Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MEHRIBONLIK UYI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mehribonlik uylari faoliyatini takomillashtirish, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarning ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasini va huquqiy himoya qilinishini taʼminlash, ularning ijtimoiy-mehnat koʻnikmalari hosil qilishiga va jamiyatga uygʻunlashuviga koʻmaklashish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mehribonlik uyi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
uch oy muddatda Mehribonlik uylari faoliyatini ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiqlashtirsin;
Mehribonlik uylari faoliyati muntazam nazorat qilinishini taʼminlasin, ularga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari isteʼmol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha sutkalik maqbul meʼyorlarini tasdiqlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalari haqidagi nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1995-yil 18-fevraldagi 59-son qarori 1-bandining toʻrtinchi xatboshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 2-son, 5-modda) va qarorga 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 17-oktabr,
230-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktabrdagi 230-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mehribonlik uyi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Mehribonlik uylarini tashkil etish va ularning faoliyati, shuningdek ularda taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mehribonlik uyi yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasasidir.
3. Mehribonlik uyi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek oʻz ustaviga amal qiladi.
4. Quyidagilar Mehribonlik uyining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni (keyingi oʻrinlarda “tarbiyalanuvchilar” deb ataladi) tarbiyalash, kamol toptirish va qoʻllab-quvvatlash;
tarbiyalanuvchilarni toʻliq ruhiy sogʻlomlashtirishga, ijtimoiy moslashtirishga va jamiyatga uygʻunlashtirishga koʻmaklashadigan, ularning sifatli taʼlim va tarbiya olishi, shuningdek ularning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish uchun uy sharoitiga eng koʻp darajada yaqinlashtirilgan muhitni yaratish;
tarbiyalanuvchilarning qonuniy huquq va manfaatlari ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini taʼminlash;
tarbiyalanuvchilarning hayoti va sogʻligʻi, psixologik va jismoniy rivojlanishi himoya qilinishini taʼminlash.
II. Mehribonlik uyini tashkil etish tartibi
5. Mehribonlik uyi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda, belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashkil etiladi.
6. Mehribonlik uyi muassasa shaklida tashkil etiladi va tegishli tuman (shahar) hokimligida yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
7. Mehribonlik uyi ustavi xalq taʼlimining tegishli organi tomonidan tasdiqlanadi.
Mehribonlik uyining namunaviy ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
8. Mehribonlik uylari quyidagi tiplarga boʻlinadi:
a) maktabgacha Mehribonlik uyi (3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun);
b) Mehribonlik uyi (maktabgacha va maktab yoshidagi yoki faqat maktab yoshidagi bolalar uchun);
v) maxsus korreksion Mehribonlik uyi (jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun).
Mehribonlik uyi tipi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
9. Mehribonlik uylari faoliyatini muvofiqlashtirish xalq taʼlimining tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Mehribonlik uyi bank hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhrga, oʻz nomi yozilgan shtamp va blankalarga ega boʻladi.
III. Mehribonlik uyiga bolalarni qabul qilish
11. Bolalar Mehribonlik uyiga yil mobaynida ota-onalari vafot etgan, ular ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan, ularning ota-onalik huquqlari cheklangan, ota-onalar huquqiy layoqatsiz deb eʼtirof etilgan, ota-onalar kasal boʻlgan, ota-onalar uzoq muddat boʻlmagan, ota-onalar bolalarni tarbiyalashdan yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgan, shu jumladan ota-onalar oʻz bolalarini tarbiya muassasalaridan, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridan va shunga oʻxshash muassasalardan olishni rad etgan hollarda, shuningdek bolalar ota-onalarining qarovisiz qolgan boshqa hollarda qabul qilinishi kerak.
12. Mehribonlik uyiga 3 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar qabul qilinadilar.
Jismoniy yoki psixologik jihatidan nuqsonlari boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga (maktab-internatlarga) yoki maxsus korreksion Mehribonlik uylariga belgilangan tartibda yuboriladi.
13. Mehribonlik uyiga kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalarning bolalari, faqat otasi yoki onasi bor boʻlgan bolalar ushbu oilalarni bir yilgacha muddatda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik qabul qilinadi. Ularning bundan keyin Mehribonlik uyida boʻlishi tarbiyalanuvchi yashaydigan joy boʻyicha vasiylik va homiylik organining xulosasiga koʻra tuman (shahar) hokimining qarori bilan belgilanadi.
