Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
buyrugʻi
SOGʻLIQNI SAQLASH MUASSASALARI VA KORXONALARINING OSHXONALARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 16-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1940]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Sogʻliqni saqlash muassasalari va korxonalarining oshxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiritiladi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-mart,
13/B-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 16-martdagi 13/B-son buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Sogʻliqni saqlash muassasalari va korxonalarining oshxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq sogʻliqni saqlash muassasalari va korxonalarining oshxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasida sogʻliqni saqlash muassasalari va korxonalarining oshxonalari (bundan keyingi oʻrinlarda oshxonalar deb yuritiladi) uchun qoʻllaniladi.
2. Ushbu Qoidalar qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalari, davlat standartlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oshxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan boʻlishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
4. Oshxonalarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (1996-yil 14-avgust, roʻyxat raqami 273) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oshxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Xavfli ishlarga, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish elektr qurilmalari, maxsus texnologik uskunalar va mexanizmlarga xizmat koʻrsatish ishlariga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 30-sentabrdagi 171-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1940-1, 05.10.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 40-41-son, 350-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
8. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishlari shart.
9. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (1996-yil 14-avgust, roʻyxat raqami 272) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi nizomga (2000-yil 7-yanvar, roʻyxat raqami 870) muvofiq ishlab chiqiladi, ishlovchilarni shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash korxona rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Kasbiy tanlov
11. Oshxonada ishga qabul qilishda kasbiy tanlov talab qilinadigan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
12. Ish beruvchi kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha kasbiy tanlovni tashkillashtirishi hamda amalga oshirishi zarur.
13. Ish beruvchi kasbiy tanlovdan oʻtgan va ishga qabul qilingan shaxslarni tanlov toʻgʻri boʻlganini amaliy tasdiqlash va zarur hollarda tuzatishlar kiritish maqsadida nazorat qilishlari lozim.
4-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
14. Oshxonada ishlashga belgilangan tartibda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtgan hamda tibbiy jihatdan sogʻlom boʻlgan shaxslar qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Korxona rahbariyati (yoki ish beruvchi) har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Korxona rahbariyati tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, hamda dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (2000-yil 23-iyun, roʻyxat raqami 937 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Shaxsiy himoya vositalari
19. Ishchi va xizmatchilar belgilangan tartib boʻyicha korxona tomonidan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanadi.
20. Himoya vositalaridan foydalangan holda ishlovchilar ularning qoʻllanilishi, himoya xususiyatlari, amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishni bilishlari lozim.
21. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillari xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va oshxonani qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
22. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlarning amalga oshirilishi taqiqlanadi.
23. Korxona rahbariyati quyidagilarni taʼminlashi shart:
a) amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
b) himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
v) qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirish;
g) shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilish (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
6-§. Oshxona xonalariga boʻlgan talablar
24. Ovqat tayyorlash, ovqatlanish xonalari, omborxona, maʼmuriy-maishiy va boshqa xonalar (keyingi oʻrinlarda oshxonalar deb yuritiladi) amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga javob berishi kerak.
25. Oshxona binolari vodoprovod, kanalizatsiya, markaziy isitish, issiq suv taʼminoti hamda havoni kiritish va tortish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Oshxona va unga tegishli sovutiladigan omborxonalar, mashina boʻlimlarini bemorlar xonalari tagiga oʻrnatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Oshxonalarni bemorlar xonalari oynalari oldida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Shifoxona va tugʻruqxonalarda markazlashtirilgan holda oshxonalarning umumiy yuzasi, yordamchi xonalar va omborxonalar bilan birga bemorlarning oʻrinlari soniga qarab belgilanadi.
7-§. Maishiy xizmat xonalari
29. Korxonada kiyinish xonalari boʻlishi shart. Bunda kiyimlarni saqlash uchun ikki tabaqali shkaflar boʻlishi nazarda tutilishi kerak.
30. Xodimlar uchun maishiy xizmat xonalari quyidagilar bilan jihozlangan boʻlishi kerak:
xodimlar xonasi (dam olish va ovqatlanish uchun), bet-qoʻl yuvgichlar, stollar, stullar, divanlar;
yuvinish joylarida koʻzgu bilan sovun qoʻyish uchun moslama, sochiq va kiyim uchun ilgichlar.
31. Hojatxonalarga kiraverishdagi eshiklar yaxshi yopilishi uchun ularga prujinalar oʻrnatish lozim. Hojatxonalarga kiraverishda bet-qoʻl yuvgichlar (har bir hojatxonaga bittadan bet-qoʻl yuvgich) va maxsus kiyimlar uchun ilgichlar boʻlishi lozim.
