi bilan energiya xizmati muhandis-texnik xodimlaridan, korxona elektr xoʻjaligi umumiy holati uchun javobgar shaxs tayinlanadi va undan “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi Qoidalari” va mazkur Qoidalar talablari bajarilishini taʼminlash talab etiladi.
Elektr uskunalariga xizmat koʻrsatuvchi xodimga elektr xavfsizligi boʻyicha kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uskunalarga IV guruh, elektr xavfsizligi boʻyicha kuchlanishi 1000 V va undan yuqori kuchlanishga ega boʻlgan uskunalar boʻyicha V guruh berilgandan keyin bajaradigan ish doirasi belgilab beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xom ashyoni ortish va tushirish mexanizmlariga talablar
151. Korxonalarda mexanizatsiya vositalarini ishlatishda “Elektr uskunalari. Ishlarni olib borish va tashkil qilish. Ishlatishga qabul qilish” QMQ talablari asosida olib borilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
152. Mexanizatsiyalash vositalarida ishlashga mexanizmlarni ishlatish boʻyicha maxsus oʻqishni tugatgan va ushbu kasbda ishlash huquqi boʻyicha guvohnomasi bor shaxslar qoʻyiladi.
153. Mexanizatsiya vositalarini ularning barcha qismlari, uzel va detallari, himoyalovchi va ogohlantiruvchi vositalari soz boʻlgandagina ishlatish lozim.
154. Mexanizatsiya vositalarini tok manbai shkafiga ulash va undan uzib qoʻyish ishlarini faqat navbatchi elektr montyori bajarishi kerak.
155. Tasmali transportyorlardan gʻaramlar ustidagi odamlarni tushirish va chiqarish uchun foydalanish taqiqlanadi.
156. Transportyorni yurgizishdan avval xavfli zonada odamlar yoʻqligiga ishonch hosil qilish, tovush yoki ogohlantiruvchi tovush chiqaruvchi asboblar bilan signal berish va faqat shundan soʻng yurgizuvchi tugmani bosish kerak.
157. Transportyor aravasining oʻz-oʻzidan yurib ketmasligi uchun gʻildiraklari tagiga ponalar qoʻyiladi.
158. Transportyorni sozlash va tozalashdan avval uni oʻchirish va ogohlantiruvchi belgi osib qoʻyish kerak.
159. Transportyorning 1,5 metrdan balandda joylashgan mexanizmlarini sozlash va tozalashda narvonlardan foydalanish kerak.
160. Transportyor tasmasi zoʻriqib ishlayotganda uning tezligini oshirish taqiqlanadi.
161. Tasmaning boʻsh qismida, roliklar boʻynida, harakatga keltiruvchi va taranglovchi barabanlarda oʻralib qolgan tolani transportyor toʻxtatilgandan soʻng ilgak bilan olib tashlanadi.
162. Transportyorni 20 metrgacha surishni qoʻlda bajarishga ruxsat etiladi, 20 metrdan ortiq joyga 5-6 km/s tezlik bilan traktor yoki avtomobil yordamida olib borish kerak. Bunda odamlarning 10 metr yaqinga kelishlari, transportyor ostida turishlari taqiqlanadi.
4-§. Yuk ortuvchi mashinalarga qoʻyiladigan talablar
163. Akkumulyatorli yuk ortgichlar va pnevmatik shinali elektrokaralar tekislangan, suv toʻplanmaydigan va qattiq yuzali maydonchalarda ishlashga moʻljallangan.
164. Yuk ortgichlar harakati paytida yukni koʻtarish, tushirish taqiqlanadi.
165. Yuk ortuvchi mashinalarning yuk maydonchalarida odamlarni olib yurish taqiqlanadi.
166. Yuk ortuvchi mashinalarda va avtoyuklagichlarda ishlashga 18 yoshga toʻlgan, haydash huquqi berilgan guvohnomasi bor, tibbiy koʻrikdan oʻtgan, maxsus oʻqishni bitirgan va bilimi tekshirilgan shaxslar qoʻyiladi.
167. Yuk ortgichlarni va elektrokaralarni sozlash va texnik nazorat qilishi maxsus jihozlangan xonalarda bajarilishi kerak.
5-§. Metallarga sovuq holatda ishlov berish dastgohlariga qoʻyiladigan talablar
168. Zavodlarda metallarga sovuq holda ishlov berish amaldagi sanoat sanitariyasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga mos holda olib borilishi kerak.
