Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
ANGLAShUV MEMORANDUMI
SAVDO-IQTISODIY VA INVESTITSIYaVIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida 1992-yil 27-iyunda imzolangan Bitim hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash toʻgʻrisida 1992-yil 13-avgustda imzolangan Bitim qoidalarini eʼtiborga olib,
Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnika va ishlab chiqarish munosabatlarini teng huquqlilik hamda oʻzaro manfaat prinsiplari asosida rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida,
investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish, zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish sohasida hamkorlik, shuningdek iqtisodiyot sohasida ishlab chiqarishning ittifoq aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish muhimligini eʼtirof etib,
Tomonlar davlatlarining xoʻjalik subyektlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam shartnoma—huquqiy asos va qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar davlatlari oʻrtasida barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi uchun Tomonlar barcha zarur choralarni koʻradilar va shu maqsadlarda eng qulay shart-sharoitlarni yaratadilar.
2-modda
Tomonlar ustuvor asosda oʻzaro manfaatli hamkorlikning quyidagi muhim yoʻnalishlariga diqqat-eʼtiborni qaratish zarur deb hisoblaydilar:
a) uglevodorod xomashyosini qidirish, razvedka qilish, qazib olish, qayta ishlash va tashish;
b) boshqa mineral-xomashyo resurslarini ishlab chiqish;
v) energetika;
g) transport kommunikatsiyalari;
d) kimyo sanoati;
e) tekstil sanoati;
j) qurilish materiallarini ishlab chiqarish;
z) dorishunoslik sanoati;
i) kichik va xususiy tadbirkorlik sohasida hamkorlik;
k) qishloq xoʻjaligi;
l) suv xoʻjaligi va tabiatni muhofaza qilish sohalari;
m) oʻzaro manfaat uygʻotuvchi boshqa sohalar.
3-modda
1. Tomonlarning har biri oʻz hududida boshqa Tomon investorining kapital sarflashga qaratilgan faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi va oʻz qonun hujjatlariga muvofiq qayd etilgan faoliyatga koʻmaklashadi.
2. Tomonlarning har biri oʻzining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa Tomon investorlari kiritgan sarmoyalarni toʻliq va soʻzsiz huquqiy himoyasini kafolatlaydi.
4-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq Tomonlar davlatlari hududlari oʻrtasida yuk oqimi va yuklarning tranzitini taʼminlash maqsadida transport infratuzilmasi sohasida hamkorlikni faol rivojlantiradilar, potensial transport, tranzit imkoniyatlarini aniqlash boʻyicha ish olib boradilar.
5-modda
Tomonlar ikkala davlatning eksport potensialini oshirish, ikki tomonlama savdo aylanmasini koʻtarish va uning muvozanatini taʼminlash maqsadida jahon bozorida zamonaviy raqobatbardosh texnologiyalarni joriy qilish asosida hamkorlik loyihalarini reja bilan amalga oshiradilar.
6-modda
Tomonlar hamkorlikning ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun milliy qonunlariga muvofiq bir-birini imkoniyatidan kelib chiqqan holda qoʻllab-quvvatlaydilar va yordam beradilar, shuningdek ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini moliyalashda ikkala davlatning moliyaviy institutlarini ragʻbatlantiradilar va birgalikda xalqaro moliyaviy institutlarning pul mablagʻlarini jalb qiladilar.
7-modda
Tomonlar ushbu Memorandum maqsadlarini amalga oshirish uchun quyidagi yoʻnalishlarda qulay shart-sharoitlar yaratadilar:
— ikki davlatning vakolatli hukumat organlari, ishbilarmon doiralarning vakillari, turli professional uyushmalar, savdo-sanoat palatalari, ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash;
— koʻrgazmalar, yarmarkalar va forumlarni tashkil etish;
— seminarlar, ilmiy simpoziumlarni tashkil etish;
— maslahat berish;
— kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikda ishtirok etishga jalb qilish.
8-modda
Tomonlar tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalarning milliy huquqiy tartibga solinishi toʻgʻrisida muntazam ravishda axborot almashadilar.
9-modda
Tomonlar tovarlar sifatini tekshirish va karantin inspeksiyasi sohasida hamkorlikni kuchaytiradilar.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
Mazkur Bayonnomalar ushbu Memorandumning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
11-modda
Ushbu Memorandumning qoidalarini talqin qilishda bahslar yuzaga kelgan holda, Tomonlar ularni oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qiladilar.
12-modda
Ushbu Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Tomonlardan birontasi ushbu Memorandumning navbatdagi amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, u keyingi bir yillik muddatga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Mazkur Memorandumning amal qilishini toʻxtatish mazkur Memorandum boʻyicha amalga oshirilayotgan va bajarilishi boshlangan har qanday loyihaning amal qilishi davomiyligiga taʼsir etmasligi lozim.
Islomobod shahrida 2006-yil 2-mayda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 1-2-son)