OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN MALAYZIYA HUKUMATI OʻRTASIDA
ANGLAShUV MEMORANDUMi
Fan va texnologiya sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi va Malayziya Hukumati nomidan Malayziya Fan, texnologiya va innovatsiya vazirligi (bundan keyin alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni eʼtirof etib;
ikkala mamlakat iqtisodiyotining taraqqiy etishida fan va texnologiyaning muhimligini anglab,
ikki mamlakat oʻrtasida fan va texnologiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirishni istab,
bunday hamkorlikning oʻrnatilishi ikkala mamlakatning umumiy manfaatlariga xizmat qilishiga hamda fan va texnologiyaning taraqqiy etishi va rivojlanishiga hissa qoʻshishiga ishonib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Maqsadi
Tomonlar ushbu Anglashuv Memorandumining qoidalari hamda har bir mamlakatda amalda boʻlgan qonunlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va milliy siyosatga amal qilib teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida ikki davlat oʻrtasida fan va texnologiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
2-modda. Hamkorlik shakllari
1. Har bir Tomon, oʻz mamlakatlaridagi ushbu Anglashuv Memorandumi predmetini tartibga soluvchi amaldagi qonunlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va milliy siyosatga asoslangan holda, quyidagi sohalarda hamkorlikni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qiladilar:
(a) tadqiqot ixtirolari, ilmiy va texnikaviy maʼlumotlar hamda hujjatlar bilan oʻzaro almashishni oʻz ichiga olgan qoʻshma tadqiqotlar, rivojlantirish va dizayn loyihalarini olib borish;
(b) qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar bilan almashish:
(v) birgalikdagi ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar, kurslar seminarlar va koʻrgazmalar tashkil etish;
(g) qoʻshma loyihalarda Tomonlarning ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish qurilmalari va uskunalaridan umumiy foydalanish; va
(d) Tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishib olingan ushbu Anglashuv Memorandumi doirasidagi hamkorlikning boshqa shakllari.
3-modda. Vakolatli organlar
Ushbu Anglashuv Memorandumining bajarilishiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, Malayziya Hukumati nomidan Malayziya Fan, texnologiya va innovatsiya vazirligi masʼuldir.
4-modda. Qoʻshma qoʻmita
1 Ushbu Anglashuv Memorandumni bajarilishini yengillashtirish uchun Tomonlar vakillaridan tashkil topgan Ilm-fan va texnologik hamkorlik boʻyicha Qoʻshma qoʻmita (Qoʻshma qoʻmita) tuziladi. Har bir Tomon Qoʻshma qoʻmitaga navbati bilan raislik qiluvchi vakilni tayinlaydi. Qoʻshma qoʻmita aʼzolari tegishli Tomon tarafidan aniqlanadi.
2. Qoʻshma qoʻmita oʻzining ish tartibi qoidalarini qabul qiladi va har ikki yilda bir marta yoki oʻzaro kelishuvga koʻra navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Malayziyada uchrashadi.
3. Qoʻshma qoʻmita quyidagilar uchun masʼul hisoblanadi:
(a) Fan va texnologiya sohasida hamkorlikni rejalashtirish, muvofiqlashtirish, kuzatish va ragʻbatlantirish;
(b) Tomonlar amalga oshirayotgan hamkorlik faoliyatlarini ragʻbatlantirish va ikki Tomon oʻrtasida fan va texnologiya sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish takliflarini koʻrib chiqish;
(v) Ushbu Anglashuv Memorandumga muvofiq amalga oshirilayotgan hamkorlik faoliyatlarini tatbiq etilishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
(g) Ushbu Anglashuv Memorandumning kelajagi boʻyicha fikrlar almashish.
4. Qoʻshma qoʻmita oʻz vazifalarini bajarishda zarur boʻlsa, muayyan masalalar bilan shugʻullanishi uchun vaqtinchalik yoki doimiy qoʻshma yordamchi qoʻmita yoki ishchi guruhlarini tuzishi mumkin.
5-modda. Anglashuv Memorandumining bajarilishi
1. Tomonlar, ushbu Anglashuv Memorandumini bajarishda, mazkur Anglashuv Memorandumiga muvofiq amalga oshiriladigan hamkorlikdagi faoliyatlarida Tomonlarning davlat va/yoki xususiy sektorlari (bundan keyin alohida “ishtirok etuvchi institut” va birgalikda “ishtirok etuvchi institutlar” deb ataladilar) ishtirokini ragʻbatlantirishlari va ularga koʻmaklashishlari lozim.
2. Ishtirok etuvchi institutlar ushbu Anglashuv Memorandumiga muvofiq amalga oshiriladigan hamkorlikdagi faoliyatlari doirasida xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladigan qoʻshimcha bitimlar tuzadilar:
(a) hamkorlikning maqsadi;
(b) qoʻshimcha bitimlarni bajaradigan ishtirok etuvchi institutlar;
(v) qoʻshimcha bitimlarni bajarish uchun amalga oshiriladigan moliyaviy kelishuvlar; va
(g) qoʻshma ilmiy loyihalar natijalaridan foydalanishning chora-tadbirlari.
3. Tomonlar tomonidan 2-moddaga muvofiq amalga oshirilgan har qanday almashinuv dasturlarining tafsilotlari Tomonlarning roziligiga asosan kelishib olinishi lozim. Oʻqituvchilar, talabalar yoki oʻquv materiallari bilan almashish oʻzaro boʻlishi shart emas.