14. Mehribonlik uyidagi tarbiyalanuvchilar soni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan, sanitariya va gigiyena normalariga majburiy rioya qilgan holda belgilanadi, lekin tarbiyalanuvchilarning soni 140 nafardan oshmasligi kerak.
15. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari har xil yoki bir xil yoshdagi tarbiyalanuvchilar guruhlariga birlashtiriladi. 7 yoshgacha boʻlgan turli yoshdagi bolalar guruhlarida tarbiyalanuvchilar soni 10 nafar etib belgilanadi, bir xil yoshdagi tarbiyalanuvchilar guruhlarida esa: 4 yoshgacha boʻlgan bolalar — 8 nafar, 4 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar guruhida esa — 12 nafar bola boʻladi; tarbiyalanuvchilar guruhlaridagi oʻquvchilar soni I—IX sinflarda — 17 kishi boʻlishi lozim.
Mehribonlik uyida korreksion guruhlar tashkil etilishi mumkin.
Tarbiyalanuvchilarni korreksion guruhlarga yoʻllash faqat tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning xulosasi asosida amalga oshiriladi.
16. Mehribonlik uyiga yoʻllash tarbiyalanuvchi yashaydigan joy boʻyicha tuman (shahar) hokimining qarori asosida Mehribonlik uyi uning tasarrufida boʻlgan xalq taʼlimi tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.
17. Mehribonlik uyiga yuboriladigan har bir bola uchun vasiylik va homiylik organi tomonidan, bir Mehribonlik uyidan boshqasiga oʻtkazishda esa — Mehribonlik uyi maʼmuriyati tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) Mehribonlik uyiga yoʻllanma;
b) tuman (shahar) hokimining bolani Mehribonlik uyiga joylashtirish haqidagi qarori (qarorda balogʻatga yetmagan bola, uning oilasi, turar joy maydoni bolaga biriktirilganligi toʻgʻrisidagi aniq qaydnoma bilan birgalikda turar joy maydoni mavjudligi toʻgʻrisidagi dalilli va toʻliq maʼlumotlar boʻlishi kerak);
v) tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, guvohnoma boʻlmagan taqdirda — bolaning yoshini aniqlaydigan tibbiy ekspertiza xulosasi;
g) analizlar natijalari va tibbiy-psixologik-pedagogik xulosasi ilova qilingan holda bolaning psixik va jismoniy sogʻligʻi haqidagi tibbiy hujjatlar (tibbiy tekshirishlar natijalari ilova qilingan holda);
d) maʼlumoti haqidagi hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
e) ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar haqidagi maʼlumotlar (ota-onalarning pasportlari nusxalari yoki ularning vafoti haqidagi guvohnoma nusxasi, sudning hukmi yoki qarori, ota-onasining surunkali kasalligi yoki qidiruvda ekanligi haqidagi, ota-onasining yoʻqligi yoki ularning oʻz farzandlarini tarbiyalay olmasligi haqidagi boshqa hujjatlar, shuningdek ota-onalarning yashash joyi toʻgʻrisida maʼlumotnoma);
j) bolaning turmush sharoiti va tarbiyasi haqidagi tekshiruv dalolatnomasi;
Oldingi tahrirga qarang.
(17-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
i) bolaning ota-onasidan qolgan mol-mulki (agar bor boʻlsa) roʻyxati, ushbu mol-mulkning qayerda joylashganligi, uni saqlash uchun qanday choralar koʻrilganligi va ularni saqlash uchun javobgar shaxslar haqidagi maʼlumot;
k) bolaga turar joy biriktirilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar (dalolatnoma, uy daftari, turar joy chizmasi nusxalari, turar joyning egasi va xususiylashtirilganligi holati toʻgʻrisida tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimidan maʼlumotnoma);
l) pensiya oluvchi bolalarning pensiya daftarchasi, bola foydasiga aliment undirish haqidagi sud qarori, omonat daftarchasi.
Bolani mazkur Nizomning 13-bandiga muvofiq Mehribonlik uyiga joylashtirishda yuqorida koʻrsatilgan hujjatlar bilan birga ota-onaning arizasi, turar joyi va oila aʼzolari haqidagi maʼlumotnomalar taqdim etiladi. Bu holda ushbu bandning “z”, “i”, “l” kichik bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilmaydi.