32. Pollar tozalash uchun oson, silliq va sirgʻanmaydigan materiallardan qilinishi hamda mazkur xonadan foydalanish gigiyenasi talablariga javob berishi lozim.
33. Maʼmuriy va ishlab chiqarish xonalarining ish joylarida pollar issiq (linoleum bilan qoplangan taxtadan va boshqalar) boʻlishi kerak.
34. Yarim tayyor mahsulot tayyorlash sexlari va idish-tovoq yuvish xonalarida iflos suvlarni oqizish maqsadida pollar ariqchalar tomoniga qiyalikka ega boʻlishi kerak.
35. Pollarga oʻrnatilgan iflos suvlarni oqizuvchi ariqchalar, quvur oʻtkazgichlari pol bilan bir xil balandlikda panjaralar bilan yopilgan va tozalash uchun qulay boʻlishlari lozim.
8-§. Isitish va ventilyatsiya
36. Markaziy isitish tizimi issiqlik rejimi, issiqlik ajratishi va havoning namligiga qarab xonalarga issiqlik berilishini boshqarish imkoniga ega boʻlishi kerak.
37. Isitish asboblari ularning yuzasini doimo tozalab turilishini hisobga olgan holda oʻrnatilishi va joylashtirilishi kerak.
38. Mahalliy isitish tizimi mavjud boʻlgan xonalarda pechkalar panjara bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
39. Oshxonalar, idish-tovoq yuvish xonalari ventilyatsiya qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
40. Oshxona xodimlarining isib ketishining oldini olish maqsadida bevosita ish joylariga toza havo beradigan havo dushlari qurilmasini oʻrnatish nazarda tutilishi tavsiya etiladi.
41. Havoni bevosita ifloslantiruvchi manbalarni (gaz, chang va boshqa) mahalliy tortish ventilyatsiyasi (zontlar, qalpoqlar, tortuvchi shkaflar) bilan jihozlash kerak.
42. Oshxonalar oson ochiladigan fortochka va framugalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
9-§. Kanalizatsiya tizimi
Keyingi tahrirga qarang.
43. Oshxonalar kanalizatsiya tizimiga ulangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Tarkibida yogʻ moddalari boʻlgan oqova suvlar kanalizatsiya tizimiga tushirilgunga qadar yogʻ tutib qoluvchi moslamalarda tozalanishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Yogʻ tutib qoluvchi moslamalar binodan tashqarida kanalizatsiya chiqishlarida oʻrnatiladi, ularga oshxonalardagi idish-tovoqlar, baliq va goʻsht yuvuvchi xonalar ulanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Oqizuvchi quvur yogʻ tutib qoluvchi moslamaga qadar iloji boricha qisqaroq va yetarli darajada taftish qilish va tozalash uchun qulay boʻlishi kerak.
47. Tarkibida koʻp miqdorda qum va boshqa qattiq moddalarga ega sabzavot yuvuvchi va kartoshka tozalovchi mashinalardan oqizilgan suvlar kanalizatsiya tizimiga tushirilishidan oldin qum tutib qoluvchi qurilmalarda tozalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10-§. Yoritish tizimi
48. Oshxonalar tabiiy yorugʻlik bilan taʼminlanishi lozim.
49. Kiyimxonalar, hojatxonalar, bet-qoʻl yuvgichlar, dushxonalar, omborxonalar, non kesuvchi xonalar, bufetlar, yoʻlaklar, yuvuvchi va muzlatgich moslamalarining mashina boʻlinmalarini sunʼiy yoritishda lyuminessent lampalardan foydalanish man etiladi.
50. Sovutish kameralarida tabiiy yoritishga ruxsat etilmaydi.
51. Derazalarni shkaflar, javonlar bilan toʻsish man etiladi.
52. Sunʼiy yoritishda ish joyiga yetarli darajada yorugʻlik berilishi va yorugʻlik bir tekisda tarqalishi lozim, shu bilan birga ish joyi va atrof yoritilishida keskin farqlar va keskin soyalar boʻlmasligi va yorugʻlik manbai koʻzni qamashtirmasligi kerak.
53. Oshxonalarda, yoʻlaklar va zinapoyalarda odamlarni favqulodda hodisalardan evakuatsiya qilish uchun qoʻshimcha yoritish nazarda tutilishi lozim.
III. Oshxonalarda ishlatiladigan asbob-uskunalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Texnologik elektr va mexanik uskunalarga qoʻyiladigan umumiy talablar
54. Texnologik, elektr va mexanik uskunalar (bundan keyingi oʻrinlarda uskunalar deb yuritiladi) bilan ishlash uchun ulardan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha masʼul xodim biriktirilishi lozim.
