OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
FARMATSEVTIKA ISHLAB CHIQARISHI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1887]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Farmatsevtika ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2008-yil 17-dekabr,
76-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2008-yil 17-dekabrdagi 76-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Farmatsevtika ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 120-modda; 1999-y., 5-son, 124-modda) qonunlariga muvofiq dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishga doir barcha ishlarda farmatsevtika ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha turdagi farmatsevtika ishlab chiqarishi korxonalariga (bundan keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar Qurilish meʼyorlari va qoidalari, Sanitariya qoidalari va meʼyorlari, Davlat standartlarining tegishli normalarini, shuningdek aniq ishlab chiqarishda belgilangan tartibda tasdiqlangan boshqa tarmoq normativ hujjatlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish korxonaning xavfsizlik texnikasi boʻyicha xizmati (muhandisi) zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom”ga (1996-yil 14-avgust, roʻyxat raqami 273) muvofiq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Farmatsevtika ishlab chiqarishida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq, shunga maxsus vakolatlangan davlat organlari tomonidan, jamoat nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba tashkilotlari nomidan ular tomonidan saylanadigan mehnat muhofazasi boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
6. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq ishlovchilar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi korxonalarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Ishlovchilar soni 50 dan kam boʻlgan korxonalarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi. Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga korxonada mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Korxonalarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra korxonaning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda korxonaning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
11. Korxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (2000-yil 23-iyun, roʻyxat raqami 937 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻriqnoma berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
13. Korxonalarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda qayta attestatsiyadan oʻtishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq ishchilar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom”ga (1996-yil 14-avgust, roʻyxat raqami 272) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining roʻyxati
15. Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi har bir korxonada ishlab chiqarishning aniq shart-sharoitlari hisobga olingan holda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining hamda ushbu omillar taʼsirini kamaytirish yoki ularni toʻliq bartaraf etish tadbirlarining roʻyxati tuziladi.
16. Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi har bir korxona GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish hamda texnologik jarayonlar, ishlab chiqarish omillari, ularning tasnifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi hamda kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
17. Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish xodimlariga OST 64-031-87 SSBT “Tayyor dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish texnologik jarayonlari. Tabletka turidagi dori-darmon shakllarini ishlab chiqarish. Xavfsizlik talablari”ga, OST 64-7-472-83 SSBT “Tayyor dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish texnologik jarayonlari. Ampuladagi inyeksion eritmalarni ishlab chiqarish. Xavfsizlik talablari”ga muvofiq, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining quyidagi guruhlari taʼsir etishi mumkin:
a) jismoniy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
harakatlanuvchi mashinalar va mexanizmlar;
yuruvchi buyumlar va materiallar;
ish zonasining havosidagi miqdori yuqori boʻlgan chang va gaz;
uskunalar va materiallarning harorati yuqori boʻlgan yuzasi;
ish zonasining harorati yuqori boʻlgan havosi;
ish joyidagi darajasi yuqori boʻlgan shovqin;
yuqori darajali tebranma;
namlik darajasi yuqori boʻlgan havo;
odam badani orqali ulanishi sodir boʻlishi mumkin boʻlgan elektr zanjiridagi darajasi xavfli boʻlgan kuchlanish;
yorugʻlik lipillashi (pulsatsiyasi);
yuqori darajali statik elektr;
tabiiy yorugʻlik mavjud emasligi;
yuqori darajali ultrabinafsha radiatsiyasi;
yuqori atmosfera bosimi.
b) kimyoviy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari guruhi:
nafas olish yoʻllari va teri qoplamasi orqali taʼsir etuvchi zararli suyuq, qattiq, bugʻsimon moddalar va aerozollar;
nafas olish yoʻllari, teri qoplamasi va koʻzga taʼsir etuvchi oʻyuvchi suyuq, qattiq va bugʻsimon moddalar.
v) psixofiziologik zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari guruhi:
sezgi organlarining haddan tashqari kuchlanishi;
mehnat monotonligi.
18. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Mehnat xavfsizligi boʻyicha oʻta xavfli kasblar va ishlar
19. Har bir korxona oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim.
20. Texnologiya, qoʻllanilayotgan uskunalarning oʻzgartirilishi, yangi ishlab chiqarishlar tashkil etilishi munosabati bilan xavfli ishlarning yangi turlari vujudga kelgan taqdirda kuzatuv hamda nazorat organlarining talabiga koʻra roʻyxat qayta koʻrib chiqilishi lozim.
5-§. Xodimlarning jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari
21. Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi barcha korxonalarda asosiy ishlab chiqarish va yordamchi xizmatlar xodimlariga zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun GOST 12.4.011-89 va OST 64-7-473-83 SSBT “Tayyor dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishda yakka tartibdagi himoya vositalari. Tasnifi. Qoʻllanish sohasi”ga muvofiq, jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
22. Jamoa himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik elektr, uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratidan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
23. Farmatsevtika ishlab chiqarishi xodimlari “Farmatsevtika ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlari”ga (2008-yil 24-sentabr, roʻyxat raqami 1861 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 39-son, 402-modda) muvofiq, yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
24. Yakka himoya vositalari quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
maxsus kiyim-kechak;
maxsus poyabzal;
maxsus bosh kiyimi;
nafas aʼzolarining himoya vositalari;
qoʻlni himoyalash vositalari;
bosh uchun himoya vositalari;
yuzni himoyalash vositalari;
eshitish aʼzolarini himoya qilish vositalari;
koʻzni himoya qilish vositalari.
25. Tayyor dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishda yakka tartibdagi himoya vositalari zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarining manbasi boʻlmasligi hamda mahsulot ifloslanishini yuzaga keltirmasligi lozim.
26. Korxona maʼmuriyati xodimlarni belgilangan meʼyorlarga muvofiq, kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi, ulardan foydalanish muddatlariga hamda saqlash, yuvish, tozalash va taʼmirlash boʻyicha zaruriy shartlariga rioya qilinishini taʼminlagan holda yakka tartibdagi himoya vositalarini berish hisobini yuritishi shart.
6-§. Kasbiy tanlov
27. Korxonalarda kasbiga koʻra saralash oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim. Farmatsevtika korxonasining mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga, dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishni unga qoʻyilgan talablarga javob beradigan darajada tashkil etish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim. Rahbarlar va mutaxassislarning vazifalari ishda noaniqliklar yuzaga kelishini yoki bir nechta kishiga bitta vazifa yuklanishini oldini olish maqsadida lavozim yoʻriqnomalarida qayd qilinadi.
28. Bosim ostida ishlovchi va xavfi yuqori boʻlgan boshqa ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va ishga qoʻyish uchun asosiy hujjatlardan biri hisoblanadigan guvohnomaga ega boʻlishi shart.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish yuzasidan talablar
29. Korxona xodimlari ishni bajarishning kasbiy usullariga, ishlarni xavfsiz yuritishga oʻqitilib, olingan bilimlari “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom”ga muvofiq hujjatli rasmiylashtirilgan holda sinovdan oʻtkazilgandan soʻng ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishga ruxsat etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Oʻta xavfli ishlarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 6-iyuldagi 132-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1887-1-son, 17.07.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 28-29-son, 244-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
32. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (2000-yil 5-yanvar, roʻyxat raqami 865 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-yil, 1-son) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega boʻlgan ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
8-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
33. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
34. “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruqqa muvofiq, xodimlar, shu jumladan muhandis texnik xodimlar (bundan keyingi oʻrinlarda MTX deb yuritiladi) ishga kirishda dastlabki va keyinchalik yilda bir marta davriy tibbiy koʻriklaridan oʻtishi shart. Xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Tibbiy koʻriklar korxonaning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik korxonaning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
38. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda maʼmuriyat ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
9-§. Sanitariya va gigiyena
39. Farmatsevtika korxonalarining ishlab chiqarish xonalari quyidagi sanitariya rejimi qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:
ish zonasida havodagi zararli moddalarning miqdori GOST 12.1.005-2000 SSBT “Ish zonasidagi havo. Umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga binoan ruxsat etilgan eng koʻp toʻyinganlik darajasidan oshmasligi;
ishlab chiqarish xonalarida ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish xonalarida shovqin va tebranma darajasi GOST 12.1.003-89 SSBT “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.1.012-90 SSBT “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablarida belgilangan miqdordan oshmasligi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarning, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining elektr yorugʻi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga javob berishi hamda normal mehnat shart-sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi lozim. Shuningdek, toza xonalarda yoritish asboblari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega va singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi;
Keyingi tahrirga qarang.
elektr tokining odamga taʼsir etishini oldini olish boʻyicha xavfsizlik talablari GOST 12.1.019-86 SSBT “Elektrxavfsizlik. Umumiy talablar”ga javob berishi;
statik elektrdan himoya qilish tadbirlari GOST 12.1.18-93 SSBT “Statik elektr. Uchqun xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq amalga oshirilishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarni, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarini gigiyenik jihatdan tutish va xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qoʻyiladigan talablar qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq boʻlishi.
Keyingi tahrirga qarang.
10-§. Korxonalarning ishlab chiqarish binolari va xonalariga qoʻyiladigan talablar
40. Farmatsevtika ishlab chiqarishi korxonasi mahsulotining sifatiga salbiy taʼsir etuvchi ishlab chiqarishlardan yetarlicha uzoq boʻlgan masofada joylashgan boʻlishi lozim.
41. Farmatsevtika sanoati korxonalarining binolarini qurish, qayta qurish va taʼmirlash ishlari QMQ 3.01.02-00 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi” qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Ishlab chiqarish binolarini changish, ifloslanish darajasi imkon qadar kamaytirilgan hamda ularga hasharot va hayvonlar tushishi istisno etilgan holda loyihalashtirish va qurish lozim.
43. Korxonaning barcha hududi toza saqlanishi lozim. Atmosfera yogʻinlarini chiqarib yuborish uchun moʻljallangan oqova suv tarnovlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq muntazam ravishda tozalanishi va taʼmirlanishi lozim. Yoʻllar, oʻtish yoʻllari va binolar, qurilmalar hamda inshootlar orasidagi hududlardan materiallarni saqlash uchun foydalanish, ularga uskunalar yoki ishlab chiqarish chiqindilarini taxlab qoʻyish man etiladi.
44. Korxona hududida chekishga faqat maxsus ajratilgan, “Sanoat korxonalarida yongʻin xavfsizligi boʻyicha namunaviy qoidalar” SHMQ 2.01.02-04 ga muvofiq jihozlangan joylarda ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Ishlab chiqarishda ishlab chiqarish xonalari va omborxonalar avtomatik yongʻinni oʻchirish vositalari va avtomatik yongʻindan xabar beruvchi signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
46. Korxona maʼmuriyati binolar va inshootlarni saqlash, ularni ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.
47. Ishlab chiqarish xonalarida havo oqimini boshqaruvchi uskunalar va harorat, namlik, tozalanish samaradorligi va filtrlarda bosim oʻzgarishini oʻlchash moslamalari bilan jihozlangan samarali havo oqimini olish va havo tortish ventilyatsiya tizimi mavjud boʻlishi lozim.