18. Bir oilaning aʼzolari boʻlgan bolalar yoki qarindoshlar bir muassasaga yuboriladi. Tibbiy yoki boshqa sabablarga koʻra ushbu bolalarni alohida tarbiyalash va joylashtirish kerak boʻlgan hollar bundan mustasno.
19. Tarbiyalanuvchilarni maktabgacha tarbiya Mehribonlik uyidan maktab yoshidagi bolalar uchun Mehribonlik uyiga oʻtkazish 1-iyundan 25-avgustga qadar amalga oshiriladi.
Tarbiyalanuvchilarni sogʻliqni saqlash muassasalaridan Mehribonlik uyiga qabul qilish majburiy tartibda, bola 3 yoshga toʻlgandan soʻng ushbu Nizomning 17-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari
20. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining taʼlimi, tarbiyasi va taʼminoti toʻliq davlat taʼminoti asosida amalga oshiriladi.
21. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilishining oʻrtacha sutkalik maqbul meʼyorlariga muvofiq oziq-ovqat, shuningdek ushbu Nizomga ilovaga muvofiq norma boʻyicha kiyim-bosh, poyabzal, yumshoq jihozlar bilan taʼminlanadilar.
22. Mehribonlik uyi maʼmuriyati tarbiyalanuvchilar ushbu Mehribonlik uyida boʻlishining birinchi yili mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, ota-onasining qarovisiz qolgan, uy-joy maydoniga ehtiyojmand boʻlgan tarbiyalanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mehribonlik uylarining ehtiyojmand tarbiyalanuvchilarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlashlari kerak.
24. Mehribonlik uyi maʼmuriyati tarbiyalanuvchilarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga kirishiga yordam beradi.
25. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan taqdirda Mehribonlik uyi maʼmuriyati tarbiyalanuvchiga vasiylik qilishni bundan keyin mazkur taʼlim muassasasiga berish uchun tarbiyalanuvchi oʻqishga kirgan taʼlim muassasasi joylashgan joy boʻyicha vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi.
26. Tarbiyalanuvchilar Mehribonlik uyi maʼmuriyati bilan kelishuv asosida, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasasini tamomlagunga qadar, agar mazkur taʼlim muassasasida yotoqxona boʻlmasa hamda mazkur taʼlim muassasasi va Mehribonlik uyi bitta aholi punktida joylashgan boʻlsa, Mehribonlik uyida yashash huquqiga egadirlar.
27. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining dam olish yoki bayram kunlarida, taʼtil vaqtida Mehribonlik uyiga keladigan tarbiyalanuvchilari – oʻquvchilari, maʼmuriyat bilan kelishuv asosida, yashash uchun qabul qilinadilar.
28. Tarbiyalanuvchilar qonun hujjatlariga, axloqiy va odob-axloq normalariga, Mehribonlik uyining ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga; bilimlarni, amaliy koʻnikmalarni, kasb mahoratini muntazam va puxta egallashga, oʻzlarining umumiy va madaniy saviyasini oshirib borishga majbur.
29. Mehribonlik uyidan chiqarishda tarbiyalanuvchilarga quyidagi hujjatlar beriladi:
a) tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, 16 yoshga toʻlganlarga esa pasport ham;
b) Mehribonlik uyida boʻlganlik haqida maʼlumotnoma;
v) sogʻligʻi haqida maʼlumotnoma (tibbiy hujjatlar);
g) maʼlumoti toʻgʻrisida hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
d) ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari haqidagi maʼlumotlar.
Bolaning mol-mulkka, pul mablagʻlariga, turar joyga (oʻzi yoki ota-onasiga qarashli boʻlgan) egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, pensiya va omonat daftarchalari, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi ijro varaqasi va shaxsiy hujjatlar yigʻma jildidagi boshqa hujjatlar ham beriladi.
30. Tarbiyalanuvchilarning bitirishi toʻgʻrisidagi qaror kollegial organ — Mehribonlik uyi Kengashi tomonidan qabul qilinadi va Mehribonlik uyi tasarrufida boʻlgan xalq taʼlimi tegishli organi tomonidan tasdiqlanadi.
