Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi, Oliy Majlisi Senatining Kengashi va Vazirlar Mahkamasining
Qarori
“OVOZI TOJIK” GAZETASI TAHRIRIYATI” DAVLAT KORXONASINING USTAVI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2025-yil 24-dekabrdagi 1596-V-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 24-dekabrdagi KQ-285-V-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 816-sonli “Nurli jol” gazetasi tahririyati” va “Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2006-yil 11-oktabrda qabul qilingan 214-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladilar:
1. “Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat korxonasining ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Toshkent shahar hokimligi (A. Toʻxtayev) “Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat korxonasini, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi (B. Alimov) “Ovozi tojik” gazetasini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X.N. Doʻstmuhamedov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari F.F. Muhitdinova va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.N. Aripovga muassislar bilan “Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat korxonasi oʻrtasida shartnoma tuzish topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Ovozi tojik” gazetasi tahririyatining Ustavi toʻgʻrisida”gi 586–II/565-sonli Qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 5-iyun,
801-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 5-iyun,
484-I-son
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-iyun,
130-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2008-yil 5-iyundagi 801–I-son, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008-yil 5-iyundagi 484–I-son, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-iyundagi 130-son qarorlari bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, boshqa qonun hujjatlariga muvofiq “Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat korxonasining (bundan buyon matnda Tahririyat deb yuritiladi) huquqiy maqomini, faoliyati xususiyatlarini, Muassislarning, Tahririyatning huquq va majburiyatlarini, Tahririyat va Muassislar oʻrtasidagi mulkiy munosabatlarni belgilaydi.
2. Tahririyatning muassislari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Muassislar deb yuritiladi) hisoblanadi.
3. Tahririyat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Tahririyat oʻziga operativ boshqarish huquqi asosida berilgan davlat mulki negizida tashkil etilgan davlat unitar korxonasidir. Tahririyat oʻziga berilgan mulkdan qonunga, oʻz faoliyatining maqsadlari va vazifalariga, mulkdorning (vakolatli davlat organining) topshiriqlariga muvofiq foydalanadi hamda uni tasarruf etadi.
5. Tahririyatning nomi:
oʻzbek tilida — “Ovozi tojik” gazetasi tahririyati” davlat korxonasi;
tojik tilida — Korxonai davlatii “Idorai roʻznomai “Ovozi tochik”;
rus tilida — Gosudarstvennoye predpriyatiye “Redaksiya gazeti “Ovozi tojik”.
6. Tahririyat yuridik shaxs boʻlib, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga, bank hisob-kitob varaqlariga, shu jumladan valyuta hisob-kitob varaqlariga, oʻz ramzi va logotiplariga, shtamplari va blankalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻzining toʻliq rasmiy nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻladi.
7. Tahririyat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz zimmasiga mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlar va majburiyatlar olishga hamda ularni amalga oshirishga, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishga haqlidir.
8. Tahririyat davlatning boshqa korxonasi muassisi boʻlishga haqli emas.
9. Tahririyat manzili: 100000, Toshkent shahri, Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy.
10. Tahririyatning asosiy faoliyati “Ovozi tojik” ijtimoiy-siyosiy va ommaviy nashrini chiqarishdan iboratdir.
11. “Ovozi tojik” gazetasi ijtimoiy-siyosiy va ommaviy nashr boʻlib, tojik tilida, haftada ikki marta, A-2 bichimida, 4 (keyinchalik undan ham koʻp) sahifada chop etiladi.
2-bob. Tahririyatning asosiy vazifalari
12. Tahririyatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
“Ovozi tojik” gazetasida materiallar chop etish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tuzilmalar faoliyatini xolis yoritish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari matnlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Muassislar hamda ularning organlari qarorlari va farmoyishlarini, ularning majlislari va yigʻilishlariga doir materiallarni chop etish;
mamlakat va dunyo ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotida sodir boʻlayotgan demokratik oʻzgarishlarni, voqealarni xolis va haqqoniy tarzda yorituvchi materiallar hamda axborotlarni muntazam eʼlon qilib borish.