Havo tortish ventilyatsiyasi tizimlarining unumdorligi “toza” xonalarda havo yetkazilishini (podporini) taʼminlash uchun havo oqimini olish ventilyatsiyasi tizimlari unumdorligining 80-90% tashkil etishi lozim.
48. Antibiotiklarning havo taʼminlash tizimlari boshqa tibbiy maqsadlarda dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish havo tizimlaridan toʻliq izolyatsiyalangan boʻlishi lozim.
49. Steril dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishda ishlab chiqarish ehtiyojiga qarab butun xonada yoki ayniqsa muhim uchastkalarni yoki operatsiyalarni himoya qilish uchun ayrim lokal zonalarda maxsus uskunalar yordamida gorizontal yoki vertikal laminar oqimlari yaratilishi mumkin.
50. Ishlab chiqarish xonalari zarurat boʻlganda havo oqimi bir maromda saqlash tizimi bilan jihozlanishi mumkin va ushbu tizim havo mexanik zarrachalar va mikroorganizmlardan tegishli darajada tozalanishini taʼminlashi, texnologik jarayon va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun oqilona shart-sharoitlarni yaratish uchun iqlimiy parametrlarni (havo harorati, namligi) avtomatik ravishda muvofiqlashtirishi lozim.
51. Ishlab chiqarish xonalarida ishlab chiqarish oqovasini xoʻjalik-najas oqovasi bilan birlashtirish taqiqlanadi.
Zaruratga qarab suv taʼminoti tizimining quvurlariga filtrlar oʻrnatiladi.
52. Quvurlar ularni bugʻ yordamida sterillashtirish imkonini beruvchi materiallardan ishlab chiqarilgan, suyuqlik toʻliq oqib tushishi uchun qiya oʻrnatilgan boʻlishi va unda suyuqlik turib qoladigan qismlar mavjud boʻlmasligi lozim.
11-§. Maishiy va qoʻshimcha xonalarga, ularning soni, holati va joylashuviga qoʻyiladigan talablar
53. Har bir farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishi korxonasida QMQ 2.09.12-98 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy xonalari” talablari, oziq-ovqat sanoati korxonalari, bino va inshootlarini loyihalash qoidalari va mazkur Qoidalarga muvofiq sanitariya-maishiy va qoʻshimcha xonalar qurilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Maishiy va qoʻshimcha binolarni loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
54. Maxsus maishiy xonalar va qurilmalar tarkibi ishlab chiqarish jarayoni guruhlariga bogʻliq ravishda belgilanadi.
55. Maishiy xonalar imkon qadar ish joylariga yaqin joylashtirilishi zarur.
56. Steril va nosteril ishlab chiqarishi xodimlari uchun umumiy sanitariya-maishiy xonalarini tashkil etish taqiqlanadi.
57. Maxsus kiyim-kechak va badanning katta darajada ifloslanishini yuzaga keltiradigan muhitdagi uchastkalarda ishlovchi xodimlar uchun maxsus maishiy xonalar jihozlanishi lozim.
58. Xodimlarni aseptik xonalarga kiritish maxsus maishiy xonalar (dushxonalar, kiyim almashtirish xonalari va shu kabilar) — sanpropuskniklar orqali amalga oshiriladi.
59. Uy va ish kiyimlari saqlanadigan garderoblar, hojatxonalar, yuvinish va choʻmilish xonalari erkaklar va ayollar uchun alohida boʻlishi lozim.
60. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni ayniqsa, koʻpchilikni tashkil etadigan smenada ishlovchilarning soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
61. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim. Hojatxonalarning pollari quruq holda saqlanishi lozim.
62. Ishlab chiqarish xususiyatiga qarab, hisoblab aniqlangan bet-qoʻl yuvgichlar sonining 40 foizga boʻlgan qismi ishlab chiqarish xonalarining ish joylari yonida (hojatxonadagi tamburda) joylashtirilishi mumkin.
63. Har bir yuvinish jihozi issiq va sovuq suv keladigan quvurlarga ulangan boʻlishi lozim.
Yuvinish xonalarida elektr sochiqlar, koʻzgu, kiyim ilgichlar, suyuq sovun uchun idishlar va qattiq sovun solgichlar, shuningdek, eng koʻp sonli smenada 40 kishiga bitta qurilma hisobidan kelib chiqqan holda qoʻlni xlorli eritmada yuvish moslamasi koʻzda tutilishi lozim.
64. Maxsus kiyimni yuvish uchun korxonalarda kir yuvish xonalari nazarda tutilgan boʻlishi lozim. Kir yuvish xonalarining tarkibi va maydoni aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalarini loyihalashtirish boʻyicha qurilish meʼyorlari va qoidalariga binoan belgilanishi lozim.
65. Garderobxonalar koʻcha, uy va ish kiyimlarini saqlash uchun moʻljallangan boʻlishi lozim.
66. Ish kiyimlari uchun moʻljallangan garderoblar koʻcha va uy kiyimlari garderoblaridan alohida joylashtirilishi lozim. Maishiy xonalar QMQ 2.09.12-98 “Korxonaning maishiy va maʼmuriy binolari” talablariga muvofiq oqib keluvchi va soʻruvchi ventilyatsiya bilan jihozlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
67. Ovqatlanish punktlari umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan sanitariya qoidalari talablariga javob berishi lozim.
12-§. Atrofdagi tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha talablar
68. Oqova suvlarini hosil qilish va suv havzalariga tushirish shartlari QMQ 2.04-01-98 “Oqova. Loyihalashtirish meʼyorlari” va QMQ 2.04-03-97 “Oqova. Tashqi tizimlar va inshootlar” talablariga muvofiq boʻlishi va har bir alohida olingan holda Davlat sanitariya nazorati organlari bilan muvofiqlashtirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
69. Butun tashqi oqova tizimi yopiq boʻlishi lozim. Yogʻingarchilik (yomgʻir) suvlari va yuvish uchun xizmat qiladigan suvlarni chetga olish uchun moʻljallangan ochiq maydonchalarda novlar (lotoklar) oʻrnatilishi mumkin.
Sexlar ichidagi ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlari uchun oqova yopiq boʻlishi lozim.
70. Pol yuvish hamda apparatlarni va quvurlarni toza suv bilan yuvib chiqish natijasida hosil boʻlgan suvni qabul qilish uchun ochiq novlar (lotoklar) qurilishi mumkin.
71. Suyuq holdagi ishlab chiqarish chiqindilarining oqib tushish tizimlari suyuqlik orqa tomonga oqib tushushini bartaraf etish uchun moslashtirilgan boʻlishi lozim. Ushbu chiqindilar oʻtadigan joylar tegishli ventilyatsiya bilan jihozlanishi lozim.
72. Oʻziga xos ifloslanishlardan tozalab boʻlmaydigan oqova suvlari yoʻq qilinadi yoki maxsus ajratilgan joylarga tushiriladi.
73. Korxona ishlab chiqarish va maishiy oqova suvlarining tozalanish samaradorligi yuzasidan muntazam laboratoriya nazoratini taʼminlashi shart.
13-§. Mehnat va dam olish yuzasidan talablar
74. Farmatsevtika ishlab chiqarishi korxonalarida xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati”ning talablari inobatga olingan holda, korxonalarning ichki mehnat qoidalari asosida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Texnologik hujjatlarda hisobga olinishi lozim boʻlgan xavfsizlik talablari
75. Korxonalarda texnologik jarayonlar OST Oʻz 19-02-96 “Tibbiyot va mikrobiologiya sanoati mahsulotlari. Ishlab chiqarishning texnologik reglamentlari. Mazmuni, ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tasdiqlash tartibi” talablariga muvofiq texnologik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha sanitariya qoidalari va ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan gigiyenik talablar, mehnat xavfsizligi standartlari talablari hamda xavfsizlik texnikasi boʻyicha boshqa qonun hujjatlari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
76. Texnologik jarayonning harorat, bosim va boshqa parametrlari, shuningdek yuklanayotgan xom ashyo miqdori, seriyalar raqamlari, chiqish maʼlumotlari hamda alohida izohlar texnologik daftarlar va operatsion varaqlarida aks ettirilishi lozim.
77. Ish joylarida va sex boshligʻida texnologik yoʻriqnomalar va xavfsizlik texnikasi, yongʻin xavfsizligi va sanoat sanitariyasi boʻyicha yoʻriqnomalar boʻlishi lozim.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
78. Ishlab chiqishda oʻrganilmagan yongʻin va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash taqiqlanadi.
79. Texnologik jarayonni ishlab chiqish, unga apparaturani kiritish, nazorat va boshqaruvni amalga oshirishda, shuningdek avariyaga qarshi himoya vositalarining tanlovida yongʻin va portlash xavfsizligi taʼminlanishi lozim.
80. Texnologik obyektlarning portlash xavfliligi holati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatiladi.
81. Texnologik jarayonlar joylashtirilgan binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq meʼyorlari”ga muvofiq har bir aniq holat uchun alohida aniqlanadi.
82. Bir marotaba ishlab chiqarishda, sex yoki qurilmada bir vaqtning oʻzida yoki navbatma-navbat bitta idishda va quvurlarda hamda bitta uskunalarda etil va metil spirtini qoʻllash taqiqlanadi.
83. Metanol va etil spirtini xom ashyo, yordamchi material yoki mahsulot sifatida qoʻllaydigan ishlab chiqarishlarni, odatda, korxonaning boshqa-boshqa sexlarida joylashtirish tavsiya qilinadi.
84. Ishlab chiqarish jarayoni metanol va etil spirti bir vaqtning oʻzida qoʻllanilishini talab qilgan taqdirda, ularni dastlabki ravishda tayyorlash (qizdirish, rektifikatsiya va boshqalar) ishlarini alohida texnologik uskunalarda oʻtkazish nazarda tutilishi shart.
85. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yongʻinlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi hamda atrof muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va shu kabi) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan shart-sharoitlar taʼminlanishi lozim.
86. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, maʼmuriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
87. Ventilyatsiya tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi lozim.
88. Kuch va yoritish tizimi tarmoqlarining elektr asbob-uskunalari hududlar tasnifi hamda binolar va xonalarning toifasiga binoan talab qilinadigan meʼyorlarga javob berishi lozim.
89. Yongʻin-portlash jihatidan xavfli boʻlgan ishlab chiqarishlarda yongʻin-portlash jihatidan xavfli suyuqliklarni va suyultirilgan gazlarni bosim ostida oʻtkazish va vakuumni boʻshatish inert gazlar yordamida amalga oshirilishi lozim.
90. Tabletka ishlab chiqarishda portlash jihatidan xavfli boʻlgan chang ajralishining ehtimoli mavjud boʻlishi sababli, texnologik jarayonni tashkil qilish va uskunalardan foydalanish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
91. Granula shakliga keltirish operatsiyasida tez oʻt oladigan suyuqliklar (bundan keyingi oʻrinlarda TOʻOS deb yuritiladi) qoʻllanilgan taqdirda TOʻOS bugʻlarining portlash jihatidan xavfli boʻlgan darajalari hosil boʻlishini oldini olish choralari koʻrilishi zarur.
3-§. Xodimlar himoyasini va ishlab chiqarish uskunalari avtomatik oʻchishini taʼminlovchi nazorat va texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlari
92. Portlash jihatidan xavfli texnologik jarayonlar uchun texnologik uskunalarda avariyaga qarshi himoya tizimlari nazarda tutiladi.
