Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TOShKENT ShAHRINING 2200 YILLIGINI NIShONLAShGA TAYYORGARLIK KOʻRISh VA UNI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, haqli ravishda “Sharq darvozasi” deb nom olgan, xalqimizning gʻurur-iftixori boʻlmish azim poytaxtimiz Toshkent shahrining milliy davlatchiligimiz tarixida va ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Qadimdan ilm-fan va madaniyatning yirik markazi, tinchlik va doʻstlik ramzi boʻlib kelayotgan Toshkent shahrining 2200 yilligini poytaxtimizning yuksak nufuzi va mavqeyiga munosib ravishda nishonlash, uning dunyo miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yanada oshirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. YUNESKO Bosh konferensiyasining 2007-yil 2-noyabrdagi 34-sessiyasida Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlash va yubiley tadbirlarida YUNESKOning ishtirok etishi haqidagi qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Toshkent shahar hokimligi, ijodiy uyushmalar va keng jamoatchilikning Toshkent shahrining 2200 yilligini 2009-yilning sentyabr oyida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 11-noyabrdagi PQ-997-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 11-son, 618-modda)
3. Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va yubiley tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi tarkibi 1-ilovaga, kompleks chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Toshkent shahridagi tarixiy obidalar, yodgorlik va qadamjolarni taʼmirlash, obodonlashtirish, yangi zamonaviy obyektlar qurish, shaharning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga doir tadbirlar rejasini 3-ilovaga* muvofiq amalga oshirsin.
* Ilova berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Toshkent shahar hokimligi YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi ishtirokida Toshkent shahrida 2009-yilning mart oyida “Toshkentning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyani tashkil etish, mamlakatimiz va chet eldagi taniqli olim va mutaxassislarni jalb etgan holda, uni har tomonlama yuksak saviyada oʻtkazish, konferensiya materiallarini chop etish va anjumanni keng yoritish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
6. Tashkiliy qoʻmita (Sh. Mirziyoyev)ga quyidagi vazifalar topshirilsin:
Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan poytaxtda keng koʻlamli bunyodkorlik, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borish;
mavjud tarixiy obidalar va yodgorliklarni yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda oʻrganish, qayta tiklash va taʼmirlash boʻyicha amaliy choralar koʻrish;
tarixiy-madaniy ahamiyatga ega inshootlarni taʼmirlash ishlarini ularning asl qiyofasiga mos tarzda belgilangan meʼmoriy talablar asosida amalga oshirish;
Toshkent shahrining tarixi, boy madaniy merosi va uning bugungi hayotini Oʻzbekistonda va xorijiy mamlakatlarda targʻib etish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish;
Toshkent shahrining 2200 yilligiga bagʻishlangan bayram tantanalarini yuksak saviyada oʻtkazish.
7. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, bir oy muddatda, xalqaro turistik tashkilotlar bilan birgalikda, Toshkent shahrining tarixiy-meʼmoriy obidalarini, ziyoratgoh va tabiiy jihatdan eʼtiborga molik maskanlarini keng targʻib etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
8. Yubiley munosabati bilan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlarni belgilangan muddatda bajarish va foydalanishga topshirish uchun ularning loyihalash va qurilish ishlarini istisno tariqasida bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
9. Yubiley munosabati bilan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bino va inshootlar uchun xorijdan keltiriladigan qurilish materiallari hamda asbob-uskunalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi toʻlovlaridan tashqari) ozod qilinsin.
10. Toshkent shahar hokimligiga:
Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda homiy sifatida qatnashish istagini bildirgan nodavlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro tuzilmalarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash;
yubileyga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun zarur mablagʻlarni toʻplash maqsadida maxsus hisob raqamini ochish hamda mablagʻlarni aniq yoʻnaltirilgan tarzda sarflash;
yubiley munosabati bilan obyektlarni taʼmirlash, qayta tiklash va qurish ishlarini belgilangan muddatda sifatli amalga oshirish vazifasi topshirilsin.
11. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
12. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-aprel,
PQ-828-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 4-son, 223-modda, 11-son, 618-modda)