13. Asosiy vazifalariga muvofiq Tahririyat:
maqolalar va axborotlarning yuksak professional darajada tayyorlanishini, ularning xolisligi va toʻgʻriligini taʼminlaydi;
tarixiy, umuminsoniy, maʼnaviy, madaniy qadriyatlarga, milliy anʼanalarga qiziqish oʻsib borayotganligi munosabati bilan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va yoʻnalishlarini keng yoritib boradi;
adabiy-badiiy ilovalar, albomlar chiqaradi, yuridik va jismoniy shaxslarning reklama hamda eʼlonlarini belgilangan tartibda eʼlon qiladi;
ijodiy jamoada qulay ish sharoitlarini yaratadi, xodimlarni oʻz xizmat vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan texnika vositalari va boshqa jihozlar bilan taʼminlaydi;
mehnat va ishlab chiqarish intizomini mustahkamlaydi;
xodimlarning ijodiy muvaffaqiyatlarini maʼnaviy va moddiy jihatdan ragʻbatlantirib boradi, ularning kasbiy mahoratini oshirishga koʻmaklashadi, turmush sharoitlarini yaxshilash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
3-bob. Muassislarning huquq va majburiyatlari
14. Muassislar quyidagi huquqlarga ega:
Tahririyat faoliyatining turlari, maqsadi, predmetini belgilash;
Tahririyatning tashkiliy-huquqiy tuzilmasini tasdiqlash;
Tahririyat Ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
Tahririyat bosh muharriri bilan tuzilgan shartnomaning amal qilish muddatini mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda muddatidan oldin tugatish;
Tahririyatni qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatuvchini tayinlash va tugatish balansini tasdiqlash;
Tahririyat mulki bilan bogʻliq bitimlarni haqiqiy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilish;
Tahririyatning ortiqcha yoki foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish yoki tasarruf etish;
zarur hollarda Tahririyatni xususiylashtirish yoki davlat mulkidan chiqarish;
Tahririyatga yetkazilgan zararlarni undirish toʻgʻrisida Tahririyat rahbariga nisbatan daʼvo taqdim etish;
bosma mahsulotning qonun hujjatlari talablari va davlat standartlariga mosligini nazorat qilish;
Tahririyatning qonuniy manfaatlarini davlat muassasalari va chet davlatlar oldida himoya qilish, uning faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish;
Tahririyat tomonidan boshqa shaxslarga foydalanishga berilgan mol-mulkdan olingan foydaning hammasini yoki bir qismini Ustavga muvofiq olish;
qonun hujjatlarida, ushbu Ustavda, shuningdek Muassislar bilan Tahririyat oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan vakolatlar doirasida Tahririyat faoliyatini boshqarishda ishtirok etish;
Tahririyatdan qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini xolisona yoritishni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Muassislarning normativ-huquqiy hujjatlari, matbuotda eʼlon qilish uchun moʻljallangan materiallar belgilangan muddatlarda chop etilishini talab qilish.
15. Muassislar:
Tahririyat Ustavini tasdiqlashi;
Tahririyat bilan shartnoma tuzishi;
Tahririyat tomonidan ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashi;
Tahririyat bosh muharririni tayinlashi, mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq u bilan mehnat shartnomasi tuzishi;
bosh muharrir oʻrinbosarini, masʼul kotibni tayinlashi;
mol-mulkni tasarruf etish uchun Tahririyatga ruxsat berishi;
zarur hollarda Tahririyatga moddiy-texnikaviy, moliyaviy va boshqa xil yordam koʻrsatishi;
Tahririyatning moliya-xoʻjalik faoliyati ustidan belgilangan tartibda tekshirishlar va audit oʻtkazilishini, nazorat olib borilishini taʼminlashi;
Tahririyatga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning lozim darajada saqlanishini nazorat qilishi shart.
