LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 28-apreldagi 12-sonli “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish inson sog‘lig‘i va xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi, respublikadagi kriminogen vaziyatga, jamiyatning iqtisodiy va madaniy negiziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ko‘pincha u uyushgan jinoyatchilik bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Ayniqsa, bu jinoyatlarning voyaga yetmaganlar orasida tarqalganligi katta xavf tug‘diradi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yetishtirilishi taqiqlangan o‘simliklarni o‘stirish hollarining ko‘payganligi, tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan ekin maydonlarining kengayganligi kuzatilmoqda. Katta miqdordagi narkotiklarni, shu jumladan ularning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali olib o‘tishga mo‘ljallanganlarini fosh etish hollari ortmoqda.
Bu jinoyatlardan aksariyati boshqa mamlakatlardagi jinoiy olam bilan aloqasi bo‘lgan uyushgan guruhlar tomonidan, shuningdek maxfiy joylardan va texnika vositalaridan foydalangan holda sodir etilmoqda. Narkotiklarni tashish uchun ko‘pincha ayollar va o‘smirlar jalb etilmoqda.
Giyohvandlik oqibatida ko‘plab og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda, oilalar barbod bo‘lmoqda. Ro‘yxatga olingan giyohvandlar soni ortmoqda.
Shunga qaramasdan sudlar haligacha giyohvandlikka batamom barham berish maqsadida qonun kuchidan to‘la foydalanmayaptilar. Ko‘p hollarda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tarqatish manbalarini aniqlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rmagan tergov organi oldiga zarur talablar qo‘yilmayapti. Ekspertiza xulosalarini huquqiy baholashda, jinoyatlarni, ayniqsa narkotik moddalarni saqlash, o‘tkazish va sotishni kvalifikatsiya qilishda bir xillik yo‘q. Aybdorlarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari zarur hollarda ham doim qo‘llanilmaydi. Sudlar tomonidan jinoiy jazo choralarini tayinlashda alohida yondashuv qoidasiga rioya etmaslik hollari ilgarigidek davom etmoqda va bu sodir etilgan qilmishning jamiyat uchun xavflilik darajasiga yetarli baho bermaslik oqibatida yuzaga kelmoqda.
Etishtirilishi taqiqlangan o‘simliklarni o‘stirganlik uchun ba’zi hollarda keksa kishilar jinoiy javobgarlikka tortilib, haqiqiy aybdorlar esa jazosiz qolmoqda. Jinoyat sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar doim ham aniqlanmayotir.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlarini ko‘rish bo‘yicha sud faoliyatini takomillashtirish, yangi qonunlarni to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori ijtimoiy xavfliligini e’tiborga olgan holda, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid ishlar bo‘yicha odil sudlovning sifati va samaradorligini yaxshilash zarurligiga qaratilsin. Ishning barcha holatlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama tekshirish, qayd etilgan jinoyatlarning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish ta’minlansin.
2. Tushuntirilsinki, yetishtirilishi taqiqlangan o‘simliklarni ekish deganda tegishli ruxsatsiz har qanday yer maydoniga, shu jumladan, bo‘sh yotgan erga man etilgan ekin urug‘ini sepish va ko‘chatini o‘tkazishni anglamoq lozim. Ushbu jinoyat o‘simlik unib chiqqan-chiqmaganligi yoki o‘sgan-o‘smaganligidan qat’i nazar, ekin ekilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Aybdorning harakatlari ekin maydoni o‘lchamidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksi 270-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinadi, bunda ushbu moddaning 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun ekin maydonining o‘lchami 250 kvadrat metrgacha bo‘lishi ko‘zda tutiladi.
Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish deganda, ekilgan vaqtdan boshlab pishish bosqichigacha bo‘lgan davr ichida ularni parvarish qilishni tushunmoq kerak.
Shaxs yetishtirilish taqiqlangan o‘simliklarni turli maydonlarda o‘stirayotgan bo‘lsa, uning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda jami ekin maydonidan kelib chiqmoq lozim.
