OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT ISHLARI VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT ISHLARI VAZIRLIGINING
Qarori
JAHON CHEMPIONATLARIDA YUQORI NATIJALARGA ERISHGANLIGI UCHUN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SPORTCHILARIGA BIR MARTALIK PUL MUKOFOTLARINI TOʻLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1886]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 25-noyabrdagi PF-4056-sonli “Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini mukofotlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Madaniyat va sport ishlari vazirligi qaror qiladi:
1. Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga bir martalik pul mukofotlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi tomonidan 1999-yil 11-dekabrda 120-son va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1999-yil 8-sentabrda 74-son bilan tasdiqlangan “Jahon birinchiliklarida yuqori natijalarga erishganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga pul mukofotlarini toʻlash tartibi” (2000-yil 6-yanvar, roʻyxat raqami 868 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-yil, 1-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 31-dekabr,
122-son
Madaniyat va sport ishlari vaziri R. QURBONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 31-dekabr,
12-son
Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2008-yil 31-dekabrdagi 122, 12-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga bir martalik pul mukofotlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 25-noyabrdagi PF-4056-sonli “Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini mukofotlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Olimpiya oʻyinlari dasturlariga kiruvchi sport turlari boʻyicha jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Bir martalik pul mukofotlari Olimpiya oʻyinlari dasturlariga kiruvchi sport turlari boʻyicha jahon chempionatlari gʻoliblari va sovrindorlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga toʻlanadi.
2. Jahon chempionatlarida oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilari jahon chempionatlari gʻoliblari va sovrindorlari hisoblanadi.
II. Asosiy qoidalar
3. Jahon chempionatlari gʻoliblari va sovrindorlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
oltin medal — 12 000 AQSH dollari;
kumush medal — 6 000 AQSH dollari;
bronza medal — 3 000 AQSH dollari.
4. Jahon chempionatlarida oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan sportchilarni bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining tegishli yil uchun ommaviy-sport tadbirlari taqvim rejasida ushbu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq jahon chempionatlarida sovrinli oʻrinlarni egallagan sportchilar olgan bir martalik toʻlanadigan pul mukofotlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilmaydi, shuningdek yagona ijtimoiy toʻlov va sugʻurta badallari boʻyicha soliqqa solish obyekti hisoblanmaydi.
6. Koʻrsatilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan keyingi moliyaviy yil uchun Davlat budjeti xarajatlarini shakllantirish jarayonida koʻzda tutiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Budjet mablagʻlarini ajratish, ularni erkin muomaladagi valyutaga ayirboshlash va bir martalik toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash, sportchilarni jahon birinchiliklariga yuboruvchi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va boshqa vakolatli tashkilotlar taqdimnomasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Vakolatli tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishining nusxasi taqdim etilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasida erkin muomaladagi valyutani xarid qilish uchun milliy valyutadagi mablagʻlarni vakolatli bankka oʻtkazib beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Vakolatli bank qonun hujjatlarida belgilangan tartibda gʻolib sportchiga AQSH dollarida talab qilib olguncha omonat (depozit) hisob-varagʻini ochib beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Vakolatli bank oʻrnatilgan tartibda belgilangan mablagʻni vakolatli tashkilotlar taqdim etgan tegishli hujjatlarga asosan AQSH dollarida jahon chempionatlarida oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarining talab qilib olguncha omonat (depozit) hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi va omonat daftarchasini rasmiylashtirib beradi.
III. Yakuniy qoidalar
11. Ushbu Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 4-son, 28-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)