Har bitta uskunalarni xavfsiz ishlatish va ularga texnik xizmat koʻrsatish uchun mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari boʻlishi kerak.
55. Uskunalar yaqinida yoki buning uchun maxsus ajratilgan joylarda xavfsizlik texnikasi boʻyicha plakatlar yoki ogohlantiruvchi yozuvlar osib qoʻyiladi.
56. Uskunalarning xavfsiz ishlatilishi ustidan tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan xodim tomonidan nazorat oʻrnatiladi. Uning majburiyatlari uskunalarni tekshiruvdan oʻtkazishda qatnashish, uskunalardan xavfsiz foydalanish va ularni belgilangan muddatlarda profilaktik taʼmirlashni amalga oshirishni nazorat qilishdan iborat.
Uskunalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish har 15 kunda amalga oshirilishi kerak.
57. Koʻrikdan oʻtkazish natijalari va oʻtkazilgan taʼmirlash haqidagi maʼlumotlar maxsus jurnalda qayd etiladi.
Har bir yangi oʻrnatilgan yoki taʼmirlangan uskunalar texnik koʻrikdan oʻtkazilishi va salt yurishda hamda yuk ostida sinab koʻrilishi kerak. Sinov haqida dalolatnoma tuziladi va jurnalga yozib qoʻyiladi, shundan soʻng uskunalar foydalanishga topshirilishi mumkin.
58. Uskunalarni oʻrnatishda, taʼmirlashda, joyini oʻzgartirishda uning agʻdarilib tushishi yoki oʻz-oʻzidan harakatlanib ketishining oldini olish boʻyicha choralar koʻrilishi kerak.
59. Elektr dvigatellar hamda mashina va mexanizmlarning barcha harakatlanuvchi qismlari (vallari, roliklari va boshqalar) toʻsilgan boʻlishi kerak.
60. Uskunalarni ishlatishdan oldin unda hech qanday ishlar olib borilmayotganligiga ishonch hosil qilish va yaqin oradagi xodimlarni bu haqda ogohlantirish zarur.
61. Elektr dvigatelini yoqqanda uzatma vali uskunadagi strelka bilan koʻrsatilgan yoʻnalish boʻyicha aylanishi lozim.
62. Elektr dvigateli uskunani (kartoshka tozalovchi, goʻsht maydalovchi) mahsulot bilan yuklashdan oldin yoqilishi kerak.
63. Ish kamerasini meʼyoridan ortiq yuk bilan toʻldirish man etiladi.
64. Uskunada ishlaganda elektr dvigatelining reduktor qutisi va podshipniklar korpusining qizib ketmasligini nazorat qilish lozim. (qizishi 60oS dan oshmasligiga ruxsat etiladi).
65. Uskuna ishlayotgan vaqtda tezlikni oʻzgartirish faqatgina pogʻonasiz tezlik rostlagichlari boʻlganda yoʻl qoʻyiladi, qolgan hamma hollarda tezlikni oʻzgartirish uzatma uzib qoʻyilganida amalga oshiriladi.
66. Ishlayotgan mashinalarni qarovsiz qoldirish man etiladi.
67. Uskunalar ishlamayotgan vaqtda begona shaxslar tomonidan ishlatib yuborilishining oldini olish maqsadida ularni yoqish qurilmalarini oʻchirib qoʻyish kerak.
68. Avariya yuz berganida yoki uskuna oʻz-oʻzidan toʻxtab qolganida zudlik bilan uskuna uzatmasini toʻxtatish zarur.
69. Uskunalarni foydalanish yoʻriqnomalarida nazarda tutilmagan operatsiyalarni bajarish uchun qoʻllash man etiladi.
70. Uskunalar faqatgina malakali mutaxassislar tomonidan taʼmirlanishi lozim.
71. Uskunalarni tozalash, sozlash va taʼmirlash faqatgina dvigatel oʻchirilganidan va harakatlanuvchi qismlari toʻliq toʻxtaganidan soʻng amalga oshiriladi.
72. Uskunalarni boʻlaklarga ajratish va yigʻishda belgilangan maqsadga nomuvofiq boʻlgan va oʻlchami toʻgʻri kelmaydigan asboblardan foydalanish man etiladi.
2-§. Elektrotexnik qurilmalar
73. Barcha qoʻllaniladigan elektr jihozlari (mashinalar, apparatlar, oʻlchov asboblari, simlar kabellar va boshqalar) xavfsizlik texnikasi talablariga javob berishi shart.