16. Muassislar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi, shuningdek ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Tahririyatning huquq va majburiyatlari
17. Tahririyat quyidagi huquqlarga ega:
axborotni izlash, olish va tarqatish;
axborot olish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, boshqa tashkilotlarga murojaat qilish;
eʼlon qilishga tayyorlangan materiallarni tekshirish uchun vakolatli tashkilotlarga va mutaxassis-ekspertlarga murojaat qilish;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish;
axborot, reklama, dizayn, matbaa xizmatlari koʻrsatish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilovalar nashr etish;
qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni tasarruf etish;
gazetani chiqarish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻz foydasining bir qismini Tahririyat faoliyatini rivojlantirishga hamda xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga belgilangan tartibda yoʻnaltirish.
18. Tahririyat:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablariga rioya etishi;
gazetadagi maqolalarning mazmunan yuksak saviyali va maʼnosi tushunarli boʻlishini, dolzarbligini taʼminlashi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Muassislar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni, ular faoliyatini yorituvchi boshqa materiallarni bepul eʼlon qilishi;
Muassislarga Tahririyatning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etishi;
tasarrufidagi mol-mulkdan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning lozim darajada saqlanishini taʼminlashi shart.
19. Tahririyat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi, shuningdek uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
20. Tahririyat oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mol-mulk bilan javob beradi. Tahririyatning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda Muassislar Tahririyat majburiyatlari boʻyicha belgilangan tartibda subsidiar javobgar boʻladilar.
21. Tahririyat Muassislarning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
5-bob. Tahririyatning mol-mulki
22. Tahririyatning ustav fondi 11.400 000 (oʻn bir million toʻrt yuz ming) soʻmni tashkil etadi.
23. Tahririyatning mol-mulki:
Tahririyatga operativ boshqarish huquqi asosida berilgan mol-mulk;
Tahririyatning oʻz faoliyatidan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
24. Tahririyat mol-mulkining qiymati Tahririyatning mustaqil balansida aks ettiriladi.
25. Tahririyat mol-mulki boʻlinmas boʻlib, u kiritilgan hissalar (ulushlar, paylar) boʻyicha, shu jumladan Tahririyat xodimlari oʻrtasida ham taqsimlanmaydi.
26. Tahririyat mol-mulkini tasarruf etish quyidagi hollarda Muassislar bilan kelishilgan holda Tahririyat bosh muharriri tomonidan amalga oshiriladi:
asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga yoki garovga berish;
xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalarini (ulushlarini) sotib olish;
xoʻjalik jamiyatining Tahririyatga tegishli boʻlgan aksiyalarini (ulushlarini) sotish;
mol-mulkni Tahririyat faoliyatining Ustavida belgilangan maqsad va vazifalariga nomuvofiq boshqa maqsadlarda tasarruf etish.
27. Tahririyatning ustav fondi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kamaytirilishi yoki olingan foyda yoxud Muassislar tomonidan unga berilgan qoʻshimcha mol-mulk hisobiga koʻpaytirilishi mumkin.
28. Budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga barcha soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin qoladigan sof foyda Tahririyat tasarrufiga oʻtadi.
29. Tahririyat tasarrufida qoladigan sof foyda belgilangan tartibda zaxira fondi va boshqa fondlarni tashkil etishga yoʻnaltirilishi mumkin.
6-bob. Tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi
30. Joriy masalalarni va istiqbolga moʻljallangan vazifalarni hal etish uchun tahrir hayʼati tuziladi. Tahrir hayʼati Tahririyatning ijro etuvchi organi boʻlib, uning tarkibiga: bosh muharrir, Muassislar vakillari, bosh muharrir oʻrinbosari, masʼul kotib va yetakchi boʻlimlarning muharrirlari, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari kiradilar. Tahrir hayʼatining shaxsiy tarkibi va aʼzolari soni bosh muharrir tavsiyasiga binoan Muassislar qarori bilan tasdiqlanadi.