Agar yetishtirilishi taqiqlangan o‘simliklarni ekish va yetishtirish kelgusida narkotik moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, shuningdek, o‘tkazish yoki sotish bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday harakatlar Jinoyat kodeksining 270-moddasi va tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i darkor.
3. Uyushgan jinoiy guruh tomonidan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilinishi jamiyat uchun alohida xavf tug‘diradi.
Jinoyat kodeksi 29-moddasining 4-qismiga binoan uyushgan guruh deb ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi tushuniladi.
Jinoiy guruhni uyushgan deb kvalifikatsiya qilish uchun asosiy mezon tariqasida, masalan, guruhning barqarorligini, unda tashkilotchining bo‘lishini, odatda, bir necha jinoyatni sodir etish maqsadida tuzilganligini, jinoyatni amalga oshirish rejasi va yo‘l-yo‘rig‘i ishlanganligini, har bir ishtirokchi o‘rtasida vazifalar taqsimlanganligini, texnika bilan ta’minlanganligini, jinoyatni yashirish choralari ko‘rilganligini, umumiy intizomga va jinoiy guruh tashkilotchisining ko‘rsatmalariga itoat qilinishini va shu kabilarni hisobga olish lozim.
Hukmda jinoiy guruh aynan qaysi mezonlar bo‘yicha uyushgan guruh deb topilganligi aks ettirilishi lozim.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
4. Jinoyat kodeksining 271-moddasiga muvofiq giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni egallash uchun javobgarlik ular korxona, tashkilot va muassasalardan qonunga xilof ravishda olinganda, tarkibida narkotigi bo‘lgan o‘simliklar yoki ularning bo‘laklari qishloq xo‘jaligi korxonalari dalalaridan va bu o‘simliklar o‘stirilayotgan fuqarolarning yer maydonlaridan qonunga xilof ravishda terib olinganda, shuningdek, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar, ularni qonuniy va qonunsiz ravishda egallab turgan fuqarolardan qonunga xilof ravishda olingan hollarda yuzaga keladi. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘g‘rilik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, talonchilik, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish, tovlamachilik, bosqinchilik yo‘li bilan egallash (Jinoyat kodeksining 271-moddasi) va o‘zgalar mulkini talon-toroj etishni nazarda tutgan tegishli moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar majmui bilan, faqat bu moddalar (moddalar qismlari) sanksiyasi Jinoyat kodeksining 271-moddasidagidan og‘irroq jazoni ko‘zda tutgan hollardagina kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Tergov organlari va sudlar giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallashdan maqsad nima ekanligini aniqlashlari zarur. Egallash kelgusida o‘tkazish yoki sotish uchun amalga oshirilganligi aniqlangan taqdirda aybdorning harakatlari qayd etilgan jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rish deb ham kvalifikatsiya qilinishi kerak.
5. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda (Jinoyat kodeksi 273-moddasi 1-qismi) ularni har xil usulda tarqatish (o‘zgaga berish, hadya etish, boshqa shaxsga ukol qilish, almashtirish, qarz va qarzi evaziga berish hamda sotish va hokazolar)ni tushunish lozim. Chunki giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni sotish-o‘tkazishning bir usuli deb hisoblanishi kerak.
