Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“NAVOIY” ERKIN INDUSTRIAL-IQTISODIY ZONASI FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish toʻgʻrisida” 2008-yil 2-dekabrdagi PF-4059-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 29-dekabrdagi 418-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 12-modda)
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida joylashtirish uchun investorlarni tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasining xoʻjalik faoliyati qatnashchilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazish va ular tomonidan tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Navoiy viloyati hokimligi:
Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Doʻstlik” agrofirmasining 300, 302, 303, 313, 314, 317, 318, 319, 329, 336, 337, 338, 343, 344 konturlarida joylashgan, doimiy egalik qilinadigan 120,96 gektar yer uchastkasini belgilangan tartibda ajratsin hamda turar joy kompleksi qurish uchun Koreyaning “KOREAN AIR” kompaniyasiga doimiy foydalanishga bersin;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 24-avgustdagi 249-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 35-son, 385-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 9-aprel,
105-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 29-dekabrdagi 418-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 12-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-apreldagi 105-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida joylashtirish uchun investorlarni tanlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda “Navoiy” EIIZ deb ataladi) hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun unda joylashtirish uchun investorlarni tanlash tartibini tartibga soladi.
2. “Navoiy” EIIZda joylashtirish uchun investorlarni tanlash boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etish Maʼmuriy kengashning ishchi organiga va “Navoiy” EIIZ direksiyasiga yuklanadi.
II. Investorlarni tanlashni tashkil etish bosqichlari
3. “Navoiy” EIIZda joylashtirish uchun investorlarni tanlash ikki bosqichda amalga oshiriladi.
4. Tanlashning birinchi bosqichida investor “Navoiy” EIIZ direksiyasiga Maʼmuriy kengash tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha “Navoiy” EIIZ hududida ishlab chiqarishni joylashtirishga toʻldirilgan investitsiya buyurtmanomasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya buyurtmanomasi deb ataladi) taqdim etadi. Investitsiya buyurtmanomasiga quyidagilar ilova qilinadi:
Oldingi tahrirga qarang.
investor davlat roʻyxatidan oʻtkazganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasasi tomonidan belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi savdo reyestridan koʻchirma. Agar hujjatlarga apostil qoʻyilgan boʻlsa, legallashtirish talab etilmaydi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 307-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 47-son, 489-modda)
taklif etilayotgan loyihaning biznes-rejasi;
yuridik shaxsning tegishli sohadagi ish tajribasining tasdiqnomasi, tegishli sohada amalga oshirilgan shunga oʻxshash loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yuridik shaxs mavjud boʻlgan davr, biroq kamida oxirgi uch yil uchun moliyaviy hisobot boʻyicha auditorlik tashkilotining xulosasi;
investorning vakolatli shaxslari imzolari namunalarini tasdiqlaydigan hujjat.
Barcha hujjatlar investor tomonidan “Navoiy” EIIZ direksiyasiga davlat tiliga yoki rus tiliga oʻgirilgan tarjima belgilangan tartibda ilova qilingan holda taqdim etiladi.
5. “Navoiy” EIIZ direksiyasiga taqdim etiladigan biznes-rejada quyidagi asosiy holatlar aks ettirilishi kerak:
ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan mahsulotning nomi, hajmi va turi;
ishlab chiqariladigan mahsulotning moʻljallanayotgan narxi va sotish bozorlari, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmi;
taklif etilayotgan loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan infratuzilmaviy va muhandislik inshootlari;
ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish uchun “Navoiy” EIIZ hududi uchastkasining moʻljallanayotgan oʻlchamlari;
xom ashyo bazasi mavjudligi hamda loyihani amalga oshirish davrida xom ashyo va materiallar bilan taʼminlashning kafolatlangan imkoniyatlari;
ekologik talablar hisobga olingan holda moʻljallanayotgan ishlab chiqarishning texnologiyasi tavsifi;
foydalanish moʻljallanayotgan savdo markasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
iqtisodiy samaradorlik hisob-kitobi, shuningdek loyihani amalga oshirishning eng samarali texnik, tashkiliy va iqtisodiy yechimi;
ishlab chiqarishda foydalanish moʻljallanayotgan texnologik asbob-uskunalarning xususiyati;
moʻljallanayotgan kapital qoʻyilmalar miqdori, moliyalashtirish manbalari va qarz mablagʻlari jalb etilgan taqdirda moʻljallanayotgan garov taʼminoti;
tashkil etiladigan ish oʻrinlari soni.
6. “Navoiy” EIIZ direksiyasi 5 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 4 va 5-bandlarida belgilangan talablarga muvofiqligini koʻrib chiqadi.
