Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Singapur Respublikasi Savdo va sanoat vazirligi oʻrtasida
Bitim
HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Singapur Respublikasi Savdo va sanoat vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi uchun koʻmaklashish va mustahkamlashni istab,
Oʻzbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirishni eʼtirof etib,
Tomonlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnik hamkorlikning yetarlicha rivojlangan darajasiga koʻtarishga intilib, shuningdek savdoni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish maqsadida Tomonlar xususiy sektor sohasida biznes hamkorlikning quyidagi sohalarini ragʻbatlantiradilar:
— yengil sanoat;
— elektrotexnika sanoati;
— Transport sanoati;
— energetika sanoati, shu jumladan uchinchi davlatlar bozorlarida qoʻshma hamkorlik;
— sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoati;
— ximiya va neftximiya sanoati;
— bojxona sohasi;
— axborot texnologiyalari;
— turizm;
— kichik va xususiy biznes;
— taʼlim va oʻzaro manfaatdor turli sohalarda mutaxassislarni oʻqitish.
2-modda
1. Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik tenglik va oʻzaro manfaatlilik asosida amalga oshiriladi.
2. Tomonlar, oʻz vakolatlari doirasida:
— xususiylashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ikki davlat xoʻjalik subyektlariga tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratadilar;
— oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq ikki davlat oʻrtasidagi savdo va investitsiyalarni rivojlantirish va buning uchun zarur sharoitlarni yaratish uchun barcha choralarni koʻradilar.
3. Tomonlar oʻz davlatlarning iqtisodiy manfaatlariga zarar keltiruvchi harakatlarni amalga oshirishni oldini olishga harakat qiladilar.
3-modda
Tomonlar oʻz davlatlarning milliy qonunchiligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikning yangi shakllarini shu jumladan, qoʻshma korxonalar tuzish, ishlab chiqarish hamkorligi, marketing, lizing, boshqaruv orqali ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Tomonlar, oʻz vakolatlari doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soluvchi milliy qonunchilik toʻgʻrisidagi axborotlar bilan almashishni koʻrib chiqadilar.
5-modda
1. Tomonlar tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish masalalari boʻyicha ish tajribasi almashish maqsadida oʻzaro kelishuv asosida konferensiyalar va seminarlar oʻtkazishga intiladilar.
2. Tomonlar, shuningdek tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha kurslarning roʻyxatini almashishga intiladilar.
6-modda
Jahon Savdo Tashkilotiga aʼzo Singapur tomoni Oʻzbekiston Respublikasining Jahon Savdo Tashkilotiga qoʻshilish jarayonida maslahat va malaka oshirishda koʻmak berishga va qoʻllab-quvvatlashga intiladi.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitim doirasida olingan majburiyatlarni ijro etishda ishchi til sifatida ingliz tilini eʼtirof etadilar.
8-modda
Ushbu Bitimning qoʻllanilishi va talqin etilishi bilan bogʻliq nizolar Tomonlarning konsultatsiya va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
1. Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2. Mazkur bayonnomalar ushbu Bitimning 10-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
3. Mazkur Bitimning toʻxtatilishi Tomonlar boshqacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, mazkur Bitimning amal qilishi boshlangan vaqtdagi qoʻshma loyiha va dasturlarga tatbiq etilmaydi.
10-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va 5 yil davomida amal qiladi.
2. Mazkur Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi niyati haqida boshqa Tomonni tegishli muddat tugashidan kamida uch oy ilgari yozma ravishda xabardor qilmagunga qadar, bir yil muddatga uzaytiriladi.
Ushbuni shahodatlab, bunga tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Singapur shahrida 2006-yil 2-noyabrda ikki asl nusxada, oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvorlik qiladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 3-4-son)