Avariyaga qarshi himoya tizimlari texnologik jarayonni boshqarishning umumiy tizimiga ulangan holda boʻladi.
93. Avariyalarni oldini olish maqsadida texnologik tizimlarda avariyaga qarshi qurilmalarni, jumladan qulflash, qulflash-tartibga solish temirini, klapanlarni, ajratuvchi va boshqa oʻchiruvchi qurilmalarni hamda bosim qiymati oshib ketishiga qarshi saqlovchi qurilmalarini qoʻllash tavsiya qilinadi.
94. Texnologik jarayonni olib borish xavfsizligi aniq bir parametrlar (harorat, bosim, rN va boshqalar) bilan belgilanadigan barcha apparatlarda (signal beruvchi asboblar, rostlovchi asboblar, oʻziyozar asboblar va koʻrsatuvchi asboblar) oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
95. Mehnat sharoitlari xavfsizligini taʼminlash va texnologik jarayonning fizikaviy-kimyoviy parametrlarini nazorat qilish uchun, ishlab chiqarishlar nazorat-oʻlchov asboblari, avariya, ogohlantiruv va texnologik signalizatsiyalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
96. Apparatlar ichidagi toksik tez oʻt oladigan va oʻyuvchi suyuqliklarning sathini oʻlchash ishlari sath oʻlchagich yordamida amalga oshirilishi lozim.
97. Korxona va sex rahbariyati qonun hujjatlariga muvofiq, zararli ish sharoitlarini bartaraf etish, baxtsiz hodisalarni oldini olish va ish joylarini tegishli sanitariya-gigiyena holatda saqlanishini taʼminlash boʻyicha zaruriy choralarni koʻrishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
4-§. Zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari yuzaga kelganligi haqida oʻz vaqtida xabar berish usullari
98. Yonuvchi gazlar, TOʻOS bugʻlari ajralib chiqishi ehtimoli boʻlgan ishlab chiqarish xonalarida havo tarkibida bugʻlar va gazlarning portlash jihatidan xavfli darajalari mavjudligini nazorat qilish uchun (bugʻlar va gazlarning ajralish ehtimoli yuqori boʻlgan joylarda) avtomatik signalizatorlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Signalizatorlar avariya ventilyatsiyasiga ulangan boʻlishi zarur.
Yonuvchi gazlar va bugʻlarining portlash jihatidan xavfli darajalari haqida darak beruvchi signalizatsiya tizimlari (chiroqli va tovushli) signallashtirilgan boʻlishi lozim.
99. Avariya yoki boshqa nosozliklar aniqlangan holda, avariya vaziyati masʼul shaxslar tomonidan baholanishi, shuningdek, sexda avariya holati eʼlon qilinishi hamda bu toʻgʻrisida korxonaning rahbari xabardor qilinishi lozim.
5-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining yuzaga kelishi bilan bogʻliq boʻlgan texnologik jarayonlar va operatsiyalarni, koʻrsatilgan omillari mavjud boʻlmagan yoki ularning taʼsiri nisbatan sust boʻlgan texnologik jarayonlar va operatsiyalarga almashtirish tadbirlari
100. Yongʻin, portlash hamda zararli ishlab chiqarishda xodimning hayoti va salomatligi uchun xavfli boʻlgan joylar belgilab qoʻyilishi shart. Bunday joylarda tegishli yozuvlar va ogohlantiruvchi belgilar qoʻyilgan boʻlishi lozim.
101. Sex va korxona rahbariyati har yili, mehnat sharoitlarini yaxshilashga, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini bartaraf etish yoki kamaytirishga qaratilgan mehnat muhofazasi boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Tadbirlar rejasi quyidagi masalalarni qamrab olishi lozim:
xom ashyoning zararli va tez oʻt oladigan turlari qoʻllanilmaydigan, texnologik chizmalarni soddalashtiradigan va mehnat sharoitlarini yaxshilaydigan yangi ishlab chiqarish usullarini ishlab chiqish;
reaksiyalar sodir boʻladigan apparatlarda harorat va bosimni avtomatik ravishda nazorat qilish va tartibga solish asboblarini, mehnatni yengillashtirish va sanitariya-gigiyena jihatidan tegishli mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida mehnat talab qiladigan jarayonlarni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish majmuasini oʻrnatish.
6-§. Texnologik jarayon buzilgan holatda xodimlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha talablar
102. Texnologik apparatlarning ishi quyidagi hollarda darhol toʻxtatiladi:
a) avariya haqida darak beruvchi signalda;
b) uskunalar va quvurlarning germetikligi shikastlanganda;
v) toʻsatdan zararli ishlab chiqarish mahsulotlarining hidi yoki koʻzga koʻrinar miqdori paydo boʻlishida;
g) yongʻinda;
d) baxtsiz hodisada.
103. Ishlab chiqarish xonalarining ish joylarida zararli gazlar, bugʻlar va chang miqdori ruxsat etiladigan eng yuqori konsentratsiyalaridan ortiq boʻlmasligi lozim.
104. Ampulalarni kavsharlash hududlarida ishlashda gorelka nosoz yoki gaz magistrali teshik boʻlganda mashinada ishlash taqiqlanadi.
105. Ishlab turgan gorelkani qarovsiz qoldirish va tez oʻt oluvchi materiallarni gorelkaga yaqin joyda saqlash taqiqlanadi.
7-§. Boshlangʻich materiallar, yarim mahsulotlar va yarim tayyor mahsulotlarga qoʻyiladigan talablar
106. Ishlab chiqarishga kelib tushayotgan xom ashyoga uning analitik pasporti ilova qilinishi lozim.
107. Xom ashyo va yordamchi materiallarini ilmiy-texnik hujjatlar talablariga muvofiq texnik va sifatini nazorat qilish boʻlimlarining xulosasi olingandan hamda laboratoriya tekshiruvi oʻtkazilganidan soʻng ishlab chiqarishga qoʻyiladi.
108. Dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish jarayonida ular mikroblar bilan zararlanishini oldini olish uchun xom ashyoni tayyorlash (idish va oʻramdan olish) ishlari alohida xonada amalga oshirilishi lozim.
109. Xom ashyo, yordamchi moddalar va tayyor mahsulotlarni qoʻlda olish taqiqlanadi, bu mahsulotlar kurakchalar va choʻmich yordamida olinishi lozim.
110. Xom ashyoga uning toksikologik va yongʻin tavsifi ilova qilinishi shart.
111. Xom ashyo zavodning birlamchi oʻramida omborxonalarda saqlanishi kerak.
112. Avariyalarni oldini olish maqsadida texnologik qayta ishlashga tushgan xom ashyo barcha turdagi aralashmalardan tozalangan boʻlishi lozim.
8-§. Boshlangʻich materiallar, yarim mahsulotlar, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulotlar va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transportda tashish usullariga qoʻyiladigan talablar
113. Xom ashyo va foydalaniladigan materiallar umumiy zavod omborxonalarida saqlanadi va bir-ikki sutkalik zaxirani taʼminlaydigan miqdorda sexga uzatiladi.
114. Yangi loyihalashtirilayotgan ampula sexlaridagi ombor xonalarini shisha droti, shisha ampulalari, kartonaj buyumlari va bunday ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan boshqa materiallar zaxiralarini bevosita sex yonida saqlash imkoniyatini moʻljallagan holda loyihalashtirish maqsadga muvofiqdir.
115. Xom ashyo va yordamchi materiallarni ularning bir-biriga erkin yaqinlashish imkoniyatini taʼminlaydigan usulda joylashtirilishi lozim.
116. Oʻt olish harorati 450S va undan past boʻlgan tez oʻt oluvchi suyuqliklar rezervuarlarda saqlanishi lozim.
117. Tez oʻt oluvchi va yonuvchi suyuqliklar metall idishlarda saqlanishi lozim. Ayrim hollarda toza va korroziyani yuzaga keltiruvchi suyuqliklarni (spirtlar, efirlar, kislotalar) shisha idishlarda, zichlagich materiali bilan obreshetkalarda sigʻimi 80 litrgacha boʻlgan yopiq butillarda saqlash mumkin.
118. Oʻzaro taʼsir etishi mumkin boʻlgan kuchli taʼsir etuvchi zaharli moddalarni bitta xonada saqlash taqiqlanadi.
119. Kislotalar va boshqa agressiv suyuqliklar uchun rezervuarlarni oʻrnatishda va ularni taʼmirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik va qulaylik taʼminlanishi zarurligi hisobga olinishi lozim.
120. Tayyor mahsulotni saqlash dori-darmon vositalari but saqlanishini taʼminlaydigan xonalarda amalga oshirilishi lozim.
121. Zarur hollarda saqlanayotgan mahsulotni davriy asosda koʻrikdan oʻtkazish muddatlariga, joylashtirish usuli talablariga hamda zaharli va kuchli taʼsir etuvchi, tez oʻt oluvchi, portlash jihatidan xavfli mahsulotlar va saqlash muddati cheklangan mahsulotlarni saqlash yuzasidan maxsus talablar koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
122. Zaharlarni sex omborxonalarida saqlash taqiqlanadi.
Kuchli taʼsir etuvchi zaharli moddalar masʼul shaxslarning nazorati ostida maxsus omborxonalarda saqlanishi lozim.
123. Omborxonadagi xonalarining tashqi yuzalari tozalash va dezinfeksiyalash uchun qulay boʻlishi kerak.
124. Saqlash xonalari yetarli darajada sodda, toʻgʻri yoritilgan, saqlanayotgan materiallarni quruq, toza va tartibli joylashtirishni taʼminlaydigan tarzda jihozlangan, hamda yetarli miqdorda stellajlar, shkaflar va poddonlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
125. Omborxona qoʻriqlash signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Omborxonaga begona kishilarning kirishi taqiqlanadi.
126. Barcha boshlangʻich dori-darmon vositalari, yordamchi moddalar va idish-oʻram materiallari belgilangan standartlarga va texnik shartlarga javob berishi lozim.
127. Kislotalar va ishqorlarni oqim-tortish ventilyatsiyasi bilan jihozlangan alohida xonada, germetik yopiq idishda saqlash lozim.
128. Oziq-ovqat xom ashyolarini (shakar, kraxmal, un va boshqalar) sanoat oʻramida, nomiga koʻra alohida, omborxonaning boshqa xonalaridan izolyatsiyalangan, quruq va shamollanadigan xonalarda saqlash lozim.
129. Boshlangʻich dori-darmon vositalarini, yordamchi moddalarni va idish-oʻram materiallarini tashish uchun tozalikda saqlanishi zarur boʻlgan maxsus transport zarur. Jalb qilingan yoki yoʻlovchi transportdan foydalanish ruxsat etilmaydi.
130. Tashish jarayonida boshlangʻich dori-darmon vositalari, yordamchi moddalar va idish-oʻram materiallari pana joyda saqlash yoki maxsus qoplama yordamida quyosh nurlaridan, atmosfera yogʻinlari va changdan himoyalangan boʻlishi lozim.
131. Yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni saqlash uchun moʻljallangan omborxona xonalarini sanoat korxonalarini loyihalashtirishning yongʻinga qarshi va sanitariya meʼyorlariga binoan jihozlash va saqlash zarur.
