Oʻzbekiston respublikasi oliy kengashining
Qarori
“OITS BILAN KASALLANIShNING OLDINI OLISh TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON Respublikasi QONUNINI AMALGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Ushbu qaror 1999-yil 19-avgustda “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (oiv kasalligining) oldini olish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 19-avgustdagi 817-I-son “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (oiv kasalligining) oldini olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “OITS bilan kasallanishning oldini olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni eʼlon qilingan paytdan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga:
a) Oʻzbekiston Respublikasida OITS bilan kasallanishga qarshi kurashuvchi hukumat komissiyasini tuzish; Komissiyaga shu yilning oxiriga qadar Oʻzbekiston Respublikasida OITS bilan kasallanishga qarshi kurash Davlat harakat dasturini ishlab chiqish, unda birinchi navbatda ilmiy tadqiqot ishlarining moddiy-texnika taʼminotiga, mablagʻ bilan taʼminlanishiga doir masalalarni hal etish, aholini sanitariya bilimlaridan xabardor qilish va axloqiy tarbiyalashni kuchaytirish tadbirlarini koʻzda tutish;
b) odamning orttirilgan immunitet tanqisligi (OITS kasalligi) virusi yuqishi tarqalishining oldini olish hamda chegaralash borasida xalqaro va jumhuriyatlararo hamkorlikda respublika ishtirokini faollashtirish;
v) OITS kasalligining oldini olish va unga qarshi kurash boʻyicha respublika, viloyat va shahar markazlari hamda OITS laboratoriyalari binolarini loyihalash, qurish va ularni zarur anjomlar bilan jihozlash uchun mablagʻ ajratishni taʼminlash;
g) respublika OITS markazi qoshida statsionar va poliklinika boʻlimi tashkil etish;
d) Toshkent shahrida OITS muammosi boʻyicha ilmiy-tadqiqot instituti ochish masalasini koʻrib chiqish;
e) odamning orttirilgan immunitet tanqisligi virusini yuqtirgan va OITS bilan kasallangan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish choralarini uch oylik muddat ichida ishlab chiqish;
j) “OITSga qarshi kurash” jamgʻarmasi ochishni koʻzda tutish;
z) 1992-yildan boshlab OITS kasalligining oldini olish va unga qarshi kurash markazlari hamda diagnostika laboratoriyalarini chet el jihozlari, texnikasi, diagnostika vositalari va dori-darmonlar bilan taʼminlash uchun ajratishni koʻzda tutish;
i) OITS bilan kasallanganlar va OITS virusini tashuvchilarning mehnatini qoʻllash cheklab qoʻyiladigan ixtisoslar va lavozimlar roʻyxatini ishlab chiqish vazifalari topshirilsin.
3.Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda bir oy ichida OITS bilan kasallangan bemorlarni va odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirganlarni tekshirish, davolash bilan shugʻullanadigan va ularga bevosita xizmat koʻrsatadigan tibbiyot xodimlariga imtiyozlar berish tartibini belgilasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
299-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 197-modda, 11-son, 273-modda)