Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
TOShKENT ShAHRIDA (OʻZBEKISTON) OʻZBEK—HIND TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISh MARKAZI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar, Hindiston Respublikasi Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati,
ikkala mamlakat kichik va xususiy tadbirkorligini rivojlantirish manfaatlaridan kelib chiqib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga amal qilib,
kichik va xususiy tadbirkorlik sektorida tajriba almashish sohasida hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam berishini eʼtiborga olib,
ushbu hamkorlikni rivojlantirish uchun uzoq muddatli negiz va mexanizm yaratish zarurligini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradilar va shu maqsadda Oʻzbek—Hind tadbirkorlikni rivojlantirish markazi (bundan keyin — Markaz) tashkil etadilar.
2-modda
Hindiston Respublikasi Markaz tuzish boʻyicha texnik maslahatchi sifatida Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish instituti (Institut) xizmatlaridan foydalanadi. Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi Institut va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tegishli tashkilotlari bilan loyihani amalga oshirish uchun hamkorlik qiladi.
3-modda
Markaz tuzishning asosiy maqsadlari:
1) kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga oʻz bizneslarini tashkil etishga texnik xizmat koʻrsatish;
2) axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ingliz tilini oʻrganish uchun sharoit yaratib berish. Markaz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻrgatishni Javoharlal Neru nomidagi Oʻzbekiston—Hindiston axborot texnologiyalari markazi bilan hamkorlikda tashkil etadi;
3) delegatsiyalar va ayrim mutaxassislar bilan almashish;
4) axborot va/yoki hujjatlar, buyumlar namunalari va/yoki materiallar, “nou-xau” va/yoki litsenziyalar bilan almashish;
5) simpoziumlar, seminarlar, konferensiyalar va/yoki koʻrgazmalar tashkil qilish;
6) birgalikda ilmiy-texnikaviy loyihalar tuzish va/yoki amalga oshirish;
7) hamkorlikning oʻzaro kelishilgan boshqa turlari.
4-modda
Markaz Toshkent shahrida (Oʻzbekiston Respublikasi) joylashadi va uning oliy organi Markaz boshqaruvi hisoblanib, ikki Tomonning teng miqdordagi vakillaridan tashkil topadi.
Markaz faoliyat koʻrsatgan vaqtdan boshlab ikki yil davomida unda Institutning doimiy Maslahatchisi xizmat qiladi. Dastlabki ikki yil davomida Institut (Ahmadobod sh.) oʻzining doimiy Maslahatchisi orqali Markaz faoliyatini monitoring qilib boradi. Markazga ikki Tomon vakolatli organlari kelishuvi asosida tayinlangan Direktor rahbarlik qiladi. Direktor va Maslahatchi Tomonlar vakolatli organlari bilan kelishuv asosida oʻqituvchilar tarkibi, kutubxonachi, texnik va maʼmuriyat xodimlarini ishga qabul qiladi.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻqish-oʻqitish va kutubxona uchun binolar, mebel va Markazning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur boʻlgan boshqa anjomlarni beradi. Ikki yil davomida Markazning ixtiyorida oʻqish-oʻqitish uchun hamma sharoitlari mavjud bino boʻladi. Mazkur davr mobaynida Oʻzbekiston Hukumati Markazning oʻqituvchi va maʼmuriy xodimlariga maosh toʻlash uchun moliyaviy yordam ham koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Markazni tuzish va ishlatish maqsadida Hindiston Hukumati tomonidan yuborilgan yordamchi materiallar, kitoblar va uskunalarni bojxona toʻlovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim olmasdan oʻtkazishga ruxsat beradi.
6-modda
Hindiston Respublikasi Hukumati barcha texnikaviy yordamni koʻrsatadi, shu jumladan, texnika asbob-uskunasi, oʻqituv yordamchi vositalari, Markaz oʻqituvchilari va xodimlari uchun oʻquv dasturlari va shuningdek, ikki yil davomida toʻliq asosdagi mehnati uchun Institutning maslahatchisiga mukofot yoki gonorar beradi.
7-modda
Ikkala Tomon 2007-yilda Markazni ochish maqsadida ushbu Memorandumning I va II ilovalariga muvofiq, zimmalariga olgan majburiyatlarini bajaradilar.
8-modda
Tabiiy ofat, urush, suv toshqini, lokautlar, epidemiyalar, qoʻzgʻolonlar, fuqarolar gʻalayonlari kabi favqulodda hodisalar yuz berganda Tomonlarning bittasi ham ushbu Memorandumga muvofiq zimmalariga olgan majburiyatlarini bajarmaganligi uchun javobgar hisoblanmaydi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida ushbu Memorandumga yozma shaklda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular alohida Bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ushbu Memorandum qoidalarini bajarish va talqin qilishda munozara va kelishmovchiliklar paydo boʻlganda muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Ushbu Memorandum imzolangan sanadan kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni Memorandumning amal qilishini toʻxtatish niyati borligi toʻgʻrisida xabardor qilmaguncha kuchida qolaveradi. Ushbu Memorandumning amal qilishi boshqa Tomondan xabar olingach, uch oydan keyin toʻxtaydi.