169. Ishlov berish vaqtida, uzluksiz qirindi chiqaradigan metallarni qirqayotganda maxsus qirquvchi yoki qirindilarni maydalovchi moslamalar qoʻllanadi. Sinuvchi qirindi chiqadigan metallarga ishlov berishda, qirindilarni chiqarib turuvchi moslama ishlatiladi.
170. Dastgohlarda mahsulotni sayqallash, tozalash va yaltiratish ishlarini bajarish vaqtida xavfsizlikni taʼminlovchi maxsus moslamalar qoʻllanishi kerak. Bu moslamalarni qoʻllash texnologik hujjatlarda koʻrsatilishi kerak.
171. Stanok yurib turganda, qoʻlda sayqallash ayniqsa, murakkab konfiguratsiyali detallarni sayqallash taqiqlanadi.
172. Gorizontal va vertikal parmalash dastgohlarining uzatish vallari toʻsiqlar bilan toʻsilishi kerak.
173. Dastgohlar ishlayotganda, ishlov berilayotgan materialga tegib turmayotgan frezalarning kesuvchi qismlari ishlatishga qulay boʻlgan toʻsqichlar bilan toʻsilishi kerak.
174. Gorizontal va uzunasiga parmalovchi dastgohlarda vintning chiqib turgan kallagi toʻsilishi kerak.
175. Dastgoh ishlab turgan paytda detalni almashtirish yoki qotirish taqiqlanadi.
176. Parmalashdan chiqqan qirindini faqat, dastgoh toʻxtaganda va asbob uzoqlash-tirilgandan soʻng yigʻishtirish mumkin.
177. Qirib silliqlovchi dastgohning uzatish mexanizmi, ishchining qoʻli yoki kiyimi tushib qolishini oldini oluvchi toʻsiq bilan toʻsilishi kerak.
178. Dastgohlar qirindini chiqarish va yigʻish moslamasi bilan taʼminlanishi kerak.
179. Begona kishilarning qaychini yurgizib yuborishini oldini olish uchun, ular elektr dvigatelini oʻchirib qoʻyuvchi moslama bilan taʼminlanishi kerak.
180. Metallarni arralashga moʻljallangan diskli arralarning ish yuzalari ochiq boʻlishi kerak.
181. Presslarda mahsulotni uzatish va olishda ishlovchining qoʻlini shikastlamaslik uchun himoyalovchi moslama qoʻllanishi kerak.
182. Charxlash dastgohlaridan foydalanish, koʻrikdan oʻtkazish, asboblarni saqlash, charx doiralarini mustahkamligini sinash, himoya vositalari, charx doiralarini oʻrnatish va ishlatish amaldagi charxlash dastgohlarida xavfsiz ishlash yoʻriqnomalari talablariga javob berishi kerak.
183. Har bir charx toshini dastgohga oʻrnatishdan oldin, uni butunlay berkituvchi maxsus qobiqli dastgohda sinab koʻrilishi lozim.
184. Sayqallovchi dastgohlar, odamlarni jarohatlamasligi va sovutuvchi suyuqlik sachratmasligi uchun yon tomonidan toʻsiq bilan toʻsilishi kerak.
185. Sayqallovchi dastgohlar doiralarni toʻgʻrilash uchun maxsus asbob va moslamalar bilan taʼminlanishi kerak. Toʻgʻrilovchi asbobni uzatish ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
186. Sovutgichlarsiz ishlaydigan, charxlash dastgohlari chang soʻrish uskunasi bilan taʼminlanishi kerak.
187. Metallarga ishlov beruvchi dastgohlar atrofidagi pol tekis va sirpanmaydigan boʻlishi kerak. Pol sementlangan boʻlsa ustiga yogʻochdan yasalgan panjara tashlanishi kerak.
188. Dastgohlarga ogʻir va qoʻpol (20 kg. dan ortiq) detallarni oʻrnatish va olish ishlari mexanik moslamalar yordamida bajarilishi kerak.
189. Dastgohlar kuchlanishi 36 V boʻlgan mahalliy yoritgichlar bilan taʼminlanishi kerak.
190. Ish joyi maydoni, yordamchi uskunalarni, asboblarni (javon, stol, shkaf) saqlash joylari amaldagi talablarga mos boʻlishi va dastgohda ishlayotgan ishchiga xalaqit bermasligi kerak.
V. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
191. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
192. Ishlab chiqarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Yakuniy qoidalar
Mazkur qoidalar “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi F. OMONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi N. XANOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 19-20-son, 238-modda; 2010-y., 44-45-son, 404-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.06.2023-y., 10/23/1951-2/0386-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 26.07.2025-y., 10/25/3653/0652-son)