Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Jahon standartlariga javob beradigan va jahon bozorlarida talab qilinadigan mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlaydigan, zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalarni, birinchi galda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish boʻyicha qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Navoiy viloyatining sanoat salohiyatini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Navoiy viloyati hokimligining Navoiy shahri xalqaro aeroporti hududida “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona (keyingi oʻrinlarda — EIIZ) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona hududida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining asosiy yoʻnalishi — zamonaviy xorijiy yuqori unumli asbob-uskunalar va texnika, texnologik liniyalar va modullar, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yuqori texnologiyali, jahon bozorlarida raqobatbardosh mahsulotlarni keng koʻlamda ishlab chiqarishdan iborat etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddati 30 yilni tashkil etadi, bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
EIIZ faoliyati davomida uning hududida alohida bojxona, valyuta va soliq rejimlari, Oʻzbekiston Respublikasi norezident fuqarolarining uning hududiga kirish, hududda boʻlish va chiqib ketishning, shuningdek, ular tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi;
alohida huquqiy tartib, shu jumladan, soliq, valyuta va bojxona tartibi faqat EIIZ hududida faoliyat koʻrsatayotgan va EIIZ direksiyasi tomonidan roʻyxatga olingan xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun amal qiladi;
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini muvofiqlashtirish va tezkor boshqarish tegishli ravishda davlat organlari vakillaridan tashkil etiladigan Maʼmuriy kengash va EIIZ direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Maʼmuriy kengashning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etilgan barcha hudud EIIZ faoliyat koʻrsatadigan butun davr mobaynida foydalanish va boshqarish uchun Maʼmuriy kengashga beriladi;
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona direksiyasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga EIIZ hududida yer uchastkalarini subijaraga topshirish, oʻz huquq va majburiyatlarini ijara shartnomasi boʻyicha boshqa shaxsga berish, ijara huquqini garovga qoʻyish, ularni ulush sifatida ustav kapitaliga qoʻshish huquqisiz ijaraga beradi. EIIZ hududida yer uchastkalarini sotish va boshqacha tarzda oʻzgaga berish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonada roʻyxatdan oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ularga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi quyidagicha boʻlgan taqdirda yer soligʻi, mulk soligʻi, daromad soligʻi, obodonchilik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi, yagona soliq toʻlovi (kichik korxonalar uchun), Respublika yoʻl jamgʻarmasi va Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlardan ozod etilsin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 11-fevraldagi PF-4275-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 9-son, 84-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3 million yevrodan 10 million yevrogacha — 7 yilga;
10 million yevrodan 30 million yevrogacha — 10 yilga. Keyingi 5 yil davomida foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovi hajmi amaldagi stavkadan 50 foiz miqdorida belgilanadi;
30 million yevrodan ortiq boʻlganda — 15 yilga. Keyingi 10 yil davomida foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovi hajmi amaldagi stavkadan 50 foiz miqdorida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Shunday tartib belgilansinki, unga koʻra EIIZda roʻyxatga olingan xoʻjalik yurituvchi subyektlar EIIZ faoliyat koʻrsatadigan butun muddatga eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot ishlab chiqarish maqsadida mamlakatga olib kelinayotgan asbob-uskunalar, shuningdek, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilinadi.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekistonning ichki bozorlarida sotish uchun moʻljallangan mahsulotni ishlab chiqarish maqsadida mamlakatga olib kiriladigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar uchun bojxona toʻlovlari, agar qonun hujjatlarida boshqa imtiyozli tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa, belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) undiriladi, bunda ularni toʻlash muddati 180 kungacha kechiktirilishi mumkin.
