Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
INVESTITSIYaLARNI OʻZARO RAGʻBATLANTIRISh VA HIMOYa QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, quyida “Tomonlar” deb ataluvchilar,
bir Tomon investorlarining ikkinchi Tomon hududida kapital mablagʻ joylashtirish uchun qulay shart-sharoitni vujudga keltirishni istagan holda,
bunday kapital mablagʻ joylashtirishni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish oʻzaro foydali savdo-iqtisodiy va ilmiy texnikaviy hamkorlikning rivoj topishiga imkon berishini hisobga olib,
shuningdek, investitsiyalar uchun barqaror asoslar barpo qilish, iqtisodiy resurslardan mumkin qadar samarali foydalanish uchun qulay, adolatli kapital mablagʻ joylashtirish tartibi maqsadga muvofiq ekanligiga asoslanib,
kapital mablagʻ joylashtirishni himoya qilish va uni qoʻllab-quvvatlashga doir bitim tuzishga ahd qilib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
1. Mazkur Bitimda:
a) “investor” atamasi bir Tomonning fuqarosi hisoblangan har qanday shaxsni va uning qonunlariga muvofiq tuzilgan har qanday yuridik shaxsni anglatadi;
b) “kapital mablagʻ joylashtirish” atamasi bir Tomonning “investorlari” ikkinchi Tomonning qonunlariga muvofiq uning hududida joylashtirayotgan mol-mulkning barcha turlarini, jumladan quyidagilarni oʻz ichiga oladi;
investitsiya qilingan koʻchma yoxud koʻchmas mulk va mulkka boʻlgan har qanday huquq;
pul mablagʻlari, shuningdek, aksiyalar, omonatlar va ishtirokning boshqa shakllari;
iqtisodiy boyliklar yaratish uchun sarflanadigan pul mablagʻlari yoki iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan xizmatlar yuzasidan talab qilish huquqi;
ixtiro uchun mualliflik huquqlari, patent huquqlari, tovar belgilari, sanoat namunalari, texnologiya va nou-xau;
qonun yoki shartnoma asosida ruxsat etiladigan xoʻjalik yuritish huquqi, jumladan tabiiy boyliklarni qidirish, ishlash va foydalanish huquqlari.
v) “daromad” atamasi ushbu moddaning 1-bandi b) kichik bandiga muvofiq kapital joylashtirish natijasida olinadigan mablagʻni ifoda etadi, ular, xususan, foyda (foydaning ulushi), dividendlar, protsentlar, litsenziya va komission xizmatdan tushgan pullar, texnik yordam va texnik xizmat uchun toʻlovlar boshqa pullar sifatida namoyon boʻladi.
2. Ushbu Bitim Oʻzbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi hududida amal qiladi.
2-modda
1. Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Tomon investorlarining kapital solishga qaratilgan ishlarini qoʻllab-quvvatlaydi va oʻz qonunlariga muvofiq bu ishning amalga oshishiga yoʻl ochib beradi.
2. Tomonlardan har biri oʻz qonunlariga muvofiq boshqa Tomon investorlari solgan kapital mablagʻning huquqiy jihatdan toʻla va soʻzsiz himoyalanishini kafolatlaydi.
3-modda
1. Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Tomon investorlari joylashtirgan kapital mablagʻlar uchun va kapital solish bilan bogʻliq faoliyat uchun odilona va teng huquqli tartibni taʼminlaydiki, bunda qoʻyilgan kapitalni boshqarish va tasarruf qilishga monelik qiladigan cheklash, kamsitish kabi har qanday chora- tadbirlar istisno etiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan tartib kapital mablagʻ joylashtirishda oʻz investorlariga yoki boshqa uchinchi davlat investorlariga beriladigan tartibdan qulaylik jihatidan kam boʻlmaydi.
Chet elliklarning chegaradan oʻtish tartibi, muvaqqat yashashlari va ishlashlari xususida Tomonlarning qonun va qoidalariga muvofiq:
a) har qaysi Tomon fuqarolariga agarda ular birinchi Tomonning investorlari boʻlsalar va kapital qoʻygan, yoki kapital mablagʻ joylashtirish arafasida turgan boʻlsalar, ularga investitsiya boʻyicha ishni tashkil qilish, boshqarish yoki maslahat berish maqsadida ikkinchi Tomon hududiga kelishlari, istiqomat qilishlari uchun ruxsat etiladi.
b) Tomonlardan birining hududida amal qilayotgan qonun-qoidalarga muvofiq tashkil etilgan va boshqa Tomonning investorlari hisoblangan yuridik shaxslarga oʻz ixtiyori bilan rahbar xodimlar va texnik xodimlarni yollashga ruxsat etiladi.
3. Tomonlardan har biri chet ellik investorlar faoliyat koʻrsatishi istisno etilgan yoki cheklangan tarmoqlar va sohalarni belgilash huquqini oʻzida saqlab qoladi.
4. Ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq beriladigan eng qulay shart-sharoit erkin savdo mintaqasida, bojxona yoki iqtisodiy uyushmada qatnashish munosabati bilan ikki hissa soliq solishni istisno qilish toʻgʻrisidagi bitim yoki soliq masalalari boʻyicha boshqa ahdlashuvlar asosida u yoki bu Tomon tarafidan belgilangan yoki kelgusida belgilanadigan imtiyozlarga daxldor emas.
