Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
JAZOLARNI LIBERALLASHTIRISH TOʻGʻRISIDAGI QONUNNI IQTISODIYOT SOHASIDAGI JINOYATLARGA NISBATAN QOʻLLASHNING AYRIM MASALALARI HAQIDA
Sud amaliyotini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, sudlar iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlar boʻyicha jazolarni liberallashtirish toʻgʻrisidagi qonunni asosan toʻgʻri qoʻllab kelmoqdalar.
Shu bilan birga ushbu sohada sodir etilgan jinoyatlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish paytida qonunni qoʻllashda, jumladan, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish, jazo tayinlash masalalarida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.
Sudlarning jinoiy qilmishni maʼmuriy huquqbuzarlikdan, davomli talon-toroj qilish jinoyatini takroran sodir etilgan talon-toroj jinoyatidan baʼzan farqlay olmayotganliklari asoslantirilmagan qarorlar chiqarilishiga sabab boʻlmoqda.
“Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrishda jazolarni liberallashtirish toʻgʻrisidagi qonun talablariga ogʻishmay rioya etilishi shart ekanligiga qaratilsin.
2. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 61-moddasiga muvofiq korxona, muassasa, tashkilotlarning mulkini oʻgʻirlash, oʻzlashtirish, rastrata qilish, mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoki firibgarlik yoʻli bilan eng kam oylik ish haqining besh baravarigacha miqdorda talon-toroj qilish maʼmuriy huquqbuzarlik tarkibini tashkil etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda ham, agar talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqining besh baravaridan oshmasa, maʼmuriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunday holda mayda talon-toroj necha marta sodir etilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Talon-toroj miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda boʻlgan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Talon-toroj etilgan mulkning qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslanmoq lozim.
3. Korxona, muassasa, tashkilot mulkini oʻzlashtirish, rastrata qilish, mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish, firibgarlik va oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilish (Jinoyat kodeksining 167, 168, 169-moddalari) uchun jinoiy javobgarlik faqat talon-toroj summasi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 61-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan miqdordan oshgan taqdirda kelib chiqadi. Alohida kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlgan hollar ham bundan mustasno emas.
Shuni taʼkidlash kerakki, qonunga koʻra oʻgʻirlik va firibgarlik yoʻli bilan fuqarolarning mulkini talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj summasi miqdoridan qatʼi nazar kelib chiqadi. Biroq, talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqining besh baravaridan oshmagan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchining (sudlanuvchining) shaxsiga oid maʼlumotlarni hamda moddiy zararning qoplanganligini inobatga olgan holda jinoyat ishini Jinoyat kodeksining 65 va 66-moddalariga asosan tugatish masalasini muhokama etishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzganing mulkini talon-toroj qilish jinoyati mol-mulk mulkdorning egaligidan olingan hamda aybdor uni tasarruf etish yoki undan oʻz xohishiga koʻra foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi (bosqinchilik va tovlamachilik hollari bundan mustasno).
Agar aybdor oʻzganing mol-mulkini qoʻlga kiritgan boʻlsa-yu, biroq hali uni oʻz mulki sifatida tasarruf etish imkoniyatiga ega boʻlmasa, qilmish talon-toroj qilishga suiqasd tariqasida kvalifikatsiya etilmogʻi kerak (bosqinchilik va tovlamachilik hollari bundan mustasno).
Qasd bir butun mulkni talon-toroj qilishga qaratilgan boʻlib, uning muayyan bir qismi talon-toroj qilingan hollarda ham jinoyat tugallangan hisoblanmaydi.
5. Qonunga koʻra, hukm taxminlarga asoslanishi mumkin emas. Shu tufayli moddiy qimmatliklar kamomadi faktining oʻzi, agar uning sabablari tergov va sud tomonidan aniqlanmagan boʻlsa, talon-toroj qilish jinoyati sifatida baholanishi mumkin emasligini sudlar nazarda tutishlari kerak.
Shaxsni oʻzganing mulkini talon-toroj qilishda (JK 167-moddasi) aybdor deb topish uchun bu mulk aybdor tomonidan oʻz foydasiga yoki boshqa shaxslar foydasiga qaratilganligini tasdiqlovchi aniq faktlarga asoslanmoq zarur.
