OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRINING
BUYRUGʻI
ALOHIDA ASOSLARGA KOʻRA MEHNAT ShARTNOMASI BEKOR QILINGANDA IShDAN BOʻShATILGAN XODIMLARGA MUDDATIDAN OLDIN PENSIYA TAYINLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMAGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 9-dekabrda 588-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunlariga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 338-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-sonli “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil., 15-son, 156-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot va Mehnat vazirliklari tomonidan 1998-yil 30-noyabrda 2-271/041 va 1235/04-1-son bilan tasdiqlangan “Alohida asoslarga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 588, 1999-yil 7-yanvar) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2008-yil 20-noyabr,
71-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2008-yil 20-noyabrdagi 71-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Alohida asoslarga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 25-moddasining oʻn birinchi qismiga va Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan sabablarga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi”.
“2. Muddatidan oldin yoshga doir pensiya texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi, yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashuvchi markazi (bundan keyingi oʻrinlarda Bandlikka koʻmaklashuvchi markaz deb yuritiladi) tomonidan belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan, pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq pensiyaga chiqish uchun talab etiladigan umumiy mehnat stajiga ega boʻlgan shaxslarga muddatidan oldin (qonun hujjatlarida belgilangan umumiy asoslarga koʻra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil oldin) pensiya tayinlanadi.
3. Muddatidan oldin pensiya sugʻurta qilingan va mazkur Yoʻriqnomaning 2-bandiga muvofiq ishdan ozod etilgan (yoki belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan) xodimlarga: erkaklar — 58 yoshdan 60 yoshgacha boʻlib, umumiy mehnat staji yigirma besh yildan kam boʻlmagan taqdirda, ayollar — 53 yoshdan 55 yoshgacha boʻlib, umumiy mehnat staji yigirma yildan kam boʻlmagan taqdirda tayinlanadi”.
3. 4-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. 6, 7, 8, 9-bandlar, 10-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari, 15, 16, 19 va 20-bandlar hamda 1, 2 va 3-ilovalardagi “mehnat boʻlimiga”, “mehnat boʻlimi”, “mehnat boʻlimida”, “mehnat boʻlimlariga”, “mehnat boʻlimlari”, “mehnat boʻlimining” soʻzlari tegishlicha “Bandlikka koʻmaklashish markaziga”, “Bandlikka koʻmaklashish markazi”, “Bandlikka koʻmaklashish markazida”, “Bandlikka koʻmaklashish markazlariga”, “Bandlikka koʻmaklashish markazlari”, “Bandlikka koʻmaklashish markazining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 50-son, 498-modda)