74. Elektr jihozlarining barcha turlari, tipi, quvvati, tok kuchi, kuchlanishi belgilangan zavod markasi va pasportiga ega boʻlishi kerak.
75. Elektr quvvati bilan harakatga keltiriladigan elektr jihozlarining barcha turlari, shuningdek elektr qurilmalari oʻrnatilgan metall konstruksiyalar yerga ulangan boʻlishi shart. Elektr jihozlaridan yerga ulanmasdan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
76. Yerga ulanganlikni tekshirish bir yilda bir marta oʻtkazilishi shart.
77. Kuchli (asosiy) qurilmalarni harakatga keltiruvchi rubilniklarni tok oʻchirgichlar va yorugʻlik rubilniklari yoniga oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
78. Boshqa xonadan boshqariluvchi havo kiritish va soʻrish ventilyatsiyasi elektr dvigatellari kamerasiga toʻsiqlar bilan himoyalangan qoʻshimcha uch polyusli rubilniklar oʻrnatish lozim.
79. Elektr jihozlari va yoritgichlarni tozalash, changini artish va taʼmirlash faqat elektr quvvati oʻchirilgan holda amalga oshirilishi lozim.
80. Elektr jihozlarini tuzatish va taʼmirlash ishlari “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (2004-yil 9-iyul, roʻyxat raqami 1383) va “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari” (2004-yil 20-avgust, roʻyxat raqami 1400) boʻyicha bilimi tekshirilgan va guvohnomaga ega boʻlgan elektr-texnik xodimlar tomonidan bajarilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Muzlatgich qurilmalari
81. Muzlatgich qurilmalarini ishlatishda mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari boʻlishi shart.
82. Kompressor yaqinida koʻrinarli joyda freon muzlatgich qurilmalari yoki ammiakli muzlatgich qurilmalarini ishlatish boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari osib qoʻyilgan boʻlishi, shuningdek birinchi tibbiy yordam haqida, oʻt oʻchirish komandasi va tez yordamning telefon raqamlari, avtomatik qurilmalar oʻrnatilgan boʻlsa, mazkur qurilmani nazorat qiluvchi tashkilotning manzili, telefon raqami boʻlishi zarur.
4-§. Isitish uskunalari
83. Isitish uskunalariga xizmat koʻrsatish, ularni ishlatish va nazoratini olib borish boʻyicha belgilangan tartibdagi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat etiladi.
84. Bosim ostida ishlovchi uskunalarda yaroqsiz manometrlar, saqlovchi va havo klapanlaridan foydalanishga ruxsat etilmaydi. Manometr siferblatida mazkur apparat ishlashi mumkin boʻlgan bosimni belgilovchi qizil chiziq oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
85. Manometrlar korxona tomonidan har 6 oyda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi, saqlovchi klapan va produvka krani ishlovchilar tomonidan har kuni tekshirilishi lozim.
86. Har bir apparat oldida undan xavfsiz foydalanish uchun mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomasi osib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
87. Uskuna ishlayotganida uni qarovsiz qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
88. Korxona rahbari yoki mexanigining ruxsatisiz issiqlik uskunalari, kommunikatsiyalarni taʼmirlash, shuningdek armaturani taʼmirlash, sozlash va montaj qilish man etiladi.
89. Bosim ostida ishlaydigan uskuna kapital taʼmirlanganidan soʻng texnik dalolatnoma rasmiylashtirilib, ikki hissali bosim ostida gidravlik sinovdan oʻtkaziladi.
5-§. Qattiq yoqilgʻida qizitiluvchi ovqat pishirish plitalari
90. Yangi loyihalanayotgan va qayta qurilayotgan oshxonalarda qattiq yoqilgʻida qizitiluvchi plitalar uchun oshxonadan pardevor bilan ajratilgan alohida eshikli oʻtxona qurish tavsiya etiladi. Koʻmirda ishlovchi plitalar uchun bunday xonaning qurilishi shart.
91. Plitani yoqishda kerosin, benzin va boshqa tez alangalanuvchi suyuqliklardan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
92. Yoqilgʻi (koʻmir va boshqalar) uchun maxsus taralar boʻlishi kerak.
93. Qattiq yoqilgʻida qizitiluvchi plitalar oldida ulardan xavfsiz foydalanish uchun mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomasi osib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
6-§. Gazda ovqat pishirish apparati
94. Gaz apparaturasiga xizmat koʻrsatish gazda ovqat pishirish apparatidan foydalanish boʻyicha belgilangan tartibdagi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ularning bilimlari har yili takroriy tekshirishdan oʻtkaziladi.
