Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
qoʻshma Qarori
KIChIK VA OʻRTA TADBIRKORLIK SUBʼEKTLARI, DEHQON VA FERMER XOʻJALIKLARINI QOʻLLAB-QUVVATLAShGA QARATILGAN QONUNLARNI SUD AMALIYoTIDA QOʻLLANIShINING AYRIM MASALALARI HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoʻshma qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 17/288-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining qoʻshma qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari, dehqon-fermer xoʻjaliklarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatini ragʻbatlantirish respublikamizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biridir.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur soha subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonun hujjatlarini sud amaliyotida qoʻllash tajribasi shuni koʻrsatadiki, sudlar ularning buzilgan huquqlarini tiklash, ularga nisbatan yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirishga oid ishlarni asosan toʻgʻri va qonun talablariga rioya etgan holda hal etmoqdalar.
Shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini aniq va bir xilda qoʻllash borasida baʼzi bir muammolar borligi koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari manfaatlarini koʻzlab sudga daʼvo bilan murojaat etuvchi organlarning bu boradagi faoliyati asoslari protsessual qonun hujjatlarida toʻliq ifoda etilmaganligi, nizolarni taalluqliligiga oid yagona sud amaliyotining mavjud emasligi, tadbirkorlik subyektlarining sudlarga murojaat etish jarayonida behuda ovoragarchiliklariga sabab boʻlmoqda. Ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilganligi uchun zarar undirish masalasini hal etishda sudlar xatoliklarga yoʻl qoʻymoqdalar.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 17 va 47-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi qoʻshma Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklari ishtirokidagi ishlarni koʻrishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etishlari lozimligiga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining huquqiy maqomi, ularning huquqlari, erkinliklari va imtiyozlarini aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va 2000-yil 25-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni asosiy huquqiy manba boʻlib hisoblanadi. Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini bir-biridan farqlashda, sudlar yuqorida qayd etilgan qonunning 5-moddasida belgilangan mezonlardan kelib chiqishi, ularga berilgan imtiyozlarni nazarda tutgan holda, ishda ishtirok etayotgan taraflarning kichik yoki oʻrta tadbirkorlik subyektlari turkumiga kirishini aniqlab, bu haqda tegishli sud hujjatlarida qayd etishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-apreldagi “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra, dehqon xoʻjaligidagi faoliyat tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi hamda dehqon xoʻjaligi aʼzolarining istagiga koʻra, yuridik shaxs tashkil etib yoki tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin. Dehqon xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatining subyekti tariqasida qonun hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlarga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-apreldagi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan, fermer xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatining shakllaridan biri boʻlib, tashkil etilishidan koʻzlangan maqsadlarga erishish uchun shu maqsadlarga monand tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklari ishtirokidagi ishlarni sudlovga taalluqliligi masalasini hal etishda sudlarning eʼtibori nizoli munosabatlarning xususiyati va subyektlar tarkibini ifodalovchi asosiy mezonlarga qaratilishi lozim.
Iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar xoʻjalik sudlariga taalluqlidir. Aynan shu turdagi nizolarda bir taraf qonunda belgilangan tarzda tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan yoki yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan fuqarolar (oila pudratchilari) boʻlsa, bunday daʼvolar taalluqliligi boʻyicha umumiy yurisdiksiya sudlarida koʻriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 11-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatining subyekti tariqasida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik ustidan keltirilgan shikoyatlar umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqliligi uqdirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb eʼtirof etish bilan bogʻliq ishlar xoʻjalik sudlariga taalluqlidir. Agar, yakka tartibdagi tadbirkor xoʻjalik sudi tomonidan bankrot deb eʼtirof etilgan va faoliyati qonunda belgilangan tartibda tugatilgan boʻlsa, uning ishtirokida vujudga kelgan barcha nizolar umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar tadbirkorlik faoliyati subyektlarining daʼvosi boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishda ishchanlik obroʻsiga yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisidagi talabni ham asosiy daʼvoga qoʻshib koʻrishga haqlidirlar. Bunday talabni boshqa sudga taalluqli, degan vaj bilan ishni tugatishga yoki daʼvo arizasini qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasining 9-qismi va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasi 3-qismiga muvofiq, kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklariga yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplash haqidagi daʼvo faqat ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilganda qanoatlantirilishi mumkin.
5. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzish haqidagi shikoyatlarni qabul qilish va ish qoʻzgʻatish masalasini hal etishda ushbu talab bilan birga bunday harakat (harakatsizlik)lar oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish haqidagi masala ham nazarda tutilgan boʻlsa ish daʼvo tartibida hal qilinishi sudlarga tushuntirilsin.
Sudlar eʼtiborda tutsinlarki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 38-moddasida koʻrsatilgan tadbirkorlik faoliyati subyektiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini hal etishda, zarar qaysi organ yoki mansabdor shaxsning qonunga xilof harakati (harakatsizligi) yoki gʻayriqonuniy hujjat chiqarishi natijasida yetkazilgan boʻlsa, oʻsha organ yoki mansabdor shaxs xizmat qiladigan organ tomonidan qoplanishi lozim. Zararni undirish haqidagi daʼvo ham oʻsha organga nisbatan qoʻzgʻatiladi. Bu toifa nizolarni koʻrishda, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-moddasi talabiga koʻra, yetkazilgan zararlarni qoplash sudning qarori bilan ushbu mansabdor shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
6. Dehqon va fermer xoʻjaliklarini tashkil etish, ularni qayta tashkil etish va tugatish (faoliyatini toʻxtatish) toʻgʻrisidagi nizolar yuzasidan kelib chiqadigan ishlar daʼvo yuritish tartibida koʻriladi.
Sudlar fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomalarini bekor qilish haqidagi nizolarni hal qilishda, Oʻzbekiston Respublikasining Er kodeksi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-iyuldagi 300-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalarini fuqarolarga uzoq muddatli ijaraga berish Tartibi”da koʻrsatilgan qoidalarga amal qilishlari lozim.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkasi belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi yoki undan oqilona foydalanilmaganligi, yerni kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishi, yerdan ekologik vaziyatni yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilganligi, yer soligʻi, ijara haqi muntazam toʻlab kelinmaganligi kabi asoslar boʻyicha yer uchastkasi ijara shartnomasini bekor qilish yoki yerni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi daʼvolar koʻrilayotganda, sudlar ushbu holatlar tegishli mutaxassislar tomonidan hujjatlar asosida tasdiqlangan boʻlishi lozimligiga eʼtibor bersinlar.
Erdan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanish deganda, yer egasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Er kodeksining 9-moddasida koʻrsatilgan yer fondi toifalarining oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirilishi nazarda tutiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisidagi” Qonunining 32-moddasida dehqon va fermer xoʻjaligini tugatish (faoliyatini toʻxtatish) asoslari koʻrsatilgan boʻlib, bu asoslar qatʼiy va ularni kengaytirib talqin etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, dehqon yoki fermer xoʻjaligi boshligʻining tuman hokimliklari qoshidagi komissiyalarida attestatsiyadan oʻta olmaganligi dehqon yoki fermer xoʻjaligini tugatish uchun asos boʻla olmaydi.
8. Yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb eʼtirof etishning sabab va oqibatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 26-moddasida belgilangan. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning bankrot boʻlishi jarayonida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Xoʻjalik sudlari tomonidan bankrotlik ishlari koʻrilayotganda tadbirkor maqomiga ega boʻlmagan jismoniy shaxs ham qarzdorning kreditori sifatida ishda qatnashishi mumkin. Bunday hollarda u boshqa kreditorlar kabi Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 35-moddasida belgilangan huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.
9. Qonun hujjatlarida belgilangan nizoli munosabatni tartibga soluvchi huquq normalari boʻlmagan taqdirda, sudlar shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi huquq meʼyorini tatbiq etishlari, bordiyu bunday normalar ham boʻlmasa, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarning umumiy asoslari va mazmuniga tayanishlari lozim.
Bunday holda sudlar tomonidan chiqarilgan hujjatda qonun oʻxshashligi yoki huquq oʻxshashligi boʻyicha nizoni hal qilish mezoni tavsiflanib, sud hujjatida bu haqidagi xulosalar bayon qilib berilishi zarur.
2002-yil 25-oktabr,
20/107-son