6. Sudlar shuni eʼtiborda tutsinlarki, qilmishni kvalifikatsiya qilish uchun talon-toroj sodir etishning xususiyatlarini (davomli yoki takroranligini) toʻgʻri aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Davomli talon-toroj qilish deb, umumiy qasd bilan qamrab olingan va yagona maqsadga yoʻnaltirilgan bir jinoyat tarkibini tashkil etuvchi bir-biriga oʻxshash bir necha jinoiy qilmishlar bilan oʻzganing mulkini qonunga xilof ravishda tekin olib qoʻyish (egallab olish) tushuniladi.
Davomli jinoyatda aybdorning xatti-harakati sodir etilgan barcha talon-toroj epizodlari boʻyicha zarar summalarini qoʻshganda hosil boʻlgan miqdordan kelib chiqib kvalifikatsiya qilinadi.
Jinoyatning takroran sodir etilgan-etilmaganligi masalasini hal qilishda Jinoyat kodeksining 32-moddasi mazmunidan kelib chiqish lozim.
Takroran sodir etilgan talon-torojni kvalifikatsiya qilishda barcha epizodlar boʻyicha aniqlangan umumiy talon-toroj summasi emas, balki zarar miqdori eng koʻp boʻlgan epizod boʻyicha talon-toroj summasi asos qilib olinadi.
7. Mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini talon-toroj qilish JK 167-moddasining ikkinchi qismi dispozitsiyasida alohida kvalifikatsiya belgisi sifatida nazarda tutilganligi sababli, mansabdor shaxsning bunday xatti-harakatlari, agar aybdorning qasdi oʻzganing mulkini egallashga qaratilgan boʻlsa, JK 205-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinmaydi.
Biroq mansabdor shaxsning qilmishida alohida, oʻzganing mulkini talon-toroj qilish qasdi bilan bogʻliq boʻlmagan hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish tarzidagi jinoyat tarkibi mavjud boʻlsa, bunday qilmish JK 167 va 205-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinmogʻi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Tushuntirib oʻtilsinki, agar mansabdor shaxs oʻzi sodir etgan talon-toroj jinoyatini yengillashtirish yoki yashirish maqsadida rasmiy hujjatlarga bila turib yolgʻon maʼlumotlar va yozuvlar kiritgan boʻlsa, uning qilmishi JK 167 va 209-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinmogʻi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar mansab soxtakorligi mansabdorlik jinoyatining subyekti boʻlmagan boshqa shaxslar bilan ishtirokchilikda sodir etilgan boʻlsa, bunday ishtirokchilarning harakatlari, basharti ular talon-toroj jinoyati ishtirokchisi boʻlmasa, JK 228-moddasi bilan emas, balki mazkur Kodeksning 28, 209-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi kerak.
9. Sudlar shunga eʼtibor berishlari kerakki, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining qator moddalari normalarida muayyan shart mavjud boʻlib, unga koʻra:
JK 167, 168, 170, 184-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun — jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda;
JK 173, 175, 180, 181-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun — jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar uch baravar qilib qoplangan taqdirda, mahkumga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoning qoʻllanilishi istisno etiladi.
Shu munosabat bilan qonunning mazkur normalarida nazarda tutilgan shart bajarilgan hollarda tegishli apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudi, moddiy zarar qaysi sudlov bosqichida qoplanganligidan qatʼi nazar, qamoqda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ehtiyot chorasi turini, ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan shaxslarga nisbatan esa, jazo turini oʻzgartirish masalasini darhol hal etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilishi mumkin emasligi haqida Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddalarida koʻrsatilgan qoida tugallanmagan jinoyatga ham, basharti zarar bilan bogʻliq oqibatlar kelib chiqqunga qadar jinoyatning oldi olingan boʻlsa, tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, sudlanuvchilardan biri tomonidan moddiy zararning toʻliq qoplanishi jinoyatning barcha ishtirokchilariga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qoʻllamaslik uchun asos boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Sudlar iqtisodiyot sohasidagi jinoyatga oid ishlar boʻyicha zararni qisman qoplagan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda JK 57-moddasini qoʻllash masalasini muhokama etishi mumkin.
Jumladan, jinoyat natijasida yetkazilgan zarar summasining kamida yarmi aybdor tomonidan qoplanganligi jazoni jiddiy kamaytiruvchi holat deb topilishi mumkin.
