OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
AVTOKLAVLARDA ISHLASHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 28-fevralda 1913-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-fevral,
5/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2009-yil 2-fevraldagi 5/1-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
Avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarga binoan avtoklavlar laboratoriyalarda ishlatiladigan shisha idishlar va tibbiy asboblarni barcha mikroblardan tozalash hamda ish jarayonida hosil boʻlgan barcha yuqumli materiallarni zararsizlantirishda ishlatiladi.
2. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, sogʻliqni saqlash va avtoklavdan foydalanadigan boshqa muassasalarda (bundan keyingi oʻrinlarda muassasalar deb yuritiladi) avtoklavlarni oʻrnatish, texnik koʻrikdan oʻtkazish, foydalanish va tuzatish bilan bogʻliq ishlarni bajaruvchi xodimlar (bundan keyingi oʻrinlarda xodimlar deb yuritiladi) tomonidan qoʻllanishi shart.
3. Mazkur Qoidalar qonun hujjatlari, qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalari, gigiyena normativlari, davlat standartlarining tegishli qoidalari, shuningdek boshqa tarmoq normativ hujjatlari talablari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan boʻlib, ularning bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Mazkur Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish muassasaning xavfsizlik texnikasi boʻyicha xizmati (muhandisi) zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
5. Muassasalarda avtoklavlarda ishlashda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Muassasalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Avtoklavlarda ishlashda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun — Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻriqnoma berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
8. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishlari shart.
9. Xodimlarning xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqlardan oʻtkazish, oʻqitish va bilimlarini tekshirish “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Xodimlar vakolatli idoralar yoki muassasaning yuqori turuvchi organlari tomonidan tashkil qilingan kurslarda oʻqitiladi.
11. Yangi ishga kelgan xodim ishga tushishidan oldin va keyinchalik ish jarayonida har 12 oyda bir marta oʻqitilib, bu haqda tegishli jurnalga qayd qilinadi.
12. Xodimlarning bilim saviyasi har 12 oyda kamida bir marta muassasada tashkil etilgan sinov komissiyasi tomonidan tekshiriladi. Sinov natijalari boʻyicha xodimga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
13. Xodimlar uchun avtoklavlardan foydalanish hamda ularni xavfsiz va toʻgʻri ishlatilishi boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqiladi.
14. Avtoklavlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi xodim uchun avtoklavni ishlab chiqargan zavodning talablaridan kelib chiqqan holda avtoklavlarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqiladi.
3-§. Kasbiy tanlov
15. Avtoklavdan foydalanuvchi xodim:
avtoklavdan faqat 18 yoshdan kichik boʻlmagan, koʻrsatilgan ishlarni bajarish uchun salomatligi, malakasi yetarli boʻlgan, maxsus oʻqitilgan, attestatsiyadan oʻtgan boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosan ishga kirishdan oldin va davriy ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtgan boʻlishi;
Keyingi tahrirga qarang.
maxsus kurslarda malaka oshirganligi toʻgʻrisida guvohnomaga ega boʻlishi kerak.
4-§. Avtoklav xonalariga oʻrnatilgan talablar
16. Avtoklav alohida xonalarga (avtoklav xonasi) oʻrnatilishi kerak.
17. Avtoklav xonalari SanQvaN 0054-96 “Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish sanitariya qoida va normalari”ga muvofiq jihozlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Avtoklavni bevosita davolash va muolaja xonalari, boʻlinmalarning ustki yoki ostki qavatida, shuningdek boshqa xonalar bilan qoʻshilgan holda joylashtirish mumkin emas.
19. Avtoklav joylashtirilgan xonalar tabiiy yoritilgan, shuningdek xonaning derazasi yoki darchasi hamda shamollatish tizimi boʻlishi kerak.
20. Avtoklav xonalarining eshigi tashqariga ochilishi va avtoklav ishlayotganda qulflanmasligi kerak. Xonalarga oynali eshiklarning oʻrnatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Avtoklav xonalarida yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi lozim.