Qayd etilgan imtiyozlardan foydalangan holda EIIZ hududiga olib kirilgan asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar sotilgan yoki bepul berilgan taqdirda, bojxona toʻlovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda budjetga toʻliq hajmda undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonada roʻyxatdan oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga quyidagilar ruxsat etilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar va kontraktlar boʻyicha hisob-kitob va toʻlovlarni EIIZ hududida xorijiy valyutada amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ish va xizmatlarning haqini erkin almashtiriladigan valyutada toʻlash;
Keyingi tahrirga qarang.
eksport va import qilinadigan tovarlar uchun haq toʻlash va hisob-kitob qilishning ularga qulay shartlari va shakllaridan foydalanish.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonada roʻyxatga olingan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligining soliq toʻlovchilar ahvolini yomonlashtiruvchi hujjatlari tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyilsin, aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarning soliqqa tortilishini tartibga soluvchi hujjatlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” va “Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi”, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga EIIZni joylashtirish uchun zarur boʻlgan yer maydoni boʻyicha, uning chegaralari aniq koʻrsatilgan holda, takliflar kiritsin;
bir oy muddatda, tanlangan yer uchastkasi maʼqullangandan keyin, uni erkin industrial-iqtisodiy zona yaratish maqsadida belgilangan tartibda ajratsin, uni zarur kadastr materiallari bilan rasmiylashtirsin hamda EIIZ Maʼmuriy kengashiga u faoliyat koʻrsatadigan muddatga foydalanish va boshqarish uchun bersin;
2009-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda mazkur zona hududini barpo etishning, shu jumladan zarur muhandislik kommunikatsiyalari va servis xizmatlarini tashkil etishning dastlabki rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
2010-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda erkin industrial-iqtisodiy zonaning Bosh rejasini va zarur loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida qaror qabul qilsin;
2009-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Navoiy viloyatidagi erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini tezkor boshqarish va davlat tomonidan tartibga solish vazifalarini amalga oshirish uchun EIIZning Maʼmuriy kengashini tashkil etsin;
uch oy muddatda ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
9. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona Maʼmuriy kengashiga:
Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tanlov asosida, EIIZ direksiyasi sifatida xalqaro eʼtirof etilgan boshqaruvchi kompaniyani tanlash va unga shartnoma asosida EIIZni boshqarish;
xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda uning foydalanishida va boshqaruvida boʻlgan yerlar, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan tushumlarning bir qismi hisobiga shakllantiriladigan erkin industrial-iqtisodiy zonaning mustaqil budjetini shakllantirish;
mustaqil budjet doirasida, mablagʻlari infratuzilmani rivojlantirishga va erkin industrial-iqtisodiy zonaning faoliyati samaradorligini oshirishga yoʻnaltiriladigan Erkin industrial-iqtisodiy zonani rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, zarurat boʻlganda, Investitsiya dasturlarini shakllantirishda EIIZni rivojlantirishning tasdiqlangan Bosh rejasiga va taqdim etilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq erkin industrial-iqtisodiy zonaning ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etishga mablagʻlarni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-dekabr,
PF-4059-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 2-dekabrdagi PF-4059-sonli Farmoniga
ILOVA
ILOVA
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini muvofiqlashtiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar
Keyingi tahrirga qarang.
ROʻYXATI
| № | Hujjat nomi | Masʼul ijrochilar |
| 1. | “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona Maʼmuriy kengashi va direksiyasi toʻgʻrisida Nizom | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi |
| 2. | “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonada joylashtirish uchun investorlar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi |
| 3. | “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonaning xoʻjalik faoliyati qatnashchilarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida Nizom | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi |
| 4. | “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona hududidagi alohida bojxona rejimi toʻgʻrisida Nizom | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi |
| 5. | Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona hududiga kirish, chiqib ketish, hududda boʻlish va mehnatga yollanishining soddalashtirilgan tartibi toʻgʻrisida Nizom | Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi |
| 6. | “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonada alohida valyuta rejimi faoliyati tartibi | Markaziy bank, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi |
| 7. | “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona hududida alohida soliq rejimini taʼminlash tartibi | Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi |
Keyingi tahrirga qarang.