132. Xom ashyoni qabul qilish, saqlash, berish va tayyorlash xonalarida dori-darmon moddalarini tortish uchun moʻljallangan va havo tortish ventilyatsiyasi bilan jihozlangan ish joyi ajratilishi kerak.
9-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining manbalari boʻlmish ishlab chiqarish chiqindilarini oʻz vaqtida chiqarib yuborish va zararsizlantirish yuzasidan talablar
133. Texnologik chiqindilar ularni atmosferaga chiqarib yuborishdan oldin zararli mahsulotlardan tozalanishi yoki tizimga qaytarilishi shart.
134. Aralashish natijasida portlash jihatidan xavfli aralashmani hosil qilishi mumkin boʻlgan gaz chiqindilarini umumiy kollektorga birlashtirish ruxsat etilmaydi.
135. Ishlab chiqarish chiqindilarini va boshqa chiqindilarni muntazam ravishda maxsus moʻljallangan pechlarda yoqib yuborish orqali yoʻq qilish yoki korxonalardan maxsus belgilangan joyga olib chiqish lozim.
136. Korxonada yoʻq qilinishi lozim boʻlgan oʻrash va qadoqlash materiallarini, shuningdek, boshlangʻich xom ashyo va yaroqsiz deb eʼtirof qilingan mahsulotlarni oʻgʻirlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun tegishli choralar koʻrilishi lozim.
10-§. Xodimlarning boshlangʻich materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulot va xodimlarga zararli taʼsir koʻrsatadigan ishlab chiqarish chiqindilari bilan bevosita aloqada boʻlishini oldini olish boʻyicha choralar
137. Quritish va namunalarni tanlab olish jarayonlari portlash-yongʻin jihatidan xavfli moddalar bilan ifloslanish ehtimolini istisno etishi va zarur boʻlganda mahalliy tortib olish uskunalari bilan jihozlanishi lozim.
138. Toksik, tez oʻt oluvchi va agressiv suyuqliklar uchun sigʻimli apparaturadagi sathlarni oʻlchash ishlari apparatlarning qopqogʻini ochish zaruratini istisno etuvchi sathoʻlchagichlar yordamidagina amalga oshirilishi kerak.
139. Apparatlar va idishlardagi tez oʻt oluvchi suyuqliklar va suyultirilgan yonuvchan gazlarning sathoʻlchagichlari yongʻin jihatidan xavfsiz boʻlishi lozim.
140. Zaharli, toksik va tez oʻt oluvchi suyuqliklarning sathini oʻlchash uchun oʻlchov oynalarini qoʻllashga ruxsat etilmaydi. Istisno tariqasida, mexanik shikastlanishdan himoyalangan hamda biriktiruvchi quvurlarni avtomatik berkitadigan qopqoqlar hamda suyuqlikning yetarli sathini koʻrsatuvchi qizil chiziqcha mavjud boʻlish sharti bilan, oʻlchov oynalari koʻpi bilan 8,5 kgs/sm2 tashkil etadigan ortiqcha bosim bilan ishlaydigan apparatlar va idishlarda qoʻllanishi mumkin. Bunda oʻlchov oynalari tegishli metall gardish bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
11-§. Xodimlarning xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan himoyasini taʼminlash boʻyicha talablar
141. Texnologik jarayonlarning tashkil etilishi va ishlab chiqarish uskunalari ishchilarning uskunalarga xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish operatsiyalarini bajarishda taʼsir qiluvchi (qoʻzgʻatuvchi) hamda zararli va agressiv moddalar bilan aloqada boʻlishi ehtimolini istisno etishi lozim.
142. Oʻsimlik changi organizmga zararli taʼsir etish yoki portlash manbasi boʻlish xususiyatiga egaligi sababli, oʻsimlik xom ashyosi maydalangan va ekstraktorlarga yuklanganida chang ushlash va changni bosish choralari koʻrilishi shart.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Uskunalarga qoʻyiladigan umumiy talablar
143. Farmatsevtika ishlab chiqarishida qoʻllaniladigan uskunalar GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunalari. Umumiy xavfsizlik talablari” va boshqa tarmoq hujjatlari talablariga javob berishi shart.
144. Dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish va ularning sifatini nazorat qilish uchun qoʻllaniladigan uskunalarni ularni ishlatishga tayyorlash, foydalanish va xizmat koʻrsatish ishlarini imkon qadar yengillashtirish maqsadini koʻzlagan holda qurish va joylashtirish lozim.
145. Uskunalar va nazorat-oʻlchov asboblarining turi, oʻlchamlari va tavsiflari oʻtkazilayotgan texnologik jarayonlarga muvofiq boʻlishi lozim.
146. Joylashtirilgan uskunalar tabiiy yorugʻlikni va xonaga tashqaridan oyna orqali havo kirishini toʻsmasligi lozim.
147. Nazorat-oʻlchov asboblari texnologik jarayonning davom etishini kuzatish uchun ularning xizmat koʻrsatiladigan qismlari yoritilishini taʼminlagan holda oʻrnatilishi lozim.
148. Dori-darmon vositalarini tayyorlash va ularning sifatini nazorat qilish uchun qoʻllaniladigan tarozi va oʻlchov asboblari davriy asosda umumiy qabul qilingan usullarda kalibrovka va tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
149. Mahsulotni ishlab chiqarish, oʻrash, saqlash va transportda tashish, uning sifatini nazorat qilish ishlarida kompyuter texnikasidan foydalanish maqsadga muvofiq.
150. Sexdagi uskunalar ularga erkin yaqinlashish imkoniyati taʼminlangan holda oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Uskunalarni oʻrnatishda tozalash uchun qiyin va noqulay joylarni qoldirmaslik lozim, chunki bunday joylar chiqindilar va chang toʻplanish manbasi boʻlishi mumkin.
151. Uskunalar konstruksiyasiga quyidagi talablar qoʻyiladi:
a) uskunalarning boshlangʻich xom ashyo, yarim mahsulot yoki tayyor mahsulot tegadigan yuzalari dezinfeksiyalash vositalari bilan ishlanishga chidamli boʻlgan silliq va toksik boʻlmagan, korroziyaga bardoshli materialdan tayyorlangan boʻlishi zarur;
b) uskunalarning ishlab chiqarish mahsulotlari bilan aloqa qiladigan barcha qismlari ularni yuvish, dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlash yoki sterillashtirish ishlarini yengillashtirish uchun yechiladigan va ajraladigan boʻlishi zarur;
v) tayyor mahsulotlar ifloslanishi va ularning sifati salbiy tomonga oʻzgarishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, uskunalar ulardan foydalanish uchun qoʻllaniladigan materiallar (masalan, moylash materiallari) bilan ifloslanmasligi lozim;
g) barcha uzatuvchi qurilmalar (transportyorlar, qimmatli uzatmalar, transmissiya privodlari) yopiq yoki toʻsilgan boʻlishi zarur;
d) bunkerlar, idishlar va boshqa shunga turdosh uskunalar yopiq boʻlishi shart;
e) barcha texnologik idishlarni, apparatlarni va boshqa uskunalarni davriy asosda tozalash, yuvish va dezinfeksiyalash jadvallari tuzilgan va ularda yuvuvchi hamda dezinfeksiyalovchi vositalar koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Jadvallar sex boshligʻi tomonidan ishlab chiqiladi va korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanadi.
Uskunalardan tegishlicha foydalanish uchun oʻrnatilgan uskunalarning amaldagi texnologik uskunalar, taʼmirlash tizimi va qonun hujjatlariga binoan korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga koʻra uskunalarni profilaktik koʻrikdan oʻtkazish va ularni taʼmirlash boʻyicha barcha choralarni koʻrish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
152. Uskunani ishga tayyorlashni uni dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlash yoki sterillashtirish boʻyicha yoʻriqnomaga binoan amalga oshirish lozim.
153. Uskuna dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlanganida yoki uning ishchi qismlari sterillashtirilganidan soʻng belgilangan tartibga binoan uskunaning ishlashga tayyorlik sifati nazorat qilinishi lozim.
154. Dori-darmon vositasining yagona turini ishlab chiqarish uchun qoʻllaniladigan uskuna mahsulotning turli toifalari aralashib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan usulda tozalanishi lozim.
155. Dori-darmon vositalarining bir nechta nomlarini ishlab chiqarish uchun qoʻllaniladigan uskuna yuvish suvlari tarkibidan, tayyorlangan dori-darmon vositasi tarkibidagi dori-darmon moddalari toʻliq yoʻq boʻlmagunga qadar astoydil tozalanishi lozim.
156. Dori-darmon vositalarining keyingi nomlanishini ishlab chiqarishdan oldin uskuna belgilangan talablarga binoan yuvib chiqilishi, dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlanishi yoki sterillashtirilishi lozim.
157. Antibiotiklarni ishlab chiqarish uchun qoʻllaniladigan uskuna qarama-qarshi (teskari) kontaminatsiyani oldini olish maqsadida boshqa dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish uchun qoʻllanilmaydi.
2-§. Toza xonalarning uskunalariga talablar
158. Toza xonalarda ishlash uchun qoʻllaniladigan uskunalar, imkon qadar, ulardan foydalanish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini toza xonalardan tashqarida oʻtkazish imkoniyatini taʼminlagan holda qurilgan va joylashtirilgan boʻlishi kerak.
159. Aseptik sharoitlarda ishlash uchun qoʻllanilayotgan uskunalarning jarayon parametrlarini nazorat qilish uchun qayd qiluvchi asboblari boʻlishi kerak.
160. Uskunalar nosozliklar haqida darak beruvchi signalizatsiya qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi maqsadga muvofiq.
3-§. Ishlab chiqarish uskunalarini joylashtirishda xavfsizlik shartlari
161. Uskunalar quyidagi maqsadlarni koʻzlagan holda joylashtirilishi kerak:
boshlangʻich xom ashyo, materiallar oqimini optimizatsiyalash, xodimlarning bir joydan boshqa joyga oʻtish zaruratini imkon qadar kamaytirish;
dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish jarayonida ularning ifloslanish imkoniyatini bartaraf etish;
turli xil mahsulotlar aralashib ketishi yoki ishlab chiqarish bosqichlarining oʻtkazilmasligi xavfini bartaraf etish;
uskunalarni yuvish, ishlash, ulardan foydalanish va xizmat koʻrsatish ishlarini osonlashtirish;
maydondan oqilona foydalanilishini taʼminlash;
tashkil etilayotgan ish joylari mehnatni muhofaza qilish meʼyorlari va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi.