22. Avtoklav xonalarida avtoklavga xizmat koʻrsatish yoki uni taʼmirlashga taalluqli boʻlmagan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
23. Avtoklav xonalarida ifloslantiruvchi yoki ishga xalal beruvchi begona narsalarni saqlash taqiqlanadi.
24. Avtoklav xonalariga ularga xizmat koʻrsatuvchi, shuningdek ulardan foydalanishni nazorat qiluvchi shaxslardan boshqa shaxslarning kirishi taqiqlanadi.
III. Avtoklavlarga qoʻyiladigan umumiy talablar
1-§. Avtoklavlar oʻrnatilishiga qoʻyiladigan talablar
25. Avtoklav xonalarining poli elektr toki oʻtkazmaydigan materialdan boʻlishi yoki polga dielektrik rezinali gilamcha toʻshalgan boʻlishi lozim.
26. Avtoklav hamma tomondan xonaning devor qismiga yondosh qilib oʻrnatilishi kerak. Bunda devordan avtoklavgacha boʻlgan masofa kamida 0,8 m ni tashkil qilishi lozim. Shkaf tuzilishli avtoklavni xona devoridan 1,5 m masofa uzoqlikda oʻrnatiladi.
27. Har bir avtoklav elektr tarmogʻiga alohida tarmoq orqali yoki avtomatik yoqib-oʻchiruvchi moslama orqali (AP-50 yoki shunga oʻxshash) ulanishi kerak. Avtoklavni bevosita elektr rozetkaga ulash qatʼiyan man qilinadi. Avtoklavni yoqib-oʻchiruvchi moslama xonaning polidan 1,6 m balandlikda hamda avtoklavdan 1 m uzoqlikda oʻrnatiladi. Unga yana boshqa elektr asboblarini ulash taqiqlanadi.
28. Avtoklavdan foydalanishda “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) va “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari”da (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) belgilangan xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Odamlar xavfsizligini taʼminlash, chaqmoq va boshqa ortiqcha kuchlanishlardan saqlash maqsadida avtoklavning korpusi yerga ulanishi shart.
30. Har bir avtoklav avtoklavni ishlab chiqargan muassasa tomonidan taqdim etilgan pasportga ega boʻlishi kerak. Bu pasport avtoklavning toʻgʻri va xavfsiz ishlashi uchun javobgar shaxs tomonidan toʻldiriladi va saqlanadi.
31. Avtoklav oʻrnatilganidan keyin, unda quyidagi koʻrsatkichlar boʻlishi kerak:
avtoklavni shahodatlash va buni jurnalda qayd qilish;
avtoklav ishlashi mumkin boʻlgan bosim;
avtoklavning keyingi ichki koʻrigi va gidravlik sinov sanasi.
2-§. Manometr va xavfsizlik klapanlariga qoʻyiladigan talablar
32. Har bir avtoklav aniq va soz manometr hamda xavfsizlik klapanlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
33. Avtoklavga ishchi bosimning yuqori darajasi shkalaning uchdan ikki qismidan yuqori boʻladigan manometr oʻrnatiladi.
34. Avtoklav manometrida ishchi bosimning ruxsat etilgan meʼyorini koʻrsatuvchi qizil chiziq yoki koʻrsatkichlarga boʻlingan mahkamlangan temir plastinka boʻlishi kerak.
35. Quyidagi hollarda manometrni ishlatishga ruxsat berilmaydi:
tamgʻa yoki muhr boʻlmaganda;
davlat tekshiruvidan oʻtkazish muddati tugagan boʻlsa;
uskuna oʻchirilganda manometr koʻrsatkichi nolga qaytmasa;
manometr oynasi singan boʻlsa yoki boshqa nosozliklar manometrning bosimni toʻgʻri koʻrsatishiga toʻsqinlik qilsa.
