OʻZBEKISTON ALOQA VA AXBOROTLAShTIRISh AGENTLIGI BILAN LITVA RESPUBLIKASI ALOQANI TARTIBGA SOLISh XIZMATI OʻRTASIDA
Bitim
ALOQANI TARTIBGA SOLISh SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Litva Respublikasi Aloqani tartibga solish xizmati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
telekommunikatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi Tomonlar oʻrtasida savdo munosabatlari va ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishning, shuningdek ikki tomon iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy omili boʻlib hisoblanganligini inobatga olib,
ikki mamlakat telekommunikatsiya bozorini rivojlantirish uchun aloqani tartibga solish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
aloqa sohasidagi birgalikdagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar va xizmatlar bozorini rivojlantirishga koʻmaklashishni koʻzlab,
Xalqaro elektraloqa ittifoqining maqsad va tamoyillari hamda ittifoq tomonidan qabul qilingan huquqiy hujjatlarni eʼtiborga olib,
1996-yil 21-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularning aʼzo davlatlari oʻrtasidagi sherikchilik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga hamda 2004-yil 30-apreldagi unga ilova qilingan Bayonnomaga, shuningdek 1995-yil 7-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati oʻrtasida taʼlim, fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga asoslanib,
oʻz vakolatlariga muvofiq faoliyat olib borib,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi milliy huquqiy hujjatlarini hamda Yevropa Ittifoqining normativ-huquqiy hujjatlarini tartibga solish chegaralarida ushbu Bitim, shuningdek tomonlarning xalqaro majburiyatlari doirasida aloqani tartibga solish sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar Xalqaro elektraloqa ittifoqining 1992-yil 22-dekabrdagi Ustav va Konvensiyasi, Xalqaro elektraloqa ittifoqining Maʼmuriy reglamentlari va tavsiyalari bilan koʻzda tutilgan telekommunikatsiya xizmatlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik yoʻnalishlari aloqani tartibga solishga taalluqli quyidagi sohalardan iborat:
a) maʼmuriy, iqtisodiy va boshqa toʻsiqlarni bartaraf etish, xizmatlar bozori va aloqa uskunalarini rivojlantirishda koʻmaklashish uchun aloqa sohasida tajriba almashish;
b) bozordagi raqobatni mustahkamlash maqsadida aloqani tartibga solish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek liberallashtirish sharoitlarida tartibga solish usullari va vositalari boʻyicha maslahatlashuvlarni oʻtkazish;
v) qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha muntazam axborot almashish;
g) Tomonlar vakillarining tajriba almashish uchun safarlari, maslahatlashuvlar, uchrashuvlar, seminarlar va boshqa tadbirlar oʻtkazilishini tashkil qilish;
d) kommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlar bozorini rivojlantirish sohasida birgalikdagi dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
4-modda
Tomonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalda boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida ishga doir munosabatlarni kengaytiradilar, shu jumladan ishlab chiqarish tajribasi va ilmiy-texnik axborotni almashadilar.
5-modda
Ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzaro maqbul oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Mazkur oʻzgartishlar ushbu Bitimning 9-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
6-modda
Tomonlar milliy huquqiy hujjatlarga amal qilib, bir-biridan olinadigan axborot, agar maxfiy xususiyatga ega boʻlsa yoki uzatuvchi Tomon oshkor boʻlishini istamasa, uning konfidensialligi taʼminlanadi. Ushbu Bitimni amalga oshirish doirasida olingan maxfiy xususiyatga ega axborot oshkor etilmasligi lozim. U faqatgina ushbu Bitimda koʻzda tutilgan maqsadlar uchun foydalanilishi mumkin. Boshqa Tomondan olingan bunday axborotni uchinchi tomonga, boshqa davlat idoralari yoki muassasalarga berish uchun ushbu axborotni bergan Tomonning oldindan yozma roziligi talab etiladi.
7-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan Tomonlar oʻrtasidagi barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar yoki maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha Tomonlar oʻrtasidagi yozishmalar ingliz va rus tillarida amalga oshiriladi.
9-modda
Ushbu Bitim nomaʼlum muddatga tuziladi va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida xabar bermagunga qadar amal qiladi. Bunday holda boshqa Tomon bunday xabarni olgandan keyin bir oy oʻtgach Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi. Bitim bekor qilingunga qadar ushbu Bitim bilan koʻzda tutilgan axborotni oshkor qilmaslik toʻgʻrisidagi shartlar ushbu Bitim amal qilishi toʻxtatilgandan keyin ham amal qiladi.
Agar Tomonlar boshqacha kelishib olmagan boʻlsalar, ushbu Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilishi davrida boshlangan va amal qilishi toʻxtatilishi paytigacha tugallanmagan qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirishga taʼsir qilmaydi.
2007-yil 17-dekabrda Vilnyusda ikki nusxada, har biri oʻzbek, litva va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matn bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 4-son)