31. Tarbiyalanuvchilarning ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bundan keyin tarbiyalash uchun qaytarilishi ushbu Nizomning 29-bandiga muvofiq amalga oshiriladi. Bolaning yoshidan, yil vaqtidan va qaytish holatlaridan qatʼi nazar, bola yashaydigan joy boʻyicha vasiylik va homiylik organining xulosasiga muvofiq chiqarilgan hokimning qarori tarbiyalanuvchining qaytishi uchun asos hisoblanadi.
32. Mehribonlik uyi direktori tarbiyalanuvchilarni qabul qilish va ularni Mehribonlik uyidan chiqarish uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq shaxsan javob beradi.
V. Mehribonlik uyida taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish
33. Tarbiyalanuvchilarni oʻqitish yaqin-atrofda joylashgan umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
Har bir bosqichda oʻqish yoshi va oʻqishning qancha davom etishi Mehribonlik uyi yoki tarbiyalanuvchi oʻqiyotgan boshqa taʼlim muassasasining ustavida belgilanadi. Har bir bosqichda oʻqishning qancha davom etishi toʻgʻrisidagi xulosa Mehribonlik uyi rahbari ishtirokida tarbiyalanuvchi oʻqiyotgan taʼlim muassasasi pedagogik kengashining qarori bilan qabul qilinadi.
34. Tarbiyalanuvchilar bilim olayotgan taʼlim muassasalarining oʻquv-tarbiyaviy va boshqa masalalari Mehribonlik uyi pedagogik jamoasi bilan yaqin hamkorlikda hal qilinadi.
35. Mehribonlik uyidagi taʼlim-tarbiya, maʼnaviy-axloqiy ishlar taʼlim va tarbiyaning insonparvarlik, demokratik va dunyoviy tamoyillari asosida quriladi.
36. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarning umumiy oʻrta taʼlim davlat standartlariga muvofiq fanlarning asoslari boʻyicha muntazam bilim, malaka va koʻnikmalarni egallab olishiga koʻmaklashadi, shuningdek milliy va umuminsoniy maʼnaviy qadriyatlar asosida maʼnaviy-axloqiy fazilatlar shakllanishi, ijodiy qobiliyatlar, mehnat koʻnikmalari, atrof muhitga va kasb tanlashga ongli munosabatda boʻlishning rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
37. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarning intellektual, axloqiy, jismoniy va quvnoq rivojlanishi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash uchun eng koʻp darajada qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishda tarbiyalanuvchilarning psixologik-pedagogik xususiyatlari hisobga olingan holda tarbiyaning maqbul texnologiyalari, shakllari va usullari tanlanadi.
38. Maktabgacha Mehribonlik uyi, shuningdek Mehribonlik uyining maktabgacha guruhlari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan maktabgacha taʼlim muassasalari uchun davlat taʼlim talablari boʻyicha ishlab chiqilgan taʼlim-tarbiya dasturiga muvofiq amalga oshiradilar.
39. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan tarbiyalanuvchilarning taʼlim-tarbiya jarayoni rivojlanishidagi nuqsonlarga muvofiq taʼlim va tarbiyaning maxsus dasturlari boʻyicha tashkil etiladi.
40. Tarbiyalanuvchilarning individual, taʼlim-rivojlantiruvchi ehtiyojlarini qondirish, ularning isteʼdod va qobiliyatlarini rivojlantirish, shuningdek keyinchalik kasbga yoʻnaltirish uchun ularning qiziqishlari va moyilliklarini aniqlash, boʻsh vaqtlarini va dam olishini tashkil qilish maqsadida Mehribonlik uyida ham muassasaning mablagʻlari, ham boshqa mablagʻlar hisobiga turli klublar, seksiyalar, toʻgaraklar, studiyalar tashkil etiladi.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari madaniy-estetik, tabiiy-ilmiy, texnik, sport va boshqa yoʻnalishlardagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalari ishlarida qatnashishlari mumkin.
41. Tarbiyalanuvchilarning madaniy-ommaviy, sport va mehnat faoliyatining turli shakllarida qatnashishi tashabbuskorlik, mustaqillik va vijdoniylik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
42. Bolaga nisbatan doʻstona munosabatlar muhitini yaratish va yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Mehribonlik uyida bolalar birlashmalari tashkil qilinishi mumkin.