36. Manometrlarni tekshirib, ularga muhr yoki tamgʻa qoʻyilishi 1 yilda bir martadan kam boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, texnik xizmat koʻrsatadigan muassasalar tomonidan qoʻshimcha ravishda har 6 oyda bir marta manometr koʻrsatkichlari nazorat manometrlari koʻrsatkichlari bilan, nazorat manometrlari boʻlmaganda davlat tekshiruvidan oʻtgan boshqa ishchi manometr koʻrsatkichlari bilan solishtirib tekshiriladi va natijalari nazorat daftariga qayd qilinadi.
37. Avtoklavning xavfsizlik klapani ruxsat etilgan bugʻ bosimiga toʻgʻrilangan boʻlishi kerak. Klapanlarning ishlashi muntazam ravishda avtoklavning xavfsiz ishlatilishi boʻyicha yoʻriqnomada koʻrsatilgan muddatlarda tekshirilib turishi kerak.
IV. Avtoklavni texnik koʻrik va gidravlik sinovdan oʻtkazishda qoʻyiladigan talablar
1-§. Avtoklavni texnik koʻrikdan oʻtkazish
38. Texnik koʻrik natijasiga koʻra avtoklavning ishlashiga ruxsat etiladi yoki taqiqlanadi. Texnik koʻrik natijalari texnik koʻrikni oʻtkazgan shaxs tomonidan avtoklavning pasportiga hamda avtoklavlarni shahodatdan oʻtkazish va qayd qilish jurnaliga yoziladi.
39. Avtoklav ichki qismlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish sanasi va gidravlik sinov oʻtkaziladigan sana vakolatli idora yoki muassasa (avtoklav egasi) rahbariyati tomonidan belgilanadi.
40. Avtoklav quyidagi xollarda texnik koʻrikdan oʻtkaziladi:
bosim ostida ishlaydigan avtoklav qismlari payvandlanganda yoki toʻliq taʼmirlangandan soʻng;
avtoklavni ishga tushirishdan oldin bir yildan koʻp vaqt ishlamagan boʻlsa (omborda konservatsiya qilish bundan mustasno);
avtoklavlar 3 yildan koʻp vaqt saqlangan boʻlsa;
avtoklav ishlatilayotgan joyidan koʻchirilib, yangi joyga oʻrnatilgan boʻlsa;
nazorat qiluvchi shaxs tomonidan yoki avtoklavning xavfsiz ishlashi uchun javobgar shaxs tomonidan avtoklavni texnik koʻrikdan oʻtkazish lozim deb topilganda.
41. Avtoklavni texnik koʻrikdan oʻtkazish muddati 3 oydan ortiq boʻlishi mumkin emas.
2-§. Avtoklav ichki qismlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish
42. Avtoklav ichki qismlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uni ishga tushirishdan oldin hamda har 2 yilda bir marotaba amalga oshiriladi. Avtoklav temirining zanglashiga olib keluvchi muhitlar ostida ishlovchi avtoklav esa kamida 12 oyda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
Avtoklav ichki qismlari texnik koʻrikdan oʻtkazilganda uning mustahkamligiga taʼsir qiluvchi nosozliklar aniqlanishi va bartaraf qilinishi kerak.
43. Avtoklav ichki qismlarini texnik koʻrigi quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
avtoklav oʻchirilganidan keyin sovutilib, zararsizlantirilayotgan materiallardan boʻshatiladi;
avtoklavning barcha qismlaridan himoya qoplamalari yechiladi;
avtoklavning suvli, bugʻli, zararsizlantirish kameralari va bugʻ qozoni qurum yoki zangdan temirigacha tozalanadi hamda ularda zanglash, chigʻanoq boʻlishi, bukilish va boshqa kamchiliklar borligi tekshiriladi;
avtoklavning temiri yechiladi, qurumdan tozalanib, taʼmirlanadi, joʻmrak va klapanlar tozalab artiladi.
