O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“O‘ZBEKISTON-XITOY” GAZ QUVURINI QURISH VA FOYDALANISH LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida erishilgan ahdlashuvlarga muvofiq “O‘zbekiston — Xitoy” gaz quvurini qurish loyihasini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2007-yil 30-aprelda tuzilgan “O‘zbekiston — Xitoy” gaz quvurini qurish va foydalanish prinsiplari to‘g‘risida”gi Bitim tasdiqlansin.
2. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
“O‘zbekneftgaz” MXK bilan Xitoy Milliy Neftgaz Korporatsiyasi o‘rtasida “O‘zbekiston — Xitoy” gaz quvurini qurish va foydalanish prinsiplari to‘g‘risida Bitim imzolandi;
“O‘zbekiston — Xitoy” gaz quvurini loyihalashtirish, qurish va foydalanish uchun “O‘zbekneftgaz” MXK bilan Xitoy Milliy Neftgaz Korporatsiyasi o‘rtasida tomonlarning 50 foizdan teng ulushda ishtirok etishi asosida “Asia Trans Gas” MChJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi;
mazkur loyihaning TIAsini ishlab chiqish ekologik va qurilish me’yorlari hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, shuningdek, loyihani moliyalashtirishni tashkil qilish va qarz mablag‘larini jalb etish uchun zarur bo‘lgan xalqaro standartlarga muvofiq olib boriladi;
“Asia Trans Gas” MChJ qo‘shma korxonasi ushbu loyihani qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi va moliyalashtiruvchi organ hisoblanadi;
“O‘zbekneftgaz” MXK loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining vakil etib tayinlangan organi hisoblanadi.
3. “O‘zbekiston — Xitoy” gaz quvurini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish jadvali, uni 2010-yilda foydalanishga topshirishni nazarda tutgan holda, ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi belgilangan tartibda loyiha hujjatlari ekspertiza qilinishi hamda qurilish-montaj ishlari sifati ustidan nazorat o‘rnatilishini ta’minlasin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi “Asia Trans Gas” MChJ qo‘shma korxonasi talabnomalariga ko‘ra xorijiy pudratchilar va ularning subpudratchilariga tegishli asbob-uskunalar, avtotransport vositalari, ularning ehtiyot qismlari va butlovchi detallarini, jumladan, zarur hollarda, “M2”, “M3” va “N2” toifalaridagi avval ishlatilgan avtotransport vositalarini vaqtincha olib kelish rejimida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirsin.
Belgilansinki, mazkur asbob-uskunalar va avtotransport vositalari loyihani amalga oshirish davrida faqat gaz quvurini loyihalashtirish va qurish ishlarini o‘tkazish maqsadidagina foydalanish sharti bilan olib kelinishi mumkin.
5. O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi “Asia Trans Gas” MChJ qo‘shma korxonasi, uning pudratchilari va subpudratchilari murojaatnomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirish doirasida radioelektron aloqa vositalari va yuqori chastotali moslamalardan foydalanishga belgilangan tartibda ruxsatnoma bersin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi loyihani amalga oshirish doirasidagi ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan maxsus tovarlarni import qilishga belgilangan tartibda litsenziyalar o‘z vaqtida berilishini ta’minlasin.
7. “Sanoatkontexnazorat” va “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyalari “Asia Trans Gaz” MChJ qo‘shma korxonasiga ishlab chiqarish xavfsizligi nuqtai nazaridan qo‘llaniladigan texnologiya bo‘yicha belgilangan tartibda xulosalarni taqdim etsin.
Vakil etib tayinlangan vazirliklar va idoralar belgilangan tartibda gaz quvuri yer usti hamda yer osti kommunikatsiyalari va inshootlarini kesib o‘tishi, shuningdek, tog‘ hududlarida maxsus qurilish va burg‘ulash-portlatish ishlarini o‘tkazish uchun loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq tegishli ruxsatnomalar, kelishuvlar va ma’qullashlar taqdim etilishini ta’minlasin.
8. Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari “O‘zbekneftgaz” MXK zarur materiallarni taqdim etgandan so‘ng bir oy muddatda gaz quvurlarini yotqizish va tegishli muhandislik inshootlarini barpo etish uchun loyihani amalga oshirish doirasida obyektlar qurishga yer uchastkalarini ajratib bersinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekneftgaz” MXK tasdiqlagan, “Asia Trans Gaz” MChJ qo‘shma korxonasi talabnomalariga ko‘ra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga vizalar, shu jumladan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda ta’minlab tursin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekneftgaz” MXK tasdiqlagan, “Asia Trans Gaz” MChJ qo‘shma korxonasi talabnomalariga ko‘ra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatda turish va uning muddatini uzaytirishni ta’minlab tursin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O‘zbekneftgaz” MXK bilan kelishilgan holda, “Asia Trans Gaz” MChJ qo‘shma korxonasiga, xorijiy pudratchilar va ularning subpudratchilariga mazkur loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy mutaxassislarni, birinchi navbatda loyihalashtiruvchi, qidiruvchi, menejerlar, yuqori malakali muhandis-texnik xodimlarni jalb etish uchun ruxsatnomalar berilishini ta’minlab tursin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)
12. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 27-mart,
PQ-824-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 3-son, 168-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son; 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)