Ayrim hollarda tanlovda qatnashish uchun berilgan investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqishda loyiha boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar/hujjatlar soʻralishi mumkin. Bunday holda taqdim etilgan hujjatlar “Navoiy” EIIZ direksiyasi tomonidan qoʻshimcha soʻralgan maʼlumotlar/hujjatlar taqdim etilgan paytdan boshlab 5 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
7. Tanlovda qatnashish uchun berilgan investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin, agar:
investitsiya buyurtmanomasi belgilangan talablar buzilgan holda berilgan boʻlsa;
investor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda:
ishonchli boʻlmagan yoki buzilgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa;
investor taklif etilayotgan loyihani amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlarga va texnik vositalarga ega ekanligi yoki ega boʻlishining isboti mavjud boʻlmasa.
8. Ikkinchi bosqichda investor tomonidan taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomalari, hujjatlar Direksiya direktori tomonidan imzolangan tegishli xulosa ilova qilingan holda “Navoiy” EIIZ direksiyasi tomonidan Maʼmuriy kengashning ishchi organiga beriladi.
III. Maʼmuriy kengash tomonidan investitsiya buyurtmanomalarini koʻrib chiqish tartibi
9. Ishchi organ “Navoiy” EIIZ direksiyasi tomonidan taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomalarini koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Maʼmuriy kengashga kiritadi.
10. “Navoiy” EIIZ hududida ishlab chiqarishni joylashtirish uchun investorni tanlash boʻyicha qaror qabul qilishda Maʼmuriy kengash:
investorning moliyaviy va texnologik qurbini;
loyihaning umumiy iqtisodiy samaradorligi va uni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini (ishlab chiqarish quvvatlarini oqilona joylashtirish, tashkil etiladigan ish oʻrinlari, tarmoqdagi tarkibiy oʻzgartirishlarga taʼsiri, ishlab turgan quvvatlardan foydalanish, zarur xom ashyo, materiallar va infratuzilma mavjudligini);
ham ichki, ham tashqi bozorlarda tayyor mahsulotni sotish imkoniyati va istiqbollarini;
dastlabki 4 raqamdan biri darajasida birlamchi xom ashyo bilan taqqoslaganda TIF TN kodi boʻyicha ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi va pirovard mahsulotning tovar pozitsiyasi oʻzgarishini;
texnologik asbob-uskunalar darajasining zamonaviy sifat standartlariga (ISO 9001 va ISO 14001) muvofiqligi, loyihada xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sifatni boshqarish tizimi mavjudligini;
tashkil etilayotgan korxona xodimlari shtatini jalb etilgan xodimlar umumiy sonining kamida 80 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan butlash, ularga stajirovkadan oʻtish va malaka oshirish imkoniyatini berishni;
toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmini;
Maʼmuriy kengashning qarori bilan belgilanadigan boshqa omillarni koʻrib chiqadi.
Investitsiya buyurtmanomalarini koʻrib chiqishda tayyor mahsulot ishlab chiqarishda xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni izchil texnologik qayta ishlashda oʻzaro hamkorlik qiladigan yuridik shaxslar tashkil etish orqali “Navoiy” EIIZ hududida ishlab chiqarishning toʻliq siklini taʼminlashni nazarda tutadigan loyihalarga ustunlik beriladi.
11. Maʼmuriy kengash investitsiya buyurtmanomalarini 10 ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi va:
“Navoiy” EIIZ hududida ishlab chiqarishni joylashtirish mumkinligi;
aniq va asoslangan mulohazalar va kamchiliklarni koʻrsatgan holda taqdim etilgan hujjatlar puxta ishlanishi zarurligi;
ishlab chiqarishni joylashtirish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Agar koʻrib chiqish jarayonida Maʼmuriy kengash tomonidan investor oʻzi toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etganligidan dalolat beradigan holatlar aniqlansa, uni koʻrib chiqish toʻxtatiladi va investorga asoslangan xulosa yuboriladi.
13. Ushbu Nizomning 11-bandi uchinchi xatboshiga muvofiq puxta ishlangan investitsiya buyurtmanomalari koʻrib chiqish uchun takroran bevosita Maʼmuriy kengashga kiritiladi.
14. Investitsiya buyurtmanomasi boʻyicha Maʼmuriy kengashning ijobiy qarori Maʼmuriy kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda “Navoiy” EIIZ direksiyasi va investor oʻrtasida “Navoiy” EIIZ hududida Investitsiyalash toʻgʻrisida bitim tuzish uchun asos hisoblanadi.
15. Majlis bayonnomasi nusxasi Maʼmuriy kengashning qarori bilan birgalikda Maʼmuriy kengash bayonnomasi tasdiqlangan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ishchi organ tomonidan investorga yoki uning vakolatli shaxsiga yuboriladi.
