Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
SUD AMALIYOTIDA FUQARO VA TASHKILOTLARNING SHAʼNI, QADR-QIMMATI VA ISHCHANLIK OBROʻSINI HIMOYA QILISH HAQIDAGI QONUNLARNI QOʻLLASH TOʻGʻRISIDA
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1997-yil 2-may va 1998-yil 11-sentabrdagi 24-sonli qarorlariga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Fuqaro va tashkilotlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini kamsitiladigan maʼlumotlar tarqatilgan taqdirda, ularni himoya qilish sudning birinchi darajali vazifalaridan boʻlib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonuni ommaviy axborot vositalaridan fuqarolarning shaxsiy hayotlariga aralashish, ularning shaʼni, qadr-qimmatlari va ishchanlik obroʻsiga tajovuz qilish maqsadida foydalanishni man etadi.
Fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq oʻzining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti, bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli.
Bozor munosabatlari shakllanayotgan sharoitda tashkilotlarning obroʻsini tiklash, ijtimoiy munosabatlarda uning faoliyatiga odilona baho berish ham katta ahamiyat kasb etadi.
Plenum “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunni sud amaliyotida qoʻllashda, qanday maʼlumotlar tarqatilganligi va ular qadr-qimmatga qanchalik putur yetkazgani kabi masalalar yuzasidan muammolar yuzaga kelganligini taʼqidlaydi hal qiluv qarorlarida hamma vaqt ham shaʼn va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi maʼlumotlarga raddiya berishning aniq usuli hamda raddiya berilishi lozim boʻlgan muddat koʻrsatilmaydi, sud xarajatlarini undirish masalasi muhokama qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ishni koʻrishni bir necha martalab qoldirish, ish yurgizishni asossiz harakatdan toʻxtatib qoʻyish oqibatida nizoning muhimlilik mohiyati yoʻqolishi tufayli daʼvogarlar oʻz talablaridan voz kechmoqdalar, anchagina arizalar esa koʻrilmasdan qoldirilmoqda.
Keyingi tahrirga qarang.
Koʻpchilik ishlarda hal qiluv qarorining ijro etilganligi haqidagi maʼlumotlar mavjud emas.
Sudlar faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf qilish va kelib chiqqan masalalarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasi va “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasiga muvofiq yuridik va jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida eʼlon qilingan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va oʻzining shaʼni hamda qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan maʼlumotlar boʻyicha raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli ekanligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Qonunlarni toʻgʻri tatbiq etish, fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquqlarini amalga oshirishlariga yordam berishini hisobga olib, shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini himoya qilish haqidagi ishlarni sudlar sinchiklab, puxta koʻrishlari zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini pastga uruvchi maʼlumotlarni rad etish haqidagi talablar, maʼlumotlar qanday shakl va uslubda tarqatilganidan qatʼi nazar, sudga taalluqlidir.
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasiga binoan eʼlon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻz raddiyasini mazkur ommaviy axborot vositasi orqali eʼlon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob gazetalarda ular kelgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida, boshqa davriy nashrlarda esa navbatdagi sonda eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasi raddiya yoki javobni eʼlon qilishdan bosh tortsa yoxud ularni eʼlon qilish uchun belgilab qoʻyilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish haqidagi daʼvo arizadan u mulkiy boʻlmagani tufayli eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Ayni bir vaqtning oʻzida moddiy va maʼnaviy zararni undirish haqidagi talab ham qoʻyilgan boʻlsa, davlat boji umumiy asoslarda talab etilayotgan summa yuzasidan undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Sudlarga tushuntirilsinki, badnom qiluvchi maʼlumotlarning javobgar tomonidan tarqatilganligi faktini tasdiqlovchi dalillarni sudga daʼvogar taqdim etishga majburdir.
Daʼvo ariza FPKning 149 va 150-moddalari talablariga rioya qilinmay berilgan hollarda harakatsiz qoldiriladi va FPKning 154-moddasiga asosan kamchiliklarni bartaraf etish muddati koʻrsatiladi. Koʻrsatilgan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, ariza berilmagan hisoblanib, daʼvogarga qaytariladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sudning hal qiluv qarorlari va hukmlarida, tergov organlari qarorlarida va qonunda shikoyat qilishning oʻzgacha tartibi koʻzda tutilgan boshqacha rasmiy hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarni rad etish haqidagi talablarni Oʻzbekiston Respublikasi FKning 100-moddasida nazarda tutilgan tartibda koʻrish mumkin emas.