4-modda
Tomonlardan birining investorlari tarafidan boshqa Tomon hududida joylashtirilgan kapital mablagʻ milliylashtirilmaydi yoki unga oqibati jihatidan milliylashtirishga teng keladigan choralar qoʻllanilmaydi, lekin bu choralar jamoatchilik manfaatlarini koʻzlab, qonuniy yoʻl bilan amalga oshirilgan, kamsitish deb hisoblanmaydigan tez fursatda oʻz qiymatiga teng va samarali tovon puli toʻlangan hollar bundan mustasnodir. Bu holda toʻlanadigan tovon puli milliylashtirish rasman amalga oshirilgan vaqtdagi yoki boʻlajak milliylashtirish paytidagi kapital mablagʻning real qiymatiga toʻgʻri kelishi kerak.
Tovon toʻlagunga qadar tovon summasiga kapital mablagʻ joylashtirilgan Tomon hududidagi foiz qiymatiga muvofiq foiz qoʻshilib boradi.
5-modda
Tomonlardan har biri ikkinchi Tomonning investorlariga belgilangan soliqlarni va yigʻimlarni toʻlaganidan soʻng kapital mablagʻ joylashtirish munosabati bilan qilinadigan toʻlovlarning, xususan:
a) ushbu Bitimning 1-moddasi 1-bandining v) kichik bandida belgilangan daromadlarning;
b) ikkala Tomon tarafidan kapital mablagʻ deb tan olingan qarzlarni toʻlash uchun ajratilgan mablagʻlarning;
v) kapital mablagʻning qisman yoki butunlay tugatilishi yoxud sotib yuborilishi natijasida investor olgan mablagʻlarning;
g) Tomonlardan birining fuqarolari ikkinchi Tomon hududida investitsiyalar bilan bogʻliq muayyan ishlari uchun oladigan ish haqlari va mukofot pullarining;
d) ushbu Bitimning 4-moddasida nazarda tutilgan tovon pullarining;
e) investitsiyalar yuzasidan nizolar boʻyicha toʻlovlarning chegaradan toʻsqinliksiz oʻtkazilishiga kafolat beradi.
6-modda
Tomonlardan biri bilan ikkinchi Tomon investori oʻrtasida kapital mablagʻ joylashtirish bilan bogʻliq nizolar, xususan, tovon puli toʻlashning tartibi, shartlari va miqdori yuzasidan kelib chiqadigan nizolar imkoniyat boricha muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
Agar yuqoridagi tartibda oʻrtadagi nizoli masala kelib chiqqan vaqtdan boshlab 6 oy muddat ichida hal qilinmasa, u holda nizo koʻrib chiqish uchun:
a) kapital mablagʻ joylashtirilgan Tomon hududidagi vakolatli sudga yoki hakamlik sudiga;
b) nizolashuvchi tomonlarning roziligi bilan bironta xalqaro nufuzli hakamlik idorasiga;
v) BMT ning xalqaro savdo huquqi boʻyicha Komissiyasining Arbitraj reglamenti /YuNSITRAL/ ga muvofiq “ad hoc” betaraf hakamlar sudiga beriladi.
7-modda
Ikkala Tomondan birining taklifiga binoan Tomonlar mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllanishiga doir masalalar yuzasidan maslahatlar oʻtkazishlari mumkin.
8-modda
1.Ushbu Bitimning talqini va qoʻllanishi xususida Tomonlar oʻrtasida kelib chiqqan nizolar muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal qilinadi.
Agar bunday yoʻl bilan nizoli masala hal qilinmasa, Tomonlardan birining talabiga asosan bu masala betaraf hakamlar sudi hukmiga havola qilinadi.
2. Betaraf hakamlar sudi har qaysi konkret holat uchun alohida tuziladi. Tomonlardan har biri sudning bittadan aʼzosini, birgalikda esa sud raisi qilib betaraf Tomonning fuqarosini tayinlaydilar.
Sud aʼzolari Tomonlardan biri nizosini betaraf hakamlar sudi hukmiga havola etish niyatini bildirgan kunidan boshlab ikki oy ichida, sud raisi esa – uch oy ichida tayinlanishi kerak.
3. Betaraf hakamlar sudi koʻpchilik ovoz bilan oʻz qarorini chiqarib beradi. Bu qaror majburiy kuchga ega. Tomonlardan har biri oʻzi tayinlagan sud aʼzosining faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi. Sud raisining faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni va boshqa chiqimlarni Tomonlar teng ravishda oʻz zimmalariga oladilar. Boshqa barcha masalalar boʻyicha betaraf hakamlar sudi ish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
9-modda
Ushbu Bitim u kuchga kirganidan soʻng qoʻyilgan barcha kapital mablagʻlarga nisbatan qoʻllaniladi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar zarur konstitutsiyaviy tartib-qoidalar bajarilgani toʻgʻrisida bir-birini yozma ravishda xabardor qilganlarining beshinchi kunidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim 10 yil mobaynida amalda boʻladi.
Tomonlardan biri Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni Bitim muddati tugashidan 6 oy oldin yozma ravishda ogohlantirgan taqdirda uning amal qilishi toʻxtatilishi mumkin.
Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan vaqtgacha joylashtirilgan kapital mablagʻlarga nisbatan mazkur Bitimning 1—9-moddalari qoidalari shu vaqtdan keyingi 10 yil ichida oʻz kuchida qoladi.
Bitim Islomobod shahrida 1992-yil 13-avgustda ikki nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga egadir.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 1-2-son)