Ushbu Memorandum amal qilishining toʻxtatilishi, agar Tomonlar boshqa holatlar toʻgʻrisida kelishib olmasalar, ushbu Memorandum amal qilgan davrda boshlangan qoʻshma dastur va loyihalarga taʼsir qilmaydi.
Toshkent shahrida 2006-yil 26-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi.
Ushbu Memorandum qoidalari talqin qilinganda kelishmovchiliklar paydo boʻlsa, tomonlar ingliz tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
ILOVA 1
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlari:
1) Markaz va kutubxonani joylashtirish uchun mos keladigan ofis bilan taʼminlash;
2) Markaz arizalariga muvofiq taklif qilinadigan ekspertlarga konsullik va boshqa yigʻimlar olmasdan viza rasmiylashtirish;
3) Markazning ekspluatatsiya xarajatlarini qoplash, shu jumladan oʻqituvchilar tarkibi va xodimlar maoshlari, kommunal xarajatlar va boshqa koʻzda tutilmagan xarajatlar;
4) taklif qilinadigan ekspertlarga vazifalarni erkin bajarishlari uchun bevosita yoki Markaz orqali yordam koʻrsatish;
5) Markazni ochishga moʻljallangan hind tomonidan keltiriladigan uskuna, kitoblar, yordamchi materiallar va boshqa narsalarni bojxona toʻlovlari va yigʻimlaridan ozod qilish;
6) Hindistondan yuborilayotgan asbob-uskunalar va boshqa narsalarni aeroportdan Markaz manziliga keltirishni taʼminlash.
ILOVA 2
Hindiston Respublikasi Hukumati majburiyatlari:
I) Toshkentda tadbirkorlikni rivojlantirish Markazini tuzish boʻyicha yordam berish va shuningdek shu maqsadda, tegishli moliyalash bilan, keng qamrovli texnik yordam koʻrsatadi;
II) Markaz uchun quyidagi tovarlarni xarid qilishga kapital xarajatlar ajratiladi:
a) oʻquv qurollari, shu jumladan nusxa koʻchirish mashinasi, OHP, LCD proyektori, paraboloid shaklidagi antenali televizor, raqamli va oddiy fotoapparat, VCD/DVD proyeksiyali ekran;
b) ofis asbob-uskunalari, shu jumladan direktor aloqasi, radiotelefon akustik sistema, skaner, faks mashina;
v) LAN va 64KBPSLAN qiymati;
g) kompyuter uskunalari, leptop, server, printerlar;
d) kompyuterlar uchun dasturlar, kutubxona va buxgalteriya dasturlari;
e) kutubxona kitoblari, shu jumladan yozilgan videokassetalar, zarur bilimlarni oʻz ichiga olgan VCD/DVD disklari;
yo) Maslahatchi foydalanishi uchun, Direktor va Markaz oʻqituvchilarining xizmati uchun foydalaniladigan avtotransport.
III. Markaz maʼmuriyati, oʻqituvchilar va tinglovchilar uchun shart-sharoit yaratish dasturlari xarajatini qoplaydi.
IV. Ikki yil davomida Markaz mustaqil ravishda toʻliq faoliyat koʻrsatadigan boʻlganiga qadar Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish instituti yordami bilan oʻz hisobidan, texnikaviy qoʻllab-quvvatlab turadi.
V. Markaz direktori va oʻqituvchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun Markaz Maslahatchisini tayinlash, ikki yil davomida ichki reja va mehnat rezervlarini rivojlantirish grafigini yaratish, monitoring va dasturlar hamda boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun oʻz hisobidan xarajat qiladi.
VI. Markaz foydalanishi uchun Institut tomonidan ishlab chiqilgan oʻqitish materiallariga mulk huquqini litsenziyalash boʻyicha xarajatlar qiladi. Biroq, Institut tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga intellektual mulk huquqini muhofaza qilish boʻyicha Markaz bilan Institut bitim imzolashi lozim.
VII. Institut quyidagilar uchun javobgar:
a) Direktorni va oʻqituvchilar tarkibini, kurslar faoliyati dasturi dastlabki ikki yil darslar jadvalini tuzishda Markazga yordam berish;
b) mamlakat iqtisodiyotining turli sohalari vakillari uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha dasturlar tuzish va amalga oshirishda yordam koʻrsatish;
v) monitoringda va Markaz amalga oshiradigan turli dasturlarni qaytadan koʻrib chiqishda koʻmaklashish;
g) Markazni oʻrgatish maketlari, kurs materiallari bilan, zarur holda Hindiston Hukumati koʻmagi bilan tegishli jihozlar bilan taʼminlash;
d) tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi, ijroni yaxshilash boʻyicha dasturlar, guruhlarni rivojlantirish boʻyicha dasturlar, oʻqituvchilar tarkibi boʻyicha dasturlar va oʻqituvchilarni oʻqitish dasturlari kabi ayrim kurslar boʻyicha Markazga vasiylik qiladi. Institut yaratgan boshqa dasturlardan Markaz foydalanishi mumkin, buning uchun oʻzaro sharoitlarni kelishilgan holda Institutdan litsenziya olish lozim.
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 1-2-son)