OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRISh VA NAZORAT QILISh MARKAZI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
QARORI
Ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarini fond birjasida majburiy listingga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 1-mayda 1801-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 7-avgustdagi 2018-7-son va 02/28-10/32-sonli “Ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarini fond birjasida majburiy listingga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1801-3, 06.09.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil 39-son, 387-modda, 51-52-son, 507-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi va Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarini fond birjasida majburiy listingga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktori K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-aprel,
2008-06-son
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-aprel,
01/SKKFRSB-18/02-son
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi va Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2008-yil 2-apreldagi 2008-06, 01/SKKFRSB-18/02-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarini fond birjasida majburiy listingga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 387-modda, 51-52-son, 507-modda) muvofiq, ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarini fond birjasida majburiy listingga qoʻyish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
listing — aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qogʻozlarini rasmiy birja axborotnomasiga kiritgan holda, fond birjasi savdolariga qoʻyish tartiboti;
birja savdosi qoidalari — qonun hujjatlariga muvofiq, fond birjasining yuqori boshqaruv organi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan birjalarda qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilish qoidalari;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 16-apreldagi 2014-16, 01/37-26/15-sonli qarori (roʻyxat raqami 1801-1, 24.04.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 17-son, 200-modda)
fond birjasi — belgilangan qoidalar asosida oldindan belgilangan joyda va vaqtda, ommaviy va yorqin birja savdolarini tashkil etish hamda oʻtkazish orqali qimmatli qogʻozlar bilan savdolar uchun sharoitlar yaratuvchi yuridik shaxs;
Markaziy depozitariy — Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlarning Markaziy depozitariysi.
2. Mazkur Nizom tijorat banklariga tatbiq qilinmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 1-avgustdagi 2014-23, 01/09-26/18-sonli qarori (roʻyxat raqami 1801-2, 04.08.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 32-son, 409-modda)
3. Birja listingini oʻtkazish tartibi fond birjasining birja savdosi qoidalari bilan belgilanadi.
4. Fond birjasining rasmiy listingiga kiritilgan qimmatli qogʻozlar oldi-sotdisi boʻyicha bitishuvlar faqat ushbu fond birjasining savdo maydonlarida amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
II. Majburiy listingga qoʻyish taomilining oʻtkazilishi
5. Listingga qoʻyish taomilidan majburiy oʻtish fond birjasining birja savdosi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Fond birjasida listingga qoʻyish taomilidan:
ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan;
500 va undan ziyod aksiyadorlarga ega boʻlgan;
moliyaviy-xoʻjalik faoliyati koʻrsatkichlari listingga qoʻyish talablariga muvofiq keladigan aksiyadorlik jamiyatlari majburiy oʻtadilar.
7. Majburiy listingga qoʻyish taalluqli boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining yillik roʻyxatini aniqlash maqsadida:
Markaziy depozitariy har yilning 15-martidan kechiktirmasdan, ustav kapitali 500 million soʻmdan ortiq boʻlgan va aksiyadorlari 500 va undan ziyod boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining roʻyxatini fond birjasiga taqdim etadi;
Fond birjasi Markaziy depozitariydan roʻyxatini olgandan soʻng 10 ish kuni ichida, listingga qoʻyish taomillari uchun moliyaviy-xoʻjalik faoliyati koʻrsatkichlarini hisoblashni oʻtkazish toʻgʻrisida roʻyxatdagi aksiyadorlik jamiyatlarini yozma ravishda xabardor qiladi.
8. Aksiyadorlik jamiyati mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlgan taqdirda, fond birjasi aksiyadorlik jamiyatini fond birjasining birja savdosi qoidalarida belgilangan tartibda rasmiy birja axborotnomasiga kiritadi.
9. Majburiy listingga qoʻyish taalluqli boʻlmagan aksiyadorlik jamiyatlari, fond birjasining birja savdosi qoidalarida nazarda tutilgan tartibda listingga qoʻyish taomilidan oʻtishga haqlidirlar.
10. Moliya-xoʻjalik faoliyati koʻrsatkichlarini hisoblash metodikasi hamda ularning listingga qoʻyish maqsadlaridagi meʼyoriy ahamiyati fond birjasi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Fond birjasi manfaatdor shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyati koʻrsatkichlarini hisoblash metodikasi, fond birjasi qoidalari, shuningdek, boshqa hujjatlar hamda axborotlardan foydalana olishlarini taʼminlashi shart.
12. Moliya-xoʻjalik faoliyati koʻrsatkichlarini hisoblash aksiyadorlik jamiyatining auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan moliyaviy hisoboti maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi.
13. Fond birjasi tomonidan tasdiqlangan metodikaga muvofiq, moliya-xoʻjalik faoliyati koʻrsatkichlarini hisoblashni 15-iyundan kechiktirmasdan aksiyadorlik jamiyatining oʻzi yoxud mazkur aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan tegishli shartnoma asosida fond birjasi tomonidan amalga oshiriladi.
III. Yakuniy qoidalar
14. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
15. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
16. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishildi.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 152-modda; 2014-y., 17-son, 200-modda, 32-son, 409-modda)