Qayd etilgan jinoyatni kvalifikatsiya qilishda birinchi navbatda o‘tkazilgan (sotilgan) giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar miqdoridan kelib chiqish kerak.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda sotish (Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi) ularni o‘tkazishning eng xavfli ko‘rinishlaridan hisoblanadi va giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar faqat ko‘p miqdorda sotilsagina mazkur moddaning 5-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Agar aybdor tomonidan bila turib giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar niqobi ostida qandaydir boshqa moddalar o‘tkazilsa, sotilsa, bunday harakatlar firibgarlik sifatida, oluvchining harakatlari esa — giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni olishga suiqasd qilish tariqasida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Aybdor tomonidan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarning faqat bir qismi sotilib, qolgani topilgan va olingan hollarda, bunday vosita yoki moddalarning o‘lchami ularning umumiy miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
6. Aybdorda qonunga xilof ravishda tayyorlangan, olingan, saqlanayotgan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadi borligi to‘g‘risidagi masalani hal etishda (Jinoyat kodeksi 273-moddasi), sudlar, bu vosita yoki moddalar haqiqatdan ham o‘tkazish uchun tayyorlanganligini namoyon etuvchi dalillar majmuiga asoslanmoqlari lozim. Masalan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni faqat iste’mol qilinishini istisno etadigan miqdorda topilganligi, narkotiklar yoki psixotrop moddalarni ma’lum o‘lchamda qadoqlanganligi, tashish yoki jo‘natishda ularni maxsus maxfiy joyga yashirilganligi, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlash uchun asbob-uskunalarning mavjudligi, aybdorning o‘zi bangi emasligi to‘g‘risida ekspertiza xulosa berganligi va hokazolar. Ishning aniqlangan haqiqiy holatlariga qarab aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasining 5-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Tayyorlash deganda pirovard natijada giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar hosil qilingan har qanday harakat, shuningdek, tegishli ruxsat bo‘lmagan holda narkotiklarni to‘yintirish va narkotik ta’sir kuchini oshirish maqsadida ularni qayta ishlash va tozalash (begona aralashmalardan holi qilish) tushunilishi lozim.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni olish deb sotib olishni boshqa narsa va buyumlarga almashtirishni, qarzga yoki hadyaga olishni, qarzi evaziga olishni, topib olingan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘zlashtirishni, aybdor olgan moddalari narkotik ekanligini bilgan bo‘lsa, yovvoyi holda o‘sayotgan nasha va ko‘knor o‘simliklarini yoki ularning bo‘laklarini, shuningdek, tarkibida narkotik bo‘lgan o‘simlik ekinlarining qo‘riqlanmayotgan qoldiqlarini yig‘ib-terib olishni hisoblamoq kerak.
Saqlash deganda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni aybdorning egaligida: yonida, binoda, maxfiy erda va boshqa joylarda bo‘lishi bilan bog‘liq har qanday qasddan qilingan harakatlar tushunilishi lozim.
Tashish deganda tashish usulidan qat’i nazar giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tish bilan bog‘liq har qanday qasddan qilingan harakatlar tushunilishi lozim.
Jo‘natish deganda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni tashish jarayonida jo‘natuvchi ishtirok etmagan vaziyatda, aloqa bo‘limi jo‘natmasi, bagaj tariqasida yoki boshqa usullarda bir joydan ikkinchi joyga qonunga xilof ravishda yuborish tushunilishi lozim.
7. Sudlarga uqtirilsinki, Jinoyat kodeksi 273-moddasining 4-qismida nazarda tutilgan narkotiklarni qayta ishlash uchun qo‘llaniladigan prekursorlar deganda xalqaro nomlari yoki amaldagi xalqaro konvensiyalarda ishlatiladigan nomlari bo‘lgan moddalar tushunilishi lozim.
Bunday moddalar ro‘yxati Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1988-yildagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasining 1 va 2-sonli jadvallarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli qaroriga 7-ilovada mavjud.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
8. Qonun mazmuniga ko‘ra (JK 273-moddasining to‘rtinchi qismi), giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilish yoki tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlash deganda, aybdor tomonidan xonalarni mazkur modda yoki vositalarni iste’mol qilish maqsadida bir yoki bir necha marotaba berib turilishi tushunilishi lozim (bunda xonaning giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilish uchun maxsus moslangan-moslanmaganligi va aybdor g‘araz maqsadni ko‘zda tutgan-tutmaganligi yuridik ahamiyat kasb etmaydi). Agar giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’molchilar tomonidan xona berib turgan shaxsga bildirmasdan olib kelib, iste’mol qilinganligi aniqlansa, uni (xona berib turgan shaxsni) bangixona tashkil qilish yoki saqlashda aybdor deb topish mumkin emas.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Shu bilan birgalikda bangixona saqlovchisi tomonidan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar sotilgan yoki o‘tkazilgan bo‘lsa, uning harakatlari Jinoyat kodeksi 273-moddasining tegishli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
9. Jinoyat kodeksi 273-moddasining 6-qismi va 276-moddasining 3-qismiga ko‘ra giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs, topshirilgan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlaganligi, olganligi, shuningdek, ularni saqlaganligi, tashiganligi va jo‘natganligi uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi. Shaxsning giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishi munosabati bilan tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘rab, tibbiyot muassasalariga o‘z ixtiyori bilan murojaat qilganligi, uni ilgari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallaganligi, saqlaganligi, tashiganligi va jo‘natganligi, iste’mol qilganligi uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga faqat bunday murojaat shaxsning bangilikdan tuzalish niyati bilan qilingan va uni fosh etilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan hollardagina asos bo‘lishi mumkin.
10. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etish deganda shaxsda ularni iste’mol qilish maylini uyg‘otishga qaratilgan har qanday qasddan qilingan harakatlar (unatish, taklif qilish, maslahat berish va sh.o‘.), shuningdek, ta’sir o‘tkazilayotgan shaxsni giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qildirish maqsadida aldash, ruhiy yoki jismoniy zo‘rlik ishlatish, ozodligini cheklash va hokazolar tushunilishi lozim.
Aybdorning ikki yoki undan ortiq shaxslarda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilish maylini uyg‘otishga qaratilgan harakatlari, bu harakatlar bir necha shaxslarga nisbatan bir vaqtning o‘zida yoki ularning har biriga nisbatan turli vaqtda sodir etilganligidan qat’i nazar, Jinoyat kodeksi 274-moddasining 2 qismi “v” band bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
11. Tushuntirilsinki, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishni nazarda tutgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud-kimiyoviy ekspertizalarni o‘tkazish aybdorlikni isbotlovchi muhim mezonlardan biri hisoblanadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasiga muvofiq vosita yoki moddani narkotik yoxud psixotrop deb e’tirof etish uchun bunday ekspertizalar qayd etilgan turkumdagi barcha ishlar bo‘yicha o‘tkazilishi zarur.
olingan modda narkotik hisoblanadimi va qaysi turga kiradi, zarur hollarda esa uning ushbu moddadagi tarkibi necha foizni tashkil qiladi va vazni qancha;
narsada (qanday narsa ekanligi ko‘rsatiladi) giyohvandlik vositalarining izlari (mikroskop orqali ko‘rinadigan nishonalari) bormi;
yer maydonida (olingan joy ko‘rsatiladi) o‘sayotgan o‘simliklar qaysi turga mansub va u tarkibida narkotik bo‘lgan o‘simlik hisoblanadimi;
olingan moddalar tayyorlash usuli (texnologiyasi), saqlash sharoiti, foydalanilgan boshlang‘ich xomashyosi, o‘simlik xomashyosining ko‘karib turgan joyi bo‘yicha kelib chiqishi jihatidan umumiy manbaga egami.
12. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ozginadan ko‘proq yoki ko‘p miqdorga mansubligi masalasini hal etish tergov organi va sudning vakolati doirasiga kiradi, bunda ular narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining “Qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2016-yil 22-martdagi 13/16-sonli qarorida berilgan tavsiyalarga amal qilishlari zarur.
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Bunda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda oz miqdorda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanib, buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 56-moddasida javobgarlik ko‘zda tutilganligini e’tiborga olish lozim.
13. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha aybdorni bangi deb topish (topmaslik) va uni majburiy davolashga yuborish masalasini hal qilish uchun zarur hollarda narkologik ekspertiza o‘tkazilishi lozim.
Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan giyohvandlikdan majburiy davolashni faqat ozodlikdan mahrum etish joylarida emas, balki ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo belgilangan hollarda tibbiyot muassasalarida amalga oshirilishi ham tayinlanishi mumkin.
14. Tushuntirilsinki, jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzayotgan yoki aholining xavfsizligi, salomatligi va ma’naviyatiga xavf tug‘dirayotgan giyohvandlik bilan kasallanganlarni majburiy davolash masalalari sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrdagi “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq hal qilinadi.
15. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda sotishga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ularni “nazorat tariqasida sotib olish” amalga oshirilishi mumkin, qaysiki qonun talablariga qat’iy rioya qilingan holda, xolislar ishtirokida o‘tkaziladi.
16. Bu turkumdagi ishlarni ko‘rishda Jinoyat-protsessual kodeksi 487-moddasida ko‘rsatilganlardan tashqari quyidagilar ham shu kodeks talablarini jiddiy buzilishi deb hisoblanishi lozim:
yetishtirilishi taqiqlangan o‘simliklarni o‘stirish, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish yoki sotish bilan shug‘ullanayotgan barcha shaxslarni, shuningdek tergov yoki sud tomonidan ularning sodir etilgan jinoyatlarda ishtirok etganligi shak-shubhasiz aniqlangan bo‘lsa, narkotiklar bilan bog‘liq boshqa jinoyatlarda aybdor bo‘lganlarni javobgarlikka tortilmaganligi, yoxud yetarli asoslar mavjud bo‘lgan holda tergov organi tomonidan bunday shaxslarni aniqlash choralarining ko‘rilmaganligi, ishning bir qismini Jinoyat-protsessual kodeksining 332-moddasiga xilof ravishda ajratilganligi;
kechiktirib bo‘lmaydigan vaziyatdan tashqari hollarda Jinoyat-protsessual kodeksi 161-moddasining talablarini buzib, xolislar ishtirokisiz yoki prokurorning ruxsatisiz giyohvandlik vositalarini olish maqsadida tintuv o‘tkazilganligi. Bunda prokuror ruxsatisiz va yetarli asoslarsiz tintuv o‘tkazish fuqarolarning turar-joy daxlsizligini belgilovchi konstitutsiyaviy huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzish hisoblanishini e’tiborga olish lozim;
olingan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar miqdorini xolislar ishtirokida o‘lchash yo‘li bilan aniqlanmaganligi;
olingan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni e’tirof etish masalasida ekspertizalar o‘tkazilmaganligi.
17. Sudlar bu turkumdagi ishlarni ko‘rish chog‘ida jazo tayinlash masalalariga alohida yondashuv qoidasiga amal qilgan holda jiddiy e’tibor berishlari lozim.
Retsidivistlar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni muntazam ravishda yoki ko‘p miqdorda sotuvchilar, o‘tkazuvchilar, jinoyatning tashkilotchilari va aktiv ishtirokchilari, narkotiklarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki uning hududi orqali olib o‘tishni yoxud ularni turli usullar bilan tarqatishni ta’minlovchilar, xuddi shunday jinoyatlar uchun muqaddam sudlanganlar, voyaga yetmaganlarni jinoyatga jalb qiluvchilar va hokazolar qattiq javobgarlikka tortilishlari lozim.
Shu bilan birgalikda sudlar giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlagan, olgan, saqlagan shaxslarga nisbatan, shuningdek ularni yetishtiruvchi ayollarga, 60 yoshdan oshgan erkaklarga, voyaga yetmaganlarga va jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash masalalarini muhokama qilishlari shart.
18. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha daliliy ashyolar haqidagi masalani sudlar g‘ayriqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik moddalarini saqlash, davlatga topshirish va yo‘q qilishning o‘rnatilgan tartibiga qat’iy amal qilgan holda hukmda hal etishlari lozim.
Sudlarning e’tibori hukmlarning daliliy ashyolarni yo‘q qilish qismi ijrosi bo‘yicha doimiy nazoratni amalga oshirish zarurligiga qaratilsin.
(18-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni sudlar tomonidan bexato ko‘rilishi ustidan nazoratni ta’minlasinlar.
O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1988-yil 27-dekabrdagi “Respublika sudlari tomonidan SSSR Oliy sudi Plenumining 1987-yil 24-dekabrdagi “Giyohvandlik vositalarini talon-toroj qilish, shuningdek giyohvandlik vositalari, kuchli ta’sir etuvchi va zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, tarqatish va boshqa g‘ayriqonuniy harakatlar bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining bajarilishi to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.