Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA (OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “XORIJIY INVESTITSIYaLAR VA KREDITLARNI JALB ETISh HAMDA OʻZLAShTIRISh JARAYoNINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA” 2008 YIL 24 IYuLDAGI PQ-927-SON QARORI)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda oʻzlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 9-sentabr,
205-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 9-sentabrdagi 205-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 553-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1992-y., 12-son, 37-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomning 9-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“vazirlikka yuklangan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi”.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-yanvardagi 37-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 1-son, 10-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) 9-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish va oʻzlashtirish jarayonida idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish”;
b) 10-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning muvozanatliligini, mamlakatda mavjud boʻlgan tabiiy, mineral-xomashyo, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik va mehnat salohiyatidan, shuningdek tegishli infratuzilmadan samarali foydalanishni taʼminlashni hisobga olgan holda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning mintaqalar, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari boʻyicha qisqa muddatli va oʻrta muddatli prognozlari va dasturlarini ishlab chiqishni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi”;
yigirma ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“uzoq muddatli prognozlar, rivojlantirish ustuvorliklari, tarkibiy oʻzgartirishlar, shuningdek ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishlari asosida xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy moliya va sugʻurta tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirish taklif qilinayotgan ustuvor investitsiya loyihalarini puxta ishlab chiqadi va ularning portfelini shakllantiradi”;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“vazirlikka yuklangan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi”.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 37-38-son, 375-modda; 2017-y., 13-son, 201-modda, 20-son, 355-modda)