IV. Javobgarlik
16. Investor taqdim etiladigan maʼlumotlar va hujjatlarning ishonchliligi, oʻz majburiyatlarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz vaqtida, toʻliq va zarur tarzda bajarilishi uchun javob beradi.
17. Maʼmuriy kengash aʼzolari, ishchi organ va “Navoiy” EIIZ direksiyasi maxfiy maʼlumotlar oshkor qilinganligi, investitsiya buyurtmanomalari va unga ilova qilingan materiallar oʻz vaqtida koʻrib chiqilmaganligi va sifatsiz koʻrib chiqilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-apreldagi 105-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasining xoʻjalik faoliyati qatnashchilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xoʻjalik faoliyati qatnashchilari (keyingi oʻrinlarda “Navoiy” EIIZ qatnashchisi deb ataladi) sifatida roʻyxatga olish tartibi va muddatlarini belgilaydi.
2. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda “Navoiy” EIIZ deb ataladi) qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish uch bosqichda amalga oshiriladi:
I bosqich — “Navoiy” EIIZ maʼmuriy kengashi (keyingi oʻrinlarda Maʼmuriy kengash deb ataladi) tomonidan “Navoiy” EIIZ hududida joylashtirishga investorlarni tanlash;
II bosqich — “Navoiy” EIIZ direksiyasi bilan “Navoiy” EIIZda joylashtirishga tanlovdan oʻtgan investor oʻrtasida “Navoiy” EIIZ hududida investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimni (keyingi oʻrinlarda investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim deb ataladi) kelishish va tuzish;
III bosqich — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni “Navoiy” EIIZ qatnashchilari reyestriga kiritish.
3. “Navoiy” EIIZ hududida joylashtirish uchun investorlarni tanlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Maʼmuriy kengash tomonidan amalga oshiriladi.
II. Investitsiyalash toʻgʻrisida bitim tuzish tartibi
4. Oʻtkazilgan tanlov natijalari boʻyicha “Navoiy” EIIZ hududida joylashtirish uchun Maʼmuriy kengashning ijobiy qarorini olgan investorlar investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimni kelishish va tuzish uchun “Navoiy” EIIZ direksiyasiga murojaat qiladilar.
5. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim “Navoiy” EIIZ direksiyasi va investor (investorlar) oʻrtasida tuziladi hamda:
investitsiyalar obyekti va hajmi, “Navoiy” EIIZ hududida amalga oshiriladigan faoliyat turlari;
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddatlari va shartlari;
investorning quyidagilar:
investitsiyalash hajmi, ishlab chiqarishning muayyan hajmini taʼminlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning kafolatlangan darajasi va mahsulot sifati, oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni va ishlar (xizmatlarni) eksport qilish hajmi, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlariga rioya qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mehnat haqidagi qonunlar va texnika xavfsizligi, mol-mulkni sugʻurta qilish va javobgarlik, ishlab chiqarish faoliyatining boshqa jihatlari boʻyicha huquq va majburiyatlari;
“Navoiy” EIIZ direksiyasining huquq va majburiyatlari:
loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, pudrat ishlariga shartnomalar tuzish muddatlari, moliyalashtirish manbalari, loyihani amalga oshirish jadvallari, investitsiya loyihasini amalga oshirish ustidan texnik nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
investor tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilishi toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etish tartibi va muddatlari;
joylashish joyi va ajratiladigan yer uchastkasi oʻlchami;
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga rioya qilinmaganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartirishlar kiritish tartibi;
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimni toʻxtatish tartibi;
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimdan kelib chiqadigan nizolarni hal etish tartibi va koʻrib chiqish joyiga doir koʻrsatmalarni oʻz ichiga olishi kerak.
Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimda investitsiya loyihasining oʻziga xosligiga qarab boshqa shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar boʻlishi mumkin:
ishlab chiqarish, muhandislik infratuzilmasi va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha tomonlarning oʻzaro majburiyatlari;
Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslaridan boʻlgan xodimlarni yollash va oʻqitish boʻyicha investorning majburiyatlari, texnologiyalardan foydalanish shartlari, shuningdek tashkil etilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt xodimlarini oʻqitish boʻyicha investorning majburiyatlari.
6. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash uchun investor “Navoiy” EIIZ direksiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim loyihasi;
“Navoiy” EIIZ hududida joylashtirish uchun Maʼmuriy kengashning ijobiy qarori nusxasi;
loyihaning biznes-rejasi nusxasi.
7. Investordan ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilmagan qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
8. Investorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladigan maʼlumotlar va hujjatlarning ishonchliligi va haqiqiyligi uchun javob beradilar.
9. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim loyihasi va boshqa materiallar “Navoiy” EIIZ direksiyasi tomonidan ular olingan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
Zaruriyat boʻlganda “Navoiy” EIIZ direksiyasi investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimning ayrim qoidalari boʻyicha vakolatli davlat organlarining xulosasini soʻrashi mumkin. Bunda investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim loyihasini koʻrib chiqishning umumiy muddati ushbu bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan muddatdan ortiq boʻlmasligi kerak.
10. Zaruriyat boʻlgan taqdirda investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim qoidalarini kelishish maqsadida “Navoiy” EIIZ direksiyasi bilan investor (investorlar) oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilishi mumkin.
11. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan muddatga va “Navoiy” EIIZ direksiyasi faoliyat koʻrsatishidan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi.
12. Investor bilan “Navoiy” EIIZ direksiyasi oʻrtasida investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim investor tomonidan tashkil etilgan xoʻjalik yurituvchi subyektga “Navoiy” EIIZ qatnashchisining guvohnomasi berilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
13. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimning amal qilishi:
investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim tuzilgan muddat tamom boʻlgandan keyin;
shaxs “Navoiy” EIIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilgan taqdirda;
“Navoiy” EIIZ muddatidan oldin tugatilgan taqdirda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatiladi.
III. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni “Navoiy” EIIZ qatnashchilari sifatida roʻyxatga olish tartibi
14. Investor investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim imzolangan paytdan boshlab 10 ish kuni mobaynida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga u tomonidan tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
15. “Navoiy” EIIZ hududida joylashtirish uchun investorlar tomonidan tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
16. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash investorning ixtiyoriga koʻra:
investorning oʻzi tomonidan;
shartnoma asosida — “Navoiy” EIIZ direksiyasi yoxud boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
17. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish amalga oshirilgandan keyin investor tomonidan “Navoiy” EIIZ direksiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
“Navoiy” EIIZ qatnashchisi reyestriga kiritishga ariza;
yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
“Navoiy” EIIZ qatnashchisi sifatida Maʼmuriy kengash tomonidan belgilangan miqdorda roʻyxatdan oʻtkazilganlik uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjatlar.
18. “Navoiy” EIIZ direksiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida ikki ish kuni mobaynida xoʻjalik yurituvchi subyektni “Navoiy” EIIZ qatnashchilari reyestriga kiritadi va “Navoiy” EIIZ qatnashchisi guvohnomasini beradi.
19. “Navoiy” EIIZ direksiyasi “Navoiy” EIIZ qatnashchilari reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan boshlab bir kun muddatda oʻz hududida joylashgan davlat soliq va bojxona xizmati organlari boʻlinmalariga xoʻjalik yurituvchi subyekt “Navoiy” EIIZ qatnashchilari reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.
20. “Navoiy” EIIZ direksiyasi tomonidan beriladigan “Navoiy” EIIZ qatnashchisi guvohnomasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar “Navoiy” EIIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
21. Taʼsis hujjatlarida qayd etilgan “Navoiy” EIIZ qatnashchisining ustav fondi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda shakllantirilishi kerak.
22. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari ishlab chiqarish dasturlarini mustaqil shakllantiradilar va oʻzlari ishlab chiqargan oʻzlari toʻliq tasarruf qiladigan mahsulotlarni (ishlar, xizmatlarni) sotadilar, “Navoiy” EIIZ hududida ishlab chiqarilgan tovarlar, ishlar (xizmatlar) boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq har qanday tashqi iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga egadirlar.
23. Xoʻjalik yurituvchi subyektni “Navoiy” EIIZ qatnashchisi maqomidan mahrum qilishga faqat “Navoiy” EIIZ qatnashchisi tomonidan qonun hujjatlari va investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim buzilgan taqdirda “Navoiy” EIIZ direksiyasining arizasi boʻyicha yoʻl qoʻyiladi hamda bu investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimning amal qilishi toʻxtatilishiga olib keladi.
“Navoiy” EIIZ direksiyasi sudning xoʻjalik yurituvchi subyektni “Navoiy” EIIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qarori kuchga kirgan sanadan boshlab uch kun mobaynida “Navoiy” EIIZ qatnashchilari reyestriga xoʻjalik yurituvchi subyektlar “Navoiy” EIIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
24. “Navoiy” EIIZ direksiyasi “Navoiy” EIIZ qatnashchilari reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan boshlab bir kun muddatda oʻz hududida joylashgan davlat soliq va bojxona organlariga xoʻjalik yurituvchi subyekt “Navoiy” EIIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 189-modda; 35-son, 385-modda; 2011-y., 47-son, 489-modda; 2017-y., 1-son, 12-modda; 15-son, 252-modda)