Sud tomonidan solidar javobgarlik belgilangan hollarda zararni qisman qoplagan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda ham xuddi shu prinsipga amal qilinishi kerak.
13. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar koʻpincha boshqa jinoyatlar, masalan, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab soxtakorligi va shu singari jinoyatlar bilan birgalikda sodir etiladi.
Sud har bir shunday ish boʻyicha moddiy zararni qoplagan shaxsga nisbatan talon-toroj qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlar ekan, ishning muayyan holatlarini inobatga olib, uning boshqa jinoyatlari uchun, agar bu jinoyatlarni sodir etganlik uchun qonunda muqobil jazolar nazarda tutilgan boʻlsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash qanchalik maqsadga muvofiq ekanligini muhokama etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Qonun moddiy zarar qoplangan hollarda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanmasligi haqida Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddalarida nazarda tutilgan shartlar qoʻllanilishi imkoniyatini mahkumning sudlanganlik holati bilan bogʻlamaydi.
Bundan kelib chiqadiki, qonunda belgilangan mazkur huquqiy kafolatlar retsidiv jinoyatga, shu jumladan, muqaddam ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtab chiqqan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararning qoplanishi jabrlanuvchining buzilgan huquqlarini tiklashning muhim kafolati ekanligi hamda sudlanuvchi uchun muayyan huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi munosabati bilan sudlar zararning qoplanishiga imkon beradigan barcha huquqiy vositalardan foydalanishi shart.
Shu maqsadda, moddiy zarar bir guruh shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida yetkazilgan jinoyat ishlarini koʻrayotganda sud ishning muayyan holatlarini inobatga olib hamda Fuqarolik kodeksining 1000-moddasida belgilangan talablarga amal qilib, bunday shaxslarga nisbatan solidar emas, balki hissali javobgarlik yuklashga haqli.
Moddiy javobgarlik turi, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash usulini belgilashga oid masalalarni hal etishda Oliy sud Plenumining 1998-yil 11-sentabrda qabul qilingan “Jinoiy harakatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasiga doir sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorida berilgan tushuntirishlardan kelib chiqish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Bitta ish boʻyicha, biroq alohida sodir etilgan va umumiy qasd bilan qamrab olinmagan, ayrimlari talon-toroj qilganlik uchun, boshqalari esa, mansabga sovuqqonlik bilan qaraganlik yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan solidar moddiy javobgarlik belgilanmaydi. Mazkur xatti-harakatlar talon-toroj sodir etilishiga maʼlum darajada sharoit yaratib bergan hollar ham bundan mustasno emas.
17. Jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxs tomonidan hukm qonuniy kuchga kirgandan soʻng qoplangan taqdirda kassatsiya, nazorat instansiyasi sudi bu jazo turini JK 61, 62-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga asosan boshqa jazo turi bilan almashtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda, agar moddiy zarar qoplangan kunga qadar oʻtalgan jazo muddati boshqa jazo turi uchun qonunda belgilangan eng koʻp miqdordan oshgan boʻlsa, sud jazoni oʻtalgan deb hisoblaydi hamda mahkumni darhol qamoqdan ozod qiladi.
18. Sudlar shuni nazarda tutishi kerakki, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining (JK 167, 168, 170, 173, 175, 180, 181, 184-moddalari) sanksiyalariga muvofiq, sudlar jazo tayinlashning umumiy asoslariga (JK 54-moddasi) rioya etgan holda moddiy zarar umuman qoplanmagan yoki qisman qoplangan hollarda ham, hukmda bunday qarorga kelish sabablarini koʻrsatib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Sudlar shunga eʼtibor berishi kerakki, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlar boʻyicha moddiy zarar qoplanganligi tufayli ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning tayinlanishi bu jazolarni mahkum jarimani toʻlashdan yoki axloq tuzatish ishini oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda qamoq yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish imkoniyatini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, jazolarni liberallashtirish toʻgʻrisidagi qonun normalarining toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bilan bevosita bogʻliq. Shuning uchun ham apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari sudlari har bir ish boʻyicha jazolarni liberallashtirish toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllashda yoʻl qoʻyilgan xatolarni oʻz vaqtida aniqlashlari va tuzatishlari, shuningdek xususiy ajrimlar chiqarish orqali ularga munosabat bildirishlari kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Toshkent sh.,
2004-yil 21-may,
4-son