OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
QARORI
AKADEMIK LITSEYLAR VA KASB-HUNAR KOLLEJLARIDA TAʼLIM JARAYoNIGA TAJRIBALI AMALIYOTChILAR, ShUNINGDEK OLIY TAʼLIM MUASSASALARINING YETAKChI OʻQITUVChILARI VA PROFESSORLARINI JALB ETIShNI RAGʻBATLANTIRISh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 29-avgustda 1849-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2022-yil 11-iyuldagi 16-2022-sonli, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 8-iyuldagi 53-sonli va Moliya vazirligining 2022-yil 7-iyuldagi 27-sonli ““Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayoniga tajribali amaliyotchilar, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining yetakchi oʻqituvchilari va professorlarini jalb etishni ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1849-1, 25.07.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-sonli qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil 10-11-son, 56-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayoniga tajribali amaliyotchilar, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining yetakchi oʻqituvchilari va professorlarini jalb etishni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari direktorlari mazkur Nizomdan kelib chiqqan holda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining Ustavlariga oʻrnatilgan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-iyul,
223-1-son
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori Z. SATTOROV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-iyul,
04/PQ-34-B-son
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-iyul,
57-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-iyul,
83-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining 2008-yil 23-iyuldagi 223-1, 04/PQ-34-B, 57, 83-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayoniga tajribali amaliyotchilar, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining yetakchi oʻqituvchilari va professorlarini jalb etishni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil 10-11-son, 56-modda) muvofiq akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayoniga, ayniqsa muhandis-texnik, iqtisodiy, yuridik fanlar boʻyicha tajribali amaliyotchilarni, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining yetakchi oʻqituvchilari va professorlarini jalb etishni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda har yili akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda muhandis-texnik, iqtisodiy, yuridik yoʻnalishlar boʻyicha ixtisoslashgan kafedralar professor-oʻqituvchilarini va tajribali amaliyotchilarni (bundan keyingi oʻrinlarda jalb qilingan pedagoglar deb yuritiladi) oʻquv jarayoniga jalb qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.
2. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining pedagogik kengashi jalb qilinadigan pedagoglarni ishga qabul qilish hamda ularning faoliyatini baholash uchun talab va mezonlarni ishlab chiqadi, jalb qilinadigan pedagoglar va taʼlim muassasasi oʻrtasida tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shaklini tasdiqlaydi.
3. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlari jalb qilingan pedagoglar bilan mehnat shartnomalarini yangi oʻquv yili boshlanishiga qadar tuzadi.
4. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlari zarur hollarda tajribali amaliyotchilarga va oliy taʼlim muassasasi pedagoglariga moslashgan dars jadvali asosida dars oʻtishini tashkil etadilar.
5. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari tomonidan jalb qilingan oliy taʼlim muassasasalarining yetakchi oʻqituvchilari va professorlari taʼlim berish jarayonidan tashqari oʻqituvchilarga uslubiy materiallar tayyorlashda hamda yosh oʻqituvchilarga ilmiy, uslubiy yordam berishda amaliy ishlarni olib boradilar (oʻquv, uslubiy, ilmiy va boshqa turdagi kafedradagi ish rejasidan tashqari).
6. “Ustoz-shogird” metodiga asoslanib, jalb qilingan pedagoglarga oʻquv yili davomida taʼlim muassasasining yosh oʻqituvchilari biriktiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot markazi taʼlimga oid respublika gazeta va jurnallarida jalb qilingan pedagoglar ishlarini muntazam yoritib boradi.
II. Ragʻbatlantirish tizimini tashkil etish tartibi
8. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining pedagogik kengashi har oy yakunida jalb qilingan pedagoglar tomonidan bajarilgan ishlar hisobotini tinglaydi, ularning ishini baholaydi va taʼlim muassasasi rahbariga taqdim etadi.
9. Oliy taʼlim muassasalari rektorlari jalb qilingan pedagoglarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlari taqdimnomalari asosida oʻquv yili yakuni boʻyicha oʻqituvchining akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida oʻquv, ilmiy-uslubiy, tashkiliy uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlari uchun moddiy ragʻbatlantirishi mumkin.
10. Tajribali amaliyotchilar belgilangan yuklama soatlaridan tashqari yosh oʻqituvchilarga oʻquv-uslubiy, ilmiy ishlarni bajarishda yordam bersa, taʼlim muassasasi pedagogik kengashining qarori asosida yil yakuni boʻyicha bir marotaba akademik litsey va kasb-hunar kollejlari budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirilishi mumkin.
11. Jalb qilingan pedagoglarga asosiy ish joyidan 15 kilometrdan uzoq masofada joylashgan qishloq joylaridagi kasb-hunar kollejlariga qatnagan hollarda ish haqidan tashqari kasb-hunar kollejlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan yoʻlkira xarajatlarini qoplash maqsadida respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining bir barobaridan oshmagan miqdorda oylik pullik kompensatsiya toʻlanishi mumkin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼdod” jamgʻarmasi bazasida akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga jalb qilingan pedagoglar uchun 4 haftalik maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi. Jalb qilingan pedagoglarning sonidan kelib chiqqan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan malaka oshirish rejasi ishlab chiqiladi hamda “Isteʼdod” jamgʻarmasiga taqdim etiladi.
Maqsadli malaka oshirish kurslarida faol ishtirok etib, uning natijalariga koʻra yuqori ball toʻplagan va tegishli tanlovdan oʻtgan jalb qilingan pedagoglarga “Isteʼdod” jamgʻarmasi tomonidan yetuk xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarda malaka oshirishlari uchun yoʻllanmalar beriladi.
13. “Isteʼdod” jamgʻarmasi tomonidan tashkil qilinadigan “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovida akademik litsey va kasb-hunar kollejlarga jalb qilingan tajribali amaliyotchilar va pedagoglar tomonidan yaratilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalar uchun alohida nominatsiya kiritiladi hamda ushbu nominatsiya gʻoliblari “Isteʼdod” jamgʻarmasi mablagʻlari hamda hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
III. Yakuniy qoidalar
14. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼdod” jamgʻarmasi bilan kelishilgan.
“Isteʼdod” jamgʻarmasi ijrochi direktori A. PARDAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 35-36-son, 354-modda)