43. Taʼtil vaqtida bolalarning dam olishi Mehribonlik uyiga qaraydigan shahar tashqarisidagi oromgohlarda, dala hovlilarda, shuningdek turistik, sport, sogʻlomlashtirish oromgohlarida, dam olish uylarida, sanatoriylarda tashkil etiladi.
44. Taʼlim, mehnat, dam olish va turli tadbirlarning tibbiy-pedagogik jihatdan oʻzaro asosli bogʻliqligini taʼminlaydigan kun tartibi tarbiyalanuvchilarning Mehribonlik uyida kecha-kunduz boʻlishlarini hisobga olgan holda tuziladi.
VI. Ijtimoiy-psixologik pedagogik koʻmaklashishni tashkil etish
45. Tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosadigan shaxslarga ijtimoiy, psixologik-pedagogik yordam berish maqsadida Mehribonlik uyida ijtimoiy-psixologik va pedagogik koʻmaklashish xizmati (keyingi oʻrinlarda “xizmat” deb ataladi) tashkil etiladi.
Xizmat mutaxassislar — Mehribonlik uyi xodimlari: ijtimoiy xodim, psixolog, vrach, defektolog, katta vojatiy, kutubxonachidan iborat boʻladi. Xizmatga maxsus xodim — ijtimoiy muhofaza boʻyicha direktor oʻrinbosari boshchilik qiladi.
46. Xizmat xodimlari:
tarbiyalanuvchilarning huquq va manfaatlarini va ularning mol-mulkini himoya qiladilar;
tarbiyalanuvchilar bilan diagnostik, psixologik-profilaktik, korreksion, maslahat berish va reabilitatsiya ishlarini olib boradilar;
Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari, pedagoglari, maʼmuriyati va boshqa xodimlari bilan psixologik-profilaktik maslahat berish, taʼlim (seminarlar, treninglar) ishlarini olib boradilar;
tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan maslahat berish va reabilitatsiya ishlarini olib boradilar.
47. Xizmatning xodimlari quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ish olib boradilar:
a) tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida:
tarbiyalanuvchining shaxsiy hujjatlar yigʻma jildini oʻrganish va uning ijtimoiy maqomi barqarorligini aniqlash;
tarbiyalanuvchilarning mulkiy va nomulkiy huquqlari himoya qilinishini taʼminlash;
daʼvo boʻyicha ish olib borish va yetishmayotgan hujjatlarni toʻplash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarbiyalanuvchilar va ularning mol-mulkiga nisbatan qonun buzilishiga yoʻl qoʻyayotgan shaxslar javobgarlikka tortilishiga koʻmaklashish;
ota-onalarni aniqlash va ular bilan mustahkam aloqalar oʻrnatish;
tarbiyalanuvchilarning manfaatlarini koʻzlab sud majlislarida qatnashish;
ijtimoiy bilimlar, oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha tarbiyalanuvchilar orasida taʼlim-tarbiya ishlarini tashkil etish.
b) bolaning Mehribonlik uyida yashashga moslashish uchun zarur boʻlgan imkoniyatlarini aniqlash va rivojlantirish, tarbiyalanuvchilarning xulq-atvoridagi chekinishlar profilaktikasi sohasida:
ijtimoiy rivojlanish va (yoki) reabilitatsiyani tuzatishga ehtiyojmand boʻlgan tarbiyalanuvchilar toifasini aniqlash;
kamol topishning tibbiy-ijtimoiy va psixologik-pedagogik muammolari tashxisi;
tarbiyalanuvchini kamol toptirish va reabilitatsiya qilishning shaxsiy dasturini tuzish;
shaxsning kamol topishi va uning jamiyatga reabilitatsiyasining ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlari yaratilishiga koʻmaklashish (pedagog xodimlar, tengdoshlar guruhlari, doʻstlar bilan ish olib borish);
tarbiyalanuvchilarni kasbga yoʻllash;
tarbiyalanuvchilarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish;
tarbiyalanuvchilarda oʻz taqdiri uchun masʼuliyat tuygʻusini shakllantirish.
v) tarbiyalanuvchilarni joylashtirishning muqobil shakllari sohasida:
tarbiyalanuvchini mustaqil hayotga tayyorlash;
ota-onalarni yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni tarbiyalanuvchini oilaga qabul qilishga tayyorlash;
tarbiyalanuvchini oʻz oilasiga qaytarishga tayyorlash va qaytarish;
tarbiyalanuvchini farzandlikka olgan oilada yashashga tayyorlash.