3-§. Avtoklavni gidravlik sinovdan oʻtkazish
44. Avtoklavning birinchi gidravlik sinovi avtoklavni ishlab chiqargan zavodda oʻtkazilgan sinovdan koʻpi bilan 4 yildan keyin, keyinchalik esa har 2 yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Agarda avtoklavni tashish va oʻrnatish vaqtida unga zarar yetkazilgan boʻlsa, shuningdek muassasa tomonidan avtoklavni gidravlik sinovdan oʻtkazish lozim deb topilgan taqdirda avtoklav yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muddatlar toʻlmasdan turib ham gidravlik sinovdan oʻtkazilishi mumkin.
45. Quyidagi hollarda avtoklav gidravlik sinovdan oʻtgan hisoblanadi:
avtoklav devorlarida va boshqa qismlarida yoriqlar hosil boʻlmaganda;
gidravlik sinovdan soʻng avtoklav devorlarining shakli va holati buzilmaganda;
payvandlash yoʻli bilan ulangan qismlardan suv oqib chiqmaganda;
avtoklav temirida uzilish kuzatilmaganda.
46. Agar payvandlangan choklarda, devorda suv tomchilari yoki bugʻ paydo boʻlsa, avtoklav gidravlik sinovdan oʻtmagan hisoblanadi.
V. Avtoklavni ishlatish va tuzatish ishlarini bajarishda xavfsizlik qoidalari
1-§. Avtoklavlarni ishlatishda xavfsizlik qoidalari
47. Barcha avtoklavlar ularning egalarida maxsus jurnalda roʻyxatga olingan boʻlishi va avtoklavlarning shahodatnomalari tegishli xodimda saqlanishi lozim.
48. Xodim avtoklavlardan foydalanganda ularning xavfsizligini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan himoya vositalari standartlar va boshqa texnik hujjatlar talablariga javob berishi kerak. Himoya vositalari belgilangan muddatlarda va tartibda koʻrikdan va sinovdan oʻtkazilishi lozim.
49. Muassasa maʼmuriyati mazkur Qoidalar talablariga rioya qilgan holda avtoklavlarni toʻgʻri ishlatishi va xavfsizligini taʼminlashi kerak.
50. Xodimlar:
avtoklavni xavfsiz ishlatish qoidalariga qatʼiy rioya qilishi va armatura, nazorat oʻlchov asboblari, saqlovchi moslamalarning texnik sozligini oʻz vaqtida tekshirib turishi;
Oʻzbekiston Respublikasi SanQvaN 0044-95 “Davolash profilaktika muassasalarida sterilizatsiya va dezinfeksiya ishlarining uyushtirilganligini tekshirish boʻyicha qoida va normalari”ning 8-jadvalida belgilangan zararsizlantiruvchi materiallarning sterilizatsiya tartibini nazorat qilishlari shart.
51. Xodimlarning yonida doimo avtoklavda ishlash huquqini beruvchi guvohnomasi boʻlishi kerak.
2-§. Avtoklavlarni taʼmirlashda xavfsizlik qoidalari
52. Avtoklavlarni taʼmirlash va montaj ishlari muassasa bilan taʼmirlash muassasasi oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
53. Avtoklavni taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatish uni ishlab chiqargan zavod tomonidan taqdim etilgan pasport va tegishli yoʻriqnoma asosida amalga oshiriladi.
54. Avtoklav ishlab turgan vaqtda uni yoki uning ishchi qismlarini taʼmirlash taqiqlanadi.
VI. Mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
55. Avtoklavlarda ishlashda mazkur Qoidalarga rioya qilish uchun javobgarlik avtoklavlarda tegishli ishlarni bajaruvchi muassasalar zimmasiga yuklatiladi.
56. Javobgarlikka instruktaj boʻyicha tegishli oʻqitish va uni roʻyxatga olish amalga oshirilganidan soʻng mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzgan hamda ishlarni xavfsiz olib borishga doir boshqa talablarni bajarmagan xodimlar ham tortilishlari mumkin.
57. Avtoklavlarda ishlash davomida jabrlangan xodimlarga yetkazilgan zararlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Yakuniy qoida
58. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 10-11-son, 116-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 15.06.2023-y., 10/23/1913-1/0375-son; 26.07.2025-y., 10/25/3653/0652-son)