7. FKning 100-moddasi 2-qismiga asosan manfaatdor shaxs shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini badnom qiluvchi maʼlumotlar uning vafot etgan oila aʼzolari yoki qarindoshlariga nisbatan tarqatilganda ham ularning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini sud orqali himoya qilish huquqiga ega.
Shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga dogʻ tushiruvchi maʼlumotlar voyaga yetmaganlar yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb belgilangan shaxslarga nisbatan tarqatilganda, ularning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisida qonuniy vakillari (ota-onalari, bolalikka oluvchilari, vasiylari), homiylari yoki FPKning 46-moddasi tartibida prokuror ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga egadirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Yuridik yoki jismoniy shaxslarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini pastga uruvchi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida, xizmat taʼrifnomalarida, koʻpchilik oldida soʻzlaganda, mansabdor shaxslar nomiga yozilgan arizalarda yoki boshqa, shu jumladan ogʻzaki boʻlsa ham bir necha shaxsga yoxud bir kishiga xabar qilish tushuniladi.
Bunday maʼlumotlarni faqatgina oʻsha shaxsning oʻziga aytish, bu maʼlumotlarni tarqatish deb qaralmaydi.
Oʻzining shaʼniga haqoratlovchi maʼlumotlar aytilgan fuqaro, yetarli asoslar boʻlgan taqdirda, haqorat yoki tuhmat qilgani uchun Jinoyat kodeksining 139, 140-moddalari yoki Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40, 41-moddalariga koʻra gunohkorni jinoiy javobgarlikka tortish haqida ish qoʻzgʻatishni soʻrab sudga murojaat qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Badnom qiluvchi maʼlumotlar deganda, ayrim fuqarolar yoki jamoat fikrida amaldagi qonunlarga va axloq qoidalariga rioya qilish nuqtai nazaridan qaraganda shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini oyoq osti qiluvchi, obroʻni toʻkuvchi maʼlumotlar hisoblanishini sudlarga tushuntirilsin.
Ishdagi kamchiliklarni, jamoat va ish joylaridagi, turmushdagi feʼl-atvorini tanqid qiluvchi, haqiqatga toʻgʻri keladigan maʼlumotlarga shaxsni badnom qiluvchi maʼlumotlar deb boʻlmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash vaqtida tegishli javobgarlarni aniqlab olish lozim. Arizada ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan maʼlumotlarga raddiya berish talab etilgan boʻlsa, javobgar sifatida muallif va tegishli ommaviy axborot idorasi jalb etiladi. Maʼlumotlar rasmiy xabarlardan olingan hollarda (“Ommaviy axborot vositalari haqida”gi Qonunning 28-moddasi) sud yolgʻon maʼlumotlarni dastlab tarqatgan shaxsni ham javobgar sifatida tortishi mumkin.
Agar badnom qiluvchi maʼlumotlar xizmat taʼrifnomalarida koʻrsatilgan boʻlsa, bunday daʼvolar boʻyicha uni imzolagan shaxslar hamda taʼrifnomani bergan korxona, muassasa yoki tashkilot ishga javobgar tariqasida jalb etiladi.
Badnom qiluvchi maʼlumotlar devoriy yoki protsessual huquq layoqatiga ega boʻlmagan koʻp nusxali roʻznomalarda eʼlon qilingan boʻlsa, eʼlon qilingan maqola muallifi bilan bir qatorda mazkur roʻznomani chiqaruvchi tashkilot javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Sud majlisida quyidagi holatlar har tomonlama aniqlanishi lozim:
a) raddiya berilishi talab qilinayotgan maʼlumotning tarqatilgan-tarqatilmaganligi;
b) bu maʼlumotlar yuridik yoki jismoniy shaxsning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazgan-yetkazmaganligi;
v) bu maʼlumotlarning haqiqatga toʻgʻri kelish-kelmasligi.