6-modda. Hamkorlikka koʻmaklashish
Tomonlarning har biri, oʻz mamlakatlaridagi ushbu Anglashuv Memorandumi predmetini tartibga soluvchi amaldagi qonunlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va milliy siyosatga asoslangan xolda, boshqa Tomonga ushbu Anglashuv Memorandumini bajarishda zarur boʻlgan yordamni koʻrsatishga harakat qiladilar.
7-modda. Moliyaviy kelishuvlar
Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasida amalga oshiriladigan hamkorlikdagi faoliyatlar xarajatlarini qoplash uchun koʻriladigan moliyaviy choralar, har bir holat yuzasidan vositalar va zaxiralar mavjudligini hisobga olgan holda, Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra kelishib olinadi.
8-modda. Uchinchi tomonning ishtiroki
1. Har bir Tomon ikkinchi Tomonning yozma roziligi bilan ushbu Anglashuv Memorandumiga muvofiq amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar va dasturlarga uchinchi tomonni ishtirok etish uchun taklif etishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-qismida koʻrsatilgan qoidalardan qatʼi nazar, Tomonlar uchinchi tomonning qoʻshma loyihalar va dasturlardagi ishtirok etishi Tomonlar qabul qilgan shart-sharoitlarga asosan tartibga solinadi.
9-modda. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqni himoya qilish
1. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning himoyasi Tomonlarning amaldagi tegishli qonunlar, qoidalar va yoʻriqnomalarga hamda har ikkala Tomon imzolagan xalqaro bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Tomonlardan birining nomi, belgisi va/yoki rasmiy emblemasidan nashr, hujjat va/yoki boshqa qogʻozlarda foydalanish, ushbu Tomonning yozma ruxsatisiz taqiqlanadi.
3. Ushbu moddaning 1-qismida koʻrsatilgan qoidalardan qatʼi nazar, amalga oshiriladigan har qanday texnologik yangilik, mahsulot va xizmatlarning rivojlanishiga oid intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar:
a) Tomonlarning birgalikdagi faoliyati yoki Tomonlarning oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida yaratilgan boʻlsa, oʻzaro kelishilgan shartlarga muvofiq har ikkala Tomonga tegishli hisoblanadi;
b) Tomonlardan birining yakka yoki alohida faoliyati yoxud yakka yoki alohida amalga oshirgan tadqiqotlari natijasida yaratilgan boʻlsa, faqat oʻsha Tomonga tegishli hisoblanadi.
10-modda. Maxfiylik
1. Tomonlarning xar biri, ushbu Anglashuv Memorandumining yoki unga muvofiq tuzilgan boshqa xar qanday bitimlarning bajarilishi davrida boshqa Tomondan olingan hujjatlar, axborot yoki boshqa maʼlumotlarning maxfiyligi va sir tutilishiga rioya etish majburiyatini oladi. Har doim uchinchi tomon hujjatlar, axborot yoki boshqa maʼlumotlarni olishi uchun ushbu hujjatlar, axborot yoki boshqa maʼlumotlarni taqdim qilgan Tomonning yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi.
2. Har ikki Tomon mazkur modda qoidalari, ushbu Anglashuv Memorandumi tugatilishiga qaramasdan, Tomonlar oʻrtasida majburiy boʻlib qolishiga kelishib oldilar.
11-modda. Bajarilishini toʻxtatish
Har bir Tomon milliy xavfsizlik, manfaat, jamoat tartibi va sogʻligʻidan kelib chiqqan holda ushbu Anglashuv Memorandumining bajarilishini vaqtinchalik toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyish huquqini saqlab qoladi, bunday toʻxtatish boshqa Tomonning diplomatik kanallar orqali xabardor qilinganidan soʻng darhol amal qila boshlaydi.
12-modda. Qayta koʻrib chiqish, oʻzgartish va qoʻshimchalar
Tomonlar oʻzaro rozilik asosida ushbu Anglashuv Memorandumini qayta koʻrib chiqishlari, uning barcha yoki ayrim qismlariga oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Bunday qayta koʻrib chiqish, oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritish yozma shaklda amalga oshiriladi va ushbu Anglashuv Memorandumining tarkibiy qismi hisoblanadi. Har qanday qayta koʻrib chiqish, kiritilgan oʻzgarish va qoʻshimchalar Tomonlar tomonidan belgilangan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda bunday qayta koʻrib chiqish, oʻzgartish va qoʻshimchalar ularning kuchga kirguniga kadar ushbu Anglashuv Memorandumidan kelib chiqqan yoki unga asoslangan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
13-modda. Nizolarni hal etish
Ushbu Anglashuv Memorandumning shartlarini talqin qilishda va/yoki bajarishda va/yoki qoʻllashda Tomonlar oʻrtasida vujudga kelgan har qanday kelishmovchiliklar yoki nizolar uchinchi tomon yoki xalqaro tribunalga murojaat qilmagan holda diplomatik kanallar orqali Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro maslahatlashuvlar va/yoki muzokaralar orqali doʻstona hal etiladi.
14-modda. Kuchga kirishi, amal qilishi va oʻz kuchini yoʻqotishi
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va 5 (besh) yil davomida amal qiladi. Bundan soʻng, agar Tomonlardan biri boshqa Tomonga ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilish muddati tugatish niyat qilinayotgan sanadan kamida 6 (olti) oy oldin uni bekor qilish toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabar bermasa, u oʻz-oʻzidan keyingi bir (1) yillik muddatga uzaytiriladi.
2. Ushbu Anglashuv Memorandumining tugatilishi uning tugashiga qadar kelishilgan, lekin nihoyasiga yetmagan tadbirlar/dasturlarning amalga oshirilishiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan kuyida imzo chekuvchilar ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Toshkent shahrida 2008-yil 17-noyabr kuni ikki (2) asl nusxada, oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2008-y., 3-4-son)