OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLASHTIRISH VA NAZORAT QILISH MARKAZI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOSHQARISH DAVLAT QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOSHQARISH DAVLAT QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
INSTITUTSIONAL INVESTORLAR TOMONIDAN KORPORATIV QIMMATLI QOGʻOZLARGA QILINADIGAN INVESTITSIYALARNING SIFATI VA MINIMAL DARAJASIGA OʻRNATILGAN MEʼYORIY TALABLAR TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 2-dekabrda 1875-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorini (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil 39-son, 387-modda, 51-52-son, 507-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Institutsional investorlar tomonidan korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning sifati va minimal darajasiga oʻrnatilgan meʼyoriy talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktori K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr,
2008-33-son
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr,
01/QQBFMNQM-18/19-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr,
103-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr,
305-V-son
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi, Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda Markaziy bank Boshqaruvining 2008-yil 7-noyabrdagi 2008-33, 01/QQBFMNQM-18/19, 103, 305-V-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Institutsional investorlar tomonidan korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning sifati va minimal darajasiga oʻrnatilgan meʼyoriy talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil 39-son, 387-modda, 51-52-son, 507-modda) muvofiq, institutsional investorlar tomonidan korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning sifati va minimal darajasiga oʻrnatilgan talablarni belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
1. Qimmatli qogʻozlar bozorida institutsional investor (keyingi oʻrinda – institutsional investor) boʻlib, investitsiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari va tijorat banklari hisoblanadi.
2. Institutsional investorlar qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning sifatiga nisbatan oʻrnatilgan asosiy meʼyoriy talablar
3. Korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning sifatini taʼminlash maqsadida, institutsional investor uning boshqaruv organi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan investitsiya siyosati toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqadi.
4. Institutsional investorning investitsiya siyosati toʻgʻrisidagi nizomida quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
a) qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshiradigan shaxslar uchun bitimlar boʻyicha qarorlar qabul qilish va cheklovlar oʻrnatish vakolatlari;
b) qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshiradigan shaxslarga nisbatan qoʻyiladigan malaka talablari;
v) qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar ustidan monitoring yuritadigan axborot tizimiga qoʻyiladigan talablar;
g) investitsion strategiyasi va maqsadlari (masalan, foyda olish, institutsional investorning aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etishi, likvidlilikni saqlash, garov talablariga muvofiq kelish va h.k.);
d) institutsional investor mablagʻlarini investitsiya qilishni rejalashtirayotgan qimmatli qogʻozlarning xillari va turlari (toifalari), investitsiya muddatlari;
e) institutsional investor qanday usullar yordamida:
emitent va ularning faoliyat tarmoqlari boʻyicha aksiyalar konsentratsiyasini chegaralashni;
qimmatli qogʻozlarga qilingan qoʻyilmalarning xavfsizligini va ularning sifatini baholashni;
qimmatli qogʻozlar emitentlarining moliyaviy holatini va boshqarish tajribasini baholashni;
investitsiyalar diversifikatsiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda;
j) korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning minimal darajasiga nisbatan meʼyoriy talablar.
III. Korporativ qimmatli qogʻozlarga qilinadigan investitsiyalarning minimal darajasiga oʻrnatilgan meʼyoriy talablar
5. Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida, institutsional investorlar oʻz aktivlarini ishonchlilik, diversifikatsiyalik, qaytarishlilik, foydalilik va likvidlilik tamoyillari asosida investitsiya qiladilar.
6. Institutsional investorning bitta korxona ustav kapitaliga, shuningdek, ushbu korxonaning boshqa qimmatli qogʻozlariga qilinadigan qoʻyilmalari, qonun hujjatlariga hamda yuqorida keltirilgan investitsiya siyosati toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Institutsional investor korporativ qimmatli qogʻozlarning xillari va turlarini hamda ularga rejalashtirayotgan investitsiyalarning minimal darajasi miqdorini mustaqil belgilaydi. Bunda, korporativ qimmatli qogʻozlarga investitsiyalarning minimal darajasi miqdori institutsional investorning vakolatli organi tomonidan uning investitsiya siyosati toʻgʻrisidagi nizomiga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Yakuniy qoidalar
8. Mazkur Nizom talablarini buzgan aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULASHOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 49-son, 484-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)