162. Uskunalarni oʻrnatishda:
ishchilarning doimiy turish joylarida xamda boshqarish joyida xizmat koʻrsatish boʻylab asosiy yoʻlaklar — 2 metr;
mashinalar, idishli apparatlar, mahalliy oʻlchov vositalariga xizmat koʻrsatish boʻylab asosiy yoʻlaklar — 1,5 metr;
apparatlarga xizmat aylanasiga koʻrsatilishi zarur boʻlsa, apparatlar oʻrtasidagi hamda apparatlar bilan xona devorlari oʻrtasidagi yoʻlaklarning kengligi — kamida 1 m;
apparatlar va asboblarni koʻrikdan oʻtkazish va davriy asosda tekshirish hamda rostlash uchun yoʻlaklarning kengligi – kamida 0,8 metr;
alohida turuvchi nasoslar oʻrtasidagi yoʻlaklarning kengligi — kamida 0,8 metr;
pol sathidan 0,6 metr va undan koʻpni tashkil etadigan balandlikda joylashgan maydonchalar, oʻtish koʻprikchalari, zinalar, oʻrachalar, bostirmalardagi teshiklar balandligi — 0,9 metr, pastidan — 0,14 metr boʻlgan uzluksiz qoplamali panjara bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
163. Xavfi yuqori boʻlgan obyektlar jumlasiga kiruvchi uskunalar bosim ostida ishlovchi idishlar, issiqlik ishlatuvchi qurilmalar, kompressorlar, yuk koʻtaruvchi mashinalar va boshqa uskunalarni qurish hamda ulardan foydalanish xavfsizligi talablariga muvofiq joylashtirilishi lozim.
164. Steril mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun moʻljallangan aseptik xonalarda faqat bevosita texnologik jarayonni taʼminlaydigan asosiy texnologik uskunalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Yordamchi uskunalarni aseptik xonalarga yondosh xonalarda joylashtirish zarur.
165. Pol ustidan oʻtkaziladigan quvurlar oʻtish joylari bilan kesishish yerlarida ariqchaga yotqizilgan yoki oʻtish koʻprikchalari (panduslar) bilan qoplangan boʻlishi lozim.
166. Oʻtish joylari tepasidan oʻtgan (agressiv suyuqliklar hamda issiq eritmalar va bugʻ oʻtadigan) quvurlarning barcha gardishli biriktiruvlari himoya qurilmalariga ega boʻlishi lozim.
167. Quvurlar ularning moʻljallangan maqsadiga qarab GOST 14202 “Sanoat korxonalarining quvurlari, maxsus boʻyoq ranglari, ogohlantiruvchi belgilar va qadoqlovchi shitoklari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
168. Yongʻinga qarshi quvurlarni ularning ichida nima boʻlishidan qatʼi nazar, qulflash-rostlovchi temir qismlarida va shlanglar hamda yongʻinlarni oʻchirish uchun boshqa qurilmalar ulangan joylarida qizil rangga boʻyash lozim.
169. Uzib qoʻyish qurilmalarida yakuniy (ochiq-yopiq) holatlarni koʻrsatuvchi belgilar boʻlishi lozim.
170. Avtomatik rostlovchi qopqoqlar va klapanlar uchun odatda bunday belgilar talab qilinmaydi. Agar kranlar va qulflash qurilmalarining holatini yuqorida koʻrsatilgan usulda belgilash imkoni boʻlmasa, yoʻnalish strelkasi yoki yozuvlar bilan belgilash zarur.
171. Yer ustidan oʻtkazilgan quvurlar xavfli egilishi va deformatsiyalanishi oqibatida avariya sodir boʻlishi va mahsulotlar oʻtib ketishi xavfini oldini olish maqsadida quvurlarning ilgaklari va poylarining holati yuzasidan nazorat taʼminlanishi lozim. Quvurlarning ilgaklari va poylarida aniqlangan har qanday nosozliklar darhol bartaraf etilishi shart.
172. Kristallanuvchi va yelimshak suyuqliklar uchun quvurlarni oʻtkazishda ularni bugʻ yordamida tozalash, yuvish, zarur boʻlgan hollarda esa — qismlarga ajratish imkoniyati nazarda tutilishi kerak. Qismlarga ajratish uchun qulay boʻlgan joylar gardish vositasida ulangan boʻlishi kerak.
173. Kapital taʼmirlashdan soʻng apparatlar va quvurlar uchun barcha qulflash moslamalari va temir qisilgan havo yoki inert gaz bosimi yordamida mexanik chidamliligi va germetikligiga sinovdan oʻtkazilishi shart. Ushbu sinovlar moslab qoʻyish va chilangarlik-mexanik ishlovdan soʻng oʻtkaziladi.
174. Agressiv, zararli va portlash jihatidan xavfli moddalar bilan tranzit texnologik quvurlarni binolar, inshootlar va qurilmalar ustidan yoki ostidan oʻtkazish taqiqlanadi.
175. Ishlamayotgan apparatlar yoki quvurlarda surma klapanlarni ochiq qoldirish man etiladi.
176. Vaqtinchalik ishlamayotgan apparatlar va quvurlar ishlayotgan apparatlar yoki quvurlardan uzib qoʻyilishi lozim.
Muzlab qolgan quvurlarni ochiq oʻt yordamida isitish mumkin emas.
177. Quvurlarni joylashtirish va oʻtkazish usuli quvurlar oʻzini, qulflash va rostlash temirini hamda ulangan yoki bevosita quvurlarga yaqin yerda joylashgan uskunalarni montaj qilish, taʼmirlash, ularga xizmat koʻrsatish ishlarini xavfsiz va qulay bajarish imkonini taʼminlashi lozim.
178. Ampulada inyeksion eritmalarni ishlab chiqarishda material quvurlari sterillashtirish qurilmalari bilan hamda mahsulotlar ishlab chiqarish xonalariga va oqovaga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan qulflash qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Inyeksion eritmalarni tayyorlash uchastkasida uskunalar va kommunikatsiyalarni bugʻlab chiqish chizmasi boʻlishi lozim.
4-§. Ish joylarining xavfsizligi yuzasidan talablar
179. Farmatsevtik ishlab chiqarishda doimiy ish joylari tegishli mebellar (yozuvlar uchun qulay stol, stullar, ish va avariya asboblari uchun shkaf), kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari, tibbiy aptechka, ishlab chiqarish yoʻriqnomalari toʻplami hamda yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma bilan jihozlanishi lozim.
180. Sexlarda ish joylari, yoʻlaklar va transport uchun oʻtish joylarini xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar hamda turli xil buyumlar bilan toʻsib qoʻyish mumkin emas.
181. Texnologik uskunalarni ichki koʻrikdan oʻtkazish va tozalash uchun moʻljallangan darchalar toʻsilmagan boʻlishi zarur.
182. Metall korroziyasini yuzaga keltiruvchi idishlar har 12 oyda ichki koʻrikdan va sinovdan oʻtkazilishi shart.
183. Taʼmirlashdan, ichki koʻrik va sinovdan oʻtkazishdan oldin portlash jihatidan xavfli va toksik moddali apparatlarni yuvish va havo yordamida tozalash uchun suv, bugʻ yoki inert gaz tarmoqlarini ulash uchun shtutserlar nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
184. Idish bilan saqlagich klapani oʻrtasida qulflash qurilmasi boʻlmasligi lozim.
185. Saqlagich qurilmalari va zaharli, yonuvchan yoki portlash jihatidan xavfli boʻlgan gazlar bosimi ostida ishlash uchun moʻljallangan statsionar idishlar oʻrtasida oʻchirish-yoqish kranini oʻrnatish mumkin, bunda oʻchirish-yoqish krani idishni ikkita saqlagich qurilmalari bilan birlashtiradigan shtutserda montaj qilinishi va kran probkasining istalgan holatida saqlagich qurilmalaridan bittasi yoki ikkovi idish bilan ulangan boʻlishi shart.
186. Saqlagich klapanlarining umumiy soni belgilangan tartibda hisob-kitob qilish yoʻli bilan aniqlanadi.
187. Saqlagich klapanlari koʻrikdan oʻtkazish uchun qulay boʻlgan joylarga joylashtirilishi lozim.
188. Saqlagich klapanlari yonuvchan va toksik mahsulotli apparatlarga (quvurlarga) oʻrnatilganda ular imkon qadar kam holatda ishga tushishini taʼminlovchi choralar koʻrilishi lozim.
189. Zaharli bugʻlar va gazlar asosida ishlovchi apparatlarda oʻrnatilgan klapanlardan chiqadigan va havodan ogʻir boʻlgan chiqindilar chiqindi mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaytarish imkonini beruvchi maxsus yopiq tizimga yuborilishi lozim. Chiqindilar maxsus shimib olish qurilmasida zararsizlantirilganidan soʻng atmosferaga tashlanishi mumkin.
190. Saqlagich plastinasi (membranasi) saqlagich klapanidan oldin, ular oʻrtasida plastina sozligini nazorat qilish imkonini beruvchi qurilma boʻlgandagina oʻrnatilishi mumkin.
191. Barcha saqlagich plastinalarida zavod tamgʻasi boʻlishi va unda plastinani ochuvchi bosim koʻrsatilgan boʻlishi shart.
192. Korroziya belgilari, egik, qirilgan joylari va boshqa mexanik shikastlanishlar mavjud boʻlgan saqlagich planstikalarini oʻrnatish taqiqlanadi.
193. Portlovchi plastinalar (membranalar) oʻrnatilishida xonaga zararli va portlash jihatidan xavfli gazlarning ajralish va membrana ishlab ketgan taqdirda uchqun chiqishi hamda uning parchalari va qismlaridan jarohatlanish ehtimolini istisno etish choralarini koʻrish zarur.
194. Yorilib ketadigan membranalarning oʻrnatilganligi tegishli daftarda qayd qilinishi va masʼul shaxsning imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
195. Barcha bosimli idishlarda sath koʻrsatgichlar va novlar toʻlib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan saqlagich qoʻyish quvurlari boʻlishi shart.
196. Idishlarni tez oʻt oluvchan suyuqliklar bilan erkin quyilib tushayotgan oqim usulida toʻldirish taqiqlanadi.
197. Gazlarni komprimirlashtirish uchun maxsus maqsadli kompressorlardan foydalanish lozim.
198. Avtoklavlarni oʻrnatish va ulardan foydalanish hamda avtoklav oʻrnatilayotgan maxsus xonani (avtoklavxonasini) loyihalashtirish va undan foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
199. Avtoklavlardan foydalanishda:
xavfsiz harorat rejimini (avtoklavlar devorchasi haroratining oshish va pasayish joiz tezliklarini) oʻrnatish;
avtoklavlarni ishga tushirish va toʻxtatish jarayonida issiqlik joyining oʻzgarish imkonini taʼminlash va qoʻzgʻaluvchan tirgaklari qisilib qolgan joylari mavjud boʻlmasligini nazorat qilish;
avtoklavlar ishga tushirilganida va ishlash jarayonida avtoklavlardan kondensatning uzluksiz taʼminlanishi;
har toʻrt yilda kamida bir marta barcha payvandlangan choklarni va chok zonasi yonidagi metallni (magnitli-kukunli defektoskopiya yoki boshqa zarar yetkazmaydigan usulda) toʻliq tekshiruvdan oʻtkazish;
avtoklavlarning holati avtoklavlardan xavfsiz foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan har kuni nazorat qilinishi va ushbu maqsad uchun moʻljallangan maxsus daftarga tegishli yozuvlar qayd qilinishi taʼminlanishi zarur.
200. Apparaturaning harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari, tasmali va tirnoqli uzatmalari, elektruskunalar kontakti va vallarining chiqib turuvchi uchlarida olinadigan toʻsiqlari boʻlishi lozim.
201. Apparatlarni taʼmirlash uchun toʻsiqlarni yechish ishlari apparat oʻchirilganidan va mexanizmlar toʻliq toʻxtaganidan soʻng amalga oshiriladi.
