OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN GRETSIYA RESPUBLIKASI OʻRTASIDA
Shartnoma
DOʻSTLIK VA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Bundan keyin Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar deb atalayotgan Oʻzbekiston Respublikasi va Gretsiya Respublikasi,
ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga juda katta ahamiyat berib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Gretsiya Respublikasi oʻrtasida koʻp tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirib,
davlatlararo munosabatlarni qonunning ustuvorligi, birdamlik va inson huquqlarini va asosiy erkinliklarini hurmat qilish prinsiplari asosida rivojlantirish zarurligiga ishonch hosil qilib,
ikkala mamlakat tinchlik va demokratiyaning oliy maqsadlariga qoʻshilishini eʼtirof etib,
yadrosiz va zoʻravonliksiz tinchlik oʻrnatishga intilib,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplariga asoslanib,
quyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
1-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsad va prinsiplari, Xelsinki Yakunlovchi aktining, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasining va shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining boshqa hujjatlarining prinsip va qoidalariga sodiq ekanliklarini tasdiqlaydilar.
2-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar suveren, teng huquqli va doʻstona davlatlar sifatida oʻz munosabatlarini davlat suverenitetini va mustaqilligini oʻzaro hurmat qilish, teng huquqlilik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan qoʻrqitmaslik, mavjud davlat chegaralarining buzilmasligi, hudud yaxlitligi, nizolarni tinchlik yoʻli bilan hal qilish, insonning huquq va asosiy erkinliklarini hurmat etish, oʻzaro hamkorlik qilish va xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish prinsiplariga amal qilgan holda rivojlantiradilar.
3-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro munosabatlarda kuch ishlatish yoki kuch bilan qoʻrqitishga yoʻl qoʻyib boʻlmaslik va shuningdek barcha xalqaro nizolarni BMTning Nizomiga muvofiq tinchlik usullari bilan hal qilish zarurligini tasdiqlaydilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomonga qarshi qaratilgan birorta harakat va tadbirda ishtirok etish yoki qoʻllab-quvvatlashdan oʻzini tutadi.
4-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar bor kuchlarini mintaqa va dunyo miqyosida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga beradilar.
5-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar dunyo hamjamiyatining yadro quroli sohasida va ommaviy qirib tashlash qurolining boshqa turlari sohasida qurolsizlanish jarayonini rivojlantirishga qaratilgan harakatlari doirasida hamkorlik qiladilar.
6-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlari ishtirok etadigan xalqaro tashkilot va anjumanlar doirasida oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha maslahatlashishlar oʻtkazadilar va hamkorlikni kengaytiradilar.
7-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomaning qoidalarini amalga oshirish maqsadida oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha davlatlararo munosabatlarning turli darajalarida doim aloqa qilib turadilar.
Ular shuningdek ikkala mamlakatning ijtimoiy tashkilotlari va fuqarolari oʻrtasida aloqalar rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
8-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisod, fan va texnika sohasida va shuningdek investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish va ragʻbatlantirish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
9-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar energetika, sanoat, qurilish, transport va kommunikatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, tabiiy boyliklardan foydalanish sohasida va shuningdek oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa sohalarda yaqindan hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar, milliy qonunlariga muvofiq, ikki mamlakatning xoʻjalik yurgizayotgan subyektlari oʻrtasida hamkorlik va bevosita aloqa oʻrnatishga va shuningdek qoʻshma korxonalar tuzishga va hamkorlikning boshqa samarali shakllariga koʻmaklashadilar.
10-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar, milliy qonunlariga muvofiq, ikkala davlatning turistik faoliyat bilan shugʻullanayotgan tashkilot, muassasa, kompaniya va firmalari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
11-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar va shu maqsadlarda qoʻshma programma va loyihalarning amalga oshirilishini, olimlar almashinishini ragʻbatlantiradilar.
12-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar, ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasidagi mavjud madaniy aloqalardan kelib chiqib, madaniyat, taʼlim, axborot va sport sohasida ikki mamlakatning markaziy va mahalliy muassasalari, tashkilotlari va fuqarolari oʻrtasidagi aloqa va muloqotlar rivojini ragʻbatlantiradilar.
13-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar, ekologiya sohasida oʻzaro manfaatlardan kelib chiqib, atrof muhitni muhofaza qilish va yaxshilash, tabiiy falokatlarni oldindan aytib berish, ularning oqibatlarining oldini olish va kamaytirish sohasida va shuningdek bu borada oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa sohalarda hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar.
14-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar aholining sogʻligʻini saqlash, tibbiyot fanini va amaliyotini rivojlantirish, kasalliklarning oldini olish sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
15-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro jinoyatchilik, barcha shakllaridagi terrorizm, fuqarolar aviatsiyasi, kemachilik va transportning boshqa turlari xavfsizligiga qaratilgan jinoyatlar, giyohvand moddalar va qurollar, madaniy va tarixiy boyliklarning noqonuniy xalqaro savdosiga qarshi kurashishda hamkorlik qiladilar. Shu maqsadlarda, milliy qonunlarga muvofiq, zarurat tugʻilganda, Tomonlar, oʻzaro kelishib, alohida bitimlar tuzish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadilar.
16-modda.
Ushbu Shartnoma Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzlari ishtirok etayotgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Ushbu Shartnoma Tomonlarning uchinchi davlatlar bilan munosabatlariga qarshi qaratilmagan va ularga taʼsir qilmaydi.
17-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar, zarurat tugʻilganda, ushbu Shartnoma qoidalarini amalga oshirish uchun alohida bitimlar tuzadilar.
18-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomani talqin qilish va tatbiq etish bilan bogʻliq masalalarni maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan hal qiladilar.
19-modda.
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashilgan kuni kuchga kiradi.
20-modda.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻzaro kelishgan holda, ushbu Shartnomaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishlari mumkin, ular tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi. Bu protokollar 19-moddaning qoidalariga muvofiq kuchga kiradi va ushbu Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
21-modda.
BMT Nizomining 102-moddasiga muvofiq ushbu Shartnoma BMTning Kotibiyatida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
22-modda.
Ushbu Shartnoma oʻn yillik muddatga tuziladi.
Agar Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan birortasi ham tegishli muddatning tamom boʻlishidan eng kamida 6 oy ilgari yozma shaklda ushbu Shartnomani bekor qilish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonga xabar qilmasa, Shartnomaning amal qilishi keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan choʻzilaveradi.
Afina shahrida 1997-yil 1-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, grek va ingliz tillarida imzolandi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchilik paydo boʻlganda ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2008-y., 3-4-son)