48. Tarbiyalanuvchi Mehribonlik uyi hayotiga toʻlaqonli kirishib ketishini va keyinchalik uning jamiyatga ijtimoiy moslashishini taʼminlash uchun ijtimoiy xodim, psixolog, pedagog-tarbiyachi va vrach tomonidan birgalikda tarbiyalanuvchi bilan shaxsiy korreksion-tarbiya ishlarini olib borish dasturi ishlab chiqiladi.
VII. Mehribonlik uyi xodimlari
49. Pedagog xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kontrakt asosida qabul qilinadi.
50. Tibbiy xizmat koʻrsatish Mehribonlik uyining tibbiyot xodimlari tomonidan (tegishli sogʻliqni saqlash muassasalaridan mutaxassislarni jalb etgan holda) amalga oshiriladi, ular (maʼmuriyat bilan bir qatorda) tarbiyalanuvchilarning salomatligi va jismoniy rivojlanishi, ovqatlanish tartibi va sifati, davolash-profilaktika tadbirlarini oʻtkazish va sanitariya-gigiyena normalariga rioya qilish uchun javob beradilar.
Mehribonlik uyida davolash-maslahat yordami va oʻtkazilgan davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari tahlili tegishli sogʻliqni saqlash organlari tomonidan amalga oshiriladi.
51. Mehribonlik uyida taʼlim-tarbiya jarayonini psixologik taʼminlashni psixolog amalga oshiradi.
52. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy muhofaza qilish va ijtimoiy kuzatib borish ijtimoiy soha organi xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
53. Mehribonlik uyi maʼmuriyati pedagog, tibbiyot va ijtimoiy soha xodimlarining pedagogik, kasbiy va psixologik mahorati doimiy ravishda takomillashtirib borilishi, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uchun javob beradi.
54. Mehribonlik uyining pedagog va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
55. Mehribonlik uyining pedagog va tibbiyot hamda boshqa xodimlari Mehribonlik uyining ustaviga, ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi, kasbiy axloq-odobga qatʼiy rioya etishi, taʼlim-tarbiya jarayonining yuqori samaradorligini taʼminlashi, tarbiyalanuvchilarni ijtimoiy-psixologik va tibbiy jihatdan kuzatib borishi, oʻz kasbiy malakasini muntazam oshirishi shart.
56. Mehribonlik uyi xodimlarining lavozim boʻyicha huquqlari va majburiyatlari, rahbarlarining layoqati va funksiyalari qonun hujjatlarida, shuningdek Mehribonlik uyi ustavida belgilanadi.
VIII. Mehribonlik uyini boshqarish
57. Mehribonlik uyini boshqarish demokratiya, oshkoralik prinsiplari asosida va Mehribonlik uyi jamoasi bilan jamoatchilikning oʻzaro hamkorligida amalga oshiriladi.
Mehribonlik uyi Kengashi taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishga koʻmaklashadi.
Mehribonlik uyi Kengashining funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Namunaviy ustavda va Mehribonlik uyi ustavida belgilanadi.
58. Mehribonlik uyi Kengashi faoliyat yoʻnalishi boʻyicha metodik birlashmalarga birlashadi.
59. Mehribonlik uyida jamoaning umumiy yigʻilishi (konferensiya), pedagogik kengash faoliyat koʻrsatishi mumkin.
60. Mehribonlik uyiga bevosita rahbarlikni direktor amalga oshiradi. Direktorni ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli xalq taʼlimi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehribonlik uyi direktori lavozimiga qoʻyiladigan malaka talablari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Direktor Mehribonlik uyidagi taʼlim-tarbiya jarayonlarining ahvoli va faoliyat uchun toʻliq javob beradi.
61. Direktor Mehribonlik uyi nomidan ish olib boradi, uning manfaatlarini ifodalaydi, Mehribonlik uyining mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etadi va shartnomalar tuzadi.