95. Har bir apparat oldida kelayotgan gaz liniyasida kran boʻlishi kerak.
96. Gorelkani yoqishdan avval xonani va yonish kamerasini shamollatish lozim.
97. Xonani shamollatish uchun soʻruvchi ventilyatsiya yoqiladi, agar u yoʻq boʻlsa, fortochkalar va eshiklar ochiladi.
98. Ishlayotgan apparatlarni qarovsiz qoldirish man etiladi.
99. Gaz kommunikatsiyasi, apparatlari yoki avtomatikasi buzilganida, shuningdek gaz hidi sezilganida gaz boʻyicha chilangarni chaqirish lozim.
100. Xonada gaz hidi sezilsa, elektr chiroqlari, ventilyatorlar va boshqa elektr asboblarini yoqish va oʻchirish, shuningdek olov yoqish man etiladi.
101. Apparatlar ishi tugatilganidan soʻng gorelka kranlari, umumiy gaz krani va apparat shiberini yopish lozim. Bundan tashqari oshxonada ish tugaganida hisoblagich oldidagi umumiy gaz kranini yopish kerak.
7-§. Bugʻda ovqat pishirish apparati
102. Apparat ishlayotgan vaqtda doimo manometrga qarab, bugʻ bosimini kuzatib turish lozim.
103. Bugʻ oʻtkazuvchi va kondensat quvur oʻtkazgichlari izolyatsiyalangan boʻlishi kerak.
104. Bugʻda pishiruvchi apparatura qaytish liniyalari kondensatsion tuvaklarga ega boʻlishi kerak.
Gidravlik zarblarning oldini olish uchun kondensatsion tuvakning ishlashini doimo kuzatib turish zarur.
Kondensatsion tuvak davriy tarzda kondensatni tushirib turishi va bugʻ chiqarmasligi kerak. Tuvak notoʻgʻri ishlaganida mexanikni chaqirish kerak.
8-§. Elektr isitgich apparatlari
105. Elektr isitgich apparatlarini oʻrnatish va ulardan foydalanish pasport va yoʻriqnoma koʻrsatmalariga hamda “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” va “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari”ga binoan amalga oshirilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
106. Har bir elektr isituvchi apparat uni ishlab chiqargan korxonaning nomi, apparatning raqami, tok kuchlanishi, isteʼmol quvvati koʻrsatilgan pasportga, shuningdek foydalanish va koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga ega boʻlishi kerak.
107. Yoquvchi moslamalar apparatni tezlikda va xavfsiz yoqib oʻchirilishini taʼminlagan holda bevosita ish joyi yaqinida oʻrnatiladi.
108. Elektr isitgich apparatlariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni joriy taʼmirlash faqat elektr mexaniklar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
9-§. Plitalar
109. Plita toʻshamasi tekis va silliq boʻlishi kerak. Toʻshamasi deformatsiyalangan plitani ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Plita bort yuzalari va tutqichlarga ega boʻlishi kerak.
110. Duxovka eshikchalarining tutqichlari yaxshi izolyatsiya qilingan boʻlishi kerak.
111. Qizdirilgan plitalarning toʻshamasi yoki konforkalarini suv bilan sunʼiy sovutishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10-§. Suv qaynatgichlar
112. Qaynatgichni ishlatish uchun yoqishdan avval unga suvning kirayotganligi, hamda suv bilan toʻldirilganligiga, suzuvchi klapanning normal ishlashiga, shuningdek issiq suvning chiqishidagi joʻmrakning ochilganligiga ishonch hosil qilish lozim.
113. Qaynatgichga sovuq suv kelishi toʻxtab qolganida ishni zudlik bilan toʻxtatish lozim.
114. Qaynatgichning signal trubkasini yopish man etiladi.
115. Qaynatgich ishlayotganida kuzatuv ostida boʻlishi kerak.
116. Zarblar, bugʻlanish va kuchli shovqin paydo boʻlganida, zudlik bilan qaynatgich ishlashini toʻxtatish va mexanikni chaqirish kerak.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalari buzilganligi uchun xodimlarning javobgarligi
117. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzgan xodimlar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Yakuniy qoida
Mazkur Sogʻliqni saqlash muassasalari va korxonalarining oshxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-mart
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-mart
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 10-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 16-son, 205-modda; 2010-y., 40-41-son, 350-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 15.06.2023-y., 10/23/1940-2/0376-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 29.05.2025-y., 10/25/3626/0480-son)