202. Taʼmirlash, koʻrikdan oʻtkazish va tozalash ishlaridan soʻng mexanizmlarni ishga tushirishga toʻsiqlar joyiga oʻrnatilganidan va uning barcha qismlari qotirilganidan soʻng ruxsat etiladi.
203. Bostirmalardagi barcha oʻtish joylarida va montaj oʻrinlarida balandligi kamida 0,9 m.ni hamda pastidan bort balandligi 0,14 m.ni tashkil etadigan toʻsiqlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
204. Dastgohlar va apparatlar mexanizmlarini tozalash hamda taʼmirlash uchun toʻsiqlar oson olinishi yoki ochilishi zarur.
205. Ishlatilayotgan kuchlanishdan qatʼi nazar, barcha elektruskunalar, elektrasboblar va toʻsiqlar yerga ulangan simi bilan jihozlangan boʻlishi shart.
206. Yonuvchan gazlar va bugʻlar ajralishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish xonalarida havo tarkibida bugʻlar va gazlarning portlash jihatidan xavflilik mavjudligini nazorat qilish maqsadida, sanoatda ishlab chiqariladigan avtomatik signal beruvchi asboblar oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
207. Tarkibida oltingugurt, xlor, sianli va fosforli birikmalarning bugʻlari va gazlari ajralishi mumkin boʻlgan xonalarda portlash jihatidan xavfli miqdor mavjudligi haqida darak beruvchi signalizatorlar oʻrniga ruxsat etiladigan eng yuqori konsentratsiyalar gazanalizatorlari oʻrnatilishi lozim.
208. Portlash jihatidan xavfliligi mavjud miqdor signalizatorlarining datchiklarini quyidagi tartibda oʻrnatish lozim:
kompressor xonalarida — salnik karobkalari atrofidagi havo namunalari olingandan soʻng har bir kompressorga bir donadan datchik oʻrnatiladi;
nasos xonalarida — nasoslar joylashtirilganiga qarab havo namunalari olingandan soʻng, bir jismli mahsulotlarni oʻtkazuvchi nasoslar guruhiga bittadan datchik oʻrnatiladi.
209. Yongʻin va portlash jihatidan xavfli boʻlgan ishlab chiqarishlarning barcha sexlari va qurilmalari telefon aloqasi bilan, oʻzaro bogʻliq sexlar esa zarur hollarda — oʻzaro bogʻliq boʻlgan agregatlarning ishlashi haqida darak beruvchi signalizatsiya bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
210. Barcha apparatlar va mashinalari ularni ish joyidan bevosita apparat yoki mashina oldida turgan holda ishga tushirish va toʻxtatish imkoniyati bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
211. Transportyorlar va konveyerlarda ularning butun uzunligi boʻyicha istalgan joyda turib toʻxtatish qurilmalari nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
212. Umumiy ishlab chiqarish bosqichiga kirishishning zaruriy ketma-ketligini taʼminlash uchun yagona texnologik jarayonda boshqa mexanizmlar yoki ularning guruhi bilan bogʻliq boʻlgan har bir mexanizm yoki mexanizmlar guruhi avtomatik blokirovkalanish qurilmalari yoki signal beruvchi moslamalar bilan jihozlanadi.
5-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsir etish darajasini pasaytirish choralari
213. Tayyor dori-darmon vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarining uskunalari germetik, kimyoviy taʼsirga bardoshli boʻlishi va xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni oksidlar, metall tuzlari va boshqa aralashmalar bilan ifloslantirmasligi lozim.
214. Kuchli taʼsir etuvchi va zaharli moddalar (xlor, brom, sianid kislota, sianli tuzlar, mishyak va boshqalar) qoʻllaniladigan texnologik jarayonlarni olib borish uchun moʻljallangan apparatura mahalliy tortgichlar va zararli moddalar tarqalishini oldini oluvchi kerakli qurilmalar bilan jihozlangan bokslarda, yopib qoʻyiladigan joylarda yoki izolyatsiyalangan xonalarda joylashtirilishi lozim.
V. Ishlab chiqarishning ayrim turlariga maxsus talablar
1-§. Tabletkalarni ishlab chiqarish
215. Tabletkalarni ishlab chiqarish korxonalarining asosiy uskunalari hisoblanadigan yanchish mashinalari, granulyatorlar, quritgichlar, qorgʻichlar, tabletpresslar, drajirovkalash qozonlari, tabletkalarni qadoqlash va oʻramiga solish mashinalaridan foydalanishga belgilangan turdagi toʻsiqlar va blokirovkalar mavjud boʻlishi sharti bilan ruxsat beriladi.
216. Tabletka ishlab chiqarishda portlash jihatidan xavfli boʻlgan chang ajralishi ehtimoli mavjudligi sababli, texnologik jarayonni tashkil qilish va uskunalardan foydalanish ishlarini OST 64-031-87 SSBT “Tayyor dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish texnologik jarayonlari. Tabletkalangan dori-darmon shakllarini ishlab chiqarish. Xavfsizlik talablari” va “Tabletka ishlab chiqarishlarida xavfsiz ish tartibini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar” talablariga muvofiq amalga oshirish lozim.
217. Tabletka ishlab chiqarishlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanishda bitta agregatda bir nechta operatsiyani bajarish imkonini taʼminlaydigan qurilmalarni joriy etish zarur.
218. Granulalashtirish operatsiyasida tez oʻt oluvchan suyuqliklar qoʻllanilganida xonada belgilangan turdagi bugʻlarning portlash jihatidan xavfli miqdori hosil boʻlishini oldini olish choralarini koʻrish zarur.
219. Ingrediyent sifatida kuchli taʼsir etuvchi va zaharli moddalar qoʻllaniladigan tabletka shaklidagi dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish maxsus ajratilgan uskunalarda va alohida ajratilgan uchastkalarda amalga oshirilishi lozim.
220. Tarkibida kuchli boʻyovchi hamda boʻyalgan chang chiqaruvchi moddalar (quruq ekstraktlar, aktivlashtirilgan koʻmir va boshqalar) mavjud boʻlgan tabletka shaklidagi dori-darmonlar mahsulotlarini boshqa xonalardan ajratilgan alohida xonalarda saqlash lozim.
221. Tabletkalarni changidan tozalash vakuum yoki changyutgichlar yordamida maxsus qurilmalar orqali amalga oshiriladi.
222. Tabletkalarni koʻrib chiqish va yaroqsizlarini ajratish stollari mahalliy yoritish asboblari va havo tortish ventilyatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
223. Drajirovkalash qozonlari maxsus tayanch toʻsiqlari bilan jihozlangan boʻlishi va yetarlicha samarali havo tortish hamda xonaga chang tushishiga yoʻl qoʻymaydigan changtutqich qurilmalariga ega boʻlishi lozim.
2-§. Ampuladagi inyeksiya eritmalarni ishlab chiqarish
224. Inyeksion eritmalarning asosiy bosqichlarini izolyatsiyalangan xonalarda joylashtirish lozim.
225. Issiqlik ajratmalari koʻp boʻlgan (shishadamgarlik, ampulalarni kavsharlash va sterillashtirish boʻlimlari) xonalarda ventilyatsiya va havoni chiqarish yuqoridan amalga oshirilishi lozim. Shishadamgarlik boʻlimlari xonalarining balandligi kamida 6 metr boʻlishi lozim.
226. Xonaga nurli va konvektiv issiqligi tushishini oldini olish maqsadida ampulalarni yumshatish pechlari himoya ekranlari va mahalliy ventilyatsiya tortgichlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
227. Xonalar shisha parchalari, yaroqsizga chiqarilgan ampulalar va shisha changidan astoydil tozalanishi lozim.
228. Ampulalarni shakllantiruvchi yarimavtomatlar markazlashtirilgan shisha chiqindilarini yoʻq qilish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
229. Uskunalarni shisha parchalaridan qisilgan havo yordamida tozalash taqiqlanadi.
230. Ampulalarni tayyorlash uchastkasida shovqinni kamaytirish maqsadida xona devorlari tovushyutish qoplamalari bilan ishlangan boʻlishi lozim.
231. Shishadrotni kalibrlashda ish joylari oʻrtasidagi masofa kamida 2 metr boʻlishi shart. Drotni kalibrlash mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
232. Yoʻlaklarni shishadroti bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
233. Ampulalarni shakllantiruvchi mashinalarning shishadroti himoyalagich metall setkali maxsus shtativlarda oʻrnatilishi lozim.
234. Ampulalarni shakllantiruvchi yarimavtomatlar va ampulalarni kavsharlash mashinalarida ishlashda gaz xoʻjaligi uchun belgilangan xavfsizlik qoidalariga qatʼiyan rioya etish zarur.
235. Ampulalarni tayyorlash va kavsharlash xonalarida havo tarkibida uglerod oksidi mavjudligini davriy asosda tekshirish zarur.
236. Elektr energiyasi tasodifan oʻchib qolgan taqdirda ampulalarni shakllantiruvchi yarimavtomatlarga va ampulalarni kavsharlash mashinalariga gaz uzatilishini darhol toʻxtatish zarur.
237. Ampulalarni shakllantiruvchi yarimavtomatlar va ampulalarni kavsharlash mashinalarini ular toʻliq toʻxtamagunga qadar yigʻishtirish va tozalash man etiladi.
238. Ampulalarni yumshatish pechi ishlashida issiqlik berish maqsadida gaz qoʻllanilayotgan boʻlsa harorat va tortish kuchini oʻlchagich koʻrsatmalarini kuzatish zarur.
239. Kuchli taʼsir etuvchi preparatlarni ampulalarga joylashtirish ishlari izolyatsiyalangan xonalarda alohida uskunalarda, lavozim yoʻriqnomalarida va xavfsizlik texnikasi boʻyicha hujjatlarda qayd qilingan alohida ehtiyot choralariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
240. Aseptik xonalarda havo toʻgʻri nurlar taʼsiridan himoyalagich ekrani bilan jihozlangan bakteritsid lampali nurlantirish asboblarini oʻrnatish yoʻli orqali ultrabinafsha nurlari bilan sterillashtiriladi.
241. Dori-darmon moddalarining bugʻlari va changi xodimlarning organizmiga tushishini oldini olish maqsadida toʻkib yuborilgan eritmalar suvda yuvilishi, siniq inyeksion eritmali ampulalar esa ish xonalaridan chiqarib yuborilishi zarur.
3-§. Fitokimyoviy ishlab chiqarish
242. Zaharli eritgichlar ishtirokidagi jarayonlarni izolyatsiyalangan xonalarda joylashtirish zarur.
243. Oʻsimlik xom ashyosi maydalangan va ekstraktorlarga yuklanganida chang ushlash va changni bosish choralari koʻrilishi shart.
244. Oʻsimlik xom ashyosini yuklashda maxsus transportyorlar, pnevmotransportyorlar (quvur boʻyicha) yoki chang chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan boshqa mexanik qurilmalardan foydalanish lozim.
245. Ekstraktorlardan shrotni olish va sexdan chiqarib yuborish ishlari shnekli, gidravlik transportyorlar va qoʻl mehnatini istisno etuvchi boshqa transport qurilmalari yordamida amalga oshirilishi lozim. Shrotni olishdan oldin eritgich qoldiqlarini yoʻq qilish uchun astoydil bugʻlab olish zarur.
