Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida
Bitim
TURIZM SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati (quyida “Tomonlar” deb ataluvchilar),
Tomonlar oʻrtasida ikki taraflama turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kuchaytirish maqsadida,
Ikkala mamlakatni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishida turizmning muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda,
Ikki mamlakat fuqarolari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarining kuchayishi yoʻlida turizm sohasidagi oʻzaro hamkorlikning muhim ekanligini anglagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz fuqarolarining ikki mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy yutuqlari, tabiati va yodgorliklari, tarixiy obidalari va urf-odatlari bilan tanishuvi yoʻlida turizm sohasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlaydilar va kengaytiradilar.
2-modda
Tomonlar tenglik va oʻzaro manfaatdorlik asosida, oʻz davlatlarining amaldagi qonunchiligiga muvofiq holda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
3-modda
Tomonlar oʻzlarining turizm sohasiga oid boʻlgan idoralari va boshqa manfaatdor tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun tashqi va ichki turizmning barcha tarmoqlarida, hamda sohalarida olib borilayotgan tadbirlar, turizmni rivojlantirishga doir jarayonlar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish ishlarini olib boradilar. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida turistlar almashinuvi jarayonini jadallashtirish maqsadida hamkorlik qiladilar, jumladan:
(a) mamlakatlarda olib borilayotgan turizm sohasidagi tadbirlar hamda turizmning turli yoʻnalishlarini rivojlantirishga oid jarayonlar yuzasidan oʻzaro tajriba almashish;
(b) turizm sohasiga oid nashriyotlar bilan oʻzaro almashish;
(v) ikki mamlakat hududida oʻzaro koʻrgazmalar, film namoyishlari, simpozium va seminarlar oʻtkazish imkoniyatlarini oʻrganish;
(g) har ikki mamlakatda mehmonxonalar va boshqa turizm muassasalarini qurish hamda ulardan foydalanish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganish va shu sohadagi oʻzaro hamkorlikni ragʻbatlantirish;
(d) madaniyat va turizm festivallarini tashkil etish imkoniyatlarini oʻrganish, folklor va havaskor jamoalar gastrollarini tashkil etish va oʻtkazish.
4-modda
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasida texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida kadrlarni tayyorlash imkoniyatlarini ragʻbatlantiradilar. Turizm sohasiga oid investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirish hamda qoʻshma korxonalar tashkil qilish borasida oʻzaro hamkorlik ishlarini olib boradilar.
5-modda
Tomonlar ikki mamlakatda mavjud turistik agentliklar orqali yangi hamkorlik yoʻnalishlarini oʻrganib chiqadilar va xalqaro turistik tashkilotlar boʻyicha mavjud boʻlgan tajriba almashish ishlarini olib boradilar.
6-modda
Turizm sohasidagi oʻzaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadida, Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga amal qilgan holda, ikki mamlakat hududida oʻz vakolatxonalarini tashkil qilish imkoniyatlaridan foydalanishga harakat qiladilar.
7-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar har bir mamlakatning vakillari tarkibida Qoʻshma ishchi guruh tuzadilar (quyida “Ishchi guruh” deb nomlanadi).
Barcha masalalar Tomonlarning kelishuvlari va ishtirokchilarning taklifiga koʻra, Ishchi guruh tomonidan koʻrib chiqiladi va hal qilinadi. Ishchi guruh uchrashuvlari Tomonlar bilan kelishilgan holda, har bir mamlakatda navbatma-navbat bilan oʻtkaziladi.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtirilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilishda yuzaga keladigan bahs va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara hamda maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va uch (3) yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlarning biri Bitim muddati tugashidan olti (6) oy oldin yozma ravishda uning faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma taqdim etmasa, ushbu Bitimning muddati oʻz-oʻzidan keyingi shunday muddatlarga uzaytirilaveradi.
Ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtatilgunga qadar turizm sohasida amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalarga va kelishuvlarga nisbatan 1 — 7-moddalarning qoidalari keyingi oʻn (10) yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Abu Dabi shahrida 2008-yil 17-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2008-y., 1-2-son)