Direktor:
Mehribonlik uyi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qaror qabul qiladi hamda Mehribonlik uyiga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlarining oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularning vakolatlarini va javobgarlik darajasini belgilaydi;
oʻz vakolatlari doirasida Mehribonlik uyining barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
tegishli xalq taʼlimi organlariga moddiy-texnik bazani mustahkamlashga, tarbiya va taʼlim ishlarini takomillashtirishga, malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan masalalarni hal etish hamda Mehribonlik uyi faoliyatining boshqa masalalari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun kiritadi;
pedagogik va boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
62. Har bir Mehribonlik uyida Homiylik kengashi tuziladi. Mehribonlik uyi faoliyatini jamoatchilik asosida samarali boshqarishni taʼminlash, uni moddiy-texnik jihozlashga, xoʻjalik faoliyatiga, taʼlim-tarbiya jarayonini metodik va kadrlar bilan taʼminlashga, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga taalluqli muhim vazifalarga koʻmaklashish va ularni hal etish uning maqsadi hisoblanadi.
Homiylik kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasdiqlagan Namunaviy nizom asosida amalga oshiradi.
IX. Moliya-xoʻjalik faoliyati
63. Mehribonlik uyining moddiy-texnik bazasi zarur imoratlar, sport inshootlari, kommunikatsiyalar, asbob-anjomlar, transport vositalari va oʻqitishda, tarbiyalashda hamda taʼlim-tarbiya sohasidagi boshqa vazifalarni hal etishda foydalaniladigan boshqa mol-mulkdan iborat boʻladi.
Mehribonlik uyi binolari texnika xavfsizligi qoidalariga hamda sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq jihozlanadi va ulardan foydalaniladi.
64. Mehribonlik uyini mablagʻ bilan taʼminlash belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari va maqsadli badallari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
65. Mehribonlik uyi tegishli moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida moliyalashtiriladi.
66. Budjet mablagʻlarini sarflash tasdiqlangan xarajatlar smetasiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Mehribonlik uyi qoʻshimcha manbalar orqali olingan mablagʻlardan mustaqil ravishda foydalanadi. Bu toʻgʻridagi qaror Mehribonlik uyi Kengashi tomonidan qabul qilinadi.
67. Yil oxirida hosil boʻladigan pul mablagʻlari qoldiqlari, olingan manbalaridan qatʼi nazar, olib qoʻyilmaydi va Mehribonlik uyi xohishiga binoan, qonun hujjatlariga muvofiq sarflanadi.
68. Shtatlar jadvali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda namunaviy shtatlarga muvofiq tuziladi.
69. Mehribonlik uyi xodimlarining ish haqi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
70. Mehribonlik uyi davlat vakolatli organlari tomonidan belgilangan moliya va statistika hisobotlarini yuritadi.
71. Mehribonlik uyining moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilish tegishli moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
X. Yakuniy qoidalar
72. Mehribonlik uyi qonun hujjatlariga muvofiq, hozirgi zamon yetimlik muammolari boʻyicha xalqaro faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
73. Mehribonlik uyini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mehribonlik uyi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
ILOVA
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini kiyim-bosh, poyabzal va yumshoq jihozlar bilan taʼminlash
NORMALARI