246. Namunalar apparatdagi maxsus shtutser orqali vakuum yordamida yoki mahalliy tortish moslamali maxsus namuna olish krani orqali olinishi lozim.
247. Dori-darmon moddalarini quritish va yanchish xonalarida chang hosil boʻlishi va toʻplanishini oldini olish uchun uskunalarni zichlash, maydalagich, tegirmon va yetarlicha aspiratsiyali boshqa uskunalar kabinalariga yopib qoʻyish, chang oʻtmaydigan matoli shlang orqali olish, har smenada nam lattada tozalab chiqish, vakuum yordamida tozalash choralarini koʻrish zarur.
248. Qattiq dori-darmon moddalarini oʻrash va qayta ishlash uchun tashishni dyuraluminiydan yoki zanglamaydigan poʻlatdan tayyorlangan, qopqogʻi zich yopiladigan, olish uchun moslamalar bilan jihozlangan va etiketka bilan taʼminlangan maxsus idishlarda amalga oshirish lozim.
249. Suyuq ekstraktlar va damlamalarni, eritmalar va boshqa preparatlar oʻrovini izolyatsiyalangan xonalarda amalga oshirish zarur.
250. Banka, sklyanka, flakonlar va boshqa shisha idishlarni yuvish uchun maxsus yuvish mashinalaridan foydalanish zarur.
251. Fitokimyo ishlab chiqarishlari uchun belgilangan tartibda avariyalarni bartaraf etish rejalari tuzilishi lozim.
4-§. Yumshoq dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish
252. Termik kuyishlarni oldini olish uchun vazelin, lanolin, spermatsetni tayyorlash uchun qoʻllaniladigan boshqa moddalar eritmalari bilan ishlarni tegishli maxsus kiyimda, himoya vositalaridan foydalangan holda alohida ehtiyotkorlik bilan belgilangan tartibga muvofiq harorat va vaqt rejimiga qatʼi rioya etgan holda amalga oshirish zarur.
253. Mazlar tarkibiga kiruvchi kukunsimon moddalarni yanchish, elakdan oʻtkazish va aralashtirish uskunalari imkon qadar yuqori darajada zichlash yoki aspiratsiyali bokslarga oʻrnatish zarur.
254. Konsetratga kolloid tegirmonlarida, shesterenkali nasoslarda va uvalash apparatlarida ishlov berish jarayonida, uskunalar statik elektrdan yerga ulangan sim bilan jihozlangani, aylanuvchan va harakatlanuvchan qismlari kojuxlari va toʻsiqlar bilan himoyalanganligini nazorat qilish zarur.
255. Mazlar va pastalarni qadoqlash va idishlarga solish avtomatik tarmoqlarda amalga oshirilishi lozim.
256. Dori-darmonning yumshoq shakllarini tayyorlash, qadoqlash va idishlarga solish boʻyicha avtomatik tarmoqlardan foydalanish jarayonini xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirilishi lozim.
257. Tarmoqlar toʻliq toʻxtatilmagunga qadar ularni tozalash, nosozliklarni bartaraf etish ishlarini olib borish taqiqlanadi.
258. Baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida texnologik jarayonni olib borish davomida polga tushgan moylar muntazam ravishda sovunli suv va boshqa yuvish vositalari bilan yuvib tozalanishi lozim.
259. Yuvish uchun kerosin, benzin va boshqa organik eritmalardan foydalanish taqiqlanadi.
260. Moy shimilgan artish materiallarini maxsus metall idishga toʻplash va oʻz vaqtida ishlab chiqarish xonalaridan chiqarib yuborish lozim.
5-§. Bogʻlash materiallarini ishlab chiqarish
261. Bint-oʻrash va bint-kesish mashinalari ustida mahalliy yontortgich qurilmalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
262. Bintlarni quritish kameralari va sterilizatsiyalash kameralarining yuklash va tushirish oynalari oldida tortish zontlari oʻrnatilishi lozim.
263. Bint-oʻrash va bint-kesish mashinalari, presslar, transportyorlarda mexanik jarohatlar olishning oldini oladigan aylanuvchan va harakatlanuvchan qismlar va mexanizmlarining ishonchli toʻsiqlari va blokirovka qiluvchi qurilmalari mavjud boʻlishi kerak.
264. Bogʻlash materiallari boʻyicha ishlab chiqarish xodimlarining xalatining old va yon qismida bogʻichlar boʻlmasligi, xalat yengi tirsakdan yuqori boʻlishi lozim. Xodimlarning sochi qalpoq tagiga yigʻishtirilgan boʻlishi zarur.
265. Bogʻlash materiallarini ishlab chiqarish yongʻin jihatidan xavfli ishlab chiqarishlar toifasiga mansub, shu sababli ishlab chiqarish xonalari yongʻin haqida darak beruvchi avtomatik vositalari va kerakli oʻt oʻchirish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
VI. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari
1-§. Taʼmirlash ishlarini bajarish shartlari va tartibi
266. Uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini tashkil etish, oʻtkazish shartlari va tartibi uskunalardan foydalanishning aniq shart-sharoitlarini hisobga olgan holda belgilanadi.
267. Uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish tizimi texnik xizmat koʻrsatish va rejali-ehtiyotdan qilinadigan taʼmirlash ishlari majmuiga asoslanadi.
268. Texnik xizmat koʻrsatish har bir taʼmirlash oʻrtasidagi davrda uskunalardan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha normativ texnik hujjatlar talablariga binoan xizmat koʻrsatuvchi (mashinistlar, apparatchilar, operatorlar va boshqalar) hamda texnik xodimlar (usta yordamchilari, navbatchi chilangarlar, elektriklar) tomonidan amalga oshiriladi.
269. Texnik xizmat koʻrsatish hajmiga quyidagilar kiradi:
foydalanish jarayonida parvarishlash-artish, tozalash, muntazam ravishda tashqi koʻrikdan oʻtkazish, barcha nosozliklarni aniqlash, moylash, podshipniklarning moylovchi va sovituvchi tizimlarini tekshirish, mustahkamlash detallari va birikmalari holatini kuzatish hamda yerga ulangan sim sozligini tekshirish;
uskunada mayda taʼmirlash ishlarini bajarish — mayda nuqsonlarni bartaraf etish, mustahkamlangan joylarni va kontaktlarni tortib qoʻyish, saqlagichlarni va prokladkalarni almashtirish, qisman rostlash, izolyatsiyaning umumiy holatini aniqlash va boshqalar.
270. Uskuna ishida aniqlangan barcha nosozliklar foydalanuvchi xodimlar tomonidan smena daftarida qayd qilinishi va foydalanuvchi hamda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tomonidan imkon qadar qisqa muddatda bartaraf etilishi shart.
271. Uskuna uchun masʼul sifatida biriktirilgan xizmat koʻrsatuvchi xodimlar foydalanuvchi xodimlar tomonidan smena daftarida qayd qilingan yozuvlarni muntazam ravishda koʻrib chiqishi va koʻrsatilgan nosozliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.
272. Uskunalarni texnik xizmat koʻrsatish maqsadida toʻxtatish zarurati, davri va muddati texnologik jarayonning xususiyati va ishlarni xavfsiz oʻtkazish imkoniyatiga qarab korxona tomonidan belgilanadi. Mashina uskunalariga texnik xizmat koʻrsatish (koʻrikdan oʻtkazish) ishlar tarkibiga qarab uskunani toʻxtatgan yoki toʻxtatmagan holda amalga oshirilishi mumkin.
273. Uskuna tarkibiy qismlarining shikastlanish va yemirilish xususiyatiga hamda taʼmirlash ishlarining mehnattalablilik darajasiga qarab xizmat koʻrsatish tizimida joriy, oʻrta va kapital taʼmirlashni oʻtkazish nazarda tutilgan.
274. Joriy taʼmirlashning asosiy ishlari texnik xizmat koʻrsatish operatsiyalarini amalga oshirish, tez yemiriluvchan detallar va tugunlarni almashtirish, futerovkalar va korroziyaga qarshi qoplamalarni taʼmirlash, izolyatsiya oʻrovini qisilgan havo yordamida tozalash, uning qarshiligini oʻlchash va boshqalardan iborat.
275. Aniq turdagi uskunani joriy taʼmirlashda bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning namunaviy roʻyxati korxonaning bosh mexanigi tomonidan tasdiqlanadi va taʼmirlash daftarining majburiy ilovasi hisoblanadi.
276. Murakkab uskunani (kompressorlar, sentrifugalar va shu kabilar) joriy taʼmirlash uchun nuqsonlar qaydnomasini tuzish tavsiya qilinadi.
277. Oʻrta taʼmirlash uskunalar resursini qisman tiklash maqsadida, uning ayrim qismlarini, tugunlarini almashtirish yoki tiklash hamda ularni rostlash bilan amalga oshiriladigan taʼmirlash ishlari tizimidan iborat boʻladi.
278. Kapital taʼmirlash uskunalarning yaroqlilik holatini tiklash va ularning resurslarini toʻliq yoki deyarli toʻliq tiklash maqsadida, ularning istalgan qismlarini, shu jumladan asosiy qismlarini almashtirish yoki tiklash hamda rostlash bilan amalga oshiriladigan taʼmirlash ishlari tizimidan iborat boʻladi.
2-§. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazish muddatlari, masʼul shaxslarni tayinlash, taʼmirlash ishlarini bajaruvchi shaxslarning malakasiga qoʻyiladigan talablar
279. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun uskunalar va qurilmalarni taʼmirlash yillik reja-jadvali, uskunalar va qurilmalarni taʼmirlash oylik reja-jadvallari, oylik reja-ehtiyotdan taʼmirlash jadvallari, nuqsonlar qaydnomalari, sarf-xarajatlar smetalari, ishlarni bajarish jadvallari, ishlarni tashkil etish rejasi, naryad-ruxsat hujjatlari va boshqa hujjatlar tuzilishi lozim.
280. Oylik reja-ehtiyotdan taʼmirlash jadvallari rejalashtirilayotgan sanadan oldingi oyning 25-kunidan kechiktirmagan holda tuziladi.
281. Nuqsonlar qaydnomasi qurilma boshligʻi va mexanigi tomonidan tuziladi hamda qurilma MTX majlisida muhokama qilinadi, shundan soʻng kapital taʼmirlashdan kechi bilan 90 kun hamda joriy taʼmirlashdan 30 kun oldin tegishli boʻlimlarga muhokama qilish uchun taqdim etiladi.
282. Taʼmirlash ishlarining rahbari taʼmirlashga tayyorlangan uskunalarni sex boshligʻidan yoki u tomonidan tayinlangan boshqa shaxsdan, uskunani taʼmirlashga topshirish dalolatnomasini tuzgan holda qabul qiladi.
283. Kapital taʼmirlangan uskuna sinovdan va ishlatib koʻrish muddatidan oʻtkazilganidan soʻng sex boshligʻi yoki u tomonidan tayinlangan shaxs tomonidan ishlatib koʻrish muddati tugaganidan soʻng kamida uch kunlik vaqt oʻtgach uskunani kapital taʼmirlashdan topshirish dalolatnomasini tuzgan holda qabul qilinadi.