31. Tahririyatga bosh muharrir boshchilik qiladi. Bosh muharrir Muassislar qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh muharrir oʻrinbosari hamda masʼul kotib bosh muharrirning tavsiyasiga binoan Muassislar qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
32. Bosh muharrir Muassislar oldida Tahririyat faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi.
33. Bosh muharrir Muassislar bilan kelishgan holda Tahririyatning shtat jadvalini tasdiqlaydi.
34. Bosh muharrir oʻz vakolatlari doirasida:
oʻz oʻrinbosarini hamda masʼul kotibni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish boʻyicha Muassislarga takliflar kiritadi;
Tahririyat oldiga qoʻyilgan vazifalarning bajarilishini tashkil etadi, tahrir hayʼati va Tahririyat mehnat jamoasi ishiga boshchilik qiladi, Tahririyat nomidan ishonchnomasiz faoliyat koʻrsatadi, buyruqlar chiqaradi, ishonchnomalar beradi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
Tahririyat xodimlarining lavozim maoshlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ustamalar belgilaydi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
35. Bosh muharrir oʻz vakolatlarini va mansab vazifalarini bajarishda Tahririyat manfaatlarini koʻzlab harakat qiladi, budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar, xodimlarning ish haqi va ish haqiga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanishini, mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan qonuniy talablarning qanoatlantirilishini, ishlab chiqarish faoliyati bilan bevosita bogʻliq ehtiyojlar uchun pul mablagʻlari oʻtkazilishini taʼminlaydi.
36. Bosh muharrir oʻz harakatlari (harakatsizligi) uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
37. Bosh muharrir vaqtincha yoʻqligida oʻrinbosari uning vazifasini bajarib turadi.
7-bob. Tahririyat xodimlari
38. Tahririyat shtatida turgan, materiallarni toʻplash, tahrir, tahlil qilish, tayyorlash bilan shugʻullanuvchi shaxslar, shuningdek texnik va xizmat koʻrsatuvchi personal Tahririyat xodimlaridir.
39. Tahririyat xodimlari tarkibiga kiruvchi ijodiy xodimlarga: bosh muharrir, uning oʻrinbosari, masʼul kotib, boʻlimlarning muharrirlari, sharhlovchilar, oʻz muxbirlari va katta muxbirlar, muxbirlar, fotomuxbir hamda tarjimonlar, reklama boʻlimi xodimlari kiradi.
40. Tahririyat jamoasidagi mehnatga oid munosabatlar qonun hujjatlari, ushbu Ustav, jamoa shartnomasi talablari asosida, ichki mehnat tartibi qoidalari, mansab yoʻriqnomalari hamda Tahririyat qabul qilgan boshqa normativ hujjatlarga muvofiq tartibga solinadi. Tahririyat xodimlariga yagona namunadagi guvohnoma beriladi.
41. Tahririyat xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shakli, tizimi, miqdori, shuningdek qalam haqi miqdori Tahririyat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
8-bob. “Ovozi tojik” gazetasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish tartibi
42. “Ovozi tojik” gazetasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
9-bob. Tahririyat faoliyatini nazorat qilish
43. Tahririyat hisobot davri tugagach, vakolatli organlarga moliyaviy hisobotni va roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi. Tahririyat hujjatlarning saqlanishini va ularning belgilangan tartibda davlat arxiviga saqlash uchun topshirilishini taʼminlaydi.
44. Tahririyatning xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatidagi faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Muassislar va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
10-bob. Tahririyatni qayta tashkil etish yoki tugatish
45. Tahririyat qonun hujjatlariga muvofiq Muassislar qaroriga koʻra yoki sud qarori asosida qayta tashkil etilishi yoxud tugatilishi mumkin.
46. Tahririyat tugatilganda uning pul mablagʻlari, mol-mulki va boshqa aktivlari kreditorlar bilan barcha hisob-kitoblar qilinganidan soʻng belgilangan tartibda Muassislar tasarrufiga oʻtkaziladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 24-25-son, 218-modda)