| T/r | Kiyim-bosh, poyabzal va yumshoq jihozlar nomi | Oʻlchov birligi | Maktab yoshidagi bir nafar tarbiyalanuvchi uchun | Maktabgacha yoshdagi bir nafar tarbiyalanuvchi uchun | |||
| Soni | Foydalanish muddati (yil) | Soni | Foydalanish muddati (yil) | ||||
| Oʻgʻil bolalar uchun | Qiz bolalar uchun | ||||||
| Kiyim-boshlar | |||||||
| 1 | Qishki palto/kurtka | ta | 1 | 1 | 2 | 1 | 2 |
| 2 | Mavsumiy palto, kurtka | ta | 1 | 1 | 2 | 1 | 2 |
| 3 | Maktab formasi | toʻplam | 1 | 1 | 1 | - | - |
| 4 | Oʻgʻil bolalar uchun kostyumlar (galstuk bilan) | toʻplam | 2 | - | 2 | 2 | 2 |
| 5 | Jun kostyum (bayram uchun) | toʻplam | 1 | - | 2 | 1 | 2 |
| 6 | Oʻgʻil bolalar uchun ip gazlamadan maktab koʻylaklari | ta | 3 | - | 1 | - | - |
| 7 | Oʻgʻil bolalar uchun ip gazlamadan ustki koʻylak | ta | 3 | - | 1 | 3 | 1 |
| 8 | Qizlar uchun koʻylak (yubka, bluzka) | ta | - | 3 | 1 | 3 | 1 |
| 9 | Qizlar uchun uy xalatlari/koʻylaklari | ta | - | 2 | 1 | 2 | 1 |
| 10 | Qishki koʻylak (bayram uchun) | ta | - | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 11 | Jun svityerlar (jempyerlar) | ta | 2 | 2 | 2 | 2 | 2 |
| 12 | Yozgi koʻylaklar (bayram uchun) | ta | - | 3 | 1 | 3 | 1 |
| 13 | Yozgi bosh kiyim | ta | 1 | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 14 | Qishki bosh kiyim | ta | 2 | 2 | 1 | 2 | 1 |
| 15 | Qizlar uchun triko va shim | ta | - | 4 | 1 | 4 | 1 |
| 16 | Dastroʻmollar | ta | 6 | 6 | 1 | 6 | 1 |
| 17 | Oʻgʻil bolalar uchun shim kamari | ta | 1 | - | 1 | - | - |
| 18 | Sharf | ta | 1 | 1 | 2 | 1 | 2 |
| 19 | Qoʻlqoplar | juft | 2 | 2 | 1 | 2 | 1 |
| 20 | Ichki koʻylak | toʻplam | 4 | 4 | 2 | 5 | 2 |
| 21 | Sport formasi, krossovka | toʻplam | 1 | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 22 | Byustgalter | ta | - | 3 | 1 | - | - |
| 23 | Kal�a sport ishtoni | ta | 2 | 2 | 1 | 1 | 1 |
| 24 | Maykalar | ta | 4 | 4 | 1 | 4 | 1 |
| 25 | Ip paypoqlar, golflar | juft | 5 | 5 | 1 | 6 | 1 |
| 26 | Jun paypoqlar, golflar | juft | 5 | 5 | 1 | 6 | 1 |
| 27 | Botinkalar, tuflilar | juft | 3 | 3 | 1 | 3 | 1 |
| 28 | Shippaklar | juft | 2 | 2 | 1 | 2 | 1 |
| 29 | Qishki etiklar, botinkalar | juft | 1 | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 30 | Kalishlar | juft | 1 | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 31 | Yarim jun sport kostyumi | ta | 1 | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 32 | Tungi pijamalar | ta | 2 | 1 | 1 | 2 | 1 |
| 33 | Kolgotkalar | ta | - | 5 | 1 | 6 | 1 |
| 34 | Choʻmilish kiyimlari | ta | 1 | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 35 | Rezina shapka | ta | 1 | 1 | 2 | 1 | 1 |
| 36 | Ish kiyimi | toʻplam | 1 | 1 | 2 | 1 | 1 |
| 37 | Portfellar, sumkalar | ta | 1 | 1 | 1 | - | - |
| 38 | Shaxsiy buyumlarni saqlash uchun ryukzak/sumka | ta | 1 | 1 | 3 | 1 | 5 |
| Yumshoq jihozlar | |||||||
| 39 | Choyshab | ta | 3 | 1 | 5 | 1 | |
| 40 | Koʻrpa choyshabi | ta | 2 | 1 | 2 | 1 | |
| 41 | Yostiq jildi | ta | 3 | 1 | 4 | 1 | |
| 42 | Sochiq | ta | 2 | 1 | 2 | 1 | |
| 43 | Paxmoq sochiq | ta | 2 | 1 | 2 | 1 | |
| 44 | Jun yoki paxtali adyol | ta | 1 | 6 | 1 | 6 | |
| 45 | Paxmoq adyol | ta | 1 | 3 | 2 | 3 | |
| 46 | Toʻshak | ta | 1 | 4 | 2 | 3 | |
| 47 | Momiqli va patli yostiq | ta | 1 | 6 | 2 | 4 | |
| 48 | Katta choyshab | ta | 1 | 3 | 1 | 3 | |
| 49 | Karavot yoniga toʻshaladigan gilamcha | ta | 1 | 4 | 1 | 4 | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 43-son, 435-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)