3-§. Taʼmirlanayotgan uchastkani ajratish (toʻsish) zarurati va maxsus taʼmirlashdan oldingi ishlarni bajarish, taʼmirlash ishlari xavfsiz bajarilishini taʼminlash boʻyicha maxsus talablar
284. Taʼmirlash ishlarini bajaruvchi (pudratchi, taʼmirlash xizmati) taʼmirlash ishlarini bajarishda xavfli boʻladigan joylarda ogohlantiruvchi plakatlarni osib qoʻyishi, uskunalarni va materiallarni sex ichidagi taʼmirlash zonasiga uzatish uchun moʻljallangan devordagi teshiklarni toʻsib qoʻyishi shart. Sexlar ichida ishlarni bajarish jarayonida qazilgan quduqlar va oʻralar taʼmirlash ishlarini bajaruvchi tomonidan toʻsib qoʻyiladi.
285. Korxona hududida va sexlarda odamlar oʻtadigan joylarda qazilgan transheyalardan oʻtish uchun suyanchiqli koʻprikchalar quriladi. Toʻsiqlarda ogohlantiruvchi yozuvlar va belgilar, tungi vaqtda esa — maxsus yoritish moslamalari oʻrnatiladi.
286. Sex maʼmuriyati sex xodimlarini obyekt taʼmirlash uchun toʻxtatilishi haqidagi buyruq (farmoyish) bilan tanishtirishi shart. Xavfi ayniqsa yuqori boʻlgan obyektlarga xavfsiz holat va obyektni taʼmirlash boʻyicha tegishli yoʻriqnomalar tuzilishi lozim.
287. Pudratchining xodimlari tomonidan xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilgan taqdirda, sex maʼmuriyati ishlarni toʻxtatib qoʻyishga va qoida buzuvchi shaxsni yoki butun brigadani ishlarni bajarishdan chetlashtirishga haqlidir.
288. Taʼmirlash ishlarini xavfsiz olib borish boʻyicha oʻqitish va yoʻriqnoma berish ishlarini tashkil etish, ushbu tashkilot tomonidan belgilangan tartibda, pudratchining maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
289. Taʼmirlash ishlarini bajarishda pudratchi sexlarga va yongʻin joʻmraklariga transport uchun oʻtish yoʻllari hamda sexlar atrofi va ichidagi hudud turli xil uskunalar, materiallar va qurilish chiqindilari bilan toʻsib qoʻyilmasligini taʼminlashi zarur.
290. Taʼmirlash jarayonida:
a) xodimlarni xavfli zonadan toʻliq chiqarib yubormagan va maxsus tadbirlarni ishlab chiqmagan holda apparatlar va quvurlarni sinash;
b) oʻt bilan bogʻliq ishlarni portlash jihatidan xavfli yoki yonuvchan mahsulotlar chiqishini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan (uskunalarni, quvurlarni ochish, ularni havo yordamida tozalash va shu kabilar) ishlarni bir vaqtda bajarish taqiqlanadi.
291. Taʼmirlashda qatnashuvchi barcha shaxslar belgilangan namunadagi maxsus kiyimda boʻlishi shart.
292. Taʼmirlash uchun topshirilayotgan uskuna texnologik mahsulotdan tozalangan, yuvilgan, zarur hollarda — neytrallashtirilgan boʻlishi lozim.
293. Uskuna taʼmirlashdan oldin uni ishga tushirib yuborish imkonini istisno etish maqsadida uskunalarning uzatma bogʻichlari imkon qadar yechilgan holatda boʻlishi, ishga tushirish tepkilari tagiga qoʻyilgan qistirmalar bilan qotirilgan boʻlishi, elektrdvigatellarni harakat tushiruvchi elektr zanjiri kamida ikkita joyda uzilgan boʻlishi, shuningdek, ishga tushirish moslamalarida “Yoqish man etiladi. Odamlar ishlayapti” degan yozuvli plakatlar osilgan boʻlishi hamda boshqa holatlar belgilanishi kerak.
294. Bosim ostida ishlovchi quvurlarda:
a) taʼmirlashga topshirilgan uskunalardan quvurlarni uzib qoʻyish;
b) taʼmirlash ishlarini oʻtkazish uchun masʼul shaxs ishtirokida uzib qoʻyilayotgan uchastkaning ikkala tomonidagi surma klapanlar va ventillarni hamda uning tarmoqlari tomonidan drenaj va aylanma tarmoqlar, shuningdek koʻtarmalarni berkitib qoʻyish;
v) tarmoqning taʼmirlanishi lozim boʻlgan qismini oʻchirib qoʻyadigan surma qopqoqlar va ventillarga “Yoqish man etiladi. Odamlar ishlayapti” yozuvli plakatlarni osib qoʻyish;
g) quvurning oʻchirilgan qismidagi bosimni tushirish;
d) oʻchiradigan surma qopqoqlar va ventillar keraklicha zich boʻlmagan holda, taʼmirlanayotgan uchastka yoki uskunalarni, tiqinlarni oʻrnatish daftarida qayd qilinadigan tiqinlarni (zaglushkalarni) oʻrnatish orqali oʻchirish lozim. Tiqinlar aniq koʻrinadigan dumchali boʻlishi va dumchalarini tepaga qaratib oʻrnatilishi lozim.
295. Ogʻir texnologik uskunalarni taʼmirlash ishlarini taʼminlash uchun sex va uchastkalar tegishli ogʻirlikda yuk koʻtarish qobiliyatiga ega yukkoʻtaruvchi mashinalar va mexanizmlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
296. Yuk koʻtargich mashinalari va mexanizmlarda ishlash uchun yuk koʻtargich mexanizmlarida ishlash uchun ruxsat berilganligi haqidagi guvohnomaga ega boʻlgan va maxsus yoʻriqnomalarni olgan taʼmirlovchi xodimlar qoʻyiladi.
297. Turli xil yuklarning joyini oʻzgartirish ishlarini amalga oshirishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) nosoz boʻlgan yuk koʻtarish mashinalari va mexanizmlarida ishlash;
b) markalanmagan, nosoz va koʻtarilayotgan yuk ogʻirligi va xususiyatiga koʻra nomuvofiq boʻlgan yuk koʻtarish moslamalari va idishlarni ishlatish;
v) bosh mexanik yoki uning oʻrinbosari tomonidan berilgan yozma ruxsatnomasiz yuk koʻtargich mexanizmlari va moslamalarini mustahkamlash uchun binoning bostirmalari, ustunlari va boshqa konstruksiyalaridan foydalanish;
g) yuk koʻtarish mashinalari va mexanizmlaridan foydalanish qoidalarini hamda korxonada joriy etilgan qoidalarni buzish.
298. Ogʻirligi 50 kg.dan yuqori boʻlgan yuklarni 1,5 m.dan balandga koʻtarishda tegishli ogʻirlikdagi yuklarni koʻtarish qobiliyatiga ega yuk koʻtarish uskunalarini qoʻllash yoki chidamliligi hisob-kitoblar asosida tekshirilgan va kerakli ogʻirlikdagi avtomatik ravishda tormozlanadigan tallar osilgan chorpoyalar va balkalarni oʻrnatish lozim.
299. Balandligi 4 m.dan yuqori boʻlgan havozalar inventar hisobida boʻlishi shart.
300. Taxtasupalarni yoki toʻsiqlarni oʻrnatmagan holda balandligi 1,5 m.dan yuqori boʻlgan tepalikda qisqa muddatli ishlarni bajarish zarur boʻlganida saqlovchi kamarlar qoʻllanilishi shart.
301. Taʼmirlash ishlari uchun qoʻllaniladigan zinalar chidamli, ishonchli boʻlishi va quyidagi talablarga javob berishi shart:
zinaning uzunligi 5 m.dan yuqori boʻlmasligi lozim;
zina pogʻonalari yon tomonlarining oʻyiqlariga oʻrnatilgan boʻlishi lozim;
narvonlarning uzunligi uning yuqori uchidan kamida 1 m.lik masofada boʻlgan pogʻonada turib ishlash imkonini taʼminlashi kerak;
narvonning quyi uchi, surilib ketishini oldini olish maqsadida, oʻtkir metall tirnoqli boʻlishi kerak;
qandaydir narsalarni ushlab turish yoki joyidan olish zarur boʻlgan ishlarda ikki yoqqa ochiladigan narvondan foydalanish lozim, bunda ushbu narvonning yuqori maydonchasi uch tomonidan kamida 1 m. balandlikdagi suyanchiqlar bilan oʻralgan boʻlishi lozim;
ikki yoqqa ochiladigan narvonlarda ish vaqtida ochilib ketishga yoʻl qoʻymaydigan moslamalar boʻlishi kerak;
transport yoki odamlar yuradigan uchastkada narvon oʻrnatilgan joy toʻsib qoʻyilishi yoki qoʻriqlab turilishi lozim;
balandligi 5 m.dan ortiq boʻlgan osma metall narvonlar vertikal bogʻichli metall dugalar bilan toʻsilgan va konstruksiyalar yoki uskunalarga mustahkam mahkamlangan boʻlishi yoki pastdan xavfsizlikni taʼminlayotgan shaxs tomonidan ushlab turilishi lozim;
taʼmirlash jarayonida ishlatiladigan doimiy maydonchalarda taramlangan temirli toʻshama, pastidan 150 mm.lik uzluksiz yon devorcha va balandligi kamida 1 m.ni tashkil etadigan suyanchiqlar boʻlishi lozim.
302. Devorga qoʻyiladigan va ikki yoqqa ochiladigan narvondan foydalanishda:
narvonning ikkita eng yuqori pogʻonasida ishlash;
qoʻyiladigan narvonga yoki ikki yoqqa ochiladigan narvonning bitta tomoniga ikkita ishchi chiqishi;
bir vaqtda ikkita va undan koʻp odam koʻtarilishi yoki tushishi;
narvonni aylanayotgan vallar, shkivlar va uzatmalarning boshqa harakatlanuvchi qismlari oldida oʻrnatish;
narvon tagida turish yoki ishlash taqiqlanadi.
303. Balandlikdagi quvurlar va mexanizmlarni taʼmirlash uchun naryad-ruxsat rasmiylashtirilishi lozim.
304. Taʼmirlash ishlari xavfsizlik talablariga binoan tayyorlangan kerakli chilangarlik asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
VII. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
305. Farmatsevtika ishlab chiqarish korxonalarini loyihalashtirishda, qurishda, montaj qilishda mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
306. Farmatsevtika ishlab chiqarish korxonalarida mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar hamda mazkur Qoidalarni buzilishida aybdor boʻlgan yoki davlat va jamoatchilik nazorati idoralari vakillarining faoliyatiga monelik qilayotgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
Mazkur Qoidalar “Oʻzfarmsanoat” DAK, Oʻzbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzfarmsanoat” DAK boshqaruvi raisi B. YUNUSOV
Toshkent sh.,
2008-yil 1-dekabr
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisi N. XANOV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-dekabr
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 5-dekabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-dekabr
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2008-yil 10-dekabr
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 12-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 4-son, 29-modda; 2010-y., 28-29-son, 244-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 15.06.2023-y., 10/23/1887-2/0374-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 29.05.2025-y., 10/25/3626/0480-son; 19.03.2026-y., 10/26/3795/0257-son)