Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TURAR JOY VA KIChIK BIZNES OBYEKTLARI UChUN QURILISh MATERIALLARI SOTISh BOʻYIChA FIRMA DOʻKONLARI TARMOGʻINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tasdiqlangan Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy fondini foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha pudrat ishlarini kengaytirishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 29-yanvardagi PQ-1051-son qarorini bajarish yuzasidan, aholiga hamda foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uy-joy fondi obyektlarini rekonstruksiya qilish, qurish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirayotgan ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-qurilish tashkilotlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, bozorni yanada kengaytirish hisobiga arzon narxlardagi qurilish materiallariga boʻlgan talabni qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida hamda viloyatlar va Toshkent shahrida “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi va “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi mahsulotlarini sotadigan 1-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha ixtisoslashtirilgan doʻkonlar tarmogʻi faoliyat koʻrsatayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda 2009-yil 1-iyulgacha respublika tumanlari va shaharlarida aholi talabiga hamda uy-joy fondi obyektlari boʻyicha taʼmirlash-qurilish ishlari hajmlariga qarab qurilish materiallari (metall prokati, sement, pishiq gʻisht, shifer, qurilish oynasi va boshqalar) sotish boʻyicha, ularni 2-ilovaga* muvofiq joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning firma doʻkonlari (keyingi oʻrinlarda firma doʻkonlari deb ataladi) tashkil etish yuzasidan tashkiliy-texnik tadbirlar kompleksining qoʻshimcha ravishda bajarilishini taʼminlasin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
firma doʻkonlari qurilish materiallarini aholiga naqd pulga, majburiy tartibda nazorat-kassa apparatlarini qoʻllagan va pul tushumlarini bankka topshirish uchun har kuni inkasso qilgan, shuningdek toʻlovni jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan qabul qilgan holda sotadilar;
firma doʻkonlari orqali “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasida ishlab chiqarilgan metall prokati va sement ushbu materiallarga joriy birja kotirovkalaridan ortiq boʻlmagan narxlar boʻyicha sotiladi;
firma doʻkonlari, ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilish materiallarini qoʻshimcha haq hisobiga eng soʻnggi isteʼmolchigacha yetkazib berishlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa xizmat turlarini koʻrsatishlari mumkin.
4. “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasiga va sement korxonalariga, har yili moddiy balanslarda nazarda tutiladigan hajmlardan birja kotirovkalarining oʻrtacha narxlari asosida toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha, shuningdek birja savdolariga qoʻyilgandan keyin sotilmay qolgan metall prokati va sementni foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uy-joy fondi obyektlarini rekonstruksiya qilish, qurish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirayotgan ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-qurilish tashkilotlariga sotish tavsiya qilinsin.
5. 2009-yilda aholiga va foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uy-joy fondi obyektlarini rekonstruksiya qilish, qurish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirayotgan ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-qurilish tashkilotlariga “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasida ishlab chiqarilgan metall prokati va sementni joriy birja kotirovkalaridan ortiq boʻlmagan narxlar boʻyicha sotish hajmlari 3 va 4-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 3 va 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
6. Quyidagilar 2009-yilda aholiga hamda foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uy-joy fondi obyektlarini rekonstruksiya qilish, qurish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirayotgan ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-qurilish tashkilotlariga sotish uchun tasdiqlangan balanslarda nazarda tutilgan metall prokati va sementni yetkazib berish manbalari etib belgilansin:
3120 tonna metall prokati – “birja savdolarida sotish” moddasi boʻyicha;
450 ming tonna sement, shu jumladan “sement korxonalari tomonidan aholiga sotish” moddasi boʻyicha — 170 ming tonna va “birja savdolarida sotish” moddasi boʻyicha — 280 ming tonna;
birja savdolariga qoʻyilgandan keyin sotilmay qolgan hajmlar.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda firma doʻkonlarini tashkil etish va ularning faoliyatini boshlash maqsadida ikki oy muddatda isteʼmolchilar uchun qulay joylarda joylashgan foydalanilmayotgan turar joy boʻlmagan binolarning, zarur infratuzilma va omborxonalarning mavjudligini hisobga olgan holda, ishlab chiqaruvchi korxonalarga ijaraga berilishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi har yilgi moddiy balanslarda aholiga hamda foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uy-joy fondi obyektlarini rekonstruksiya qilish, qurish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirayotgan ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-qurilish tashkilotlariga firma doʻkonlari tarmogʻi orqali sotish uchun “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasida ishlab chiqarilgan metall prokati hamda sementni toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar va birja kotirovkalarining oʻrtacha narxi boʻyicha yetkazib berish hajmlarini nazarda tutsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M.Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-mart,
87-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 14-son, 157-modda)