Oʻzbekiston Respublikasi FKning 100-moddasiga asosan daʼvogarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini pastga uruvchi maʼlumotlarni haqiqatga toʻgʻri kelishini tasdiqlash javobgarning zimmasiga yuklatilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi FKning 163-moddasiga asosan shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini yerga uruvchi maʼlumotlarga raddiya berish haqidagi talablarga daʼvo muddati tatbiq qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Agar shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish haqidagi daʼvo bilan bir vaqtda daʼvogar tomonidan shu badnom qiluvchi maʼlumotlar tarqatilganligi oqibatida yetkazilgan moddiy zararni yoki maʼnaviy ziyonni undirish toʻgʻrisida ham talab qoʻyilgan boʻlsa, sud bu talabni FKning 985-moddasiga muvofiq hal etadi.
FKning 1021-moddasi 2-qismiga binoan agar zarar qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ-eʼtiborini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa, maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qatʼi nazar, qoplanishini nazarda tutish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Maʼnaviy (mulkiy boʻlmagan) zararning miqdorini belgilashda sud fuqaroning shaʼni, qadr-qimmatini oyoq osti qilgan, obroʻsini toʻkkan maqolaning mazmuni va mohiyatini, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni eʼlon qilgan ommaviy axborot vositasi yoki muayyan shaxsning ayb darajasini shu maqola bilan bogʻliq boʻlgan boshqa eʼtiborga molik holatlarni hisobga oladi.
FKning 1022-moddasiga muvofiq maʼnaviy zararni qoplash miqdorini aniqlashda sudlar jabrlanuvchiga yetkazilgan maʼnaviy zararning ogʻirligiga subyektiv bahosi, shuningdek, daʼvogarning jismoniy va maʼnaviy azoblarining darajasini tasdiqlovchi obyektiv maʼlumotlar xususiyati va haqoratlovchi yolgʻon maʼlumotlari tarqatilgan doirani hamda boshqa ahamiyatga molik holatlarni eʼtiborga olishlari kerak.
14. Daʼvo qanoatlantirilgan taqdirda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarga raddiya berish usulini koʻrsatishi shart. Raddiya aynan shu haqiqatga zid maʼlumotni bosib chiqargan roʻznomada yoki boshqa ommaviy davriy nashrda eʼlon qilinishi lozim. Sud hal qiluv qarorida beriladigan raddiya matnini bayon qiladi va u eʼlon qilinadigan muddatni koʻrsatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tashkilotlar tomonidan berilgan hujjatlarda boʻlsa, sudning hal qiluv qaroriga asosan tashkilot bunday hujjatni almashtirib berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud har bir ishning aniq holatlaridan kelib chiqib, javobgarga koʻpchilik oldida kechirim soʻrash, tarqatilgan maʼlumotlarning notoʻgʻri ekanligini yigʻilishda eʼlon qilish, daʼvogarni badnom qiluvchi maʼlumot xabar qilingan tashkilotga raddiya yozib yuborish majburiyatini yuklatishi mumkin.
15. Daʼvogarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini pastga uruvchi maʼlumotlarga raddiya berish haqidagi hal qiluv qarorini muddatida bajarmagan yoki tegishli darajada bajarmagan taqdirda sud hal qiluv qarorini bajarishdan bosh tortgan javobgarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar koʻradi va hal qiluv qarorini ijro etish uchun yangidan aniq muddat belgilashga haqli.
Mansabdor shaxs hal qiluv qarorini ijro etishdan qasddan bosh tortsa, sud unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 232-moddasi bilan koʻzda tutilgan javobgarlik masalasini hal etishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Sudlarning eʼtibori ushbu turdagi nizolarni qonunda belgilangan muddatlarda koʻrib hal qilish zarurligiga va ishlarni koʻrishda sansolarlikka yoʻl qoʻymaslikka qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish haqidagi ishlarni koʻrishda bu maʼlumotlarni tarqatilganligini aniq sabablarini toʻliq tekshirib, qonun bilan man etilgan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarning tarqatilishini oldini olish maqsadida tegishli xususiy ajrimlar chiqarilib, uning ijrosini sudlar tegishli nazorat ostiga olishlari lozim boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
1992-yil 19-iyun,
5-son